Katta yoshlilarning deyarli 80 foizi vaqti-vaqti bilan bel og‘rig‘idan shikoyat qiladilar. Agar o‘tirib bajarishni talab qiladigan ishda ishlasangiz yoki bolani qo‘lingizda ko‘tarib yursangiz, albatta, ba’zi oqibatlarning oldini olishning asosiy qoidalari haqida bilishingiz kerak.
90 foiz hollarda beldagi og‘riq mushaklarning zo‘riqishidan kelib chiqadi va shikoyatlarning faqat 10 foizi surunkali kasalliklar bilan bog‘liq.
Ehtimol, og‘riqning sababi o‘zingizdir?
Tasavvur qiling-a, yoshi o‘ttizdan oshgan ayolning oilasi, ishi va ro‘zg‘or yumushlari ro‘yxati bor. Bu ayolning deyarli dam olishga vaqti yo‘q, u doimo shoshqaloq va asabiylashadi, stress yallig‘lanish jarayonlarining rivojlanishiga sabab bo‘ladi, bu ko‘pincha bel og‘rig‘iga olib boradi. Yana kimlardir ish kunini kompyuter qarshisida o‘tkazadi, sport bilan shug‘ullanmaydi, yetarli miqdorda suv ichmaydi, lekin shu bilan birga, u ko‘pincha qahva ichadi.
Beldagi og‘riqdan xalos bo‘lish uchun bunday ayol kundalik odatlarini o‘zgartirishi kerak. Birinchidan, kofeinni o‘z ichiga olgan ichimliklardan voz kechish lozim: bu organizmning suvsizlanishiga olib keladi, shu jumladan, umurtqa pog‘onasi orasidagi bo‘g‘inlarning ham. Agar ular yetarli suyuqlik bilan ta’minlanmasa, umurtqa shikastlanishi va, albatta, og‘riq paydo bo‘lishi mumkin. Ikkinchidan, kuniga kamida 8 stakan suv ichish lozim. Uchinchidan, o‘z holatingizni kuzatishingiz kerak.
Ehtiyot bo‘ling: umurtqa pog‘onasi juda mo‘rt
Umurtqa pog‘onasi ichida gelga o‘xshash jelatinli suyuqlik mavjud. Bu umurtqa pog‘onasining moslashuvchanligini ta’minlaydigan va shikastlanishdan himoya qiluvchi disklardir. Ammo yosh o‘tishi bilan ular namlikni kamroq o‘zlashtira boshlaydilar va umurtqa pog‘onasi zaiflashadi. Uzoq muddatli jismoniy mashqlar (masalan, bir necha soatlab harakatsiz o‘tirish), umurtqa pog‘onasining g‘ayritabiiy holati yoki jarohat (to‘satdan og‘ir narsani ko‘tardingiz) namlikni yo‘qotishni tezlashtiradi va disklarning shikastlanishiga olib keladi va ichki jelatinli suyuqlik tashqariga sizib chiqadi. Albatta, siz ham og‘riqni boshdan kechirasiz.
Umurtqa pog‘onasini himoya qilish uchun oddiy qoidalarga amal qiling. Og‘ir narsalarni ko‘tarmaslikka harakat qiling, vaziyat bunga to‘g‘ri kelsa, yukni birdaniga ko‘tarmang. Bir soatdan ortiq bir joyda o‘tirmang. Agar tez-tez bel og‘rig‘iga duch kelsangiz, shifokorga murojaat qiling. Lozim bo‘lsa, yallig‘lanishga qarshi dori-darmonlarni qabul qiling va davolanish kursini oxirigacha kuzatib boring, og‘riq o‘tishi bilan dori-darmonlardan voz kechmang.
Yonboshlab uxlashni odat qiling
Ko‘pincha qorin bilan uxlasangiz, umurtqa pog‘onasi dam olmaydi, u yanada charchaydi. Kun davomida bel og‘rig‘i kuzatiladimi? Kechqurun uyquga yotishdan avval ikki tizzangiz orasiga tekis yostiq qo‘ying, bu sizning belingizga tushadigan yukni yengillashtiradi.
Baland poshnali tuflilarda yurish yoqadimi?
Uzoq vaqt davom etadigan bel og‘rig‘i — har kuni baland poshnali tufli kiyadigan ayollarning haqiqiy dushmani. Bu poyabzal muvozanatni saqlash uchun belni orqaga burishga majbur qiladi. Har kuni qorin bo‘shlig‘ini mustahkamlash mashqlarini bajaring va ketma-ket 2-3 soatdan ko‘proq baland poshnali tuflida yurmaslikka harakat qiling.
Sumkangiz 2,5 kg dan ortiqmi? Sizda ortiqcha yuk bor
Ko‘pchiligimiz deyarli butun umrimiz davomida sumka olib yuramiz — kosmetika, hujjatlar, salfetkalar, parfyumeriya, bir shisha suv, bir nechta shirinliklar, elektron kitob, zaxira qo‘lqoplar... tekshirib ko‘ring va hamma ortiqcha narsadan xalos bo‘ling. Do‘konda sumkani tanlayotganda uzunligi sozlanishi mumkin bo‘lgan tutqichli modellarga ustunlik bering. Agar sumkaning tasmasi juda uzun bo‘lsa, beldagi yuk ortadi. Va, albatta, eng yengil sumkalarni sotib oling. Ko‘chada ketayotganda, yuk bir tekis bo‘lishi uchun sumkani u qo‘ldan bu qo‘lga almashtirishni unutmang.
Belda og‘riq? Yotishga shoshilmang
Aksariyat hollarda (taxminan 90 foiz) beldagi og‘riqlar mushaklarning zo‘riqishi bilan bog‘liq va barcha shikoyatlarning faqat 10 foizi surunkali kasalliklar bilan bog‘liq. Buning sababini aniqlash uchun shifokor bilan maslahatlashing va jiddiy hech narsa topilmasa, yotib davolanishni tanlamang. Odatiy hayot tarzini davom ettiring, lekin kichik o‘zgarishlar bilan. Og‘ir ko‘tarmang, juda ko‘p egilmaslikka harakat qiling va agar belingiz juda og‘risa, shifokordan yordam so‘rang.
“Zamin” yangiliklarini “Odnoklassniki”da kuzatib boring