13:04 / 28.01.2018
61 681

Buni ayollar o‘qishi shart...

Buni ayollar o‘qishi shart...
Jahon sog‘likni saqlash tashkiloti ma’lumotlariga ko‘ra, dunyoda har yili bir million nafar ayol ko‘krak bezi saratoni xastaligi bilan ro‘yxatga olinadi, olti yuz ming nafardan ziyod bemor esa shu dard tufayli vafot etadi. Mazkur dahshatli raqamlarning o‘ziyoq bu muammoning qanchalik dolzarb ekanini ko‘rsatmoqda. Shunday ekan, qiz va ayollarimiz ushbu kasallikdan himoyalanish va davolanish borasida o‘z vaqtida bilib qo‘yganlari ma’qul. Bu borada esa Respublika onkologiya ilmiy markazi mammologiya bo‘limining ilmiy rahbari, tibbiyot fanlar doktori Lola ALIMXO‘JAYeVA zarur maslahatlarni berib o‘tadi.

“SO‘NGGI UMIDIM SIZDAN, OPAJON!”
Bugun tibbiyotda ko‘krak bezi saratoni atamasi ko‘p ishlatilmoqda va bu kasallik bilan og‘rigan bemorlar haqida tez-tez gapirilyapti. Har kuni bemorlarni ko‘zdan kechirarkanman, nima uchun bizning o‘zbek ayollarimiz o‘z sog‘ligiga, o‘z hayotiga bunchalik befarq, nega mammolog nazoratiga borib turishni o‘zlariga ep ko‘rmaydilar, degan savollar meni qiynayveradi. Og‘ir ahvolga tushib qolgunlariga qadar allaqanday tabiblarga, firibgarlarga murojaat qilishadi. Hech iloj qolmagandagina onkolog qabuliga kelishadi.

Bir kuni kechki soat yettilarda uyga qaytishga taraddud ko‘rayotgandim, xona eshigini bir ayol qabul qilishimni iltimos qildi. Unga ish vaqtim tugaganini, uyga qaytayotganimni, ertaga qabulga navbatsiz kirishi mumkinligini aytgandim, juvon yosh to‘la ko‘zlarini jovdiratganicha: «Opajon, iltimos, meni hozir ko‘rib qo‘ying. Yo‘qsa, menga bir narsa bo‘lib qolishi mumkin...», dedi yig‘lamsirab. Ko‘zlari to‘la vahima, qo‘rquv. Sarosimaga tushgan juvonga taskin berib, shikoyatlarini eshitdim.

Aytishicha, ikki yil mobaynida o‘zida qandaydir kasallik alomatlarini sezib yurgan. Birinchi marotaba o‘zi istiqomat qilayotgan hududdagi ginekolog huzuriga borgan, hayz oldidan sut bezlarida, ayniqsa, so‘rg‘ichi atrofida og‘riq paydo bo‘layotganidan shikoyat qilgan. Ginekolog uni ko‘rikdan o‘tkazib, saqlanish vositasi («Marvelon» preparati)ni olti oy davomida iste’mol qilishni tavsiya etibdi. Ammo bu choralarni qo‘llagach, og‘riq bosilish o‘rniga, battar kuchayib ketgan va bemor xirurg qabuliga boradi. Xirurg esa og‘riyotgan joyga kompress qo‘yishni va jinsiy aloqani ko‘paytirishni tavsiya etadi. Oqibatda ayol homilador bo‘lib qoladi va homilani jarrohlik (abort) yo‘li bilan oldirib tashlaydi.

Natijada og‘riq yanada kuchayib, sut bezlari ko‘kimtir tusga kira boshlagan. Shundan keyin ayol dugonalarining maslahati bilan qandaydir tabibga boradi. Tabib unga o‘zi tayyorlagan dorilardan berib, ularni uch oy davomida ichishni tavsiya qiladi. Juvon u bergan dorilarni ichaveradi, biroq sut bezlaridagi holat kuchaygandan kuchayib, oxiri yashash hududidagi onkolog shifokor huzuriga borishga majbur bo‘ladi. Xullas, o‘tkazilgan tekshiruvlar bemorda sut bezi saratoni xastaligining to‘rtinchi bosqichi boshlanganini va ko‘plab metastazlar mavjudligini tasdiqlaydi.

Onkolog juvon sho‘rlikka: «Endi kech, bir-ikki oygina umringiz qolgan», deb uzil-kesil javob beradi. Nigohlarida qayg‘u va iztirob qotib qolgan ayol yordam so‘rab qo‘llarimdan ushladi: «Opajon, iltimos, so‘nggi umidim sizdan! Yordam bering menga, yashashni xohlayman, axir endigina o‘ttizga to‘ldim. Ikkita bolam bor...».

Ayolni zudlik bilan ilmiy markazimiz shifoxonasiga yotqizib, davoladik. Nur va bir necha kurs kimyoterapiya qabul qildi. Gormonoterapiya muolajasini davom ettiryapti. Ayni paytda o‘zini yaxshi his qilyapti. Har holda bolalari va turmush o‘rtog‘ining yonida. Bu bemor qanchaga boradi, necha yil yashaydi – bunisi bizga qorong‘u, hammasi Yaratganning qo‘lida. Aytmoqchi bo‘lganim, bu holat ayrim shifokorlardagi sovuqqonlik va befarqlik oqibatining hosilasi ham. Agar o‘shanda bemor dastlab murojaat qilgan ginekolog uni sinchiklab tekshirib, mammolog huzuriga yuborganida edi, balki hozir u juvon sog‘ayib, baxtli hayot kechirarmidi...

XASTALIK BELGILARI

Sut bezi saratonining kelib chiqishini o‘rganish jarayonida, bir necha asosiy omillar shu xastalikka olib borishi aniqlangan. Asosan ginekologik kasalliklar, xususan, bachadon va tuxumdonlar shamollashi, bo‘qoq kasalligi, jigar bilan bog‘liq xastaliklar, ya’ni, turli gepatitlar, noto‘g‘ri turmush tarzi, qattiq siqilish, stressga tushish hamda jinsiy faoliyatning izdan chiqishi, hayz jarayonining buzilishi va albatta ko‘p abort qildirish kabi noxush holatlar ayni kasallikka sabab bo‘lishi isbotlangan.

Mazkur xastalikning asosiy belgisi – sut bezida tugun paydo bo‘lishidir. Uning kattaligi kichkina no‘xatdan katta tuxum hajmigacha bo‘lishi mumkin. Tugun qattiq bo‘lib, ko‘pincha so‘rg‘ich bilan bog‘liq va teriga o‘sib kirgan bo‘ladi. Ayrim hollarda bemorning ko‘kragi so‘rg‘ichlarida qon ajralmalari kuzatiladi. Qo‘ltiq osti limfa tugunlari kattalashadi. Basharti, ayollarimiz o‘zlarida shu belgilar borligini payqab qolsalar, zudlik bilan mutaxassis mammolog huzuriga shoshilishlari va darhol tekshiruvlardan o‘tishlari shart.

Yigirma besh yoshdagi ayollarning yilda bir marotaba UZI tekshiruvidan, qirq yoshdan keyin esa mammografiyadan o‘tib turishlarini tavsiya etaman. Mammografiya ko‘krak saratonini erta bosqichda aniqlashning eng samarali usuli hisoblanadi. Bunda ko‘krak bezida hosil bo‘lgan kichik o‘zgarishlar, shu jumladan, o‘smalarni ham ko‘rish mumkin. Kasallikni erta aniqlash bemor hayotini saqlab qolish imkonini beradi.

Odamlar orasida kimyoterapiya va nur terapiyasi to‘g‘risida har xil tushunmovchiliklar yuradi. Ko‘pchilik, «bu davolash usullari o‘limga olib boradi, ularni olish mumkin emas», deb o‘ylaydi. Lekin nur va kimyoterapiya saraton hujayralarini o‘ldirib, kasallikni bartaraf qilishda katta yordam beradi. To‘g‘ri, bemorda biroz quvvatsizlik va sochlarning to‘kilishi kuzatiladi, lekin bu hammasi vaqtincha bo‘ladi va muolaja tugagach, barchasi tezda tiklanadi. Ko‘p bemorlar operatsiyadan qo‘rqib, sut bezidan ayrilmasliklarini aytishadi, davolanishmaydi. Fursatdan foydalanib aytib o‘tmoqchimanki, bugungi kunda plastik operatsiyalar (sut bezini endoprotez yordamida tiklash) yo‘lga qo‘yilgan, ko‘plab ayollarda shu operatsiyalar o‘tkazilgan va ular yaxshi samara bergan.

Shu o‘rinda yana bir gapni ta’kidlab o‘tishni joiz bilaman. Ko‘pincha poliklinikalarda ginekologlarimiz ayollarning sut bezini tekshirib o‘tirmay, ularga saqlanish vositalaridan foydalanishni tavsiya qilishadi, mastopatiyalarni «Mastodinon» dori vositasi bilan davolashadi, lekin sut bezlaridagi o‘zgarishlar bilan mutlaqo qiziqishmaydi va barcha holatlarda saraton kasalligini o‘tkazib yuborishadi. Bu katta xatodir. Chunki mastopatiya va sut bezlarining boshqa noonkologik kasalliklari (diffuz mastopatiya, fibroadenoma, kistoadenoma, mastalgiya va boshqalar) faqat mammolog tomonidan davolanishi shart!

HIMOYaLANISh YO‘LLARI

Ayni chog‘da “Kelinjak” jurnali mushtariylari orqali ayollarimizga murojaat qilib aytmoqchimanki: opalarim, singillarim, sog‘ligingizga e’tiborni nihoyatda kuchaytiring! Agar yuqorida aytib o‘tilgan belgilar o‘zingizda kuzatilsa, darhol mutaxassis mammolog ko‘rigiga boring, barcha tekshiruvlardan o‘ting. Chunki bu holatlar xavfdan ogohlantiruvchidir. O‘zingizda xastalik alomatlari borligini vaqtida aniqlasangiz, kasallikning oldini olishga erishasiz.

Albatta, kasallik ruhiyatga ham bog‘liq. Shuning uchun ham shifokor sifatida hurmatli ayollarimizga bu borada ham baholiqudrat maslahat bermoqchiman. Muhtarama ayollar, avvalo o‘zingizni sevishga, qadrlashga o‘rganing. Hayotdagi noxush hodisalardan o‘zingizni asrang. Fe’l-atvori sizga ma’qul bo‘lmagan insonlar bilan muloqotda bo‘lishdan uzoqlashing. Hamisha chehrangiz ochiq bo‘lsin. Shuningdek, to‘g‘ri ovqatlanish tartibiga rioya qiling. Yog‘li ovqatlardan o‘zingizni cheklab turing. Ratsioningizda sarimsoqpiyoz, bulg‘or qalampiri, ko‘katlar hamisha bo‘lsin.

TAVSIYa: Betob bo‘lib qolsangiz, o‘z bilganingizcha davolanmang. Ishingizdan tashqari qo‘shimcha xobbi toping, masalan fitnes, sport, tikish-bichish singari mashg‘ulotlar bilan o‘zingizni ovuting. Oilangizda totuvlikni saqlashga harakat qiling, turmush o‘rtog‘ingiz va farzandlaringizga yaxshi munosabatda bo‘ling. Vaqtida uxlang, tibbiyot olimlari inson ruhan va jismonan sog‘lom bo‘lishi uchun sutkasiga sakkiz soat uxlashi lozimligini ta’kidlaydilar. Ish joyingizda ham o‘zingizga qulay sharoit yaratishga harakat qiling, ishingiz, kasbingiz sizga quvonch va xushnudlik bag‘ishlasin. Bir haqiqatni unutmang, dugonajonlar, biz yaqinlarimiz, sevimli yorimiz, farzandlarimiz, oilamiz va jamiyatimizga faqat sog‘lom va go‘zal holdagina sevimli bo‘la olamiz.
Hidoyat SADRIDDINOV yozib oldi.

Manba: Erk.uz

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Hayot uchun » Buni ayollar o‘qishi shart...