Soch to‘kilishi juda keng tarqalgan muammo. Ko‘pchilik bunga bahorda, organizmda vitamin yetishmaganda duch keladi. Biroq bu yagona sababdan uzoqdir. Mutaxassis nima uchun soch to‘kila boshlashini va vaziyatni yaxshilash uchun mustaqil nimalar qilish mumkinligini ma’lum qildi.
Soch to‘kilishi odatiy holdir
Har doim ham soch to‘kilishi sog‘liq muammolarining belgisi emas.
Bosh terisidagi har bir soch follikulasi hayotining uchta bosqichidan o‘tadi.
- Anagen — o‘sishning faol bosqichidir. Ikki yildan yetti yilgacha davom etishi mumkin. Bu vaqtda sochlar uzun va qalinroq bo‘ladi.
- Katagen — qisqa muddatli o‘tish bosqichidir. Taxminan uch oy davom etadi. Bu davrda soch o‘sishi to‘xtaydi.
- Telogen — bu pauza davri. Olti haftadan olti oygacha davom etadi. Bu vaqtda o‘sgan sochlar asta-sekin soch follikulalaridan terining yuzasiga suriladi va tabiiy ravishda tushadi. So‘ng soch follikulasi dam oladi. Vaqt o‘tishi bilan yana yangi sikl uchun kuch to‘playdi.
Ushbu bosqichlar muntazam ravishda takrorlanib, tolalar yangilanishining tabiiy jarayonini shakllantiradi. Kundalik hayotda sezilarli soch to‘kilishini sezmaymiz, chunki soch follikulalari har doim bu siklning turli bosqichlarida bo‘ladi. Bundan tashqari, boshimizda o‘rtacha 100-150 ming tola o‘sadi va odatda kuniga 50-100 tola soch to‘kilishi mumkin. Ya’ni, uni bir qarashda hisoblash qiyin. Shuning uchun biz soch hajmini vizual ravishda bir xil deb qabul qilamiz.
Nega sochlar mavsumdan tashqari paytlarda ham to‘kiladi?
Ba’zilar mavsumdan tashqari vaqtlarda soch to‘kilishi ko‘payganini payqashadi. Umuman olganda, bu ham tabiiy jarayon. Misol uchun, kuzda, yozda kuchli quyosh ta’siridan keyin sochlar ko‘proq to‘kilishi mumkin. Bahorda qishdan keyin organizmning umumiy zaifligi va vitamin yetishmasligi tufayli soch to‘kilishi odatiy holdir.
Soch to‘kilishining asosiy sabablari
Dori-darmonlarni qabul qilish
Soch to‘kilishi — bu ba’zi dorilarning yon ta’siri. Ko‘pincha qonni suyultiruvchi vositalar, yuqori qon bosimiga qarshi dorilar, retinoidlar, anabolik steroidlar, gormonal kontratseptivlar, artrit, podagra va yurak muammolari uchun ba’zi dorilar bu holatni keltirib chiqaradi.
Homiladorlik
Homiladorlik davri — kuchli gormonal o‘zgarishlar bilan birga keladigan organizmning kuch sinovidir. Tug‘ruqdan so‘ng, gormonal fon barqarorlashganda, uch oydan olti oygacha bo‘lgan davrda yo‘qolgan sochlar o‘rni tiklanadi.
Vitamin va boshqa muhim moddalarning yetishmasligi
Protein organizmdagi asosiy qurilish blokidir. Uning yetishmasligi soch tolalari hujayralarining qayta tiklanish davri sekinlashishiga va to‘xtashiga olib keladi. Temir soch salomatligi uchun ham muhimdir, shuning uchun uning yetishmasligi bevosita soch holatiga ta’sir qiladi. Tirnoqlarning mo‘rtlashishi, terining rangparligi, nafas qisilishi, zaiflik va yurakning tez urishi ham temir tanqisligini ko‘rsatadi.
Stress
Stress holati immunitet tizimini faollashtiradi va uni turli tashqi tahdidga qarshi turishga tayyorlaydi. Va organizmning barcha kuchlari hozirgi vaqtda omon qolishni ta’minlash uchun yo‘naltirilgani sababli soch o‘sishi sekinlashishi, hatto, to‘xtashi mumkin. Shu tariqa o‘sgan soch tolalari to‘kiladi, lekin yangilari paydo bo‘lmaydi. Ayrimlarning soch hajmi kamroq bo‘lib tuyuladi.
Noto‘g‘ri parvarish
Shampun bilan yuvish paytida yuqori harorat, juda issiq yoki sovuq suvni tez-tez ishlatish ham soch to‘kilishiga va mo‘rtlashishiga sabab bo‘ladi. Yana bir keng tarqalgan holat — terini parvarish qilish va turmaklash vositalariga allergik reaksiyadir.
Soch to‘kilishini mustaqil ravishda to‘xtatish mumkinmi?
Parvarish
Birinchi qadam sochni parvarish qilishni tahlil qilishdir. Ehtimol, unda nimadir o‘zgargandir? Yoki yangi vositadan foydalanishni boshladingizmi? Qattiq balanddan qilingan jingalaklar va bog‘lamlar, termal ta’sir qilish, nam tolalarni tarash va tez-tez shampun ishlatish — bularning barchasi shikastlanish va soch to‘kilishini keltirib chiqaradi.
Yengil kundalik parvarish qilish uchun tarkibida sulfatlar, parabenlar va silikon bo‘lmagan mahsulotlardan foydalanish yaxshiroqdir. Tabiiy oziqlantiruvchi va namlovchi tarkibiy qismlarga ega formulalarni tanlang. Va yaxshi soch mahsuloti shikastlangan sochlarni tiklash uchun aminokislotalarni o‘z ichiga olgan bo‘lishi kerak.
Tibbiy analiz
Bundan tashqari, qon testini o‘tkazish tavsiya etiladi. Bu vitamin yetishmasligini va gormonal muvozanatni aniqlashga yordam beradi. D va B12 vitaminlari, temir, sink, mis, oqsil kabi mikroelementlarning ko‘rsatkichlariga alohida e’tibor beriladi. 30 yoshdan keyin ayollarda digidrotestosteronning yuqori konversiyasi soch to‘kilishini qo‘zg‘atuvchi omil hisoblanadi.
Olingan natijalarga qarab siz vitamin va mineral terapiyaga o‘tishingiz mumkin. Shuningdek, mikroelementlarning yetishmasligini to‘ldirish uchun diyetani o‘zgartiring. Lekin, albatta, birinchi navbatda, mutaxassis bilan maslahatlashish lozim.
To‘g‘ri odatlar
Uyqusizlik, chekish, spirtli ichimliklarni iste’mol qilishni minimallashtirish tavsiya etiladi. Ammo jismoniy faoliyat, yurish va meditatsiya, aksincha, kundalik tartibingizga qo‘shilishi kerak.
Dam olish va parvarish boshni o‘z-o‘zingiz massaj qilish shaklida birlashtirilishi mumkin. Misol uchun, har kuni kechqurun bosh terisini maxsus yumshoq taroq bilan yoki barmoq uchlari bilan ohista massaj qilishni qoidaga aylantiring. Ushbu oddiy amaliyoti stress darajasini kamaytirishga va soch follikulalarining mikrosirkulyatsiyasini yaxshilashga yordam beradi.
Qachon trixologga murojaat qilish kerak?
- Agar mustaqil profilaktika choralarini ko‘rgan bo‘lsangiz, lekin vaziyat yaxshilanmagan (yoki yomonlashgan) bo‘lsa.
- Keskin soch to‘kilishi to‘satdan kuzatila boshlansa, normadan oshib ketsa va sizni juda xavotirga solsa.
- Soch to‘kilishi bosh terisining qichishi, yallig‘lanishi va og‘rig‘i bilan kechganda.