Abu Said Xudriy va Abu Hurayra (roziyallohu anhu)dan rivoyat qilinadi: «Nabiy (sollallohu alayhi vasallam) dedilar: “Musulmonga yetadigan qiyinchilik, bemorlik, tashvish, xafalik, aziyat, gʻam va hatto unga kiradigan tikanni ham Alloh taolo uning xatolariga kafforat qiladi” (Imom Buxoriy).
Ushbu hadisdan musulmonga yetadigan maʼnaviy va jismoniy aziyatlar gunohlariga kafforat boʻlishi va darajasini yuksaltirishi haqida bilib olamiz.
Hadisda biz “qiyinchilik” deb tarjima qilgan soʻz “charchoq”, “toliqish”, “ogʻirlik”, “kulfat” kabi maʼnolarda ham keladi.
“Bemorlik” soʻzi umumiy maʼnodagi kasallikni bildiradi. Yana davomli kasallikka ham ishora bor.
“Tashvish” va “xafalik” matnda “hamm” va “hazan” shaklida kelgan boʻlib, ichki, botiniy xastalikni bildiradi. Shuning uchun ham u bemorlikdan keyin zikr qilingan.
“Hamm” (tashvish) hali kelmagan, “hazan” (xafalik) oʻtgan qaygʻuli holatga nisbatan ishlatiladi.
“Aziyat” boshqalardan yetkazilgan boʻladi. “Gʻam” soʻzi yurakni siqadigan hodisaga nisbatan qoʻllaniladi. Baʼzilar: “Hamm” undan aziyat chekiladigan fikrdan paydo boʻladi, “hazan” kishida ogʻir yoʻqotish tufayli yuzaga chiqadi, gʻam biror narsa sababli qalbda hosil boʻlgan azobdir”, deyishgan.
Mazhariy: “Gʻam insonni qamrab olgan qaygʻu boʻlib, xafalik undan yengilroqdir”, degan.
Hadisdagi “kafforat” soʻzi “kufr”ning orttirma darajasi boʻlib , “oʻrash” , “yopish” maʼnolarini bildiradi. Yaʼni, moʻminning gunohlari unga yetgan kasallik tufayli yopiladi.
Ibn Hibbon: “Alloh taolo ana shunday tashvishu qiyinchilik bilan bandaning xatosini kechiradi va darajasini koʻtaradi”, deydi. Bunda savob hosil boʻlishi va jazoning olib tashlanishi bor.
Hazrat Oysha (roziyallohu anho)dan rivoyat qilinadi: “Moʻmindan oqqan ter tufayli Alloh uning gunohini oʻchiradi va unga yaxshilik yozilib, darajasi koʻtariladi” (Tabaroniy).
Yuqoridagi hadisda “Savob va gunoh faqat kasb bilan boʻladi”, deydiganlarga raddiya bor.
Sabr va rozilik savobni ziyoda qiladi. Qarofiy: “Musibatlar, unga rozi boʻlishi yoki boʻlmasligidan qatʼi nazar, egasiga kafforatdir. Lekin unga rozi boʻlsa, kafforat boʻlishi koʻpayadi, aks holda, ozayadi. Agar musibat yetgan kishida gunoh boʻlmasa, shunga mos ravishda, oʻrniga savob beriladi”, deydi. Yana aytadi: “Musibat yetgan kishiga hech kim: “Alloh bu musibatni gunohingizga kafforat qilsin!” demasin. Chunki kafforat boʻlishini talab qilish shariatga nisbatan beodoblikdir”. Uning oʻrniga, masalan, Rasululloh (sollallohu alayhi vasallam)ga salavot aytish, u zotni vasila etib duo qilish kabi amallarni maslahat berish kerak.
Musibat yetgan kishi, avvalo, oʻzida mavjud neʼmatlarni eslashi lozim. Zero, oqil musulmon oʻzidan ketganlaridan koʻra bor imkoniyatlariga nazar soladi. Urva ibn Zubayr (roziyallohu anhu)ga bir kunda ikki musibat yetdi. Ot tepib oʻgʻli oʻldi va tabib dori ishlatmay bir oyogʻini kesdi. U zot Allohga hamd aytdi. Oʻlgan oʻgʻliga va oldida tirik boʻlganiga qaradi va dedi: “Yo Alloh! Oʻzing berding, Oʻzinfg olding”. Kesilgan va sogʻlom oyogʻiga qarab: “Yo Alloh, sinov bergan boʻlsang, ofiyat ham bergansan”, deb aytdi.
Oʻzida bor neʼmatlar qolib, ketganiga eʼtibor qaratish besabrlik va noshukrlikni yuzaga keltiradi. Bundan ehtiyot boʻlish kerak. Banda oʻzi uchun nima yaxshi yoki yomonligini bilmaydi. Zohirga qarab hukm chiqaradi, botiniy haqiqatdan bexabar boʻladi. Unga yetgan narsa zohiran musibatdek koʻrinsa ham, aslida uning uchun katta neʼmat boʻlishi mumkin.
Manbalar asosida “Koʻkaldosh” oʻrta-maxsus Islom bilim yurti oʻqituvchisi Jaloliddin AHMЕDOV tayyorladi
Manba: Irfon.uz “Zamin” yangiliklarini “Facebook”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
Bosh kiyimsiz yurishning organizmga qanday ta’siri bor?
O‘zbekistonda onkologik kasallikka chalingan ayollar bepul davolanadi
Endi «Doimiy yashash joyiga ro‘yxatga qo‘yish» qulaylashdi (video)
Medvedev Rossiya NATO harbiy bazalariga zarba yo‘llashi mumkinligini istisno qilmadi
Gretsiyada minglab odamlar NATOga qarshi namoyish o‘tkazdi
Organizmda qaysi turdagi vitamin yetishmayotganini qanday aniqlash mumkin?
Erdo‘g‘on: “Turkiya G‘azo mojarosi tugamaguncha Falastinni qo‘llab-quvvatlaydi”
Slovakiya bosh vaziri Putinning taklifini qabul qildi