Fransiya milliy jamoasi va PSJning tezkor hujumchisi Usmon Dembele 2025 yilgi “Onze d’Or” mukofotiga sazovor bo‘ldi.
Fransiyaning mashhur “Onze Mondial” jurnali tomonidan o‘tkazilgan so‘rovnoma natijalariga ko‘ra, Dembele Yevropa qit’asidagi eng yaxshi futbolchi sifatida tan olindi. Ushbu jarayonda u o‘zining kuchli raqiblari — “Barselona”ning yosh iste’dodi Lamin Yamal va “Real Madrid” yulduzi Kilian Mbappeni ortda qoldirdi.
Dembele 32,5 foiz ovoz to‘plab birinchi o‘rinni qo‘lga kiritdi. Ikkinchi o‘rinni “Barselona” safidagi 17 yoshli hujumchi Lamin Yamal egalladi (30%). Uchinchi pog‘onaga esa “Real” yetakchisi Mbappe joylashdi — unga 12,5 foiz muxlislar ovoz berdi.
Usmon Dembele PSJ uchun 2024/25 yilgi mavsumda asosiy qahramonlardan biri bo‘ldi. Parij klubi talab etilgan “trebl” — Liga 1, Fransiya Kubogi va Chempionlar Ligasi kuboklarini qo‘lga kiritishga muvaffaq bo‘ldi. Dembele mavsum davomida 53 ta uchrashuvda maydonga tushib, 35 ta gol urdi va 16 ta aniq golli uzatma yo‘lladi.
Ma’lumot uchun, “Onze d’Or” sovrini Yevropa miqyosida “Oltin to‘p”ning bir turdagi analogi sifatida baholanadi. Biroq u “la’natli mukofot” sifatida ham tilga olinadi, chunki so‘nggi ikki yilda bu sovrinni qo‘lga kiritgan Erling Holand va Vinisius Junior yil yakunida “Oltin to‘p”ni yutmagan edi.
Futbol olami e’tiboridagi asosiy marosim — “Oltin to‘p” topshirilishi 22-sentyabr kuni o‘tkazilishi belgilangan.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!