09:00 / 25.06.2023
133

Nima uchun muntazam ravishda quyoshdan saqlaydigan ko‘zoynak taqib yurish xavfli?

Nima uchun muntazam ravishda quyoshdan saqlaydigan ko‘zoynak taqib yurish xavfli?
Yoz keldi, demak, barchamiz quyoshdan saqlaydigan ko‘zoynaklarni taqishni boshladik. Chunki ular nafaqat ko‘zni ultrabinafsha nurlardan himoya qiladi, balki urfdagi aksessuar hamdir. Ammo ma’lum bo‘lishicha, ularni uzoq vaqt mobaynida taqib yurish xavfli.
 
Tadqiqotlarga ko‘ra, ultrabinafsha nurlanish ko‘z gavharini tashkil etuvchi oqsillar aralashmasiga zarar yetkazishi mumkin. Vaqt o‘tishi bilan bu zarar ko‘rish qobiliyatini jiddiy ravishda buzadigan va ko‘rishning yo‘qolishiga olib keladigan katarakta rivojlanish xavfini oshiradi. Bundan tashqari, ultrabinafsha nurlanishining yoshga bog‘liq ko‘rlik xavfini oshirishi haqida dalillar mavjud. Shuningdek, quyoshning haddan tashqari ta’siri ko‘z saratoni va quyoshdan kuyish — fotokeratit paydo bo‘lishiga turtki bo‘ladi.
 
Ko‘zning quyoshdan shikastlanish xavfi kunning ma’lum vaqtlarida va muayyan sharoitlarda yuqori ekanini bilish lozim. Suv, qor va avtomobil old oynalari yorug‘likni agressiv tarzda aks ettirishi mumkin, ya’ni quyoshli kunda qayiqda, qorda yoki mashinada vaqt o‘tkazish ultrabinafsha nurlanishining ko‘p miqdorini qabul qilish demakdir. Albatta, quyoshdan saqlaydigan UV filtrli va yuqori sifatli ko‘zoynaklar quyosh nurining ko‘z to‘qimalariga zarar yetkazish xavfini kamaytiradi.
 
Quyoshdan himoya qiluvchi ko‘zoynaklarni uzzukun taqish sirkad ritmining buzilishiga olib keladi. Sirkad ritmlar biologik soatimiz bo‘lib, u uyqu va uyg‘onish, gormonlarni me’yor bilan ishlab chiqarish, metabolizm tezligi va stressga chidamlilik uchun javobgardir.
 
Buzilgan sirkad ritmlar uyqu muammolari, ovqat hazm qilishning buzilishi, metabolizmning sekinlashishi, depressiya va gormonal disbalansga sabab bo‘ladi.
 
To‘g‘ri sirkad ritmlar sog‘lom organizmning asosidir. Bu nafaqat yuqoridagi muammolardan qochish, balki gormonlarni nazorat qilish, ishda maksimal mahsuldorlikka erishish va jismoniy faoliyatdan zavqlanishga yordam beradi.
 
Ushbu faktlarni hisobga olgan holda ertalab, ayniqsa, uyg‘onganingizdan keyingi dastlabki 30 daqiqada quyoshdan saqlaydigan ko‘zoynak taqmaslik tavsiya etiladi. Ertalabki nur organizmga katta shifobaxsh ta’sir ko‘rsatadi. Aynan u bir qator muhim gormonlarni me’yor va miqdorda ishga tushiradi. Bu sirkad ritm muvozanatlashuvini ta’minlaydi, ayniqsa, kunning avvalida nihoyatda zarur. Ertalab quyoshning tabiiy nuri umumiy salomatlikka foyda beradi. Kunning boshida deraza yoki quyoshdan saqlaydigan ko‘zoynak quyosh nurini sezilarli darajada kamaytiradi.
 
Quyosh ko‘zoynaklarini muntazam taqish bilan bog‘liq yana bir muammo — yorug‘likka moslashishning pasayishi bo‘lib, ko‘zoynakni muntazam taqqanda ko‘z o‘zgaruvchan yorug‘lik sharoitlariga moslashish qobiliyatini yo‘qotadi.
 
Oxirgi muammo — bu ko‘z charchashidir. Inson organizmi quyosh nuriga muhtoj va ko‘rish organlari bundan mustasno emas. Ko‘zoynakni doimiy ravishda taqib yurish tufayli ular yanada taranglashadi va zo‘riqadi, bu esa ko‘rish qobiliyatiga salbiy ta’sir qiladi.
 
Demak, doimiy ko‘zoynak taqib yurish organizmga zarar yetkazadi. Ertalabki quyosh nuridan foydalanish va ko‘zni yetarli darajada himoya qilish o‘rtasida muvozanatni saqlang. Quyosh ko‘zoynaklaridan o‘z o‘rnida foydalaning va uni boshqa vaqtlarda taqmang.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Hayot uchun » Nima uchun muntazam ravishda quyoshdan saqlaydigan ko‘zoynak taqib yurish xavfli?