...Shifoxonadan chiqarib ketishgach, uning xonasini tartibga solish uchun kirgan hamshira yostiq ostidan bir necha qog‘ozga tushurilgan qoralamalarni topib oldi. Esladi: bemor bir necha kun davomida shu qog‘ozga nimalarnidir yozayotganligini, hamshira kirib kelgan chog‘da shoshib, ularni yostiq ostiga tiqishtirib, ko‘z yoshlarini yengi bilan to‘sganini...esladi. Esladi: bu odam shu shifoxonada qayta va yana qayta davolanganligini... Shahri azimlarda ham uzoq vaqt davolanib, qayt..ganligini esladi..
O‘sha lahzalar ko‘z oldidan o‘tib, hamshira mayus xo‘rsindi. Rosti, o‘shanda o‘zi ham xijolat tortgandi.
U juda muloyim va ohista so‘zlardi, xuddi allalayotgandek. Yuzlaridan nur yog‘ilib turuvchi bu kishining qarashlari ham yoqimli edi. Lablari jilmayishni kanda qilmas, doimiy ravishda namlanib turuvchi ko‘zlarining qorachiqlarida esa yashirin dardlari bor edi. O‘zgalarning maktubini o‘qish odobdan bo‘lmasa-da, qiziqish ustunlik qilib, qog‘ozga ko‘z yugurtirar ekan, nigohlarni satrlardan uzolmay qoldi.
«Azizam! Qismatmi yo taqdir yozig‘i yoki men izlagan yo‘lning tutashgan joyi shu bo‘ldimi, bilmayman. O‘zimni tubsiz va qirg‘oqsiz bo‘lgan ushbu nomsiz dengizda ko‘rdim. Bilmam, bu dengiz nedan, qaydan paydo bo‘ldi? Undan hasrat va armon hidi baralla ufurib turibdi. Ko‘pchiyotgan to‘lqinlari o‘ksik qalb xuruji monand. Sho‘r suvlari tanish ta’mli... Mana, o‘sha sen bilgan davrdan buyon suzaman bu dengizda, bu bahri ummonda. Har kun, har lahza cho‘kib ketish xavfi bilan yashayman. Suzaman, oyoqlarim yerga tegmaydi, suzaman ufqqa tutashib ketgan ummon uzra, qirg‘oq ko‘rinmaydi. Suzaman, suzaveraman. Hadeb yutaverganimdan sho‘r suvi dimog‘imni yordi. Ba’zan suzayotib yonimda kimdir borligini payqab qolaman, albatta, bu Sen bo‘larding. Men bilan baqamti suzayotganingdan, yolg‘iz kezlarimda yonimdaligingdan birida suyunsam, birida og‘rinaman. O‘zim uchun toliqsam-da, sen uchun suza boshlardim. Goho, suv yuzasiga bir qalqib, bir cho‘mib.. cho‘kayotganligingni payqab qolardim. Yordamga shoshardim. Ba’zida esa sen...
Asoratli, betizgin yillar sarhadida hisobsiz savollar meni o‘rtaydi: Men-ku, aybdor edim, gunohlarimni bilardim, lekin sen ne uchun?
Menga bu azoblar tayin! Ba’zida bu azoblar, og‘riqlar menga taskin ham berardi, ammo, sen ne uchun? Sening ne gunohlaring bor edi-ki, jarbini men bilan tortasan?
Keyin..keyinroq esa, Sening ham toliqqanligingni, ko‘nglingning tub-tubida o‘zga dengizga, bahri ummonga mayl borligini anglab qoldim. Bu men uchun yangilik emas edi...
Endi yana yolg‘iz, uzoqdan-uzoq suzmoqdaman, qirg‘oq esa hanuz ko‘rinmaydi. Qirg‘oq izlab shu qadar toliqqanman-ki, bir lahza bo‘lsa-da, orom olgim keladi. Ruhim, vujudim-da, hatto umid ham oromga muhtoj. Qani, tovonlarim zaminni tuysa! Qirg‘oqni ko‘rsam, bosh qo‘ysam. Faqat bir lahza, bir soniyagina...
...Uzoq suzgach toliqib, bir nuqtada uzoqdan-uzoq turib qolaman. «Balki qirg‘oq bu tomondadir,» deya boshqa tomonga suzib ketaman. Shu qadar uzoq suzamanki, toliqib qirg‘oqni topishdan, izlashdan voz kechgandek ham bo‘laman. Faqat bir lahza, bir soniya, umid qayta alangalangach, tag‘in yana boshqa tomonga qirg‘oq ilinjida suzib ketman. Ba’zida esa uning qa’riga topingim kelib qoladi. Ammo menga suzish buyurilgan, suzaveraman. Qirg‘oqni topa olmasligimni bilsam-da, ich-ichimdan sezib tursam-da, suzaveraman.
Men dengiz uzra muallaqman, shunga mahkumman! Bunda ne ma’no bor, ne hikmat, menga qorong‘u. Qush bo‘lib ko‘kka ucha olmayman, baliq bo‘lib ummon qa’riga sho‘ng‘iy olmayman. Inson...man deyman-u, menda na imkon va na ixtiyor bor... Goho hasrat o‘tida yonsam, goho umid cho‘g‘larida to‘lg‘onaman.
Ummon harchand bepayon bo‘lmasin, bari bir qirg‘oq yaxshi. Qirg‘oqqa ne yetsin!
Ba’zida bahri ummon to‘lqinlari yana-da, shiddat olgandek, ko‘pirib toshayotgandek tuyulaveradi..
Va, nihoyat, mana, men ham toliq...dim. Vujudimda bir qatra bo‘lsa-da, mador qolmadi. Asta-sekin ummon qa’riga cho‘ka boshladim. Bundan ko‘nglimda bir shodlik tuydim.
To‘satdan, ...to‘lqinlar yuzimni yalab o‘tar ekan, ko‘milayotgan nigohlarimning yozg‘iringan qorachiqlarida nimadir «yilt» etganini anglab qoldim. Ummon qa’riga ravona bo‘layotib ham, nigohlarimdagi mujassam o‘sha yozg‘iriq ojiz bir uchqun hali hanuz..qirg‘oqdan umidvor edi..
Qaydam, balki, shu ummon qa’rida ham meni yana bir ummon kutayotgandir?! Balki, Unda ham diydori yo‘q qirg‘oqni izlashga mahkum bo‘larman. Unda ham g‘arq bo‘larman, qirg‘oq ilinjida. Topa olmasang-da, qirg‘oqni izlaganlar safida bo‘lmoqlik ham bir baxt, bir sharaf... Chunki qirg‘oqda hikmat bor, adolat, mehr-oqibat, iymon, huzur-halovat va sof muhabbat bor. Shundan ayirmasin, shundan qoldirmasin.
Alvido, qirg‘og‘ini yo‘qotganlar...»
Hamshira maktubni qo‘lida tutganicha harakatsiz qotib turardi. Ikkinchi hamshira kelib uni chaqirganida ham, turtganida ham hech narsani sezmadi. U hamkasbining qo‘lidagi qog‘ozni tortib olganda ham yuz ifodasini o‘zgartirmagan kuyi eshik tomon yuzlandi...Uning ko‘nglidagi kemtik oy yuzidagi dog‘ singari kengayib, hasrat o‘tida kuya boshlagan edi.
Maktubni o‘qigan borki, bir xilda tund, mahzun qiyofaga kirib qolardi.
Hali oldinda tong bor, tonglar bor. Zulmat singdirgan g‘uborni yuva oladigan tonglar bor edi. Maktub esa hanuz qo‘lma-qo‘l, u ham sohibi kabi qirg‘oq izlayotgan bo‘lsa, ne ajab.
Erkin NORSAFAR
Manba: Erk.uz “Zamin” yangiliklarini “Odnoklassniki”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
Kreml Ukraina bo‘yicha muzokarada shartlar qo‘yishga urinmoqda
AQSH harbiylari orasida o‘z joniga qasd qilish ko‘paydi
Erdo‘g‘on Turkiya Isroil bilan aloqalarini uzganini ma’lum qildi
Pashinyan Armanistonning Mustaqillik deklaratsiyani eng katta muammo va fojia deb atadi
Raqobat qo‘mitasi birjada Ai-80 benzini boshlang‘ich narxiga cheklov o‘rnatdi
Blinken Isroildan uchta muammoni hal etishni talab qildi
Har qanday katta yoshdagi kishi yetuk emas
Yaxshi pishgan va mazali anor tanlashga yordam beradigan tavsiyalar