
G‘azoda Isroil tomonidan o‘tkazilgan havo hujumlari oqibatida kamida 33 kishi halok bo‘ldi. Hamas boshqaruvidagi Fuqarolik mudofaasi agentligining ma’lum qilishicha, zarbalar G‘azo shahri, Beit Lahiya, Nuseyrat va Xon Yunisdagi uylar, maktablar hamda turar joylarga qaratilgan. Qutqaruvchilar og‘ir sharoitda ishlayotgani, ko‘plab odamlar hali ham xarobalar ostida qolayotgani bildirilmoqda.
Isroil tomoni hujumlarni AQSh vositachiligida tuzilgan sulh shartlari buzilganidan keyin amalga oshirilganini aytdi. Mudofaa vaziri Isroil Katsning so‘zlariga ko‘ra, Hamas jangarilari isroillik askarlarga hujum qilgan va asirlar jasadlarini qaytarish bo‘yicha kelishuvni buzgan. Hamas esa bu ayblovlarni rad etib, sulhga sodiqligini bildirdi.
AQSh prezidenti Donald Tramp “sulh saqlanib qolmoqda”, deb ta’kidladi, biroq “Isroil askarlari nishonga olingan bo‘lsa, javob berishga haqli” ekanini ham aytdi. Vashingtonda vitse-prezident Vens ham kichik to‘qnashuvlar sulhni to‘liq buzmasligini, ammo tomonlar ehtiyot bo‘lishi kerakligini qayd etdi.
So‘nggi keskinlik Hamas tomonidan Isroilga topshirilgan tobutdagi jasad boshqa asirga tegishli ekani aniqlangach, kuchaydi. Isroil buni sulhni buzish deb atadi, Hamas esa ayblovlarni rad etdi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!