07:30 / 18.05.2018
8 498

Ro‘zaning sunnatlari haqida

Ro‘zaning sunnatlari haqida
Saharlik qilish va uni kechiktirish mustahab. Imom Buxoriy va Muslim Zayd ibn Sobit roziyallohu anhudan rivoyat etishlaricha, Zayd aytadilar: Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bilan birga saharlik qilib, so‘ngra (bomdod) namoziga turdik». Zayddan: «Saharlik bilan namozning o‘rtasidagi vaqt qancha edi?» – deb so‘raldi. U kishi javob berib: «Ellik oyat o‘qigudek vaqt bo‘lardi», – deb aytdilar.

Iftorlikni tezlatib qilish ham yaxshidir. Imom Buxoriy va Muslim Sahl ibn Sa’ddan rivoyat etishlaricha, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam shunday marhamat qildilar: «Insonlar mudom iftor etishga shoshilar ekan, ular yaxshilikda davom eturlar. Xurmo bilan iftor etish, ya’ni og‘iz ochish (mustahabdir)».

Imom Abu Dovud, Termiziy va Hokimlarning Anas roziyallohu anhudan rivoyat qilishlaricha esa, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam namoz o‘qishdan avval ho‘l xurmolar bilan iftor qilardilar, agar u bo‘lmasa, qurigan xurmolar bilan og‘iz ochardilar, ittifoqo, u ham topilmasa, unda bir necha xo‘plam suv bilan og‘iz ochardilar.

Ramazon oyida juda karamli bo‘lish sunnatdir. Imom Buxoriy Abdulloh ibn Abbos roziyallohu anhudan rivoyat etishlaricha, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam juda saxiy zot edilar. Ramazon oyida hazrat Jabroil bilan uchrashgan vaqtlarida yanada saxiy bo‘lardilar. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Ramazon oyining har bir kechasida Jabroil alayhissalomdan Qur’onni o‘tkazardilar. Shu kunlarda u zot esayotgan shamoldan ham tezroq yaxshilik etish bilan saxiy bo‘lardilar. Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga ergashib Ramazon oyida amru-ma’ruf etish, ko‘plab ehsonu-sadaqotlar tarqatish sunnatdir.

Shuningdek, Qur’oni Karimni o‘qish va o‘rganish, xususan, Ramazon oyining oxirgi o‘n kunligida masjidlarda e’tikof o‘tirish va bu kunlarda ijtihod etish ham sunnat amallardan bo‘lib hisoblanadi.

Ikki «Sahih» kitobda hazrat Oisha roziyallohu anho onamizdan rivoyat etilgan shunday hadis bor. Unda bu volidamiz aytadilar: «Ramazon oyining oxirgi o‘n kunligi kirib kelganda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam izorlarini mahkam bog‘lardilar. Kechasi bedor bo‘lar va ahlu-ayollarini uyg‘otardilar».

Ulamoi kiromlar «izorni mahkam bog‘lash» borasida ikki fikrni zikr etishadi: birinchisi – bundan maqsad ayollardan chetlashish; ikkinchisi – bu amalda jiddiy bo‘lish va yeng shimarishga kinoya. Ular yana: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning oxirgi o‘n kunlikda ijtihod etishlarining sababi – qadr kechasini topish edi», deb ham aytadilar.
Mirsobit VOHIDOV,
Piskent tumani " Mulla Bo‘ta Qozi" jome’ masjidi imom-xatibi.

Manba: Azon.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Hayot uchun » Ro‘zaning sunnatlari haqida