08:54 / 15.07.2017
19 686

Erkaklar albatta o‘qisin: Ayol hurmatini qozonish

Erkaklar albatta o‘qisin: Ayol hurmatini qozonish
Sevgi paydo qilgan ehtiros olovi bir umr lovullab yonmaydi – pasayishi ham mumkin. Hurmat esa o‘zgarmayda, albatta unga erishilgan bo‘lsa. Lekin unga etishmoq osonmas. Chunki u tez kelmaydi va bahosi juda yuqori. Shu kerakmi, degan savol tug‘ilishi ham mumkin. Chunki, shunday erkaklar borki, xotini uni bir chaqaga olmaydi va bundan er o‘kinmaydi. Aksincha, u shu bahonada er bo‘lib bajarishi lozim bo‘lgan ayrim vazifalarini ado etishdan qutilganiga xursand.

Ko‘pchilik holatda esa, xotin umr yo‘ldoshini hurmat qiladi, uning yonida o‘zini baxtli, osoyishta va himoyalangan sezadi. Shunday maqol bor: «Baxtli bo‘lmoqchimisan? Shoh qarshida tik tur, xudo oldida boshingni eg, ering ro‘parasida – tiz cho‘k». Qadim naql ijrosi uchun bechora ayolga munosib er kerak, chunki landovurining qarshisida qanday ko‘yga tushmasin, hatto oyog‘iga yiqilib o‘tingan taqdirda ham biror natijaga erishish qiyin. Nima qilsin? Noiloj qolib, eri qilishi kerak bo‘lgan ishlarni ham o‘zi bajarishga majbur bo‘ladi va bunday ko‘rgulikdan keyin undan erini hurmat qilishni talab qilish mumkinmi? Xotinni hamma narsaga majbur qilish mumkindir, lekin hurmat qilishga emas. Chunki hurmatga erishiladi. Lekin qanday? Quyidagi tavsiyalarda uning javobini topasiz.

Baqirmang. Tajovuzkorona harakat qilsangiz, hatto mushuk ham ovozini ko‘taradi. G‘azabga berilib, tovushni baland qilish insonning kuchli ekanini bildirmaydi. Aksincha, bu ojizlik belgisi bo‘lib, odam o‘zini nazorat qilolmasligidan dalolat. Ayollarga nisbatan bolalar, erkaklarga nisbatan ayollar ko‘p baqirishi ma’lum bo‘lgan. Kuchli erkaklar hech qachon ovozini ko‘tarmaydi. Chunki bunday foyda yo‘q.

Nazaringizni past qilmang. Bu erda gap qaytimni bermagani uchun sotuvchi bilan janjallashish ustida bormayapti. Past ketish — har qanday mayda va arzimas narsalarga keragidan ortiq ahamiyat berishdir. Ayollar erkakning voqea-hodisalarga bo‘lgan munosabatiga haddan ziyod sezgir bo‘lishadi va ularga erkakning ozgina injiqligi ham salbiy ta’sir etib, unga nisbatan hurmatini so‘ndiradi.

Hasad qilmang. Odamlar bir xil yashamaydi. Agar qo‘shningizning omadi chopgan bo‘lsa, unga etishish o‘rniga, «uning bir qing‘irligi bor», yoki «birgina maoshga mashina ololmasdi», degan gaplari oshkora aytsangiz, o‘zingizning hech narsaga arzimasligingizni ta’kidlagan bo‘lasiz va bu bilan o‘zgalarning hurmatini qozona olmaysiz. Birinchi galda xotiningizning. Yaxshisi shunday qilingki, sizga havas qilishsin.

Saxiy bo‘ling, avvalo xotinigizga. Yoqtirgan biror narsasini sovg‘a qiling. Agar so‘nggi rusumdagi kuylak olib bersangiz, nainki o‘zi, hatto uning dugonalari va hamkasb ayollar ham sizni maqtashganini eshitib qolasiz. Bu bilan faqat xotiningizning emas, boshqalarning ham o‘zingizga nisbatan hurmatini oshirishga erishasiz.

Muhokama qilishga shoshilmang. Do‘stni emas, dushmanni astoydil tanla, degan sharq maqoli bor. Atrofdagilarga bepisand muomalada bo‘lgan er hatto xotinining ham hurmatini qozonmaydi. Hammani «axmoq» va «yaramas» sanagan odamning ular bilan ochiq kurashga borishi gumon. Shuning uchun ulardan achiqlanish o‘zidan norozilikning bir ko‘rinishi ekanini xotinlar yaxshi anglashadi va erga munosabat ham shunga yarasha bo‘ladi.

Haq bo‘lsa, tan oling. Ba’zi odamlar nohaq ekanini bo‘yniga olishni istashmaydi. Aslida bunday odamlar zaif bo‘lishadi. Ularga xatoliklari isbatlab berilsa ham, tan olish o‘rniga, o‘zlarini ming ko‘yga solishadi. Bu esa ularga nisbatan g‘azabni qo‘zg‘aydi. Kuchli insonlar o‘zini hurmat qilgani uchun ham xatosini tan olishdan qo‘rqmaydi va bu bilan ularning hurmati yanada oshadi.

Mahoratli bo‘lish. Ayollar juda e’tiborli bo‘lishadi. Ayniqsa, mahorat bilan bajarilgan ish ularni mahliyo etadi. Demak, hurmat qozonish uchun mahorat ham kerak.

Xatoni tuzatish. Ayol kishi noto‘g‘ri gapirganda, uni xafa qilib qo‘ymaslik uchun gapini maqullash hurmat keltirmaydi. Uning ig‘vo qilganini yoki birovning ustidan kulib gapirganini eshitganda loqayd bo‘lmaslik kerak. Aksincha, unga bu qilgan ishi yaxshi emasligini aytish, avvaliga unga xafa qilib qo‘ysada, keyin ko‘ngliga, siz haqingizda «insofli odam ekan», degan fikr keladi va bu hurmatga munosib ekaningizni bildiradi.

Kamsitmang. Ayol farishtaga qiyos qilinsa-da, u kamchilikdan xoli emas. Biror qilig‘i yoqmagan bo‘lsa, buning uchun o‘zini tanqid qilish yaramaydi, yaxshisi kamchiligini ko‘ngliga og‘ir botmaydigan qilib tushuntirish kerak. Aks holda ayb o‘zida bo‘lsa-da, noto‘g‘ri qilgan ishini yuziga solgan odamni ayollar yoqtirishmaydi.

Yordam bering. Iltimos qilishini kutmay ayolga yordam berishni o‘rganing. So‘ralganda ko‘rsatilgan xizmatdan, shu xizmat kerakligini bilib, uni amalga oshirgan erkak o‘ziga nisbatan ayol hurmatini qozonadi.

O‘zingizni hurmat qiling. O‘zini hurmat qilmagan kishini hech kim hurmat qilmaydi.

Bunday odamlar ko‘p: ular o‘zini yaxshi ko‘radi, avaylaydi, nima qilsa qiladi, lekin hurmat qilmaydi. Odam o‘zini hurmat qilishi uchun ikki qoidaga rioya etishi kerak:

a) o‘zingiz insofsizlik deb bilgan ishni, garchi bu ish yoqimli, xavfsiz va ma’qul bo‘lib, boshqalar uni qilgan taqdirda ham bajarmang.

b) agar biror ishni qilishni to‘g‘ri deb hisoblasangiz, hech kim uni baholamasligi va uni qilishga xohishingiz yo‘qligini bilsangiz ham uni bajaring.

Xurshid NURULLAEV tayyorladi

Manba: mulohaza.uz

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Hayot uchun » Erkaklar albatta o‘qisin: Ayol hurmatini qozonish