… Oʻn yil ham koʻz ochib-yumguncha oʻtib ketdi.
Bugun Matnazar uchun bayramdek gap. U oʻn yillik jazoni oʻtab nihoyat ona qishlogʻiga yaqinlashdi…
Biroq u ilgarigi Matnazar emasdi. Sochlariga oq tushgan. Nigohlari sovuq va oʻtkir. Soqol qoʻygan. Gap-soʻzlari keskin odamga aylangan. Har-har zamonda ikki qoʻlini musht qilib tizzasiga urib-urib qoʻyadi. Shunga odatlangan…
Avval boshda qabristonga kirib tilovat qilgach, ortga qaytib oʻz uyi tomon yurdi…
Ammo uyi oʻrnida qandaydir shohona, ikki qavat qilib qurilgan bir hovli qad rostlagandi…
— “Ie, bu nimasi, — taqqa toʻxtab yaxshiroq tikilib qaradi u. — Adashdimmi? Yoʻgʻ-e, ana, oqsoqolning uyi. Biror yeri oʻzgarmagan. Yonidagisi meniki edi… Qiziq, bizning uyni kim qaytadan qurib chiqdi? Nahotki, Hamida qilgan boʻlsa?”
Hashamatli binoga ellik metrcha qolganda yanada hayrati oshdi. Darvozada ikki soqchi qoʻl qovushtirib turardi.
Matnazar ularni koʻrib borishini ham, bormasligini ham bilmay qoldi. Nima qilishni bilmaganidan choʻntagini kavlab sigareta chiqardi.
Shu tobda darvozaning bir qavati ochildi-yu, oʻn-oʻn bir yoshlar chamasidagi bir qizcha oqsoqlangancha tashqariga chiqdi va toʻppa-toʻgʻri Matnazar tomon kela boshladi. — “Toʻxta, hushyor tortib qoʻlidagi sigaretini yerga tashladi Matnazar. — Bu mening qizim emasmi?.. Ha, oʻxshaydi. Xuddi Hamidaga oʻxshaydi. Ana, oqsoqlanishidan mening qizim”.
— Jamila!.. — ovozining boricha baqirdi Matnazar. — Qizginam!.. Kela qol! Mana, men qaytib keldim, qizim!..
Qizcha birdan toʻxtadi. Oralarida yigirma qadamcha masofa qolgandi. Turgan yerida soʻradi:
— Siz kimsiz?
— Menmi? Dadangman, axir, dadangman!..
— Dadam?.. Yoʻq, qayting! Menga yaqinlashmang! Hozir soqchilarni chaqiraman!
— Bu nima deganing, qizim? Dadangni tanimadingmi?.. Kel, seni bir bagʻrimga bosay!..
— Siz dadam emassiz!.. Dadam oʻlgan meni!.. Oʻlmasa, bizni tashlab ketmasdi…
— Bu nima deganing?.. Men dadangman! Ketayotganimda sen kichkina eding… Nima qilay? Hayot shunday ekan, qizim!.. Mana, seni koʻrish uchun keldim!..
Qiz birpas uning koʻzlariga, egnidagi kiyimlariga tikilib turgach, boshini egdi.
— Meniyam oʻldirib yubormaysizmi?
Bu savol Matnazarning yuragini teshib oʻtayozdi. Bir muddat karaxtlanib turdi-da, qoʻrqa-pisa oʻziga yaqinlashib kelgan Jamilani bagʻriga bosdi.
— Nega unday deysan, qizalogʻim? Kim oʻrgata qoldi bu gaplarni senga? Otayam oʻz bolasini oʻldiradimi, nodonginam?..
Jamila Matnazarning yelkasiga boshini qoʻydi-da, unsiz yigʻlay boshladi.
— Ayam… Ayam aytadi doim…
— Nima deydi ayang?
— Agar otangni koʻrib qolsang, orqangga qaramay qoch, u qotil, deb tayinlaydi.
— Bekorlarni aytibdi oʻsha ayang. Sen uning gapiga quloq solma!..
— Dadajon, men sizni judayam yaxshi koʻraman. Bilardim… Ishonardim… Siz judayam yaxshi odamsiz…
— Rahmat qizim, hech boʻlmasa, bitta sen bilarkansan, rahmat!..
Jamila koʻz yoshlarini artib sekingina Matnazarning quchogʻidan chiqdi-da, hovli tomon oʻgirildi.
— Dada, siz zinhor uyimizga yaqin bormang!
— Nega? Kim uyimizni buzib qayta qurdi?..
— Ayam bitta qari amakiga tekkandi. Boy ekan. Oʻsha qurib oʻziyam biznikiga kelib turadigan boʻlgan.
— Nima?.. Ayang boshqasiga tegib ketdimi?
— Ha.
— Mardon togʻang-chi? U qayerda?
— Togʻamni bolalar uyiga berib yuborishgan ekan. Yaqinda maktabni tugatib, qishlogʻimizga kelgandi. Uni uyimizga kiritishmadi. Qayerga ketganini bilmayman, dada!
— Shunaqami? Xoʻp, unda sen boraver! Ma, senga qoʻgʻirchoq sotib olgandim, ma!
— Yoʻq, dada, ayam bilib qolsa urishadi.
— Urishadi degin?.. Unda sening oldingga tez-tez kelib turaman, maylimi?
— Uzoqqa ketasizmi?
— Yoʻq, men shu yaqin atrofda boʻlaman. Zoʻr oʻyin boshlamoqchiman. Agar oʻsha oʻyinda yutsam, bu uy yana oʻzimizniki boʻladi. Hammasini haydab chiqaramiz, xoʻpmi?.. Men seni shunaqangi yaxshi koʻramanki… Afsus, oʻzim koʻtarib katta qilmadim seni… Xayr!..
* * *
Matnazar uchun bu oʻta ogʻir zarba edi. Avvaliga qayerga borishni, kim bilan dardlashishni bilmay garang boʻldi. Katta yoʻl chetida daraxtga suyanganicha uzoq oʻyladi. Ora-sira oʻtib turgan mahalladagilar bilan quyuq soʻrashsa-da, xayolida faqat Hamida, ukasi Mardon aylanaverdi. Hamidaning tutgan ishini koʻz oldiga keltirgani sayin gʻazabi joʻshaverdi.
— “Yoʻq, bu otasining ishi, — nihoyat bir qarorga kelgan kuyi oʻziga oʻzi dedi u. — Qamalganim unga bahona boʻlgan. Shu bahonada uyimni egallab olgan. Bittagina ukamniyam sigʻdirmagan, qari tulki. Yoʻq, men bu ishni shunday qoldirolmayman. Hali oʻch olaman undan. Xudo xohlasa, oyoqlarimga yiqilib yalinadi, tavba qiladi”.
Matnazar qoʻliga kostyumini oldi-da, bir paytlar qadrdon boʻlgan, oʻzini qamoqqa tiqqan boʻlsa-da, ogʻir kunlariga yaragan qimorxonaga yoʻl oldi…
Qishloq odamlarining odati gʻalati. Qamalib chiqqan odamdan ajaldan qoʻrqqandek qoʻrqishadi. Buni Matnazar yoʻl chetida turganidayoq tushunib yetgandi. Kattami-kichikmi, oʻtib ketayotib u bilan ikki qoʻllab soʻrashar, ayniqsa, yigirma-yigirma beshga kirib qolgan yigitlar Matnazarga koʻrinmay ketgunicha qarab qolishardi…
Bu yerda ham qimorbozlar yangilanib ketganiga qaramay, avval uy egasi, ortidan toʻrt chogʻli qimorboz taʼzim bilan kutib olishdi. Darrov toʻrga chiqarib qoʻliga aroq tutqazishdi.
— Mana bu Davron, — birma-bir ularni tanishtira boshladi uy egasi. — Laqabini Sarimsoq deb qoʻyganmiz. Qachon qarasa, sarimsoq piyoz yegani-yegan. Bunisi — Rahim. Hozircha laqabi yoʻq. Manovi pusib turgani Qodir pismiq. Va nihoyat bu yugurdagimiz Sariboy. Qozoq. Qimorni endi-endi oʻrganyapti. Xullas, hammalari shu yaqin atrofdan…
— Aka, siz toʻgʻringizda eshitganmiz, — gapni boʻldi Davron. — Hurmat qilamiz sizni. Endi… Oʻyinlarga oʻzingiz bosh boʻlasiz-da!..
Matnazar yigitlarga birma-bir nazar tashlab chiqqach, qoʻlidagi aroqni turmada oʻrgangani kabi simirdi. Oʻtirganlar ovoz chiqara olmasalar-da, kulimsirab qoyil qolganlarini namoyish etishdi.
— Mening yuragim alamga toʻla, — asta gap boshladi Matnazar. — Xabarlaring boʻlsa kerak-a, hammasidan?
— Albatta, aka, — javob qildi Rahim deganlari ogʻir gavdasini koʻtarib. Oralarida eng novchasi, besoʻnaqayi oʻsha edi. — Qaynotangizning ishi hammasi.
— Payqadim. Agar, bir katta ish boshlasam, sherik boʻlasizlarmi?
— Boʻlmasa-chi?!. — gapni ilib ketdi pismiq. — Tepamizda tursangiz bas.
— Qimor qalay, qimor? — Matnazar sekin deraza tokchasiga qarab qoʻydi. — Oshiq koʻrinmaydi-ku!..
— Toʻgʻrisi, — dedi uy egasi, — Kichik-kichik oʻyinlar qilib turgandik. Endi…
— Yaxshi. Ertadan boshlab oʻyinni kattalashtiramiz. Mabodo oʻzingiz tanigan qimorbozlar boʻlsa, chaqiraveringlar! Faqat puli bori boʻlsin!
— Xoʻp boʻladi.
Shundan soʻng Matnazar toʻrga kerilib oʻtirib olgancha choʻntagidan pul chiqarib Sariboyni aroq olib kelishga buyurdi.
* * *
Qimorxonadagi vaziyat xuddi Matnazar kutganidek edi. Toʻrt pahlavon yigit uning xizmatiga shay turibdi. Garchi ular qimorda, umuman jinoyat olamida tajriba toʻplab ulgurmagan boʻlishsa-da, intilishlarining oʻzi Matnazarni xotirjam etdi. Chunki, xohish boʻlsa, har qanday mushkul ishni ham bemalol uddalay oladi odam.
— Davron, — xufton mahali oʻzicha qartalarni qoʻlida aylantirib oʻtirgan yigitga yuzlandi u.
— Labbay, aka!
— Sen Botir doʻkondorni tanirmiding?
— Albatta, taniyman. Nimaydi?
— Shu odamni qimorxonaga opkelish kerak-da!..
— Tinchlikmi, aka?..
— Tinchlik boʻlsa-ku, mayliydi. U qari tulki bilan hisob-kitoblarim bor.
— Kechirasiz-u, aytishlariga qaraganda, Botir doʻkondor oʻzi tengi shaharlik bir cholga qizini berganmish. U chol ja “krutoy” deyishyapti.
— Tupurdim oʻshanaqangi krutoylarga!.. Hozir yoningga Sariboyni olgin-u, mening huzurimga olib kel!..
— Xoʻp, siz nima desangiz shu!..
Ular qaytgunicha Matnazar dasturxon tuzatdi. Aroqning ikki-uch xilidan qoʻydi. Va nihoyat tashqarida Sariboyning boʻralab soʻkingani, ketidan Botir doʻkondorning inqillagancha zinalardan koʻtarila boshlagani eshitildi…
— Ie, otaginam, keli-ing, — doʻkondor Matnazarni koʻrib adoyi tamom boʻldi. Kutilmagan uchrashuv… Tashqaridagi inqillashi shu tobda holva boʻlib qolgandek, tizzalari qaltirab sal turtib yuborsa, yiqilib tushgudek ahvolda edi…
— Nega indamaysiz? Qoʻrqib ketdingizmi?.. Xa-xa-xa!.. Siz-a?.. Qoʻrqmang, biz odamxoʻr emasmiz. Xudoning sizga oʻxshagan bandalarimiz.
— Y-yoʻq… Qoʻrqayotganim yoʻq… M-men… M-men…
— Qaltirama, qariya!.. — soʻz ohangini birdan oʻzgartirdi Matnazar. — Qarshingda oʻsha Matnazar oʻtiribdi. Faqat… biroz sovuqqonroq boʻlib qolgan… Xullas, bu kecha sen biz bilan qolasan. Birga qimor oʻynaysan. Qimorga… Mening uyimni va unga qoʻshib oʻz doʻkoningni tikasan. Yutsang, tan beraman-u, jim qolaveraman. Yutqazsang, taqdir… Taqdirga tan berasan… Xoʻsh, nima deysan?..
— M-men… Umrimda qimor oʻynamaganman… Namozxon…
— Qachondan beri namozxon boʻp qolding? Oʻzing kim boʻpsan-u, oʻqigan namozing nima boʻlardi? Ma, aroqdan ich! Ich dedim!..
Botir doʻkondor qoʻrqinch toʻla nigohini sovuq tirjayib oʻtirgan qimorboz yigitlarga bir-bir tikib aftini bujmaytirgan koʻyi olgach, qoʻliga aroq toʻla piyolani oldi.
(davomi bor)
Manba: Hordiq.uz “Zamin” yangiliklarini “Facebook”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
Bosh kiyimsiz yurishning organizmga qanday ta’siri bor?
O‘zbekistonda onkologik kasallikka chalingan ayollar bepul davolanadi
Endi «Doimiy yashash joyiga ro‘yxatga qo‘yish» qulaylashdi (video)
Medvedev Rossiya NATO harbiy bazalariga zarba yo‘llashi mumkinligini istisno qilmadi
Gretsiyada minglab odamlar NATOga qarshi namoyish o‘tkazdi
Organizmda qaysi turdagi vitamin yetishmayotganini qanday aniqlash mumkin?
Erdo‘g‘on: “Turkiya G‘azo mojarosi tugamaguncha Falastinni qo‘llab-quvvatlaydi”
Slovakiya bosh vaziri Putinning taklifini qabul qildi