Bunday so‘zlarni zamonamiz yoshlaridan ko‘p eshitamiz, lekin xohish har doim ham qobiliyatga mosmikan?
Ushbu maqola mavzusiga tahririyatimizga qilingan telefon qo‘ng‘irog‘i turtki bo‘ldi. Toshkentlik ayol gazetada yoshlar ish topa olmayotgani haqida hech narsa yozilmayapti, deya kuyib-pishar edi. U so‘zlarini isbotlash uchun o‘g‘lini misol keltirdi. Unga hech kim “birmuncha yaxshiroq, ya’ni tuzukroq maosh to‘lanadigan” ish taklif qilmayotgan ekan. “Xo‘sh, “tuzukroq” deganingiz qancha?”
Bu savolimizga “Avvaliga hech bo‘lmasa million so‘m”, degan javobni oldik. Keyingi savollarimiz esa farzandining mutaxassisligi, kasbga tayyorgarlik darajasi, mehnat staji haqida bo‘ldi. Suhbatdoshimiz buni qandaydir haqoratdek qabul qildi, nazarimizda. Uning fikricha, oliy ma’lumot to‘g‘risidagi diplomning o‘zi yuqori maoshli lavozim uchun “ruxsatnoma” rolini o‘ynashi kerak. “O‘g‘limning to‘lov-shartnoma asosidagi o‘qishiga katta-katta pullarni u 600 — 700 ming so‘m maosh olishi uchun to‘lamaganmiz”, dedi-yu, go‘shakni qo‘ydi…
Muammo nimada o‘zi?
Albatta, har qaysi ona uchun farzandi eng aqlli va qobiliyatli, u yaxshi maosh to‘lanadigan ishga kirishga munosib. Shuning uchun qo‘ng‘iroq egasining his-hayajonini tushunsa bo‘ladi. Lekin baribir, masalaga xolis yondashish kerak-da!
Masalan, bandlikni ta’minlash bo‘yicha mamlakatimizda olib borilayotgan chora-tadbirlar natijasida o‘tgan yilning o‘zida 726 ming kishi, shu jumladan, ta’lim muassasalarining 438,5 ming nafar bitiruvchisi ishga joylashtirildi. Deyarli barcha investisiyaviy loyihalarni amalga oshirishda yangi ish o‘rinlari yaratish eng asosiy ko‘rsatkich hisoblanadi. Kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirish ham aholining bandligini ta’minlashga xizmat qiladi. Prezidentimizning shu yil 17 martdagi “Tadbirkorlik sub’ektlari va keng aholi qatlamiga mikrokreditlar ajratish tizimini yanada soddalashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori yakka tartibdagi mehnat faoliyatini rag‘batlantirish orqali aholiga qo‘shimcha ish o‘rinlari yaratishga qaratilgani bilan alohida ahamiyatga ega.
To‘g‘ri, bugun hech kim “Bizda ishga joylashish bo‘yicha muammo yo‘q”, deb aytmayapti. Lekin uning kelib chiqishi hamisha ham ish o‘rinlari etishmasligi bilan bog‘liqmi? Mamlakatimizda yoshlarni ish bilan ta’minlash borasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli va maqsadli chora-tadbirlarga qaramay, “Bugungi kunda kollej yoki institut bitiruvchilariga “tuzukroq” maoshli ish topish qiyin”, deb iddao qilayotganlar-chi, ular haqmikan?
Ayni vaqtda mehnat bozorida sifat o‘zgarishlari ro‘y bermoqda. Ya’ni ochiq ma’lumotlar ko‘paydi: ish qidirish uchun elektron ma’lumotlar bazasi, kompaniyalarning o‘z rasmiy saytlari yoki ularning ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalari, muloqot uchun mobil interfaol vositalar degandek. Bosma nashrlarda ham muntazam ravishda bo‘sh ish o‘rinlari to‘g‘risida axborotlar beriladi, maxsus zamonaviy agentliklar (rekruting) ishga joylashtirish bo‘yicha o‘z xizmatlarini taklif qilmoqda.
Ish taklif etish bilan tegishli davlat tashkilotlari shug‘ullanishini hamma bilsa kerak. Masalan, Mirobod tumani bandlikka ko‘maklashish markazi xodimi Gulhayo Hodievaning aytishicha, joriy yil 1 aprel oyi holatiga ko‘ra, shu tumanning o‘zida 1 950 ta bo‘sh ish o‘rni mavjud bo‘lib, ular turli sohalarga tegishli. Ish o‘rinlari borligini yaqinda Yoshlar ijod saroyida o‘tkazilgan yarmarka ham tasdiqladi. Mehnat vazirligining axborot xizmati taqdim etgan ma’lumotda keltirilishicha, ushbu tadbirda 350 dan ortiq korxona va tashkilotlar 5 mingdan ziyod bo‘sh ish o‘rni bilan qatnashdi.
Lekin yana G. Hodievaning so‘zlariga quloq tutsak, 2017 yilning uch oyi davomida markazga faqat 144 nafar kishi murojaat qilgan, ulardan 103 nafari ishga joylashtirilgan bo‘lsa, 30 nafariga qayta tayyorgarlikdan o‘tish uchun yo‘llanma berilgan.
Bo‘sh ish o‘rinlari mavjud ekan, nega unda ko‘pchilik yoshlar ish yo‘q, deya hasrat qilaveradi? Buning sababi, asosan, ikkita: yoshlarni taklif etilayotgan maosh miqdori qoniqtirmaydi yoki ularning o‘zi ish beruvchining talablariga javob bermaydi.
Kimni afzalroq bilishadi?
Albatta, bugungi kun yoshlari faolligi, uddaburonligi va tashabbuskorligi, zamonaviy bilimlarni o‘zlashtirishga intilishi bilan ajralib turadi. Yigit-qizlar yaxshi lavozimni egallab, mo‘may daromad topishni istaydi. Bu tabiiy. Ammo hammasiga birdan, shu topda erishishni ko‘zlaydilar. Aslida, bunday bo‘lishi mumkinmi o‘zi? Kasbiy faoliyatda va jamiyatda yuqori o‘rin egallash, demakki, katta maosh olish uchun shaxsiy fazilatlardan tashqari, amaliy tajriba ham kerakligini, mansab pillapoyalaridan ko‘tarilish uchun o‘z ustida muntazam ishlash talab etilishini bugun hayotning o‘zi ko‘rsatmoqda-ku! Shunday ekan, oliy ta’lim dargohini endigina bitirib kelgan yosh mutaxassisga birdaniga yuqori lavozim va katta miqdordagi maosh taklif qilinishi amrimahol.
Hozirgi vaqtda eng ko‘p tarqalgan fikrga ko‘ra, yaxshi ishga joylashishning birinchi sharti oliy ma’lumotli bo‘lishdir. To‘g‘ri, oliy ta’lim muassasasini bitirgan kishi suhbatda o‘zini dadilroq tutadi, lekin bu dadillik o‘ziga haddan tashqari ishonishga o‘tib ketmasligi kerak. Xo‘sh, har bitta diplom o‘z sohibining yuksak kasbiy tayyorgarligidan dalolat beradimi? Poytaxtimizdagi “Person Hunters” MChJ rekruting kompaniyasi xodimlarni izlash va tanlash bo‘limining boshlig‘i Darya Solonisina qayd etganidek, ko‘pchilik ish beruvchilar nomzodlarni ko‘rib chiqishda diplom mavjudligini ijobiy omil sifatida belgilashadi. Shu bilan birga, ular oliy ta’lim muassasasi bitiruvchilarining tayyorgarligi etarli darajada emas, deb hisoblaydilar. Buning sababini esa o‘quv yurtida berilayotgan nazariy bilimlar bilan bozor sharoitidagi haqiqiy vaziyat o‘rtasida farq borligida ko‘rishadi. Shuning uchun ham aksariyat ish beruvchilar mehnat stajiga ega bo‘lgan nomzodlarni ishga olgan afzal, degan fikrdalar.
Mana, hayotiy bir misol. Alisher maktab va liseyda faqat a’lo baholarga o‘qigan. Ota-onasining maslahati bilan nufuzli oliy ta’lim muassasasiga o‘qishga kirib, uni “qizil diplom” bilan tugatdi. Tasavvurida uni zo‘r istiqbol kutardi. Afsuski, hammasi ham u o‘ylaganchalik silliq kechmadi. O‘zi xohlagan joyga ishga kira olmaganiga sabab — ish beruvchi undan ko‘ra tajribali, epchil va abjir xodimni ma’qul topdi. Natijada Alisher “kamtarroq” lavozimda ishlab, yuqori mansabni ko‘zlamay qo‘ydi.
Demak, korxona yoki tashkilot rahbari har qanday, ayniqsa “yuqori” lavozimga kasbiy tajribasi bo‘lmagan mutaxassisni darhol ishga olavermaydi. Yoshlar uchun kelgusida o‘zi ishlashni orzu qiladigan kompaniyalarda stajirovka o‘tash foydali, bu davrda ular ish uslublarini va kasbining o‘ziga xos sir-asrorini o‘rganib olishlari mumkin bo‘ladi. To‘plangan tajriba keyinchalik hayot va faoliyatda asqatishi bilan birga, qobiliyatu iqtidorini namoyon qilishga imkon yaratadi. Yaxshi mutaxassis e’tibordan chetda qolmaydi va keyinchalik ish beruvchilarning o‘zlari uni izlab topishadi.
Mehnat bozorida raqobat kuchayib borayotgan hozirgi sharoitda ish beruvchilar nomzodlarga katta talablar qo‘yishmoqda. Bugun oliy o‘quv yurtini bitirganlik to‘g‘risidagi diplomning o‘zi etarli emas. Nomzod o‘z ustida doimiy ishlashi, malaka oshirishi, bilimlarini kengaytirishi zarur. Yaxshi ish topishni istagan ko‘pgina yoshlar o‘qishdan tashqari turli kurslarga qatnaydi, chet tillarini o‘rganadi. Darvoqe, chet tilini bilish — ishga muvaffaqiyatli joylashishning muhim shartlaridan biri. Toshkentdagi “Golden Bridge Education” MChJ o‘quv markazining direktori Sherzod Nurmuhammedovning fikricha, bugungi kunda yoshlar nafaqat an’anaviy hisoblangan ingliz tilini, balki boshqa xorijiy tillarni ham o‘rganishga harakat qilishayapti. Masalan, nemis, fransuz va ispan tillari bilan bir qatorda, xitoy, koreys, arab tillariga qiziqish kuchli. MDH mamlakatlariga xos yana bir xususiyatni aytib o‘tmaslikning iloji yo‘q: rus tili siyosiy va iqtisodiy muloqotda, shuningdek, madaniy aloqalarda hamon o‘z mavqeini saqlab turibdi. Shu bois ishga kirish vaqtida rus tilini bilish majburiy bo‘lmasa-da, har holda, maqsadga muvofiq hisoblanuvchi mezondir.
O‘zingizga sarmoya kiriting!
Albatta, qo‘shimcha bilim olish uchun uning haqini to‘lash kerak. Buni esa kelajakka sarmoya, bir kuni o‘zingizga qaytadigan zaxira, deb biling. Yana bir misol. Nazokat o‘z vaqtida Toshkent kimyo texnologiyalari institutiga kirish maqsadida Buxorodan kelgan edi. Ikki yil davomida urinishlari zoe ketdi. Lekin u umidini so‘ndirmasdan, tayyorgarlik ko‘rishda davom etdi. Nihoyat, uchinchi yili o‘qishga qabul qilindi. Institutda tahsil olish bilan bir qatorda, rus tili va ingliz tili kurslariga qatnadi. Bakalavriatni tugatgach, xorijiy davlatda magistraturada o‘qidi. O‘zbekistonga qaytib, shu erdagi xalqaro tashkilotga ishga kirdi. Bugun u bo‘lim boshlig‘i. Aytishicha, respublikamizda katta bir loyiha uning bevosita ishtirokida amalga oshirilmoqda.
To‘g‘ri, ayrimlar bu endi onda-sonda uchraydigan voqea-da, deya e’tiroz bildirishlari mumkin. Lekin unday emas, shunga o‘xshash dalillar yildan-yilga ko‘paymoqda. Vazirlik va idoralarning, turli firma hamda kompaniyalarning rahbarlari bilan suhbatlar ham buni tasdiqlaydi. Ular orasida shunday yosh mutaxassislar ham borki, yaqindagina kichik maosh bilan oddiy xodim sifatida ish boshlab, keyinchalik faqat mehnatsevarlik, intiluvchanlik, o‘z ustida ishlash, kasbiy mahoratni tinimsiz oshirish evaziga mansab pillapoyalaridan tobora baland ko‘tarilishgan. Bugun esa yaxshigina maosh olishmoqda.
Qisqasi, maqola boshidagi telefon qo‘ng‘irog‘iga yana qaytamiz. Nafaqat o‘sha ayol, balki uning o‘g‘liga ham shunday maslahat bergan bo‘lar edik: ikkilanmasdan 600 — 700 ming so‘m maosh taklif qilinayotgan joyda ish boshlasa, onasi aytganchalik eng aqlli va qobiliyatli yigit ekanini atrofdagilar, albatta, sezishadi. Kasbi bo‘yicha tajriba to‘plasa, mahoratini oshirib borsa, yuqori maoshli va obro‘li ishni topishi aniq. Buning uchun birinchi qadamni qo‘ymoq, juda ko‘p va tirishib mehnat qilmoq zarur.
Manba: Hordiq.uz “Zamin” yangiliklarini “Vkontakti”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
Medvedev: Maxsus harbiy operatsiya uchun qurollarning aksariyati Rossiyada ishlab chiqariladi
BAAda isroillik ravvin o‘ldirib ketildi
Ukraina Kursk oblastida egallab olgan hududlarining 40 foizdan ortig‘ini yo‘qotdi
Abdusalom Azizovning Xavfsizlik kengashiga o‘tkazilgani tasdiqlanmadi
Bahodir Qurbonov DXX raisi etib tayinlandi
Abdulla Aripov Boysunda bo‘lib qaytdi: “Prezidentimiz, odamlar ko‘chishga rozimi-rozimasmi, dedilar”
Bayden va Makron Livanda sulh e’lon qilishga tayyorlanmoqda
Xalqaro sud qarori: Netanyaxu va Gallant hibsga olinsa nima bo‘ladi?