Dasturxonga yaqinlasharkan Kanizaga oʻzini oʻta yaqin olib:
— Keling, dasturxonga yaqinroq oʻtiring, — dedi.
— Ovqatingizni?.. — soʻradi Kaniza.
— Yoʻq, yoʻq, oʻrtoqlar bilan choyxonada… Kayfiyat yaxshimi? Bu yerda zerikib qolmadingizmi?
— Yoʻq, — dedi Kaniza.
— Hozir bir zoʻr film bor…
— Koʻrdim. Opam qoʻyib berdilar.
— Shunaqami?
Mansurjon nima qilishni bilmas, oʻtirar-turar, kalovlanar, ammo zimdan Kanizaning atlas koʻylak ostidagi pinhon suvrati, atlas lozim soʻngida yuz koʻrsatib turgan nozik bebilchaklariga tikilar, bukilgan tizzalaridan keyingi boʻliq goʻzallikka yuragi orziqib oshufta termulardi.
U ilkis:
— Mendan choʻchimayapsizmi? — soʻradi televizor ekraniga yuz burgan Kanizadan va televizorga qaradi.
— Qoʻrqoq sizmi, menmi? — dedi Kaniza oʻpkalaganday mugʻombirona.
— Nega? Menga aytyapsizmi?
— Boʻlmasam kimga? — qatʼiy soʻzlardi Kaniza. — Kecha xotiningizni oldidan chiqishingiz zil boʻldi-yu…
— Sizni choʻchitmay dedim-da…
— Men nega choʻchiyman? Nimadan?
— Yangi joy, yangi odam…
— Choʻchiydigan yoshdan oʻtganmiz…
— Unda yaxshi.
— Nima yaxshi?
Mansur kalovlandi. “Baloku” oʻyladi u.
— Men ayollarni uyaladi, qoʻrqadi deb oʻylayman-da, — dedi u oxiri.
— Ayolshunosmisiz?
— Hazilga ham usta ekansiz.
— Sizlar qishloqi andi hech narsani bilmaydi, deb oʻylaysizlar-da.
— Yoʻgʻ-ye! Unday demang.
— Bugun qochib qolmaysizmi?
— Qayoqqa qochaman?
— Mening fursatim bir-ikki kun xolos.
— Meni, nima, nikohlab olgan xotinidan mosuvo
boʻlib, burnini tortib qolaveradi, deb oʻylaysizmi? — hazillashdi Mansurjon.
— Hali xoʻjayinchilik ham qilamiz, deng?
— Yoʻgʻ-ye, shunchaki hazil.
Mansur uning yoniga, divanga oʻtirishga jazm qildi. Kutganidek, Kaniza oʻzini olib qochmadi. Ular allamahalgacha soʻzlashib oʻtirdilar. Mansur Kanizaning ota-onasi, turmushi va boshqa narsalarni soʻrab-surishtirdi. Kaniza oʻzi haqida kam maʼlumot berdi, koʻproq qishloq hangomalaridan soʻzladi.
— Eringiz yaxshi odammi? — Mansur istasa-istamasa, baribir, shu savolni berdi.
— Yaxshi boʻlsa, bu yerlarda nima qilardim? Mansur Kanizaning gapidan hayron boʻldi, qayta eri haqida ham, bolalari haqida ham ogʻiz ochmadi. Vaqt allamahal boʻldi. Mansur Kanizaning kaftiga qoʻlini qoʻydi. U seskanmadi… Kechasi oz uxlagan, tunni bedor oʻtkazgan Mansur kech uygʻondi. Yonida koʻzlarini ohista yumib, xayollanib Kaniza yotardi.
— Kanizam… — beixtiyor uchdi Mansurning hoʻl va tamshangan lablaridan.
Ikkinchi tez va shirin nafasdan:
— Kanizangiz emas, Malikangiz, — degan sas eshitildi.
— Malikam, butun hayotimda izlagan Malikam…
Bu totli shivir-shivirlar Mansurning junbushga kelgan, qoni tepayotgan tanasi rohatiga ayqashib ketdi…
Nim pardalarni yorib ichkari kirgan sutdek oqlik Mansurni adamdan mavjudlikka qaytardi. U yumalar ekan, esnadi. “E, ishga bormayman” dedi oʻziga-oʻzi. Tarsher tokchasidagi soat oʻzi uchun begʻam chirqillardi.
Malikasining olis-olislardan sibizgʻasimon kelayotgan ovozchalari qulogʻining pardasiga urilganda, Mansur zoʻrgʻa koʻzlarini ochdi, orqa oʻgirilib, yumaladi.
— Uygʻoning, soat oʻn boʻldi… Qorinlar ochdi…
— Hozir, hozir, asal… Yana ovoz, endi erkalanib:
— Ertaga haydab yubormaysizmi?
— Mmm, — kallasini qimirlatdi Mansur. Orombaxsh issiqlik uzilib oraga havo kirdi.
— Vo-oy, qorni qaranglar, oqlik, suyunchi bering! — dedi deraza yoniga borgan Kaniza. — Mashinani ham qor bosibdi.
— Mayli, garajga olib kirish esdan chiqibdi, — yotgan koʻyi dedi Mansur.
— E-e, turing-ye, yotaverasizmi? — xushchaqchaq kulib chiqib ketdi Kaniza.
Oʻsha kuni Nozima qaynsinglisi Zebonikiga xomush kirib bordi. Zebo hech narsadan bexabar edi. Nozima talpingan bolalarga oʻzi bilan olib kelgan shirinliklarni berdi. Zeboning kichkinasini erkalab, maʼyus suyib oʻtirdi. Bir payt “Lyalichka, lyalichka”, deb qizaloqni bagʻriga bosarkan, koʻzlaridan yosh yumaladi.
— Tinchlikmi, kelinaya? — choy quyayotgan Zebo hayron soʻradi, — akam biron narsa dedimi?
— Yoʻq, — boshini likillatdi u, — oʻzim siqilib ketyapman. Baʼzan shunaqa boʻlib turadi.
Zebo qayta gap qoʻzgʻamadi. Oshxonaga chiqib uymalasharkan, baribir, boshi qotdi. Avvalo, nega kelinayasi yolgʻiz oʻzi keldi? Uni yeru koʻkka ishonmaydigan akasi har gal birga olib kelardi, olib ketardi. Biror kun qolishiga ham koʻnmasdi.
— Zeboxon kiring, bolangizga qarang, ovqatni oʻzim qilaman, — oshxonaga kirdi Nozima va uning koʻnmaganiga qaramay yenglarini shimarib, chaqqon ishga kirishib ketdi. — Chuchvara tugaman. Dadamga ham olib boramiz. Hayotimda bir marta, kechadan beri ish chiqib, u kishidan xabar ololmadim.
Zebo toʻrt bolali, kattalari maktabga borishadi, shu yil boshida yana jijilagan edi. Eri Ismoiljon “Damas” minadi. Uyida kam oʻtiradi. Zebo chet tillarni bitirgan, maktabda ishlab, hozir qoʻlidagisi bilan uyda. U chaqalogʻini uxlatib chiqib, Nozimaga qarashdi. Telefon jiringladi.
— Allo, ha, dada. Yaxshimisiz? Rahmat, Xudoga shukur, yaxshi, hammalari yaxshi. Ha, maktabdan kelishdi. Ha, shu yerdalar, sizga chuchvara tugyaptilar. Telefonlarimi, bilmadim. Qachon qilgan edingiz? Soat uchlardan keyin. Kelinayam shu yerda edilar. Akamni bilmayman. Oʻzlari. Shunday kelishibdi. Yoʻq. Tinchlik deyaptilar-u, bilmadim. Hech narsa haqida gapirganlari yoʻq. Aytib turuvdilar, kechadan beri bormadim deb, siz qiynalmadingizmi? Ha, boʻpti, hali ovqat pishsa, oʻzlari boradilar-u. Boʻpti, xayr, dada.
— Dadam xavotir olibdilar-da, bechora, — dedi Nozima.
— Telefon qilishgan ekan, uylarida hech kim yoʻq deydi, nima, biron narsani yashiryapsizmi, kelinaya?
— Akangizni uylab qoʻydim.
— Nima-a?
— Shu eshitganingiz.
— Qanaqasiga?
— Shunaqasiga.
— Hazillashyapsizmi, kelinaya?
— Nega hazillashay? Oʻzim qildim.
— Qanday qilib?
— Shunday qilib…
— Chindanmi?
— Yolgʻon deyapsizmi? — sichqonning qulogʻiday-qulogʻiday chuchvara tugayotgan Nozima belini rostlab, orqasiga yastandi. Chuqur xoʻrsindi. — Bunday koʻz koʻrmagan, quloq eshitmagan ishlarni qilish faqat men yetimchaga xos, — uning koʻzlari yoshlandi.
— Qoʻying-yey, ishonmayman, oʻlay agar, — yoqasini ushladi Zebo.
— Shunday boʻlishi kerak edi. “Inkubassa” degan gapni eshitib, oʻzi ixtiro qilib, mana, qon qaqshab oʻtirgan odamga nima deysiz? Akangiz bilan bitta “inkubassa”ni qamab qoʻydim. Tuxum bosyapti, bola ochadi…
— Oʻlay agar, ishonmayman…
— Mendan boshqa hech kim ishonmaydi. Bori gap shu. Zebo katta-katta shahlo koʻzlarini pirpiratgancha, ke-linayasiga hayron tikilib turaverdi, Nozima chuchvara tugishda davom etdi. Uni tugatib, qozonga unnadi. Zebo ichkari kirib ketdi. Telefon raqamini terayotganday boʻldi. Nozima shoshilinch kirib, uning qoʻlidan goʻshakni oldi.
— Jon, singiljon, ishni buzib qoʻymang, — dedi, — hammasi yaxshi boʻladi.
— Voy, opajonim-yey, sizni baʼzan hech tushuna olmay qolaman, — uygʻongan bolasi tomon yurdi Zebo. Nozima oshxonaga yoʻl oldi.
Xuddi chuchvaraning pishishiga Mansurjon kelib qoladiganday oshxona derazasi osha tashqari eshikka qaray-verdi. Chuchvara pishdi, oldidan chiroyli qilib kostryulkaga quydi-da, kiyinib, qaynotasinikiga yoʻl oldi. Kirib borganida qalin jun koʻylagi ustidan tuyateri jujuncha kiygan, boshida beretka Nabi Musayevich ikki qoʻlini almashtirgancha hovlida aylanib yurgan ekan. No-zimaning koʻzi uning chuqur ariqchali yuziga tushdida, ishqilib, soʻroq-savolga tutib qolmasin-da, degan oʻy oʻtdi miyasidan. Ikkovlon salomlashib ichkariga kirdilar. Uy ichi allaqachon mana men deb, Nozimaning ikki kun kel-maganini yuziga solib, betartib, bejo turardi. Qoʻlidagi oʻrogʻlik ovqatni yechib, oshxonaga, sal yonib turgan gaz ustiga qoʻydi. Choynak oʻzi biqillab qaynab turardi. Nozima shu zahoti uyni tartibga solishga chogʻlandi. Mehmonxonada oʻtirgan Nabi Musayevich:
— Ishni qoʻying, avval bu yoqqa keling, — dedi.
— Eh, — chuqur xoʻrsindi Nozima va buyruqqa boʻysundi.
— Qizim, nima gap? — dedi Nabi Musayevich.
— Hech narsa.
— Meni bilasiz-a, qizim, dunyoning narigi chetida nima boʻlayotgan boʻlsa, bilib turaman. Undan keyin siz menga qizimdan ham aʼlosiz. Endi menga aytingchi, nima boʻlyapti oʻzi? — Nabi Musayevich javob kutib tin oldi.
Nozima eshik biqinidagi stulga choʻkdi, bir pas jim oʻtirdi. Oqsoqol kishini kuttirmaslik uchun roʻmolining bir chetini ezgʻilagancha gap boshladi. Hayot issiq-sovuqlarini boshidan kechirgan Nabi Musayevich kelinining, bu sodda va toʻgʻri ayolning bir xoʻrsinib, bir dadillanib aytgan gaplarini diqqat bilan tingladi. Bir tomondan, oʻgʻlining zuryodsizligidan oʻziga yarasha aziyat chekib yurgan ota oʻz pushtikamaridan bino boʻlishi kerak boʻlgan bola masalasiga toʻgʻri koʻz bilan qaragisi keldi, ikkinchi tomondan, hech zamonda boʻlmagan, quloq eshitmagan, yaʼni begona, betayin xotinning nikoh bilan, hech kimdan maslahatsiz, oʻzboshimchalarcha uyga olib kirilishi, yaʼni bu tagi zil, gumonli ishning ustida shunday oqila kelini turganligiga aqli bovar qilmasdi. Ha, tagli-tugli, yo erdan chiqqan, boshi ochiq ayol yoki oʻtirib qolgan qiz boʻlsa, ikkinchi xotin qilib, nikohlab olinsa, bu aqlga sigʻishi mumkin. Buchi? Nabi Musayevichning nihoyatda boshi qotdi. “Mansurda-ku, kalla ishlamaydi, 6u kelinga nima boʻlgan, yo jin-pin adashtirdimikin?” Oxiri Nabi Musayevichning xulosasi shu boʻldi:
— Notoʻgʻri, mutlaqo notoʻgʻri, bemaʼni ish tutgansizlar, — dedi u va oʻrnidan turib ketdi. — Bunga hoziroq chek qoʻyish kerak. Bu ish — ish emas. Buning oxiri baxayr boʻlmaydi. Oʻsha kuni menga ishora qilganingizda, nega bori gapni aytmadingiz?
— Dada, meni kechiring, bu ishni men qildim, — boshi yerga kirgudek egilib dedi Nozima. — Ayb menda. Bunda Mansur akamning aybi yoʻq. Nima desangiz menga deng. Men oʻzim baxtiqaro tugʻilganman. Sizlarga roʻshnolik keltirmadim… Onam bilan birga ketsam boʻlmasmidi?
— Yigʻlamang qizim, men qarib, koʻnglim boʻsh boʻlib qolgan. Ayniqsa, ayangizdan keyin omonat yuribman. Faqat sizdek oqila qizimga hayron qolyapman. Yomonlik doimo toʻgʻrilikka chang solaman, deb yuradi. Xuddi kasallikning oʻzginasi, sal xatoga yoʻl qoʻyildimi, giribondan oladi. Men sizlarga yomonlik istaymanmi, qizim? Kechadan beri dilim gʻash. Tushimda ayangiz Mansurni tortqilab, uning oʻrniga yonayotgan tandirga kirib ketyapti. Oʻshandan beri dilim gʻash. Uning ustiga siz kelmay qoldingiz, telefonni hech kim koʻtarmaydi…
Nozima telefonlarni uzib qoʻygandim deya olmadi, uning oʻrniga:
— Dada, tashvish chekmang, boʻlar ish boʻldi, — dedi va oʻrnidan qoʻzgʻolib, — chuchvara keltirgan edim, suzaman, — deya ortiga burildi.
— Chuchvarani qoʻyib turing. Menga quloq soling, — dedi qatʼiy Nabi Musayevich. — Oʻzi qayerlik ekan u ayol?
— Bilmadim, topishdi, — dedi Nozima. Uning qiynalayotganini Nabi Musayevich sezdi, keyingi savolni bermadi, uning oʻrniga soʻradi:
— Siz nega Zebonikidasiz?
— Bir-ikki kunga…
— Keyin?
— U ketadi…
— Shunday kelishdinglarmi? Ketmasa-chi?
— Mansur akamga ishonaman, u haq yoʻldan toymaydi.
“Namuncha begʻubor 6u xotin-a? — oʻyladi Nabi Musayevich. — Soddalik ham shunchalik boʻladimi?”
— Endi mundoq, — dedi u, — siz uyga qaytib borasiz, tezroq, masalani iloji boʻlsa bugunoq hal qiling. Oʻsha yerda turing. Akasi bilan kengashay, keyin armonda qolmaylik…
— Dada, iltimos, hammasini Mansur akam, u xotin bilan kengashganmiz, — shoshilinch oʻtindi Nozima.
Tilavoldi Joʻrayev
Manba: Hordiq.uz “Zamin” yangiliklarini “Youtube”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
Bosh kiyimsiz yurishning organizmga qanday ta’siri bor?
Slovakiya bosh vaziri Putinning taklifini qabul qildi
Organizmda qaysi turdagi vitamin yetishmayotganini qanday aniqlash mumkin?
Medvedev Rossiya NATO harbiy bazalariga zarba yo‘llashi mumkinligini istisno qilmadi
Erdo‘g‘on: “Turkiya G‘azo mojarosi tugamaguncha Falastinni qo‘llab-quvvatlaydi”
Endi «Doimiy yashash joyiga ro‘yxatga qo‘yish» qulaylashdi (video)
Gretsiyada minglab odamlar NATOga qarshi namoyish o‘tkazdi
O‘zbekistonda onkologik kasallikka chalingan ayollar bepul davolanadi