1 857
«Ukraina yadro quroli bor agressorga qanday xavf tug‘dirsin?» – NATO Rossiyaga yana «yo‘q» dedi
Foto: Getty Images
Bryusseldagi NATO shtab kvartirasida ikki yil ichida ilk marta Rossiya – NATO kengashi yig‘ilishi o‘tkazildi. Uch soat davom etishi ko‘zlangan muzokaralar to‘rt soatga cho‘zilib ketdi. Uchrashuv yakuni bo‘yicha ma’lumot bergan NATO bosh kotibi Yens Stoltenberg ham, Rossiya TIV va mudofaa vazirligi ham Yevropada yangi konflikt yuzaga kelishi xavfi borligini inkor etishmadi.
Rossiya va G‘arb davlatlari o‘rtasidagi xavfsizlik masalasida uchta uchrashuv o‘tkazilishi belgilangandi va Bryusselda ularning ikkinchisi o‘tdi. 10 yanvar kuni Jenevada AQSH va Rossiya o‘rtasida muzokaralar o‘tkazilgandi, bugun, 13 yanvar kuni YEXHT doirasida Venada uchinchi uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Bryusselda Rossiya delegatsiyasiga tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Aleksandr Grishko hamda mudofaa vaziri o‘rinbosari Aleksandr Fomin rahbarlik qildi. AQSH delegatsiyasiga esa Jenevada bo‘lgani kabi davlat kotibining birinchi o‘rinbosari Uendi Sherman bosh bo‘lib, unga ko‘plab yuqori mansabli diplomatlar hamrohlik qildi. Yig‘ilishni NATO bosh kotibi Yens Stoltenberg boshqardi.
Yig‘ilishda ko‘p gap aytildi, lekin asosiy bo‘ladigan gap NATO bosh kotibi Yens Stoltenberg tilidan chiqdi. «Biz Ukraina alyansga kirmasligi bo‘yicha kafolat bermaymiz», dedi bosh kotib Rossiya talablariga javoban.
Moskva iddao qilayotgan asosiy talab – aynan Ukraina va Gruziyaning NATO kirmasligi bo‘yicha yuridik kafolat hisoblanadi.
Yig‘iish yakuni bo‘yicha NATO bosh kotibi brifingda ishtirok etdi. Keyinroq Rossiya TIV bayonoti ham e’lon qilindi.
Stoltenberg nima dedi?
«NATO safiga kiruvchi ittifoqchilar va Rossiya o‘rtasida fikriy qarama-qarshilik mavjud. Buni bartaraf etish oson bo‘lmaydi, lekin muloqotga kirishish shart. Biz davlatlarning alyansga a’zo bo‘lishi masalasida fundamental prinsiplarimizda sobit qolgan holda kompromissga bormoqchi emasmiz. Hamma alyansga kirish-kirmasligini o‘zi hal qiladi», dedi NATO bosh kotibi.
Stoltenberg Rossiyaga qarshi keskin fikrlar ham bildirdi.
«Rossiya askarlari Gruziya, Ukraina, Qrim va Moldovada bu davlatlarning roziligisiz bo‘lib turibdi. Rossiya Yevropa davlatlarida kimyoviy quroldan foydalanyapti va mamlakat ichkarisidagi demokratik muxolifatni bo‘g‘moqda», dedi u.
Alyans bosh kotibi Yevropada yangi qurolli nizo ehtimoli borligi haqida gapirdi.
«Yevropada yangi qurolli to‘qnashuv xavfi paydo bo‘lgan. Aynan shu xavfni bartaraf etish uchun to‘planganmiz. Rossiya bilan yadro siyosati, raketalarni birgalikda cheklash kabi mavzularda muhokamalar tarafdorimiz. Rossiyaga ular kuch ishlatsa, iqtisodiy va siyosiy bosimga uchrashi bo‘yicha signal yuborganmiz. Biz o‘z ittifoqchilarimizni himoya qilamiz», dedi Stoltenberg.
«Rossiya – agressor»
NATO bosh kotibi Rossiya Ukraina yoki boshqa biror davlatning alyansga kirishiga veto (cheklov) qo‘yishga haqli emasligini eslatdi.
«Rossiya Ukrainaning NATOga kirishiga veto qo‘yish huquqiga ega emas. Bu borada alyans a’zolari yakdil fikrda. Shu sababli, Kiyevga yordam ko‘rsatishga tayyormiz. Hamma o‘z yo‘lini mustaqil tanlashga haqli. Ukraina qachon NATOga kirishga tayyor bo‘lishini faqat Ukraina va alyansdagi 30 ittifoqchi hal qiladi, boshqa hech kim.
Rossiya Ukrainaga qarshi allaqon kuch ishlatib bo‘ldi. 2014 yil Qrimni bosib oldi, endi esa Donbassni bosib olishga urinmoqda. Ukraina Rossiya uchun xavf tug‘dirmaydi. Rossiya – agressor, Rossiya – kuchli yadro quroliga ega davlat va aynan Rossiya hozirgi inqiroz holatini yuzaga keltirdi. Ukraina o‘zini mudofaa qilishga haqli va NATO tashkilot sifatida bu borada yordam berishga tayyor. Rossiyaga Ukrainaga qarshi yana bir bor kuch ishlatadigan bo‘lsa, u yerda safimizni kengaytirish haqida yanada jiddiyroq o‘ylashga majbur bo‘lamiz. Biz Ukraina va Yevropada xavfsizlik masalasida jiddiy gaplashib oldik», dedi Stoltenerg.
NATO bosh kotibi raketalarni cheklash masalasiga ham to‘xtaldi.
«Muloqot davomida keng doiradagi qator uchrashuvlarda ishtirok etishga tayyor ekanimizni bildirdik. Xususan, Yevropada raketalarni cheklash bo‘yicha ham. Bu taklifimiz Rossiya tomonidan iliq kutib olindi, lekin ular aniq javob aytish uchun vaqt kerkligini aytishdi.
NATO ittifoqchilari [Rossiya bilan] fuqarolik yoki harbiy muloqotni doimiy yo‘lga qo‘yishni istaydi. Shuningdek, Moskva va Bryusseldagi missiyalar faoliyatini tiklashga ham qarshi emasmiz. Moskva NATO qoshidagi diplomatik missiyasi va NATOning Moskvadagi offisini yopganidan afsusdamiz», dedi NATO bosh kotibi muloqotdan keyingi brifingda.
Amerika tomoni nimalar dedi?
Jenevadagi AQSH – Rossiya muzokaralarida ham qatnashgan AQSH davlat kotibi o‘rinbosari Uendi Sherman Bryusseldagi muzokaralarda Rossiya tomonidan hech qanday yangilik eshitmaganini aytdi. U Rossiyaning ba’zi talablarini umuman qabul qilib bo‘lmasligini ta’kidladi.
«Eshiklarimiz muloqot uchun ochiq», dedi AQSH vakili NATO bosh kotibidan keyin so‘z olar ekan.
AQSH vakili Rossiyaning Ukrainaga bu galgi bostirib kirishi 2014 yildagiga qaraganda jiddiyroq oqibatlarga olib kelishini, bunday ehtimolda «Shimoliy oqim-2» ochilishi imkonsiz bo‘lishini ta’kidladi. Sherman xonim Rossiya bilan qurollanishga qarshi kurash va konfliktlarni hal qilish borasida hamkorlik qilish imkoni borligini aytib o‘tdi.
Oldinroq AQSH senati Rossiya Ukrainaga bostirib kirgan taqdirda Rossiyaga qarshi qo‘llanishi mumkin bo‘lgan sanksiyalar va Ukrainaga ko‘rsatilajak harbiy yordam bo‘yicha qonun loyihasini taqdim etgandi.
Fomin, Grushko va Stoltenberg muzokaralar oldidan / Getty Images
Moskva nima demoqda?
Rossiya mudofaa vazirligi o‘z vakili Aleksandr Fominning yig‘ilishda so‘zlagan nutqining ayrim qismlarini keltirdi. Keyinroq tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Aleksandr Grushko Bryusselda matbuot anjumanida ishtirok etdi. Rossiya vakillarining ikkisi ham Yevropada qurolli to‘qnashuvlar bo‘lishi ehtimolini rad etmadi.
«Rossiya va NATO o‘rtasidagi munosabatlar xavotirli darajada yomon holatda. Moskvaning deeskalatsiya bo‘yicha bergan takliflari rad etildi. Bu esa mojarolar paydo bo‘lishiga olib kelishi mumkin», dedi Rossiya mudofaa vazirligi vakili.
Yig‘ilishda Rossiya manfaatlarini himoya qilgan ikki vakil ham mamlakatning oxirgi vaqtlarda ayniqsa ko‘p qistayotgan iddaosi bo‘lmish xavfsizlik kafolati haqida gapirdi. Grushko NATO sharqqa qarab kengaymasligi bo‘yicha Rossiyaga huquqiy kafolat taqdim etishi kerakligini, Fomin esa bu kelishuv qisqa muddatlarda tayyorlanishi lozimligini ta’kidladi.
Rossiya tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Rossiya Ukrainaning NATOga kirishi tanlov erkinligi deb emas, bevosita Rossiya xavfsizligi masalasi deb hisoblashini bildirdi: «Bu bizning xavfsizligimizga jiddiy ta’sir qiladi va keyinchalik qarshi turishga majbur bo‘ladiganimiz xatarli holatlarni keltirib chiqaradi».
Aleksandr Grushkoning aytishicha, rossiyalik muzokarachilar vaziyat bu tarzda davom etsa, Yevropa xavfsizligi uchun «og‘ir oqibatlardan ogohlantirgan». Rossiya TIV vakili bunday ochiq va o‘tkir muzokaralarda qachon ishtirok etganini eslolmasligini qayd etdi. «Dildan suhbat bo‘lgani»ga ishonchi komil bo‘lgan Rossiya vakilining so‘zlariga ko‘ra, ular NATO vakillariga vaziyat qanchalik keskin ekanini tushuntirib bera olishgan.
Uchrashuvgacha nima deyishgandi?
Muzokaralardan avval NATO bosh kotibi Yens Stoltenberg Rossiya xavfsizlik masalasida muloqotga tayyorligidan xursandligini, Rossiya bilan kelishish mumkinligini aytgandi. Diplomat Norvegiya bosh vaziri bo‘lgan vaqtda Rossiya bilan kelishish mumkinligiga guvoh bo‘lganini eslagandi ham.
Rossiya TIV vakili Aleksandr Grushko esa bo‘lajak muzokaralar jiddiy va ochiq bo‘lishini aytib, «haqiqatni tan olish vaqti kelgani»ni ta’kidlagandi. Uning fikricha, NATOdagilar alyansning Rossiya tomon kengayishi jiddiy muammo ekanini endi anglab yetgan.
10 yanvar kuni Rossiyaning Ukraina NATOga kirmasligi bo‘yicha yuridik kafolat so‘rayotgani bo‘yicha Jenevada AQSH – Rossiya formatida uchrashuvlar o‘tkazildi. Unda AQSH vakili bunday kafolat berilmasligini ochiq aytgandi. Oldinroq Jo Bayden Rossiyani Ukrainaga navbatdagi marta bostirib kirishga urinayotganini aytgan, Putin esa mamlakati xavfsizligi uchun harbiy kuch ishlatishga ham tayyorligini ma’lum qilgandi.
Shunindek, seriyali uchrashuvlar boshlanishi oldidan AQSH Davlat departamenti vakillari Rossiyani SSSRni tiklashga urinishda ayblagan bo‘lsa, Rossiya TIV NATO 1997 yildagi holatiga qaytishi kerakligini aytgandi.
Rossiya nimalarni talab qilmoqda?
Rossiya armiyasining 100 mingga yaqin askarlari mamlakatning Ukraina bilan chegarasiga to‘planayotgani haqida xabarlar tarqala boshlagach, Ukrainaga navbatdagi bosqin amalga oshirilishi bo‘yicha avvaliga mish-mishlar, keyinroq rasmiylarning bayonotlari chiqa boshladi. Chegarada qo‘shin to‘playotganini rad etmagan Moskva NATOdan (aslida AQSHdan) Ukraina va Gruziya hech qachon alyans a’zosiga aylanmasligi bo‘yicha huquqiy kafolat talab qildi.
Shuningdek, Rossiya NATOga a’zo davlatlar Sharqiy Yevropa, Kavkazorti va Markaziy Osiyoda hech qanday harbiy amaliyot amalga oshirmasligi kerakligini talab qildi. Bu talablar doirasida Rossiya NATO a’zo davlatlari hududigacha yetib borishi mumkin bo‘lgan yaqin va o‘rta masofadagi raketalar mashg‘ulotini to‘xtatishga tayyorligini bildirdi.
Rossiyaning talablariga javoban AQSH va NATO vakillari alyansga a’zo bo‘lish har bir davlatning o‘z ishi ekani, hech kim uchun qaror chiqarilmasligini ta’kidladi. NATO bosh kotibi Yens Stoltenberg muammoni muzokaralar stoliga o‘tiribgina hal qilish mumkinligini aytgan va 12 yanvardagi uchrashuv vaqtini o‘zi belgilagandi. Uchrashuvlardan oldin esa NATO bosh kotibi Rossiya Ukraina bilan chegarada qo‘shin yig‘ishda davom etayotganini aytib, bu agressiv harakatlarning javobi borligini eslatgandi.
GETTY IMAGES
NATO – Rossiya kengashi nima o‘zi?
Ushbu kengash 2002 yil xavfsizlik va mudofaa masalalarida hamkorlikni yo‘lga qo‘yish uchun tashkil etilgan. 2008 yilda ilk marta munosabatlarga darz ketib, kengash faoliyati tugatiladi, chunki Rossiya – Gruziya urushini NATO Rossiyaning Gruziyaga agressiyasi deb qabul qilgandi. Oradan yarim yil o‘tib kengash vazirlar darajasida qayta tiklandi.
2014 yil Rossiya Qrimni o‘z safiga qo‘shib olgach, munosabatlar yanada yomonlashdi. NATO Rossiya bilan harbiy va fuqarolik muloqotlarini noma’lum muddatga to‘xtatdi, Rossiya sovuq urush davridan buyon ilk marta NATO sammitiga chaqirilmadi.
NATO – Rossiya kengashi yig‘ilishi oxirgi marta 2019 yil o‘tkazilgandi. 2021 yilga kelib tomonlarning munosabatlari yana yomonlashdi. Oktabr oyida Rossiya Ukraina chegarasida qo‘shin to‘playotgani sabab mamlakatning NATOdagi missiyasidan 8 diplomat Rossiyaga qaytarib yuborildi, yana 2 lavozim optimallashtirildi. Ishdan ketgan rossiyalik diplomatlarni Stoltenberg Rossiya razvedkasining e’lon qilinmagan xodimlari deb atagandi.
Bryusseldagi uchrashuvlardan keyin esa Stoltenberg NATO Moskvada vakolatxonasini qayta ochishga tayyorligi, Bryusseldagi Rossiya vakolatxonasi ham hech qanday qo‘shimcha shartlarsiz ochilishi mumkinligini ta’kidladi. “Zamin” yangiliklarini “Telegram”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
KXDR yetakchisi dronlarni ommaviy ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yishni buyurdi
AQSH Isroilning ikki vaziriga sanksiya qo‘llamoqchi
Rossiya armiyasi Kupyanskka kirgani aytilmoqda
NATO bosh kotibi Ukrainaning frontdagi ahvoli yomonlashganini tan oldi
AQSH harbiylari orasida o‘z joniga qasd qilish ko‘paydi
Borrel YEIning Isroil bilan muloqotini to‘xtatishni taklif qildi
Raqobat qo‘mitasi birjada Ai-80 benzini boshlang‘ich narxiga cheklov o‘rnatdi
Erdo‘g‘on Turkiya Isroil bilan aloqalarini uzganini ma’lum qildi