date
views 2 529

AQSHda prezidentlik saylovlari: finish. Oq uy kimga nasib etadi?

AQSHda prezidentlik saylovlari: finish. Oq uy kimga nasib etadi?
GETTY/EPA
AQSH tarixida ilk bor prezidentlik saylovlari natijasi rasmiy ovoz berish kunidan oldin hal bo‘lishi mumkin. Amerikalik saylovchilarning qariyb yarmi muddatidan oldin ovoz berib bo‘lishgan, barcha ijtimoiy so‘rovlar Jo Bayden o‘z raqibini ishonch bilan ortda qoldirayotganini ko‘rsatmoqda. Lekin to‘rt yil muqaddam ham so‘rovlar Donald Trampning mag‘lubiyatidan darak berayotgandi.

AQSHda ovoz berishning rasmiy sanasiga uch kun qolgan vaqtda saylov komissiyasi yangi rekord haqida ma’lumot berdi: 91,6 mln saylovchi muddatidan oldin ovoz bergan yoki pochta orqali to‘ldirilgan byulletenlarni yuborgan.

Bu mamlakatda ro‘yxatdan o‘tgan barcha saylovchilarning 43 foizidir, 2016 yilgi saylovlar bilan taqqoslansa, bu o‘sha vaqtdagi davomatning 67 foizidir - to‘rt yil muqaddam 136,5 mln kishi saylovda ishtirok etgandi.

Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, 35 shtatda va Kolumbiya okrugida saylovchilarning yarmidan ortig‘i ovoz berib bo‘lgan. Florida, Jorjiya va Shimoliy Karolinada oktabr oyi oxiriga kelib saylov byulletenlarining 70 foizdan ortig‘i topshirib bo‘lingan. Texasda bu ko‘rsatkich 90 foizdan oshgan.

Tramp koronavirusga chalingach, uning mitinglarida niqob taqqanlar soni ham o‘sgan / GETTY IMAGES
Kuzatuvchilar rekord darajadagi davomatni ham prezidentlik poygasida Jo Bayden ustunlik qilayotganining yana bir dalili sifatida ko‘rishmoqda. So‘nggi oylarda demokratlar pandemiya sharoitidan kelib chiqqan holda saylov uchastkalarida odam to‘planishining oldini olish maqsadida erta ovoz berishni targ‘ib qilishmoqda.

Istisnosiz barcha ijtimoiy so‘rovlar AQSHning sobiq vitse-prezidenti raqibidan oldinda ekanini ko‘rsatmoqda: saylov kuniga uch kun vaqt qolinganida e’lon qilingan ma’lumotlarga ko‘ra, Jo Bayden Donald Trampni kamida 9 foizga ortda qoldirmoqda.

Statistik xatolar
Demokratlar nomzodining saylovoldi shtabidagilar bu raqamlarga e’tibor bermaslikka harakat qilishmoqda.

Jo Bayden o‘z tarafdorlari qarshisidagi chiqishlarida «moviy to‘lqin» (Demokratik partiyaning rasmiy rangi) 3 noyabr kuni «respublikachilarni ko‘kka bo‘yashi» haqida tinmay gapirmoqda, ammo demokratlarning polittexnologlari jamoatchilik fikriga asoslangan so‘rovnomalar natijalarini izohlashda ehtiyotkorlik bilan yondashishmoqda.

Baydenni faol qo‘llayotgan Barak Obama Trampni «jinni amaki» deb atadi / REUTERS
«2016 yilgi saylovlar arafasida ijtimoiy xizmatlarning barchasi Hillari Klintonning g‘alabasini bashorat qilgandi, so‘rovlar natijasi u 3-5 foiz oldindaligini ko‘rsatgandi, ammo yakunda Donald Tramp g‘olib bo‘lgandi, u o‘shanda hatto demokratlar tarafdori hisoblanadigan shtatlarda ham ustunlikka erishgandi», deya qayd etadi o‘z shaxsi sir saqlanishini so‘ragan Bayden shtabi maslahatchilaridan biri BBC Russian bilan suhbatda.

Shu bilan birgalikda, kuzatuvchilar 2020 yildagi vaziyat 2016 yildagidan butunlay farq qilishini qayd etishmoqda. O‘shanda Tramp sotsiologlarning prognozlarida aytilganidek, ovozlar soni bo‘yicha Hillari Klintondan qariyb 3 mln kam ovoz olib ortda qolgandi.

Lekin Amerika saylov qonunchiligi tuzilishi unga yetarli miqdorda delegatlarning ovoziga ega bo‘lish imkonini bergandi. Saylovlar natijasida respublikachilar Kongressda ham ko‘p o‘rin olishdi, Senatdagi nazoratni saqlab qolishdi, shu tufayli Tramp prezidentligining dastlabki ikki yilida demokratlar siyosiy ta’sir uchun hech qanday instrumentga ega bo‘lishmadi.

Faqat 2018 yilgi saylovga kelibgina vaziyat o‘zgardi, demokratlar Vakillar palatasida ustunlikka ega bo‘lishdi.

Hozirda, ijtimoiy so‘rovlar natijalariga ko‘ra, Trampning muxoliflarida Senatni ham qo‘lga olish uchun haqiqiy imkoniyat yuzaga kelgan. Ayrim janubiy shtatlar, shu jumladan, o‘n yillar mobaynida respublikachilar taraf deb hisoblab kelingan Texas va Arizonada saylovchilarning yarmi demokratlar nomzodini qo‘llab-quvvatlab turibdi.

Sotsiologlar bu vaziyat yuzaga kelishining asosiy sababi sifatida koronavirus epidemiyasini ko‘rsatishmoqda, kasallik oqibatida 230 ming amerikalik hayotdan ko‘z yumdi. Shuningdek, AQSHning qariyb 20 mln aholisi ishini yo‘qotdi.

Saylovchilarning yarmidan ko‘prog‘i bunda to‘g‘ridan to‘g‘ri Trampni ayblashmoqda, uning epidemiya bilan kurashda kech harakat boshlashi halokatga olib keldi deb hisoblashmoqda.

Masofaviy tashviqot

GETTY IMAGES
Saylov kuni arafasidagi so‘nggi bir necha haftani Donald Tramp Air Force One laynerida o‘tkazmoqda, u deyarli har kuni qaysidir shtatda tarafdorlari qarshisida chiqishlar qilmoqda.

U har bir chiqishida Jo Bayden bir necha oydan buyon Delaver shtatidagi uyida «pusib o‘tirgani»ni eslatib o‘tmoqda.
«Uyqusiragan Jo shunchaki yerto‘lasini tark etishga qo‘rqmoqda», demoqda Tramp.

AQSHning sobiq vitse-prezidenti chindan ham yozning o‘rtalariga qadar o‘z tarafdorlariga faqat videoaloqa orqali murojaat qildi, keyin ommaviy tadbirlarda ishtirok etishdan rasman bosh tortdi.

Baydenning shtabi bunday aksiyalar o‘rniga telereklamalarni kuchaytirishga urg‘u qaratdi.

GETTY IMAGES
Advertising Analytics kompaniyasi ma’lumotlariga ko‘ra, demokratlar tomonidan AQSH telekanallariga joylashtirilgan reklama roliklari soni Tramp kampaniyasining roliklari sonidan qariyb uch barobar ko‘proq bo‘ldi. Shu bilan birga, amaldagi prezident shtabi beshta shtatda umuman telereklama bermagan va «jang maydoni»ni Demokratik partiya uchun bo‘sh qoldirgan.

Shunday bo‘lsada, amerikalik saylovchilar fikrini o‘zgartirishda reklama roliklari va teleyangiliklar qanday o‘rin tutishi borasida qarama-qarshi fikrga ega.

Trampning mitinglarida qatnashayotgan tarafdorlari ham niqobsiz va ijtimoiy masofaga rioya qilmayapti. AQSH prezidenti demokratlardan bo‘lgan gubernatorlarni o‘rinsiz holda qat’iy karantin choralarini qo‘llashda ayblab, ulardan zudlik bilan maktab va kollejlarni ochishni talab qilmoqda, u Qo‘shma Shtatlar «epidemiya cho‘qqisi»dan o‘tgani, endi iqtisodiyot masalalari haqida o‘ylash kerakligini ta’kidlamoqda.

«Men shunchaki normal hayotga qaytishni so‘rayman. Sizlar ham shuni xohlaysizku», dedi Tramp juma kuni Viskonsin shtatidagi uchrashuv vaqtida.

O‘z navbatida, Jo Bayden omma oldidagi chiqishlarida mutaxassislarning tavsiyalariga amal qilishga, epidemiyani jilovlash uchun karantin choralariga amal qilish, masofa saqlash va niqobda yurishga chaqirmoqda.

«Biz uchun niqob taqish - siyosiy ishora. Xudo haqqi, bu vatanparvarlik burchimiz. Men iqtisodiyotni o‘ldirmoqchi emasman, men virusni o‘ldirmoqchiman», dedi u Viskonsindagi demokratlarning kichik mitingi vaqtida.

«Uyatchan saylovchilar»
Respublikachilar partiyasi polittexnologlari jamoatchilik fikrini o‘rganish asosidagi so‘rovnomada qatnashganlarning ko‘pchiligi Tramp tarafdori ekanini ochiq aytishni istamaydiganlardan iborat ekani, saylov kuni ular amaldagi prezidentni qo‘llab-quvvatlab ovoz berishlarini aytishmoqda.

«Biz tez-tez «uyatchan saylovchilar» haqida eshitib turamiz, ular aslida Trampning tarafdorlari bo‘lib, hozircha hech kim ularga e’tibor qaratgani yo‘q», deydi Demokratik partiyaning Viskonsindagi qo‘mitasi raisi Washington Post uchun bergan intervyusida.

So‘nggi so‘rovlar esa bu safar ham 2016 yilgi ssenariy takrorlanishini tasdiqlamayapti, to‘rt yil oldin Trampning g‘alabasini bir necha shtatda so‘nggi lahzalarda ommaviy ravishda saylov uchastkalariga kelgan saylovchilar ta’minlashgandi.

So‘nggi ikki haftada Bayden saylovlar natijasida hal qiluvchi o‘rin tutuvchi shtatlar - Michigan, Viskonsin va Pensilvaniyada ishonch bilan yetakchilik qilmoqda.

Demografik tadqiqotlar ham poygada AQSHning sobiq vitse-prezidenti oldinda borayotganidan, Tramp esa kundan kunga tarafdorlarini yo‘qotayotganidan guvohlik bermoqda.

Washington Post gazetasi tahlillariga ko‘ra, umummilliy so‘rovnomalar Bayden 65 yoshdan oshgan saylovchilar orasida 9 foizlik ustunlikka egaligini ko‘rsatgan. To‘rt yil muqaddam bu yosh toifasidagi saylovchilar Trampga 8 foizlik ustunlik bergan.

AQSHning amaldagi prezidenti oq tanli erkak saylovchilar tomonidan qo‘llab-quvvatlanish darajasi 15 foizga, oq tanli ayol saylovchilar tomonidan qo‘llab-quvvatlanish darajasi esa 10 foizga kamaygan.

Tadqiqotchilarning ishonch bilan aytishicha, bu safar davomat yuqori bo‘lishi Trampning mag‘lubiyatiga asosiy sabab bo‘ladi. Odatda yoshlar va etnik kamchilikka mansub bo‘lganlar saylov kunida saylov uchastkalariga kelishda faollik ko‘rsatishmaydi, sirtdan ovoz berishga esa pandemiya tufayli joriy etilgan cheklovlar xalal beradi.

«Hozirda istovchilarning barchasiga masofadan ovoz berish uchun pochta orqali byulletenlar yetkazib berilgan, ko‘plab shtatlarda konvertni yuborish uchun pochta markasi yopishtirish ham shartmas - saylov komissiyasi bu xarajatlarni oldindan qoplab qo‘ygan. Bu saylovlarda barchasini demokratlarning faolligi hal qiladi, hozircha esa Baydenning tarafdorlari rekord darajadagi raqamlarni qayd etmoqda», degan Hawkfish tadqiqot kompaniyasi maslahatchisi Maykl Halle.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » AQSHda prezidentlik saylovlari: finish. Oq uy kimga nasib etadi?