— Qani, ich aroqni! — ikkinchi marotaba buyurdi Matnazar doʻkondorga. — Men gapimni ikki qilganlarni yomon koʻraman. Ich!
Botir doʻkondor masxaraomuz jilmayib turgan qimorboz yigitlarga bir-bir umidvor termilib olgach, koʻzlarini chirt yumib, aroqni koʻtardi.
— Mana bu boshqa gap! — Matnazar uning qoʻlidagi piyolani zarda bilan tortib oldi. — Qaniydi, hayotda ham mana shunaqangi oʻgʻil bola boʻlsang! Endi gap bunday, — Matnazar yigitlarga maʼnoli koʻz qisib qoʻydi-da, davom etdi: — Men qarorimni oʻzgartirdim. Sen qimor oʻynamaysan. Aksincha, men oʻsha qizing oʻtirgan uyga qoʻshib sening doʻkoningni ham sotib olaman.
— Axir… doʻkondan…
— Oʻchir ovozingni! Sotasan. Ichidagi ashqol-dashqoli bilan besh yuz mingga olaman. Xoʻsh?..
Botir doʻkondor rangi oqargan koʻyi ohista boshini koʻtardi:
— Oʻgʻlim, bilaman, siz qamoqda ekaningizda notoʻgʻri ishlar qilib qoʻydik. Boʻynimga olaman. Ammo doʻkonni sotolmayman. Tirikchiligim oʻshandan boʻlib turibdi.
— Shunaqami? Juda yaxshi. Hali sen bizning kim ekanimizni bilmas ekansan.
Matnazar doʻkondorga yaqin kelib, tomogʻidan oldi.
— Bundan oʻn yil oldin, xuddi mana shu hovlida, senga oʻxshagan bir marazning jonini sugʻurib olgandim. Na iloj! Senga oʻxshaganlarning koʻzini faqat oʻlim ochadi. Sariboy!
Ostonada ularni kuzatib turgan sherkelbat yigit Matnazarning roʻparasiga kelib shay turdi:
— Aka, nima qilaylik?
— Hozir pismiq ikkalang, manovini yoʻlning narigi chetidagi paykal orqali tolzorga olib borasan. Suvga boʻktirib oʻldiringlar!.
— Yoʻq, yoʻq!. Jon oʻgʻlim, joʻjabirday jonman! Bilasiz-ku, bolalarim nogiron! Rahm qiling! Mayli, aytganingizni qilaman! — Botir doʻkondor kutilmaganda Matnazarning oyoqlari ostiga yiqilib, tizzalarini quchoqlab yalina boshladi. — Xudo xayringizni bersin, oʻldirmang meni!.
Matnazar kuch bilan tortib, qariyani oʻrnidan turgʻazdi:
— Megajin qizingga oʻzing tengi cholni topib, yanayam boyib qolgandirsan-a? Yo ustimdan kulmoqchi boʻldingmi?
— Gunohkorman! Ahmoqlik qilib qoʻydim, oʻgʻlim!
— Oʻgʻlimlama! Senga oʻgʻil boʻlgandan koʻra, oʻzimni osganim yaxshi. Hozir yigitlar bilan borib, uy va doʻkonning hujjatlarini olib kelasan. Birovga gʻing, demaysan. Ovozing chiqsa, yigitlar ayab oʻtirishmaydi.
— Xoʻp boʻladi!. Hoziroq olib kelamiz, — doʻkondor Matnazarga qayta-qayta qulluq qilgancha eshik tomon yoʻnaldi.
Botir doʻkondor Sariboy va Pismiq hamrohligida tashqariga chiqib ketgach, Matnazar ovozining boricha kulib yubordi.
* * *
Oradan bir soatcha vaqt oʻtdi. Matnazar shirakayf holda Sarimsoq bilan qarta oʻynab oʻtirganda, toʻsatdan uy eshigi ochildi-yu, ostonada Hamida paydo boʻldi. Uning egnida qimmatbaho yaltiroq koʻylak, boʻynida tilla zanjir, barmoqlari uzuklarga toʻla edi. Ammo rangi oqarib ketgan, koʻzlari alang-jalang.
Matnazar uni koʻrib, sira oʻzgarmadi. Kayfdan koʻzlari qisilgan koʻyi sekin oʻrnidan turdi-da, ikki qoʻlini beliga tirab sovuq kulib qoʻydi.
— Nega otamga zugʻum qilyapsiz? — oʻrtadagi jimlikni buzdi Hamida. — U sizlarga nima yomonlik qildi? Hoziroq milisaga borib…
— Ovozingni oʻchir! — toʻsatdan uni iyagidan tutib boshini yuqoriga koʻtardi Matnazar. — Harom oyoqlaring bilan bu dargohni bosib kelishga qanday hadding sigʻdi? Milisaga borarmish. Qoʻrqadi, deb oʻyladingmi?
— Mening oyogʻim harommas. Otamni tinch qoʻying!
— Otang gunohga botgan, — dedi Matnazar Hamidani qoʻyib yuborib. — Gunohlarini yuvishi kerak.
— Bolangizning hurmati yoʻqmi?
— Nima? Qaysi bolamning? Anovi qari eringning xizmatini qilib yurgan qizchani aytyapsanmi? Meni oʻzing yomon koʻrsatgan, “koʻrsang, qochib ketgin, oʻldirib qoʻyadi”, deb tayinlagan qizchani aytyapsanmi? Qanday iflossan-a? Eringning ustiga birovga tegib, yana hech gap boʻlmaganday huzurimga kelganingni qara! Uyalmaysanmi?
Bu gaplarni kutmagan ekanmi, Hamidaning boshi egildi. Bir muddat kalovlanib turgach, sekin eshik tomon yurdi. Lekin darrov chiqib ketmadi. Ostonada toʻxtab qaytadan Matnazar tomon oʻgirildi:
— Kechiring, otam majburlagandi. Ering mendan qarzdor. Mana shu uyini taʼmirlatib senga xatlab beraman, kelsa, qayerda yashasa, yashayveradi. Seni boyvachchaga berib, undan qasdimni olaman, deyaverib hol-jonimga qoʻymadi. Kechiring! Faqat otamga tegmanglar!.
Matnazar hech nima demadi.
Shu lahzalarda Hamidaga nisbatan shu qadar nafrati oshib borardiki, boʻgʻizlab tashlashga tayyor edi.
* * *
Ish ancha oldinga siljib qolgani ikki-uch kun ichida Botir doʻkondorning doʻkoni, oʻz uyi qoʻlga kirganidan keyin koʻrina boshladi. Ozchilik boʻlishsa-da, qishloq odamlarining yuragini olishga ulgurgan toʻrt yigit Matnazarning qoʻltigʻiga kirib hovlidan Hamidani ham, shaharlik qari erini ham quvib solishdi. Koʻz ochib-yumguncha doʻkon qishloq guzariga koʻchirildi. Oynavand eshik tepasiga “Supermarket” deb yozib qoʻyildi.
— Sarimsoq, endi aqlni ishlatib ish koʻrmasak boʻlmaydi, — dedi Matnazar, kuz kirayotganidan darak berib bitta-bittadan toʻkila boshlagan daraxt yaproqlarini oyogʻi bilan ezgʻilarkan. — Gap bunday, men bugun qolgan-qutgan pullarni chamalab chiqdim. Boshlanishiga yana uch-toʻrt nafar senlarga oʻxshash norgʻul yigitlardan olmasak boʻlmaydi. Katta ish boshlashimiz kerak.
— Qanaqa katta ish? — hayron boʻlib Matnazarning koʻzlariga boqdi Sarimsoq. — Qimor onda-sonda boʻlsayam oʻynalib turgan boʻlsa!
— E, soddasan, uka! Shu ham oʻyin boʻptimi? Katta-katta oʻyinlar oʻtkazib, moʻmay daromad koʻrish payti yetdi, deyapman. Qish kirgunicha yaqin atrofdagi qishloqlarga qarashli doʻkonlarniyam oʻzimizniki qilib olishimiz kerak, uqdingmi? Bitta doʻkon bilan ish qilib boʻlarkanmi?
— Toʻgʻri aytasiz. Koʻpaytirsak, ortiqchalik qilmaydi. Aytgancha, — Sarimsoq nimadir esiga tushgandek, boshini changalladi, — Kecha eshitib qoldim. Shaharda ertaga katta qimor bor emish. Borib bir oʻynab koʻrmaymizmi?..
— Yutqazib qoʻysak-chi? Harqalay, shaharliklar bizdan koʻra kuchliroq.
— Buniyam oʻylab qoʻyganman. Bordonqishloqda zoʻr bir akaxon bor. Oshiq tepishni-chi, “teshib” qoʻyarkan. Yaqinda suhbatida boʻlgandim. “Agar bosh boʻlib turadigan odam topilsa, shaharga borib bir oshiq tepgim bor”, deganday qildi. Shuniyam oʻzimizga qoʻshvolsak, qanday boʻlarkan-a?
— Ishonsa boʻladimi oʻzi unga? Yoshi nechada?
— Adashmasam, oʻttiz beshlarga borgan-ov! Jiddiy odam. Mahallasida unga teng keladigani yoʻq ekan.
— Boʻpti, bu haqda oʻylab koʻramiz. Hozir sen borgin-u, Pismiq bilan maslahatlashib sportchi, chaqqon yigitlardan uch-toʻrttasini top! Xizmat haqini oʻzim gaplashaman.
* * *
Shaharda oʻtadigan qimor Matnazarni ham qiziqtirib qoʻydi. U qimorxonada bir oʻzi qolgach, kiyimlarining eng yaxshilarini tanlab, dazmolladi, soqolini oldi. Shundan soʻng kuz havosidan nafas olish niyatida koʻchaga chiqib, mahallasi tomon keta boshladi. Chamasi, ikki yuz metrlar yurdi-yov! Paxta paykallari tugab, qishloq boshlanadigan joyga yetganida, birdan toʻxtadi. Ancha narida kimdir kelayotgandek tuyuldi. Qadam tashlashiga qaraganda, ayol kishiga oʻxshadi. Matnazar sharpaning yaqinroq kelishini kutib turdi. Yaqinlashib qolganida esa yuragi naq qinidan chiqib ketayozdi. Chunki, kelayotgan odam qizi Jamila edi. Ota ekan-da, yuragi hovliqib, quvonchini ichiga sigʻdirolmay qoldi.
— Qorongʻida nima qilib yuribsan, qizim? — Jamilani mahkam quchib, yuzlaridan oʻpdi Matnazar. — Bu yerlarda nima koʻp, ajina koʻp!
— Sizni Sotvoldi amakinikida, deb eshitib qolgandim, — dedi Jamila. — Sogʻinib ketdim sizni, dadajon!
— Oʻzimning asal qizim-yey! Sogʻinsang, bir oʻzing qorongʻida chiqib kelaverdingmi?
— Men qorongʻidan qoʻrqmayman.
— Shunaqami? Yasha! Xoʻsh, uyda, qishloqda nima gaplar? Tinchlikmi ishqilib?
— Bobom toʻpolon koʻtarib yuribdi. Har kuni ichib kelib, ayamga kun bermaydi.
— Ichib kelib? Yoʻgʻ-e?
— Ha-da, bugun peshinda ichvolib masjidga kirgan ekan, imom oldiga solib quvibdi. Dada, sizdan bir gap soʻrasam maylimi?
— Soʻra, qizim!
— Ayam sizni haliyam yaxshi koʻradi. Bizni tashlab ketmang, dadajon!
Bu gapdan Matnazarning miyasi otilib ketganday boʻldi. Tanasi titrab, peshanasini sovuq ter bosdi.
— Bu gapni senga kim oʻrgatdi? — soʻradi u Jamilaning ikki yuzidan tutib.
— Hech kim oʻrgatgani yoʻq. Ayam hozir ham yigʻlab oʻtiribdi.
— Shunaqa degin? Sen xavotir olma! Ayang bugun yigʻlasa, ertaga, albatta, yupanadi.
— Uyimizga qaytmaysizmi? Anovi qari amaki ketdi-ku!
— Qizim, oʻzing aqlli qizsan-ku! Shuncha ishlardan soʻng qanday qaytaman? Toʻgʻri, seni jonimdan ortiq koʻraman. Ammo ayang meni qattiq ranjitgan. Buni katta boʻlganingda tushunib olasan.
— Men-chi? Men sizni sogʻinsam-chi?
— Sogʻintirib qoʻymayman seni. Oʻzim tez-tez xabar olib turaman, xoʻpmi? Ma, manovi pullarni olib, ertaga bozordan oʻzingga chiroyli koʻylaklar sotib olgin!
Matnazar choʻntagidan bir dasta pul chiqarib, Jamilaning qoʻliga tutqazdi.
— Endi, yur, seni qishloqqacha kuzatib qoʻyay! Erta-indin yana koʻrishamiz.
(davomi bor)
Manba: Hordiq.uz “Zamin” yangiliklarini “Telegram”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
Bosh kiyimsiz yurishning organizmga qanday ta’siri bor?
O‘zbekistonda onkologik kasallikka chalingan ayollar bepul davolanadi
Endi «Doimiy yashash joyiga ro‘yxatga qo‘yish» qulaylashdi (video)
Medvedev Rossiya NATO harbiy bazalariga zarba yo‘llashi mumkinligini istisno qilmadi
Gretsiyada minglab odamlar NATOga qarshi namoyish o‘tkazdi
Organizmda qaysi turdagi vitamin yetishmayotganini qanday aniqlash mumkin?
Erdo‘g‘on: “Turkiya G‘azo mojarosi tugamaguncha Falastinni qo‘llab-quvvatlaydi”
Slovakiya bosh vaziri Putinning taklifini qabul qildi