21:34 / 07.02.2018
6 382

Yigirma besh yilda kelgan baxt...

Yigirma besh yilda kelgan baxt...
Tong chog‘i xo‘roz ovozidan cho‘chib uyg‘ongan Nazira opa derazadan atrofga nazar tashlab qo‘ydi. Har doim xuddi shunday. Cho‘chib uyg‘onadi-da, azonlab ishlarga ko‘miladi. Uning oilasi juda ozchilikni tashkil qiladi. Bu ertalab negadir an’ana buzilib, tashqariga chiqmadi. Xonada turgan tebranma stolga uzoq o‘tirdi. Anchli va achchiq hayot lazzatlarini totgan damlarini esladi...

Juda ham yosh, dilbar, boz ustiga qo‘li gul-u, oyoqlari chaqqonligidan qishloq ayollari doim uni o‘g‘illariga mo‘djallar edi. Ammo har safar nimadir bo‘lardiyu, sovchi bo‘lib kelganlar jim bo‘lib ketishardi. Boshqa qizlarga xaridor bo‘lishgani uchunmi yoki nasib qilmaganidanmi qaytib eshik qoqmasdilar. Taqdiriga ko‘nikib ketgan durkun qiz Nazira bunga parvo ham qilmas, doim ish bilan band bo‘lardi. Laylo aya esa qarib borgani sari qizi fayzli bir xonadoning kelini bo‘lishiga umid qilar. Bayramlarda, “Yasanib aylanib kel!” deb ruxsat berganida ham Nazira uydan chiqqisi kelmasdi. Uning o‘y-xayoli faqat uy yumushlari tugagach yangi boshlagan gilamiga chiroyli gul tushirishda.

Bir tomondan u ro‘zg‘orni tebratib turgan bo‘lsada, Laylo aya qizining yoshligidan pul topish, oila tashvishlarini bo‘yniga olishni istamasdi. Barcha qizlardek, pishir-kuydir qilib, uy yumushlaridan ortmasligini tayinlardi. Nazira esa, “Onajon pulimiz yetarli bo‘lganda ham men gilam to‘qishni kanda qilmagan bo‘lar edim. Axir ishimni yaxshi ko‘raman!” deb gapirardi. Aslida ham u doim har bitta gilamni qalbidagi pok tuyg‘ulardek nafis to‘qir. Qachon ish boshlasa, tezroq tugatish uchun emas, mayin iplar bilan xushro‘y gilam to‘qishni maqsad qilardi. Shu bois ham uning gilamlari har doim xaridorgir. To‘y-xasham qiluvchi qishloq ahli Naziraga gilam to‘qtirgani navbat kutib turishar, hatto uning qachon to‘qib bo‘lishiga qarab to‘y kunini ham belgilashardi.
******
Buni qarangki, Naziraning baxti chekka bir tuman Qiziltepaga bog‘landi. Yo‘l uzoq, qizi ko‘z o‘ngida, o‘zi tanigan va yaxshi bilgan odamlar davrasida emas, aksincha begona qishloq odamlari tomonda kelin bo‘lsa ham Laylo aya qarshilik bildirmadi. Chunki uning ham umri tugab boryapti. Qizining esa yoshligi... Nihoyat juda qisqa vaqt ichida to‘y belgilanib, darrov mo‘ljallangan nikoh marosimini ham o‘tkazib yuborishdi. Laylo aya esa tug‘ishgan ukasining o‘g‘li Doniyor oilasi bilan yashashga ahd qildi. Chunki Doniyorga ham hovli-joy kerak. Xullas, 1970 yil bahorida oila qurib, baxt pillapoyalariga ilk qadamni ulkan orzular og‘ushida tashlagan Nazira iqboli kulganidan juda-juda baxtiyor edi.

Birinchi turmushida umr yo‘ldoshi bilan 10 yildan ortiq birga yashadi, lekin yaratgan ularga davomchi in’om etmadi. Tirnoqqa zor Nazira tun-u kun xudoga iltijo qilib, farzand ato etishini so‘rar, lekin bu o‘tinishlar samarasiz... Eri boshqasiga uylanganidan so‘ng umidlari puchga chiqdi. Nazira farzandsizlik azobida har bir kunni qon yutib, kundoshining jabr sitamlariga chidar. Uning farzandlarini katta qilib yashashga majbur bo‘ldi. “Zora Yaratgan Egam menga ham farzand in’om etib qolar!” degan umid bilan yashadi. Orada esa yolg‘izgina dardkashi va mehribon volidasidan ham ayrildi. Go‘yo taqdir unga baxt eshiklarini emas, g‘am va alamlarning darvozasini lang ochib qo‘ygandek.

Turmush o‘rtog‘i Zafar kun ora ichib kelib uni kamsitgani-kamsitgan. Bolalarga yaxshi qaray olmagani uchun haqoratlab, urar edi. Gulchiroy nima qilib bo‘lsa ham uni uydan badarg‘a qilish choralarini izlash bilan ovora. Naziraning tug‘masligini bilsada, qaynanasi unga mehribonligidan ichi lovullab yonar edi uning. Baribir kundosh-kundosh-da, sirdosh bo‘larmidi?!

– Nima qilsam ko‘nglingiz to‘ladi? Nima xohlaysiz mendan? – deya chinqirdi kaltaklanish jonidan o‘tib, sabr kosasi to‘lgan Nazira.

– Menga tug‘mas xotin kerak emas, – dedi Zafar. – Nima endi senga qariguningcha ko‘z tikib yashashim kerakmi? Bitta bola tug‘ib berishga ham yaramagan bo‘lsang...

Nazira shu kungacha haqoratlangan, kaltaklangan bo‘lsa ham Zafarning bunday dashnomlarini eshitmagan edi. Axir u bu xonadonda faqat uning uchun yashab kelayotgan edi. Bugun esa u ham chiqqindidek uloqtirib yubordi.

– Axir, U bermasa, – shilinib, qonab yotgan qo‘lini yuqoriga ko‘tarar ekan. – Qanday qilib tuhfa etmayotgan baxtni sizga taqdim etay?

– E-e-e, sening topgan gaping shu, sen qarg‘ishga uchragan bir balosan. Yaxshisi mening xonadonimdan ket, sen bexosiyat xotinni shu paytgacha olib yurgan o‘zi men axmoq... – Shu gaplarnini aytdi-yu, xonasi tomon boshi chayqalgancha amallab yetib oldi. Zafar kayfi tarqalmagunicha o‘sha uydan qaytib chiqmadi.
******
Nazira arazlagani yo‘q, balki har doim erining g‘azabini qo‘zg‘ab, ortiq tashvish bo‘lmaslik uchun ham uydan bosh olib chiqib ketdi. U bilan ajrashdi. Nazira yana o‘sha qizlik hovlisiga keldi. U bu yerda tashvishlardan yiroqda bo‘lib yashashni o‘ylab adashgan ekan. Chunki ona hovlisida ham unga kun bermaydigan Doniyorning rafiqasi Oyposhshaxon bor edi. Ilk kundanoq qosh-qovog‘ini solib, zaharli so‘zlari bilan qarshi oldi. Garchand qonuniy jihatdan uy Naziraga tegishli bo‘lsada, talashib o‘tirmadi. Yakka ayol hammaga tashvish ekanligini juda yaxshi bilar edi u. Lekin Donyor unga mehribon, hamisha ko‘nglini ko‘tarib turishga harakat qilardi. Nazirani yomonlab erini o‘z tomoniga ag‘darib olmoqchi bo‘lgan Oyposhshaxon rejasining keyingi bandiga o‘tishga tushdi. Chunki erining bir so‘zliligini juda yaxshi bilar. Bu mavzuda ko‘p og‘iz ochsa, o‘zi ham badarg‘a bo‘ladi. Hamisha Nazirani xush ko‘rmay, unga zahrini sochib kelgan Oyposhshaxon bu gal muloyim va nazokatli ayol bo‘lib dardlashib oldi. Xullas ona yurti Qashqadaryodan Naziraga xaridor chiqqanligini aytdi.

– Opajon, nima dedingiz, bir ko‘ring balki baxtingiz shu inson bilan tutashgan bo‘lsa, ne ajab. Xo‘p deya qoling opajon!

– Bilmasam, yaxshisi, Doniyorbekka maslahat soling-chi...

Mana shunday qilib Oyposhsha bunday qulay imkoniyatni qo‘ldan boy bermay, “Opam rozilar” deb to‘yni tezlashtirdi. Nazira ham yana kurtak ochgan orzulari tomon talpinib, ikinchi turmushiga umid bog‘lab, yo‘lga chiqdi. To‘y ham bo‘lib o‘tdi. Bo‘lajak turmush o‘rtog‘i o‘zidan 15 yil kattaligiga ham e’tibor bermadi. “Qaytanga, erning yoshi katta bo‘lgani yaxshi!” deya onasi aytgan naqlga amal qildi. Borgan joyida uvali-juvali bo‘lish o‘rniga yana o‘tmishi qaytalandi. Qashqadaryoga 11 yil kelinlik xizmatini o‘tab, bu yurtning butunlay o‘zgacha urf-odatlariga ko‘nikib yashadi. Uni birgina umid ushlab turar. Bu ham bo‘lsa farzandli bo‘lish ilinji. Ammo butun hayoti zulmat ichida qolib ketdi. Turmush o‘rtog‘i olamdan o‘tdi.

Butkul umidlari so‘ndi. Endi shu xonadonda o‘gay bolalariga bosh bo‘lib, shu yerda butun umr yashab qolishga ahd qildi. Ammo Nazirani erining qirqi o‘tmasdan qizlik uyiga yor-yor sadosi bilan qanday olib kelishgan bo‘lsa, xuddi shunday kuzatib qo‘yishdi. Bolalar begona ayol ularga onalik qilishni istashmadi. Oldingidek, juda ham navqiron va go‘zalligining ayni palasi bo‘lgan davr emas, sochlariga oq tushib, yuzida ajinlar ko‘paygan... Noiloj yana o‘sha Oyposhshaxonning zahrini yutib yashashiga majbur.
******
bu safar Doniyor ham uni xushlamadi. Bir oycha qizlik hovlisida mehmondek yashadi-yu, o‘z uyidan yana bosh olib chiqib ketdi. Hammasiga qo‘l siltadiyu Navoiy shahrining markaziga keldi. Shuncha yo‘l bosib, kelishga keldi-yu, qayerda yashashi va qanday kun ko‘rishi haqida ham o‘ylab ko‘rmaganini qarang. Shuncha baxtsizlik va sarson-sargardonlikda yurgan Nazirani uysiz, pulsiz bir tang ahvolda qolganida yaratganning o‘zi bu noilojlikdan qutqardi. Unga dugonasi Farog‘at ro‘baru keldi.
– I-i-i, kimni ko‘ryapman. Nazira o‘zingmisan?! – deya qarshisidagi dugonasini quchardi u. Nazira esa tushkunlikda uni quchoqlab, o‘pishib ko‘rishayotgan odamni tanimadi. Yuziga qarab angrayib qolaverdi. – Nazira, nima balo arvohni ko‘rib qoldingmi? Men axir Farog‘atman... Tanidingmi, nima qilib yuribsan shaharda, nahot meni ko‘rgani kelgan bo‘lsang?!

– Farog‘a-a-at, – yoshlikdagi qadrdonini tanidi-yu, uning bag‘riga o‘zini otdi. Sergak tortgach, savollariga javob berdi. – Uzr dugonajon, shaharga tushmaganimga ham ancha bo‘libti, hamma yoq o‘zgarib ketgan. Adashib qolib, xayolim parishon edi. Bu qizing namuncha shirin bo‘lmasa, ismi nima?

– Nazira-a-a, axir bu nevaram-ku! Ismi Saida... – Xoxolab kuldi. Nazira esa unga shirinlik tutqizgani sumkasini titkiladi. Qurg‘ur bitta konfet ham chiqmasa-ya. Shu payt bir nevarasini yetaklab yurgan baxtiyor dugonasiga, bir sumkasidan ming urinsa ham bittagina konfet topa olmagan abgor ahvoliga boqib og‘rindi. Shu lahzada dod solgancha yig‘lab, vujudini qamrab olgan g‘am-alamlardan qutulmoqchi bo‘ldi. Shunday qilmoqchi edi-yu, yana har doimgidek o‘zini tutib ma’yus nigohini jilmayishga almashtirdi.

– Har holda, juda ham charchagan ko‘rinasan. Yur biznikiga, dam olib so‘ng manzilinga yetib olasan.

– Qandoq bo‘lar ekan?...

– Menikida bir-ikki kun qolib, miriqib dardlashmaguningcha baribir qo‘yib yubormayman! Mana o‘g‘lim ham moshinasida bizni kutib turibti. Yur-chi...

Ikki dugona uyga kelib miriqib suhbatlashishdi. Naziraning o‘tmishini eshitgan Farog‘at yum-yum yig‘lar, goh kular, goh dugonasining so‘lib qolgan yuz-ko‘zlariga uzoq tikilib qolardi. Ertalabgacha gaplashib chiqishdi o‘ziyam. So‘ng Nazira uyquga ketgach, Farog‘at reja tuza boshladi. Tong otiboq u bilan birga nonushta qildi. Uni turmush o‘rtog‘i bilan ham tanishtirib qo‘ydi. So‘ng dugonasining qo‘lini tutdi.

– Tushunmadim, buni nima qilaman?!

– Dugonajon, baribir ortinga qayta olmaysan, shaharda qolib o‘tmishingni unitish uchun kelgansan-ku, to‘g‘rimi? Bu shahar chekkasida o‘g‘limiz nomiga olib qo‘ygan bir xonali uyning kaliti. O‘g‘lim, hali juda yosh o‘zing ko‘rding. Uni 4-5 yilcha hali uylantirmoqchi emasmiz. Xullas ishlab o‘zingni tiklaguningcha shu uyda yashab yuraver. U yerda hamma sharoit mavjud. Yana kamchiliklarni to‘g‘irlab beramiz.

– Lekin... Sizlarga ham ortiqcha tashvish bo‘ldim?!

– Nega unday deysiz, siz biz uchun ham qadrlisiz, – deya gapga qo‘shildi Farog‘atning turmush o‘rtog‘i. – Siz to‘qib bergan gilamlar hali hanuz xizmatini qilyapti. Oradan 28 yil o‘tgan bo‘lsa ham. Hali o‘g‘limizgayam gilam to‘qib berasiz. Kuni-kecha o‘zi shuni niyat qilib turgan edik, ha onasi...

– Ha, albatta, to‘qib beradi. Xullas dugonajon xijolat bo‘lma. O‘shanda to‘qib bergan gilamlaring uchun bir tiyin ham olmagan eding. U paytlar bizning ahvolimiz juda og‘ir edi. Menga eng katta yaxshilikni sen qilgansan. Bunday paytda sen ham yordamimni qaytarma!

Shu payt Nazira ko‘z yoshlarini to‘xta olmay, Farog‘atni quchgancha ho‘ngrab yubordi. U onasi vafotidan buyon ilk bora quvonchdan yig‘layotgan edi. Mana shunday qilib Nazira yangi hayotini boshladi. Farog‘atning turmush o‘rtog‘i tanish-bilishlaridan iltimos qilib Nazirani gilam sexiga ishga joylashtirib qo‘ydi. Keyinchalik sitqi dildan ishlab ham ish boshqaruvchi, ham to‘quvchi sifatida yangi ishchilarga ish o‘rgataverdi. Hamisha ma’suliyat bilan ishlagan Nazira ikki yil o‘tar o‘tmas shu sexning ijrochi direktoriga aylandi. O‘z uyiga ega bo‘lib, ishlari yurishgach bolalar uyidan mehrga muhtoj Gulnora ismli qizni olib, o‘z farzandidek parvarish qila boshladi. Chunki yolg‘iz yashash uning qalbini battar ezar, achchiq o‘tmishini bod-bod eslatardi. Mittigina Gulnora esa yashashga kuch bag‘ishlar uni doim bu zulmatli o‘tmishdan chalg‘itar edi. Ana shunday baxtli kunlari o‘tayotgan damlarda qadrdon dugonasi Farog‘at yo‘qladi.

– Xabaring bor yaqinda onam olamdan o‘tdi, – dedi ma’yuslanib. – Juda erta ko‘z yumdi. Dadam esa hovlida yakkalanib qolgan. Bilasan oilada birgina ukam bor, u ham uylanib o‘zgarib ketgan. Ayoli dadam bilan yashashni xohlamay, qishloqdan shaharga ko‘chib kelishdi. Shuning uchun seni dadamga so‘rab keldim. Faqat yo‘q demagin. Bilaman, rozi bo‘lishing amrimahol, o‘zim uchun so‘ramayman, ammo ularning qiynalishlarini ham istamayapman. Axir yolg‘iz yashash faqat egamga xos. O‘zing tushunasan, yo‘q dema, dugonajon...

Nazira uning oilasini yaxshi tanigani uchun ham unga rad javobini bera olmadi. Axir taqdir buyurgani bo‘ladi. U ming rad qilgani bilan baribir peshonada bitilgani shu bo‘lsa... Nazira endi oldingidek ulkan orzular quchog‘ida emas, yolg‘izlikka mahkum etilgan odamga achingan kuyi uchunchi bor turmushga chiqishga rozi bo‘ldi. Uning turmush o‘rtog‘i esa allaqachon nevara, chevarali bo‘lgan 64 yoshli otaxon...

Buni qarangki, ayni shu chol bilan boshlangan hayot unga kutilmaganda 25 yil davomida iztiroblarga solib kelgan baxtga ro‘baru qildi. Ha, ya’ni u xomilador bo‘lib qoldi. Ishonish juda qiyin, ammo 45 yoshida endi farzandli bo‘lish tugul, bu haqida o‘ylashni ham bas qilgan Nazira onalik baxtiga qarigan chog‘ida erishdi. Unda umid qolmagan bir paytda ilinj palak yozib o‘zining g‘ayrioddiy tuhfasini taqdim etdi. Qarilik chog‘ida ona bo‘lish baxtiga musharraf etgan chaqalog‘i ya’ni o‘g‘li Murodjon bugun o‘spirin yigit. Unga uzoq yillar kutib, orzusiga erishgani uchunmi xuddi shunday ism qo‘ygandi. Tez orada esa Nazira opa o‘g‘lini uylantirish taradudini ko‘radi. Qizi gulnora esa allaqachon turmushga chiqqan. U o‘gay qizligini bilsada, mehri zig‘ircha o‘zgargani yo‘q.
Hidoyat SADRIDDINOV

Manba: erk.uz

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Hayot uchun » Yigirma besh yilda kelgan baxt...