
Foto: Reuters
Jo Bayden prezidentlik saylovlarida g‘alaba qozonish uchun talab qilinadigan 270dan ortiq ovozni o‘ziniki qildi, ammo bu u ertagayoq Oq uyga kelib joylashishi mumkinligini anglatmaydi.
Odatda bu soddalashtirilgan jarayon, ammo birinchidan, yangi prezidentning lavozimga kirishish muddati hali kelmadi, ikkinchidan, agar Donald Tramp saylov natijalari bo‘yicha sudlashmoqchi bo‘lsa, ish yana murakkablashishi mumkin. Voqealar rivoji qanday bo‘ladi?
Jo Bayden qachon prezident bo‘lishi mumkin?
AQSH konstitutsiyasida yangi prezidentlik muddati 20 yanvarning ikkinchi yarmidan boshlanishi ko‘rsatilgan. An’anaga ko‘ra, bu Vashingtondagi Kapitoliy tepaligida Oliy sud a’zolari guvohligida o‘tadigan prezident va vitse-prezident inauguratsiyasidan keyin bo‘ladi.
Agar barchasi reja bo‘yicha ketsa, Jo Bayden va Kamala Harris 2021 yilning 20 yanvaridan lavozimga kirishadi.

Jo Bayden Barak Obama bilan Donald Trampning inauguratsiya marosimida / GETTY IMAGES
Qoidadan chetga chiqish faqat amaldagi prezident vafot etsa, iste’foga chiqsa yoki lavozimidan chetlatilsa ro‘y berishi mumkin. Bu holatda darhol vitse-prezident qasamyod qilib prezident o‘rnini egallaydi.
O‘tish davri nima degani?
Bu saylovlar natijasi ma’lum bo‘lishi va yangi prezident lavozimiga kirishishi oralig‘idagi vaqt hisoblanadi.
Bu vaqt mobaynida bo‘lg‘usi prezident inauguratsiyadan keyin hokimiyatni qo‘lga olishga tayyorlanish uchun jamoa tuzadi. Bayden o‘z jamoasini oldindan yig‘ib qo‘ygan va uni moliyalashtirgan. Bu guruh vakillari o‘tish davri uchun vebsaytni ham ishga tushirishdi.
Jamoa a’zolari prezident ma’muriyati uchun odamlar yig‘adi, ular bilan siyosatning ustuvor yo‘nalishlarini muhokama etishadi hamda davlatni boshqarishga tayyorlanishadi.
Turli federal agentliklar bu jamoa ishtirokida brifinglar tashkil etadi, bunday tadbirlarda bo‘lajak tadbirlar rejasi, budjet masalalari haqida hamda kim qanday vazifa va majburiyatlarni o‘z zimmasiga olishi haqida ma’lumotlar beriladi.
Shu tariqa, o‘tish davri jamoasi yangi ma’muriyat uchun zarur bo‘lgan barcha ma’lumotlarni to‘plashadi va ularga inauguratsiyadan keyin ham yordam ko‘rsatishga tayyorlanishadi. Guruhning ayrim a’zolari prezident ma’muriyatiga ishga taklif etilishi ham mumkin.

REUTERS
2016 yilda prezident Obama Oval kabinetda o‘zidan keyin prezident bo‘ladigan Donald Trampni qabul qilgan, suratlarda ularning o‘zaro munosabati qanday ekani aks etgandi.
Bu vaqtda eng ko‘p quloqqa chalinadigan atamalar qanday?
Saylangan prezident: nomzod saylovda g‘alaba qozongan, ammo hali yangi prezident sifatida qasamyod qilmagan vaqtda saylangan prezident deb ataladi.
Kabinet: Jo Bayden tez orada kabinetida kimlarni ko‘rishni istashini e’lon qila boshlaydi - bu tor doiraga prezidentga yaqin bo‘lgan yuqori martabali amaldorlar kiradi. Qoidaga ko‘ra, kabinetdan asosiy hukumat departamentlari va agentliklar rahbarlari o‘rin olishadi.
Nomzodni tasdiqlash bo‘yicha tinglov: prezident tomonidan hukumatdagi boshqaruv postlariga taklif etilgan nomzodlar avval Senat a’zolari tomonidan ma’qullanishi kerak bo‘ladi. Senat qo‘mitalari Bayden saralagan kishilarning chiqishlarini tinglashadi, shundan keyin bu nomzodni ma’qullashadi yoki rad etishadi.
Seltik: saylangan prezident sifatida Jo Bayden maxsus xizmat xodimlari tomonidan qo‘riqlanishi kerak, shu tufayli unga Seltik kodli nomi berilgan. Nomzodlar bunday nomni o‘zlari tanlashadi. Tramp Mogul nomini olgan, aytishlaricha, Kamala Harris Pioner kodli nomini tanlagan.
Saylov natijalari bo‘yicha sudlashiladimi?
Deyarli shunday. Tramp «Bayden tomoniga o‘tgan barcha shtatlarda» natijalar bo‘yicha bahslashishini aytgan, u bu hududlarda firibgarlik ro‘y berganini gapirgan, ammo biror dalil keltirmagan.
Shuningdek, uning jamoasi ayblov e’lon qilish uchun eng yaxshi huquqshunoslarni qidirayotgani xabar qilingan.
Barchasi Tramp pochta orqali berilgan ovozlarning hisoblanishi kechikishiga e’tiroz bildirishidan boshlandi, u ishni Oliy sudga olib chiqishni mo‘ljallagan. Ammo ekspertlar bu da’volar saylov natijalarini o‘zgartira olmasligi bo‘yicha yakdil fikrda.
Shuningdek, Trampning saylovoldi shtabi talabi bilan qator shtatlarda ovozlarni qayta hisoblash o‘tkazilishi kutilmoqda, ammo bu ham natijalarni o‘zgartirishi dargumon.
O‘tish davrida Kamala Harris nima qiladi?
AQSH tarixidagi ilk ayol vitse-prezident bo‘lgan Kamala Harris o‘z jamoasini yig‘ish va avvalgi ma’muriyatning faoliyatini o‘rganish bilan mashg‘ul bo‘ladi.

Kamala Harris turmush o‘rtog‘i bilan / Getty Images
Vitse-prezident Oq uyning g‘arbiy qanotida ishlaydi, ishga 10 daqiqalik masofada, Vashington shimoli-g‘arbidagi harbiy-dengiz observatoriyasi hududida yashashi mumkin.
Oq uyga joylashish qiyinchilik tug‘diradimi?
Bugungi kunda bu juda oson, ammo uning ilk sohiblari bo‘lgan prezident Jon Adams va uning rafiqasi Ebigeylga oson bo‘lmagan. Ular Oq uyga 1800 yilda ko‘chib o‘tishgan, bu vaqtda qurilish ishlari hali tugallanmagandi.
Albatta, yangi xo‘jayin mebellarni o‘zgartirishi va ta’mirlash ishlarini amalga oshirishi kerak, axir 4 yil ichida interer ancha eskirib qolgan, prezidentlarning didi ham turlicha ekani tayin. Kongress bu ishlar uchun mablag‘ ajratadi. Qolaversa, Oq uydagi xonalarning o‘zi 132taligi haqidagi gaplar hazil emas.
Tramp hali rozi emas
Amaldagi prezident Donald Tramp hamon Jo Baydenning prezidentlik saylovlaridagi g‘alabasini tan olmoqchi emas va Oq uy uchun sudlarda kurash boshlamoqchi.
Ayrim respublikachilar Tramp va uning tarafdorlarini demokratlar nomzodi g‘alaba uchun yetarli bo‘lgan delegatlar ovoziga ega chiqqanini tan olishga chaqirmoqda. Trampning tarafdorlari esa jiddiy qoidabuzarliklar haqida gapirishmoqda, buning uchun asosli dalil keltirishmayapti.
Shanba kuni Bayden Pensilvaniyada g‘alaba qozongani va saylangan prezident sifatida millatga murojaat qilgan edi.
Shanba kuni va yakshanba kuni Tramp jamoatchilikka ko‘rinish bermadi va vaqtini golf-klubda o‘tkazishni afzal bildi. Shu bilan birga, u tvitterda yozishni kanda qilmadi va shikoyat qilishda davom etdi.
Quyidagi suratda Donald Tramp golf maydonidan qaytib, saylov natijasini bilgandagi holati aks etgan. Uning o‘ng qo‘lida smartfon, chapida gazeta.

Dushanbaga o‘tar kechasi Tramp tvitterida radioefir orqali chiqish qilib, pochta orqali ovoz berishdagi ayblovlar haqida gapirishini yozdi, ammo bunday chiqish bo‘lmadi. Oq uy bayonotiga ko‘ra, dushanba kuniga bunday tadbir rejalashtirilmagandi.
Bayden nimadan boshlaydi?
Tramp hamon Baydenning g‘alabasini tan olmayotgan bo‘lsada, Amerika ommaviy axborot vositalari demokratlar nomzodining inauguratsiyadan keyingi ilk qadamlari haqida yoza boshlashdi.
Jurnalistlar u prezidentligining ilk kunlaridayoq respublikachi o‘tmishdoshining muhim qarorlarini bekor qilishga qaratilgan hujjatlarni imzolashini taxmin qilishmoqda.
Prognozlarga ko‘ra, bu ro‘yxat shunday ko‘rinish oladi:
- Bayden koronavirus tarqalishiga qarshi qat’iy choralar ko‘rmoqchi, xususan, aholi yoppasiga test qilinishi va federal muassasalarda niqob taqib yurish majburiy bo‘lishi mumkin;
- Yangi prezident yana iqlim o‘zgarishi bo‘yicha Parij kelishuviga qo‘shilishi mumkin. AQSH shu yilning 4 noyabrida ushbu kelishuvdan chiqqani rasman e’lon qilindi, Tramp esa 2016 yilgi prezidentlik kampaniyasidayoq mamlakatni kelishuvdan olib chiqish haqida gapirishni boshlagandi;
- AQSHning Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotidan chiqishi bo‘yicha qaror ham bekor qilinishi mumkin. Tramp koronavirus pandemiyasi va kasallikka qarshi kurashdagi siyosiy ziddiyatlar tufayli tashkilotdan chiqish bilan tahdid qilgandi;
- Trampning AQSHga bir qator musulmon davlatlardan kirishni taqiqlash bo‘yicha qarori ham bekor qilinishi kutilmoqda;
- Barak Obama ma’muriyati tomonidan joriy etilgan, mamlakatga bolaligida noqonuniy kirgan muhojirlarni deportatsiyadan himoya qilishga qaratilgan DACA dasturi tiklanishi mumkin.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar