Farzandingiz odamlarning oldida haqoratli so‘zlarni qo‘shib gapirib, sizni uyalishga majbur qilsa yoki o‘smirning nutqida beadab so‘zlar paydo bo‘lsa, bu odat bilan kurashish kerak!
Bola beadab so‘zlarni gapirmasligi uchun uni taqiqlashlar bilan qo‘rqitish emas, kichkinaligidan nutqqa to‘g‘ri munosabatni shakllantirish muhim.
Oiladagilar yoki yaqin atrofdagilar muloqotda haqoratli so‘zlarni ishlatishsa, boladan bunday qilmaslikni kutmang. “Men kattaman, menga mumkin, sen esa hali yoshlik qilasan!” kabi taqiqlar bu o‘rinda aslo yordam bermaydi. Shuning uchun bu zararli odatni birinchi navbatda kattalarning o‘zi tashlashlari kerak. O‘zingizga ham e’tiborli bo‘ling, ehtimol, siz ham ba’zan beixtiyor gap orasida so‘kish so‘zlarini gapirib yuborarsiz. Bola esa bunday paytda eshitganlarini miyasiga bexato yozib oladi.
Qizingiz yoki o‘g‘lingizga nutqda xunuk so‘zlarni ishlatish o‘z-o‘zini nazorat qila olmaslik, axloqan yetuklik darajasining pastligi, so‘z boyligining kamligidan dalolat berishini tushuntiring. Agar o‘zingizda ham shunday odat bo‘lsa, uni farzandingiz bilan birgalikda tashlashga kelishing. U sizni nazorat qilib, tuzatib tursin.
O‘smir yoshdagilar bilan esa iqtisodiy tomondan “kelishish” yaxshi natija beradi. Buning uchun oilada har bir haqoratli so‘z ishlatgan odamga, masalan, ming so‘mdan jarima belgilanadi. Shunda bola ham, kattalar ham tez orada barchaning oldida odamni xijolatga qo‘yuvchi beadab so‘zlarni gapirishni tashlaydi.
Ruhiyatdagi o‘zgarishlar bilan bog‘liq
Bolalarning beadab so‘zlarni gapirishida deyarli barcha sabablar uning ruhiyati bilan bog‘liq. Bu sabablarning biri — ota-onaga qasddan nutqda shunday so‘zlarni ishlatish. Bu olti yoshlilarga ham, o‘smirlarga ham xos. Hatto o‘zlarini eng yaxshi oila deb biluvchilarda ham bu odatga o‘rgangan bolalar bo‘lishi mumkin. Buning sababi — ota-onadan birining yoki hamma yaqinlarining bolaga nisbatan qo‘pol muomalasi. Qizingiz yoki o‘g‘lingizni qanday chaqirasiz, uning xatolariga qanday munosabat bildirasiz, shularni bir tahlil qilib ko‘ring. Muloqotda “Ahmoq”, “befahm” degan ranjituvchi so‘zlarni ishlatmaysizmi? Siz uchun bu e’tiborga arzimaydigan arzimas holat bo‘lishi mumkin, bola esa buni ota-ona tomonidan o‘zini qabul qilmaslik deb tushunadi. Bunga javoban u gapga kirmaydi, beadab so‘zlarni aytadi, ayniqsa, nimadir ishni bajara olmaganida, so‘kinishdan tilini tiya olmaydi.
To‘g‘ri munosabat bildiramiz
Boladan birinchi marta beadab so‘zni eshitganingizda, xotirjam munosabat bildiring yoki umuman e’tibor bermaslikka harakat qiling. Agar e’tibor qaratsangiz yoki bolani urishsangiz, bolada bu odatga qo‘shimcha qiziqish uyg‘otasiz. Bolalar ayyor, ular kattalarda, hatto salbiy bo‘lsa-da, hissiyot uyg‘otish imkoniyatini boy berishmaydi. Ehtimol, farzandingiz yomon so‘zni qayerdadir (bog‘chada, bolalar maydonchasida, mehmonda) eshitib, shunchaki takrorlagan bo‘lishi mumkin.
Farzandingizning muloqot doirasini imkon qadar nazoratdan qochirmang. Bog‘chada ham, maktabda ham beadab so‘zlarni gapiruvchi bolalar bo‘ladi. Ko‘pincha bunday bolalar sinfda yoki guruhda liderlar bo‘lib, qolganlar ularga intilishadi. Ehtimol, sizning bolangiz ham o‘sha jamoaga qo‘shilish uchun shunday yo‘l tutayotgandir. Urishmang, shunchaki bunaqa do‘stlar uning uchun foydali bo‘lmasligini tushunishiga yordam bering. O‘zingiz esa o‘ylab ko‘ring: demak, bolangiz hissiyotlarni tashqaridan izlayotgan bo‘lsa, balki siz unga nimadir bera olmayotgandirsiz. Bu o‘rinda u bilan ochiq gaplashish muammoni yechishga yordam beradi.
Taqlid doim ham yaxshilikka olib bormaydi
Farzandingizning qanday teleko‘rsatuvlar va seriallarni tomosha qilishini kuzating. Ehtimol, u biron filmdagi nutqi faqat haqoratli so‘zlardan iborat, badaniga naqsh chizilgan, mushaklari baquvvat obrazga havas qilayotgandir. Agar shunday bo‘lsa, o‘g‘lingiz shunchaki o‘zining qahramoniga taqlid qilmoqda. Bolaga hammaga ham taqlid qilib ketaverish ba’zan odamni uyaltirib qo‘yishi ham mumkinligini misollar bilan tushuntiring, har qanday davrada inson go‘zal xulqi va odobi bilan hurmat topishini ayting.
Farzandlaringizni tarbiyalamang, ular baribir sizga o‘xshashadi. Avvalo o‘zingizni tarbiyalang!
JASUR tayyorladi.
Manba: tasvir.uz “Zamin” yangiliklarini “Facebook”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
Pashinyan Armanistonning Mustaqillik deklaratsiyani eng katta muammo va fojia deb atadi
AQSH Isroilning ikki vaziriga sanksiya qo‘llamoqchi
Apple dongdor ikki ayfonini rasman eskirgan deb e’lon qildi
Jo Bayden: “Ba’zan xotinim meni kosmosga jo‘natish bilan tahdid qiladi”
Yaxshi pishgan va mazali anor tanlashga yordam beradigan tavsiyalar
Donald Tramp 27 yoshli Karolin Levittni Oq uy matbuot kotibi etib tayinlamoqchi
Endi operatsiyadan so‘ng kesmalar o‘rni ikki barobar tezroq bitishi mumkin
AQSH harbiylari orasida o‘z joniga qasd qilish ko‘paydi