17:38 / 22.02.2018
33 443

Ozishga yordam beruvchi ichimliklar

Ozishga yordam beruvchi ichimliklar
Ozish uchun ko‘p suv ichish kerakligi barchaga ma’lum. Ammo ortiqcha vazndan xalos qilishga qodir va har qanday parhezning o‘rnini bosuvchi ichimliklar borligini hamma ham bilavermaydi.

Hazm qilish yo‘li orqali o‘tuvchi quyuq taomlardan farqli, suyuqlik qon tomirlar tizimi yordamida butun organizmga taqsimlanadi. Natijada har bir hujayra kerakli darmondori hamda foydali moddalar zahirasini oladi va ortiqcha suv, zaharli moddalarni chiqaradi.

Yog‘larni yo‘qotuvchi ichimliklar ichak hamda jigar faoliyatini yaxshilaydi, moddalar almashinuvini tezlashtiradi, immunitetni mustahkamlaydi, organizmni darmondorilar bilan ta’minlaydi, demak, quvvat va tetiklik beradi. Bundan tashqari, maxsus choy va damlamalarni iste’mol qilish shirinliklarga bo‘lgan xohishni kamaytiradi. Natijada siz vazningizni yo‘qotasiz, o‘zingizni yaxshi his qilasiz, soch va tirnoqlaringiz mustahkam, teringiz toza va mayin bo‘ladi.

Eng asosiysi — oddiy mahsulotlardan tayyorlangan oddiy qaynatmalar shunday natija beradi.

Ko‘k choy
Ko‘k choyni mayin ta’mi uchungina emas, balki foydali xususiyatlari uchun ham imperator choyi deb atashadi. Uning tarkibida issiqlik almashinuvini yaxshilovchi hamda kaloriyalarni yo‘qotishga yordam beruvchi polifenollar bor. Kuniga 5 piyola ko‘k choy ichish yo‘qotiladigan kaloriyalar hajmini 45 foizga ko‘paytiradi. Bundan tashqari, bu ichimlik qondagi qand darajasini pasaytiradi, demak, sizda shirinlik yeyish istagi kamayadi. Ko‘k choy chanqoqni suvdan ham yaxshiroq bosadi va suv muvozanatini tiklaydi. U shishishlar bilan kurashishga yordam beruvchi kuchli peshob haydovchi vosita sifatida ma’lum.

Ko‘k choyni ichishning asosiy qoidalari:
  • 1 l suvga qo‘shimcha sifatida kuniga 4-6 piyola ko‘k choy iching;
  • Choyni faqat ertalab va kunduzi ichishga harakat qiling: kechqurun ichilgan har bir piyola ertalabki shishishlarga olib keladi;
  • Choyni shakarsiz iching, aks holda, uning foydasi bo‘lmaydi;
  • Faqat bargli choy xarid qiling, paketchalardagi choy ko‘k choyning xususiyatlariga ega emas;
  • Ta’mini o‘zgartirish va ozdirish ta’sirini kuchaytirish uchun limon, yalpiz, limono‘t, na’matak, quritilgan rezavor mevalar, yanchilgan dolchin, quruq zanjabil kabi qo‘shimchalardan foydalaning.

Sassi suvi
Bu ichimlik moddalar almashinuvini tezlashtiradi va, ayniqsa, bel va qorin sohasidagi yog‘ qatlamlarini yo‘qotishga yordam beradi.

Bodring tozalanib, yupqa pallacha shaklda to‘g‘raladi. Limon bo‘lakchalarga bo‘lib to‘g‘raladi. 2 osh qoshiq zanjabil bo‘tqasimon holatgacha maydalanadi. 10 dona qalampirmunchoq bargchalari qaynoq suvga solib olinadi. Mahsulotlarning hammasi 1 litr qaynatilgan sovuq suvga solinib, bir kecha (yaxshisi, 1 sutkaga) muzlatgichga qo‘yiladi.

To‘g‘ri ovqatlanish qoidalariga amal qiling, kuniga bir necha stakan Sasi suvini iching va tez orada qomatingiz ixchamlashganini sezasiz.

Ziravorli kefir
Agar to‘g‘ri ovqatlanish tamoyillariga amal qilolmasangiz, parhezsiz ozishingizga ziravorli kefir yordam beradi.

1 stakan yog‘siz kefirga 1 choy qoshiq dolchin, 1 choy qoshiq yanchilgan zanjabil ildizi va bir chimdim yanchilgan achchiq qalampir qo‘shib, aralashtiring. “Sehrli” kefirni har ovqatlanish oldidan bir stakandan iching, kechqurun esa kechki ovqat o‘rniga iste’mol qiling. Bu ichimlik ichak mikroflorasini tiklash, ochlik hissini kamaytirish va ortiqcha vaznni yo‘qotishga yordam beradi.

Sutli choy
Vazn ortishini to‘xtatish va ozish uchun haftada bir kun faqat sutli choy iching.

Yog‘liligi 1,5 foizli 1 litr sutni 80-90 darajagacha qizdiring, qaynatmang. Unga 3 osh qoshiq bargli ko‘k choy solib, 30-40 daqiqa damlab qo‘yiladi. Xohishga ko‘ra 1 choy qoshiq yanchilgan dolchin qo‘shish mumkin, u choy ta’mini yaxshilaydi va yog‘ni yo‘qotish ta’sirini kuchaytiradi. Ichimlikni 1:1 nisbatda qaynagan suv bilan aralashtirish mumkin.

Sutli choyni sovuq holda iste’mol qilgan yaxshi. Shunda organizm uni isitish uchun quvvat sarflaydi va vazn tezroq yo‘qola boshlaydi. Ochlikni his qilganingizda bir piyola sutli choy iching. Toza suvdan boshqa ichimliklarni ichish va yeyish mumkin emas.

Faqat sutli choy ichgan kuni yuzaga keladigan meteorizm, bosh og‘rishi, ochlik kabi qo‘shimcha ta’sirlar boshlovchilar uchun me’yoriy hol hisoblanadi va tezda o‘tib ketadi. Qolgan kunlari har doimgidek ovqatlaning, ichilgan suv miqdorini nazorat qilishni va shirinliklarni cheklashni unutmang.

Agar sutli choyning ta’mi sizga yoqmasa, uni yasminli ko‘k choyda tayyorlang.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Hayot uchun » Ozishga yordam beruvchi ichimliklar