Doʻkondor chiqib ketganidan soʻng yarim soat vaqt oʻtmay, hovlida egniga kalta yubka kiyib, sochlarini yoyib olgan Marjona paydo boʻldi. Bek aka toʻyi oʻtganiga hali bir oy ham boʻlmagan qizini bu ahvolda koʻrib rangi oʻzgardi. Lekin bildirmadi. Zoʻrma-zoʻraki jilmayib uni bagʻriga bosdi.
— Qizim, yangi kelin degan noming boridi. Ustingga ul-bul narsa tashlab olmabsan-da! — dedi ichkariga kirib oʻtirishgach. — Uyat boʻladi, axir!
Marjona bu gapga javoban qoshlarini chimirib lab burdi.
— Nima qipti? Men zamonaviy ayolman. Buni oʻzingiz yaxshi bilasiz.
— Toʻgʻri, zamonaviy ayolsan. Men-chi? Mening obroʻyimni oʻylamadingmi?
— Dada, men bu narsani muhokama qilish uchun kelmadim. Keling, maqsadga oʻtaylik!
— Maqsadga? Qanday maqsad?
— Odatda otalar yolgʻiz farzandi turmush qursa, yarim davlatini hadya etishardi. Siz boʻlsangiz haliyam jimsiz?
— E, shuni oldinroq gapirmaysanmi? — kuldi Bek aka. — Shundogʻam bor davlatim seniki, qizim!
— Yoʻq, menga bor davlatingiz kerakmas. Yarmini bersangiz yetadi.
— Shunaqami? Menga qara, nima kaming bor? Matnazar yaxshigina pul topib turgan boʻlsa. Tagʻin…
— Dada, siz jonimdan aziz koʻradigan odamni oʻldirib yubordingiz. Men indamadim. Erniyam siz tanladingiz. Yana indamay tegib ketaverdim. Oʻzimdan oʻn besh yosh katta boʻlsayam chidadim. Xushvaqt toʻgʻrisida miq etmadim. Tilimni tiydim.
— Ie, hali tilingni tiymasliging ham mumkinmidi?
— Albatta. Zoʻrman deb oʻylaysizmi hammadan. Harqalay, hukumatdan zoʻrmasdirsiz? Oʻtib tusholmassiz?
— Sen… — Bek aka beixtiyor tanasida titroq tuyib piyoladagi sovibroq qolgan choydan hoʻpladi. — Sen onangga tortibsan. Bor, arz qilaver oʻsha hukumatingga! Qani, koʻramiz, qoʻlingdan nima kelarkin. He, koʻrnamak!..
— Ogʻzingizga qarab gapiring, dada!.. Agar astoydil kirishsam, jaraq-jaraq pullaringiz sizga yordam berolmaydi.
— Menda shunchalik alaming koʻpmi?
— Yoʻq. Oʻzimda alamim koʻp. Negaki, Xushvaqt akamni kallakesarlaringizdan himoya qila olmadim. Gʻaflatda qoldim.
— Himoya qilolmaysan ham.
— Yoʻq, endi men ilgarigi Marjona emasman. Bunday harom ishlaringizga javob qaytara olaman. Xoʻsh, yarim davlatingizni berasizmi-yoʻqmi?
— Shu gaplaring uchun senga hemiriyam bermayman. — xirilladi Bek aka. — Yoʻqol!.. Senday qizim yoʻq mening! Koʻzimdan yoʻqol!..
Marjona unga bir marta sovuq tikilib oldi-da, indamay chiqib ketdi…
* * *
— Vaʼdangiz esingizdami? — Marjona uyiga yetib keliboq soʻrida qunishgancha oʻy surib oʻtirgan Matnazarga yuzlandi.
— Qaysi vaʼda?
— E, sizam anavi dadamga oʻxshab chaynalaverarkansiz-da!.. Toʻy kechasidagi vaʼdangiz.
— Ha, umi? Esimda.
— Unda menga yaxshilab quloq soling!.. Hozir birga boramiz-da, bankdagi pullarning hammasini olamiz. Undan keyin yaraydigan-yaraydigan yigitlardan atrofingizga toʻplaysiz. Tushundingizmi, yo yana qaytaraymi?
— Tushundim.
— Bu ishni keyinga surib boʻlmaydi. “Komanda”ni tuzib boʻlgandan keyin dadamga tegishli qaysi korxona-tashkilot, doʻkon boʻlsa, hammasiga bir-bir odam yuborib ulushni bizga uzatib turadigan qilamiz.
— Dadang xafa boʻlmaydimi?
— Bunisiminan ishingiz boʻlmasin! Siz mening aytganimni qiling!
— Xoʻp, undan keyin-chi?
— Keyinmi?.. Keyin… Dadamni oʻldirasiz!
* * *
Yanvar oyi yarimlab qolgandi. Shu kuni kechasi boʻralab qor yogʻib berdi. Erta tongdanoq Bek akaning xizmatchi yigitlari qora terga botib qor kuradi. Shunday qilishmasa boʻlmasdi. Bekning jahlini hammalari yaxshi bilishadi. Ayniqsa, arzimagan narsa uchun feʼli tez aynib qoladi. Baʼzan katta pulni boy berdik deyishsa, imndamay qoʻl siltashi mumkin. Tushlik kechikibdi, yoki chiroq vaqtincha boʻlmas ekan deyishsa, tutab ketadigan odati bor. Bu odatlarini har bir xizmatchi yoddan biladi. Shuning uchun u to uygʻonguncha hovlini, darvoza atroflarini qordan tozalab, yurishga yoʻl ochib qoʻyishdi…
Oʻ, harakat zoʻr-ku!.. — oʻzining qop-qora “Mersedes”ida toʻgʻri hovliga kirib kelgan Husan aka yigitlar astoydil ter toʻkishayotganini koʻrib kuldi. — Malades!.. Xizmatchi degani xuddi mana shunday boʻlishi kerak. Begimqul!..
Boʻydor, ozgʻindan kelgan Begimqul shosha-pisha qoʻlidagi ogʻir belkurakni yerga tashlab, qaddini gʻoz tutgancha Husan akaning roʻparasida hozir boʻldi.
— Labbay aka!..
— Xoʻjayin uxlayaptimi deyman?
Uxlaganim yoʻq, kiraver! — uy derazasi ochilib qoʻlida sochiq ushlagan Bek aka ichkaridan turib qichqirdi. — Nega qoqqan qoziqday qaqqayib turibsan? Kiravermaysanmi?..
Husan aka birdan jiddiylashib, bir-ikki bosh qashib olgan boʻldi-da, ichkariga qarab yurdi. Shu asnoda Begimqulga mashinani koʻrsatib imo qilgan boʻldi.
— Bor, mashinada bir sumka qashqaldoq otib kelganman. Oʻshani anavi oshpazlaringga ber, yaxshilab qovurishsin! Nonushta qilamiz!..
Bek aka odatiga koʻra, favvorani yoqdirib birpas choʻmilgan boʻldi. Soʻngra badanlarini nam sochiqqa arta-arta ichkariga — Husan aka oʻtirgan mehmonxonaga kirib bordi.
— Xoʻsh, Marjonadan xabar oldingmi?
Husan aka bir muddat jimib qoldi. Aftidan, gapni nimadan boshlashni bilmay garang edi.
— Ha, nega jimib qolding? — soʻradi Bek aka qovogʻini uyib. — Gapirmaysanmi?
— Bilasanmi, qizing ahmoqlik qilmoqchi chamamda.
— Nima qilmoqchi? Meni oʻldirmoqchimi?
— E, seni oʻldiradigani hov-v osmonda. — Husan aka koʻrsatkich barmogʻi bilan yuqoriga ishora qildi. — Ha endi, nima boʻlgandayam erka qiz-da!.. Meni uyiga kiritmadi.
— Ie, nega?..
— Koʻrsayding… Hovlisi atrofida oʻn chogʻli qoʻriqchi turibdi. Bemalol kirib boraveraman desam… Qayoqda, oʻn metr narida toʻxtatib orqaga qaytishimni buyurishdi.
— Itday otib tashlamadingmi qanjiqlarni?..
— Katta koʻchada qurol ishlatib boʻlarkanmi? Bilasan-ku taktikamizni!.. Ulardan surishtirgan boʻldim. Marjona hozir senga tegishli tashkilotlarning hammasiga odam yuborib, ulush talab qilayotganmish. Keyin… Qolganini aytishmadi xumparlar.
— Eri-chi? Matnazar qayerda ekan?
— Men qayoqdan bilay? Aytdim-ku, oʻn metr narida turib gaplashdim!..
— Shunaqa degin?.. Bekorga aytishmas ekan-da, it qutursa, egasini qopadi deb!..
— Oʻzimiz ham oʻshanda notoʻgʻri ish qildik-da, ogʻayni!.. Xushvaqtni tirik qoldirish kerak edi.
— Gapirma oʻsha itvachchani!.. — jerkib tashladi Bek aka. — Unaqalar goʻridayam ilonlarga yem boʻlib yotadi. Xudoyam kechirmaydi ularni. Axir, tuzimni ichib, yana odamlar oldida obroʻyimni bir tiyin qildi u!.. Boʻldi, yetar, hoziroq oʻsha oʻzboshimchaning oldiga oʻzim boraman. Qani, koʻramiz qanchalar zoʻr boʻlib ketganini. Otasining pullari bilan quturib ketgan boʻlsa, popugini pasaytirib qoʻyish qoʻlimizdan keladi. Tur!
— Menga qara, qashqaldoq opkeganman. Nonushta qilaylik!
— Yoʻq, hozir qashqaldoq yurakka sigʻmaydi. Borib er-xotin ikkalasiniyam…
Bek aka uyogʻini aytmadi. Lekin Husan aka nima demoqchiligini tushunib, bosh chayqagancha uning ortidan tashqariga yoʻl oldi…
* * *
Marjonaning yangi sotib olingan hovlisida deyarli jimjitlik hukmron edi. Oyogʻini qoʻliga olgancha, yugurib-yelib xizmat qilayotgan yigit-qizlarning oʻzaro shivir-shivirlariga eʼtibor qilinmasa, faqat qor ustida chugʻur-chugʻur qilib uyoqdan-buyoqqa chopayotgan toʻrgʻay, chumchuqlargina sukunatni buzib turishardi xolos.
Marjonaning oʻzi esa, yevropacha usulda qurilgan katta zal oʻrtasidagi divanda xomush oʻtirgancha tashqariga chiqib ketgan Matnazarni kutish bilan ovora edi…
Nihoyat oyoq tovushlari eshitilib, ichkari eshik ochildi.
Marjona shoshib oʻrnidan turdi.
— Xoʻsh, nima boʻldi? — Matnazar ostona hatlab ulgurmay soʻroqqa tuta ketdi u. — Tinchlikmi ishqilib?
— Tinchlik boʻlmay goʻr boʻlarmidi? — qoʻl siltadi Matnazar. — Dadangni bilasan-ku!.. Qoʻrqitishdan nariga oʻtolmaydi.
— Aniqroq gapirsangiz-chi! Nima dedi oʻzi?
— Mening “tochka”larimdan bir tiyin olsang, koʻradiganingni koʻrasan dedi. Oʻligimniyam birov topo — lmasmish.
— Shunaqami hali? — dedi Marjona asabiy lab tishlab. — Yoʻq, siz qoʻrqmang! Oʻldirolmaydi. Xudoga shukr yolgʻiz emasmiz. Qoʻl ostimizdagi qoʻriqchilar unikidan kam emas. Hali qarab tursin oʻsha dadam…
Marjona “Xushvaqt akamning oʻchini olaman”, demoqchi boʻldi-yu, negadir Matnazarning qarshisida bu gapni tiliga koʻchirmay qoʻya qoldi.
— Kechqurun tagʻin kelarmish. — davom etdi Matnazar. — Ichkariga qoʻyishmaganiga rosa tutoqdi.
— Oʻlib ketmaydimi kallakesar. Kechqurun ham qanday kelsa, shunday qaytib ketaveradi.
— Biz nima qilib boʻlsayam, himoyani kuchaytirishimiz lozim. — dedi Matnazar tashqariga ishora qilib. — Men bilaman. Anavi yigitlar mabodo Bek akaning qoʻriqchilari bostirib kep qolishsa, ip esha olishmaydi.
— Buni menga qoʻyib bering!.. Siz pulni koʻpaytirishning yoʻlini qidiring! Qora doridan foyda zoʻr boʻladi derdi dadam. Shu rostmi?
— Oʻ, dadang asosiy boylikni oʻsha zormandadan topadi. Ulush-pulushlari chikora.
— Biz qanday yoʻlga qoʻysak boʻladi?
Matnazar bir kulib qoʻydi-da, Marjonaning yelkasidan tutdi.
— Zoʻr yoʻlini oʻylab qoʻyganman.
— Qanaqa?
— Hech kimga ogʻiz ochmaysanmi?
— E, boʻlmagan gaplarni gapiravermasangiz-chi!.. Qanaqa yoʻl?
— Ukamni keltirish zarur buyoqqa.
— Nima?.. Ukangizni?.. Axir… Uni… Oʻldirib yuborgandingiz-ku!..
— Jinni boʻlibmanmi oʻldirib?.. Nima boʻlgandayam, bir qorindan talashib tushgan jigarim.
— Unda… Kimni choptirib…
— Bir alkashni topdik-da, ukamning oʻrniga oʻldirib yubordik. Baribir zoʻrgʻa nafas olib yurgan ekan ichkilikka puli yoʻqligidan. Yordam bervordik.
— Shunaqa deng?.. Ukangizning oʻzi qayerda unda?
— U hozir Qozogʻistonda. Oʻsha yoqda bir yaqin ogʻaynimiz bor edi. Oʻshanikiga berkitib qoʻyganman vaqtincha.
— Opkeling Mardonni! — toʻsatdan hovliqib Matnazarni siltadi Marjona. — U qora dori sotishni boplaydi.
— Menam shuni nazarda tutdim-da! Harqalay, tutgan ishimdan keyin oq-qorani tanib olgandir. Endi xiyonat qilmas-a?..
Marjona bu savolga javob bermadi. Bir kerishib olgan boʻldi-da, kechki ovqat keltirishni buyurish niyatida oshxona tomon chiqib ketdi…
* * *
Bek aka ertasi kuniyoq hech kimga indamasdan toʻppa-toʻgʻri militsiya boʻlimiga bordi. Uzun yoʻlak boʻylab podpolkovnik Arslonov kabineti tomon yurib borarkan, uni tanigan militsionerlar qoʻllarini koʻksiga qoʻyib salom berishar, orqasidan oʻzlaricha shivir-shivir qilib nimalarnidir bir-birlariga uqtirgan boʻlishardi.
— E, qadrdonim kepti-ku!.. — xona ichida burqsib ketgan sigaret tutunlarini hayday-hayday, oʻrnidan turib Bek akaga peshvoz chiqdi Arslonov. — Bir ogʻiz qoʻngʻiroq qilib ogohlantirish shunchalik qiyinmidi? Kutib olardik-ku!..
— Hozir qoʻngʻiroq qilishgayam vaqt yoʻq. — dedi Bek aka taklifni ham kutib oʻtirmay roʻparadagi oʻrindiqlardan biriga choʻkib. — Oʻzing qalaysan? Jinoyatchilar kamayyaptimi?
Arslonov bu gapdan soʻng Bek akaga birpas maʼnoli tikilib turdi-da, beixtiyor kulib yubordi.
— Siz bilan biz tirik ekanmiz, kamaymaydi. — javob qildi nihoyat kulishdan toʻxtab. — Shuni bilib turib soʻraysiz-a, aka!..
— Sen nimaga oʻzingni tiqishtiryapsan? Axir, bizga oʻxshaganlarni sen tutasan-ku!
— Shuni aytaman-da!.. Oʻzingiz oʻylab koʻring, siz qochasiz, biz quvamiz. Agar biz boʻlmasak, kimdan qochardingiz?.. Koʻribsizki, hayot davom etyapti. Siz qochaverasiz, biz yarim yoʻlgacha quvib boramiz-da, sekin orqaga qaytib qoʻya qolamiz. Nima qilamiz harsillab?.. Toʻgʻrimi?..
— Boʻpti, — gapni kalta qilib maqsadga oʻtdi Bek aka. — Men sening oldingga boshqa ishminan kelganman.
— Qulogʻim sizda.
— Aytgancha, anavini oldingmi? Bus-butun ekanmi?
— Ha, hammasi joyida. Siz berasiz-u, yarimtaki boʻlarmidi? Aytavering, aka, qanday xizmat bor?
— Ha, anavi Matnazar soʻtakni bilarmiding?..
— Nima?.. Soʻtak dedingizmi? Adashmasam, u sizga kuyov shekilli?..
— Menga desa balo boʻlmaydimi. Xullas, oʻshani sal yoʻldan chetroqqa olib turish kerak boʻp qoldi.
— Bunaqa ishlarni oʻzingiz ham qoyillatardingiz-ku!
— Yoʻq, men oʻldirish maʼnosida gapirmayapman. Vaqtinchalik yana turmaga tiqib turish kerak deyapman.
— Shunaqami? Tagʻin nima ayb qildi u dezertir?
— Unisiminan ishing boʻlmasin! Xizmating uchun kelishilgan haqni olasan. Faqat juda puxta boʻlishi zarur.
— Aka, qachon men sizning yuzingizni yerga qaratganman-a? Uni qamash choʻt boʻptimi? Xudoga shukr, boʻynida toʻrt odamning oʻlimi turibdi. Shularning oʻzi kifoya.
— Aqlingga balli! Demak, ertaga kechqurun u turmada boʻlishi lozim. Sud-pud qilib yurma!.. Men turma boshligʻiga qoʻngʻiroq qilib qoʻyaman. Sening vazifang, uyidan kishanlab opchiqib, turmagacha eltib qoʻyish. Qolganini uyoqdagilar boplashaveradi.
— Gap yoʻq. Aytgan vaqtingizda bajaramiz. Aytgancha… Haq…
— Uf-f, har safar soʻrayverarkan-da!.. Sen ishni bajar, uyingda oʻtirib sanab olaver!..
— Bir umr xizmatingizdaman, aka! — Bek akani mahkam bagʻriga bosib minnatdorchilik bildirgan boʻldi Arslonov. — Yaxshiyam sizga oʻxshagan akaxonlarimiz bor. Boʻlmasa, bu dunyoda tashvishdan boshimiz chiqmay oʻlib ketardik.
— Boʻpti, diydiyongni bas qil!.. Men ketdim.
— Toʻxtang, kuzatib qoʻyaman!..
— Kerak emas. Oʻzim ketaveraman. Yosh bola emasman…
(davomi bor)
Manba: hordiq.uz “Zamin” yangiliklarini “Vkontakti”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
Organizmda qaysi turdagi vitamin yetishmayotganini qanday aniqlash mumkin?
Erdo‘g‘on: “Turkiya G‘azo mojarosi tugamaguncha Falastinni qo‘llab-quvvatlaydi”
Medvedev Rossiya NATO harbiy bazalariga zarba yo‘llashi mumkinligini istisno qilmadi
O‘zbekistonda onkologik kasallikka chalingan ayollar bepul davolanadi
Bosh kiyimsiz yurishning organizmga qanday ta’siri bor?
Endi «Doimiy yashash joyiga ro‘yxatga qo‘yish» qulaylashdi (video)
Gretsiyada minglab odamlar NATOga qarshi namoyish o‘tkazdi
Slovakiya bosh vaziri Putinning taklifini qabul qildi