date

Yamaykada halokatli dovul: minglab aholi boshpanasiz qoldi

Yamaykada halokatli dovul: minglab aholi boshpanasiz qoldi

Yamaykada «Melissa» nomi berilgan tropik dovul katta talofat keltirdi. Tabiiy ofat 28-oktyabr kuni mamlakatning janubiy-g‘arbiy qismiga yopirildi va bir necha soat ichida butun orolni qamrab oldi. Mahalliy hokimiyat va ommaviy axborot vositalari toshqinlar, ko‘chkilar, ag‘darilgan daraxtlar va singan elektr ustunlari haqida xabar bermoqda.

Hozircha zarar ko‘lami aniqlanmoqda, biroq ma’lumotlarga ko‘ra, Yamaykada kamida 15 ming kishi vaqtincha boshpanaga ko‘chirildi. Elektr tarmoqlariga yetgan zarar tufayli mamlakatdagi 530 ming xonadon toksiz qolgan.

Kingston shahar hokimiyati toshqinlar sabab hayvonot dunyosidagi xavfni ham eslatdi — ayrim hududlarda timsohlar o‘z tabiiy joylaridan chiqib, aholi yashaydigan hududlarga kirib kelishi mumkinligi haqida ogohlantirish berildi.

«Melissa» Yamayka hududini bir sutka ichida kesib o‘tdi va hozir Kubaga tomon yo‘nalgan. Kutilmoqdaki, 29-oktyabr tongida u yerga ham yopiriladi. Kuba hukumati oldindan 735 ming nafar fuqaroni xavfsiz joylarga evakuatsiya qildi. Tabiiy ofatdan keyin dovulning yo‘nalishi Baham orollariga qarab burilishi kutilmoqda.

Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, Yamaykada uch kishi halok bo‘lgan, Hayitida yana uch fuqaro va Dominikan Respublikasida bir shaxs hayotidan ayrilgan. Dominikan Respublikasi hududida yana bir kishi bedarak yo‘qolganlar ro‘yxatiga kiritilgan.

Yamayka meteorologiya xizmati ma’lumot berishicha, «Melissa» 1851-yildan buyon kuzatuvlar tarixi davomida mamlakatga yopirilgan eng kuchli dovul sifatida qayd etildi. Ofat markazida shamol tezligi soatiga 295 kilometrgacha yetgan.

Associated Press agentligining hisob-kitoblariga ko‘ra, bu Atlantika mintaqasida quruqlikka chiqqan dovullar orasida shamol tezligi bo‘yicha tarixdagi ikkinchi natija hisoblanadi. Birinchisi — 1980-yildagi mashhur «Allen» tropik siklonida qayd etilgan edi.

Yamayka hukumati ofat oqibatlarini bartaraf etish uchun harbiy va fuqaro muhofazasi kuchlarini jalb etdi. Qutqaruv guruhlari yo‘llar va elektr tarmoqlarini tiklash, aholini oziq-ovqat va ichimlik suvi bilan ta’minlash ishlarini olib bormoqda.

Buyuk Karib havzasida esa tabiiy ofatlar mavsumi hali tugagani yo‘q. Meteorologlar fikricha, noyabr oyigacha yana ikki yoki uch tropik dovul shakllanishi ehtimoli mavjud. Shu bois mintaqadagi mamlakatlarga yuqori hushyorlikda bo‘lish tavsiya qilinmoqda.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Yamaykada halokatli dovul: minglab aholi boshpanasiz qoldi