23:30 / 08.11.2018
8 766

Bir kechalik kelinchak… (26-qism. Uchinchi fasl)

Bir kechalik kelinchak… (26-qism. Uchinchi fasl)
Erta tongda Nafisa uyqudan tiniqib uyg‘ondi. Onasining biznesni nomiga o‘tkazishga rozilik bergani, bundan buyon ozgina bo‘lsa-da, volidasiga yordami tegishi mumkinligini o‘ylab vujudi faxr tuyg‘usiga to‘ldi. Shunday jo‘shqin kayfiyatda kiyinib, tashqariga yo‘l oldi.

Nasiba hovlidagi so‘rida o‘tirgancha negadir o‘yga tolgandi. Qizining tashqariga chiqqanini ko‘rdi-yu, shosha-pisha o‘rnidan turdi.

— Xayriyat-ey, kiyinib olibsiz, oyi, — dedi Nafisa onasini quchib. — Xo‘sh, ketdikmi?

— Nonushta qilmaysanmi? — so‘radi negadir hazin ohangda Nasiba. — Harqalay…

— Yo‘q, ishtaham bo‘lmayapti, — dedi Nafisa bosh chayqab. — Kafeda kofe ichvolarman.

— Menga qara, — dedi Nasiba otlanishga shoshilmay. — Rostdanam bir qarorga keldingmi yo shunchaki jahl ustida gapirganmiding?

— Rostdan qo‘lingizdan ishingizni olishga ahd qildim, — dedi Nafisa toqati toq bo‘lib. — Kecha gaplashdik-ku! Tag‘in aynib qoldingizmi?

— Nega ayniyman? — dedi Nasiba kulimsirab. — Faqat o‘qishing bor, darslaring o‘lda-jo‘lda qop ketmasmikan deb qo‘rqaman-da! Harqalay, buni universitet deb qo‘yibdi. O‘qishga kirayotganingda olchoq domlalaring jonimni sug‘urib olayozgan. Esingdadir?

— Men… Ketaman o‘qishdan, — dedi Nafisa yer chizib. — Kerakmas. Ana, o‘qiganlarni ko‘ryapman. Bola-chaqasini boqolmasdan, arzimagan pulga ertadan kechgacha ter to‘kishadi. Hech kim holing qalay deb so‘ramaydi. Menam o‘shalarning biri-da! Qurib ketsin! Undan ko‘ra, sizni dam oldirib qo‘ysam, qo‘lingizdan ishingizni olsam, qarigan chog‘ingizda chet ellarga oborib aylantirsam, o‘shaning o‘zi men uchun universitetdanam a’lo!

— Bekor o‘ylabsan-da shuni, — dedi Nasiba asabiy lab tishlab. — Oliy ma’lumotli degani ja katta gap, bolam. Bekor o‘ylabsan. Ammo… Qaysarligingni bilganim uchun indamayman. Mayli, o‘qimasang o‘qimabsan. Onangam o‘qimagan. Bilganingni qil. Mening baxtimga to‘rt muchang salomat yursang bo‘ldi. Iloyim dog‘ingni ko‘rsatmasin! Xudoyimning o‘zi to‘yingni ko‘rsatib, nevaralarimni tizzamda erkalati-ib o‘tiradigan kunlarga yetkazsin!

— O‘tirasiz, hali erkalayverib zerikasizam, oyi, — dedi kulib Nafisa va onaning qo‘ltig‘idan oldi. — Bo‘ldi, ketdik endi! Tezroq shu ishlarni bitiraylik!

* * *
Ertasi kuni Nafisa ilk bor biznes egasi sifatida ko‘chaga chiqdi.

Tun bo‘yi o‘ylanaverib, o‘ylarining oxiriga yeta olmay qiynalgandi.

Uyqusining ham mazasi bo‘lmadi. Bir hayajonlandi, bir qo‘rqdi. Onasining nasihatlari, maslahatlari yodiga tushgach, sal bo‘shashib, yengil tortdi. Qoqinsa, xatoliklarga yo‘l qo‘ysa, baribir onasi qarab turmasligini bilgani bois ko‘ngli ko‘tarildi…

U birinchi bo‘lib o‘zi doim kofe ichib chiqib ketadigan kafega kirdi. Erta tong ekaniga qaramay, siyrakroq bo‘lsa-da, xo‘randalar kafega fayz kiritib o‘tirishardi. Bar stoykalari qarshisida o‘n nafarga yaqin erkak ichkilik maydalash bahonasida o‘zaro suhbatlashar, ofitsiantkalarning qo‘li-qo‘liga tegmasdi.

Nafisa yana bir karra ichkariga hissiz qarab turdi-da, o‘zi uchun ajratilgan xona tomon yurdi. Ammo darrov to‘xtadi. Ustunlardan birining orqasini ko‘rmagan ekan. Stol qarshisida Bilol o‘tirar, sigaret tutatgancha bar tarafdan, ofitsantkalardan ko‘z uzmasdi. Ora-orada norozi bosh chayqagancha yer chiza boshlardi.

Nafisaning ko‘ngli g‘ashlanib, so‘nggi bor u tomon qarab oldi-yu, xonaga kirish o‘rniga ovqatlar pishiriladigan burchakka yo‘l oldi.

Bosh oshpaz To‘xtasin aka Nafisani ko‘rdi deguncha chopa kelib ikki qo‘li ko‘ksida salom berdi.

— Xo‘sh, To‘xtasin amaki, ishlar beshmi? — majburan bo‘lsa-da, zo‘rma-zo‘raki jilmayib so‘radi Nafisa. — Shikoyat yo‘qmi ishqilib?

— Nafisaxon qizim, bizning kafeda hayotda shikoyat bo‘lmagan, — dedi To‘xtasin oshpaz bosh qashib. — Mana, o‘zingiz bosh bo‘libsiz, nasib bo‘lsa, ishlarimiz bundanam yurishib ketadi endi!

— Xudo xohlasa, — dedi Nafisa yana bir karra Bilol o‘tirgan stol tarafga bosh burib. — Albatta yurishadi. Amaki, sizga bir topshiriq bor.

— Xo‘p bo‘ladi, qizim! Biz xizmatda! Yangi kelgan tovuq go‘shti bor, ozgina jiz-biz qilvoraymi? Agar…

— Yo‘q, shartmas, — dedi Nafisa. — O‘sha jiz-bizingizni qiling-da, hov anavi ustun yonidagi stol qarshisida o‘tirgan odamni ko‘ryapsizmi? O‘shanga obortirib bering! Ha, keyin… To‘xtang!..

Nafisa shosha-pisha sumkachasidan ruchka-qog‘oz oldi-da, qog‘ozga «Osh bo‘lsin!» degan jumlani bitib, bosh oshpazga uzatdi. — Mana shuni non solingan idishga joylab qo‘yasiz. Ha, yoniga bardan yuz gramm ichkilik ham qo‘shtiring. Men Tilash akaga tayinlab qo‘yaman!.. Men… Hozir shoshib turibman. Do‘konlarni aylanib chiqishim kerak. Tez obortiring-da, natijasini tushdan keyin kelganimda aytasiz!

— X-xo‘p bo‘ladi!

— Faqat pulini olmanglar! Mening nomimga yozib qo‘ying!..

* * *
Ish boshida turish qanchalar qiyinligini Nafisa shu yerning o‘zidayoq his eta boshladi. Shoshib turgani yetmagandek, hali unisi, hali bunisi kelib muammolardan so‘z ochar, ba’zilariga ne javob berishni ham bila olmay, halak bo‘ldi. Biroq afsuslanmadi, jahli chiqmadi. Jig‘ibiyron bo‘lmadi. Aksincha, unga ta’zim bajo aylagan holda yaqin kelishlari, qo‘l ostida shunday tarbiyali, madaniyatli, xush fe’lli odamlar ishlayotganidan faxrlandi. Shu ko‘yi do‘kon aylanishni ham keyinroqqa surib, xonasiga kirdi.

Kirdi-yu, o‘tirishga shoshilmay, xonani birma-bir ko‘zdan o‘tkaza boshladi. Stol ustidan joy olgan onasining suratiga tikildi.

Bu suratda Nasiba ancha yosh, barkamol edi. Lekin baribir jilmayishi so‘lg‘in tus olgandi.

— Oyijonim o‘zimning, — deya ovoz chiqarib qo‘liga suratni oldi-da, qayta-qayta o‘pdi. — O‘zimning keng fe’lli, metin irodali oyijonimdan o‘rgilay! Men ajoyib onaning farzandiman-da! Xudoyim, o‘zingga shukr! Meni shu ayol dunyoga keltirishini amr qilganing uchun o‘zingga beadad shukr!..

O‘z gaplaridan ko‘ngli bo‘shab Nafisaning ko‘zlariga yosh qo‘ndi.

Yana otasi Bilol ko‘z o‘ngida gavdalandi. U xayolida jonlandi deguncha sal qursa zalga chiqib otasini uzoqdan tomosha qilib turgisi kelib ketdi. Biroq o‘zini tiydi. Alammi, armonmi, yo‘l bermadi.

Ko‘z yoshlarini dastro‘molchasiga arta-arta, yumshoq kursiga cho‘kdi.

Shu tobda xona eshigi bir necha marta bezovta taqillab, barmen Tilash ichkariga kirdi.

Kirdi-yu, darrov eshikni yopib, o‘ng‘aysizlangancha bir joyda turib qoldi.

— Ha, Tilash aka, tinchlikmi? — uning tusi o‘zgarganini ko‘rib, Nafisa ham dast o‘rnidan qo‘zg‘aldi. — Nima bo‘ldi? Nega rangingiz oqarib ketdi?

— Anavi… Haligi… Prokuraturadan bittasi kepti, — dedi Tilash tutila-tutila.

— Prokuraturadan? Nima ishi borakan?

— E, singlim, ularning nimayam ishi bo‘lardi? Biznes sizga o‘tganini quloqma-quloq eshitgan bo‘lsa, zipillagan-da darrov!

— Menga o‘tsa nima qipti?

Nafisa hammasini anglab ulgurgandi. Prokurorning niyati ham unga ayon edi. Ammo sir boy bermay, Tilashni atayin savolga tutdi.

— O‘sha yerning o‘zidan kuzatvora qolmabsizlar-da! Qani mudir? Rahim aka qayoqqa gumdoon bo‘lgan? Nega men kelganimda shu yerda turmaydi?

— Rahim aka bozorga tushib ketuvdi, — dedi Tilash qo‘rquv aralash Nafisaga yer ostidan boqib. — Masalliqlar tugay deb qolgan ekan. Shularni…

— Bo‘pti, — uning gapini kesdi Nafisa. — Prokurorni chaqiring buyoqqa!

— Xo‘p bo‘ladi!

Tilash shu gapdan keyin sal yengil tortgan ko‘yi yuziga qizil yugurib, tashqariga yo‘naldi. — Hozir boshlab kelaman!

* * *
Nafisa hali ko‘zi bilan ko‘rmagan bo‘lsa-da, prokurorning kimligini allaqachon bilib ulgurgandi.

Ha, o‘sha itsifatning qarshisida onasi, jondan aziz volidasi dag‘-dag‘ titraganlarini ko‘rgan. Chunki prokuror uning boshiga malomat toshlarini yog‘dirishdan tiyila olmagan. Melisa, SES, soliq va shu kabi tashkilotlarni yo‘rig‘iga solib, onasining qonini ichgan. Katta-katta ulush olgan. Ayol tadbirkorning qo‘lidan pul olayotganda ham bir tuki seskanmagan.

«Men Nasiba onam emasman, — ko‘nglidan o‘tkazdi u. — Sendaqalarminan dangaliga gaplasha olaman. Oyimni ulushingni bersayam sotishni mo‘ljallaganlaringga tek qarab turmayman. Joningni sug‘urvolaman, olchoqlar! Hali mening sovunimga kir yuvmabsan!..»

Hali xayollarini bir nuqtaga jamlab ulgurmay, xona eshigi ohista taqilladi. Keyin ochildi va ostonada o‘rta bo‘yli, semirganidan baqbaqasi iyagidan pastroqqa osilib tushayozgan, yupqa lablari uchib-uchib turuvchi qirq yosh atrofidagi bashang kiyingan erkak paydo bo‘ldi. Nafisa uni juda yaxshi tanirdi. Onasi bilan do‘konlarni aylanib yurgan vaqtlarida nuqul qarshilaridan chiqar, Nasibaning siqib suvini ichardi. To ulushini bermaguncha ko‘z ochishga qo‘ymasdi.

— Mumkinmi? — yo‘liga ruxsat so‘ragan bo‘ldi prokuror.

— Kiravering! Keling, o‘tiring! — Nafisa stol qarshisidan joy ko‘rsatdi. — Siz… Kim bo‘lasiz, amaki?..

Aftidan bu savoli yoqmadi shekilli, prokurorning yupqa lablari tezroq ucha boshladi.

— Men shahar prokuraturasi xodimi Asilbek Azizov bo‘laman! — dedi qaddini g‘oz tutib prokuror. Shu asnoda aftini bujmaytirib, noroziligini oshkor etgan bo‘ldi.

— Tanidim, — dedi atayin Nafisa sir boy bermay. — Adashmasam, bizning tomonlarga birinchi kelishingizmas! Topdimmi?

— Topdingiz, — dedi Azizov ko‘rsatilgan kursiga cho‘kib. — Nasibaxonning qizlarisiz-ku! To‘g‘rimi?

— To‘g‘ri. Xo‘sh, qaysi shamollar uchirdi?

— Shamol-ku uchirgani yo‘q, — shoshilmay gap boshladi prokuror. — Lokigin kafengizda tartib qolmabdi! Nima, SES anchadan beri qadam bosmaganmidi bu yerga? Xodimlar, bosh oshpazingizning ishiga razm soldim. Umuman talabga javob bermaydi. Bunaqada mijozlar kasalga chalinishi mumkin-ku, singlim! Hatto, derazalar tokchalari, oynalar ham xuddi ming yildan beri nam latta ko‘rmaganday kirlanib yotibdi.

— Muddaongiz nima o‘zi? — gapni kalta qilishga urindi Nafisa. — Men oyim emasman. Dangaliga gaplashishni yaxshi ko‘raman. Aytavering dardingizni!

— Shunaqami? — birdan sergak tortdi Azizov. — Juda yaxshi-i! Tushungan odamning sadag‘asi ketsang arziydi. Xo‘-o‘sh, unda eshiting. Birinchidan, kafengizning o‘zida bir dunyo kamchilik bor. Tag‘inam hali hisob-kitob ishlaringizminan qiziqqanim yo‘q. Agar kovlashtirsam, u yerdanam bir dunyo kamomat topaman. Ikkinchidan, kuni kecha shu yerda mushtlashuv bo‘pti deb eshitdim. Aytishlaricha, kafega kirib kelgan mijozlarni do‘pposlab haydaganmishsiz. Agar yomonlikka olsam, melisa bosardi kafeni. Lekin bu ishgayam ko‘z yumib turibman!

— Menga qarang, amaki, — dedi Nafisa toqati toq bo‘lib. — Muddaoga o‘taylik.

— U holda menga har oyda ulush berib turasiz. Evaziga sizni yomon ko‘zlardan himoya qilaman. Ma’qulmi, yo…

— Xo‘sh, qancha so‘raysiz?

— Oyiga besh mingdan ko‘kida.

— Shu xolosmi? — prokurorga qattiqroq tikilib so‘radi Nafisa. — Yo kami bormi hali?

— Bu oy uchun hozir berasiz. Qolgan gaplarni yo‘l-yo‘lakay gaplashaveramiz.

— Shunaqami? Yaxshi, hozir… Agar malol kelmasa, tashqariga chiqib tursangiz! Men tadorigimni ko‘rib oldingizga chiqaman! Maylimi?

— Albatta, singlim, albatta!..

Prokuror ish bu qadar oson ko‘chayotganidan quvonib ketdimi, yasama mulozamat bilan qo‘lini ko‘ksiga qo‘ygancha xonani tark etdi.

* * *
Yolg‘iz qolgach, Nafisa istamaygina temir qutini ochdi. Ichkaridagi pullardan keragini oldi-da, qutini yana qulflab, kursiga cho‘kdi.

— Olchoq, haromxo‘rlar, — deya qarg‘andi boshini changallab. — Hali bu boshlanishi bo‘lsa kerak. Biroq bu prokuror kimligimni bilmaskan. Ha-a, qaydanam bilsin!?. Oyim sho‘rlikning qo‘rqoqligi, soddaligidan foydalanib, rosa «sog‘ib» ichishgan-da ko‘plashib. Men bo‘lsam, unaqangi qo‘rqoqlardan emasman. Hozir chiqaman-u, qo‘liga mana shu sassiq pullar solingan konvertni tutqazaman. Ichini ochmaydi. Darrov kissaga uradi-yu, jo‘nab qoladi. Lekin…

Nafisa tezda kompyuterni yoqdi-yu, qo‘lidagi smartfonni sim orqali uladi. Keyin kerakli faylni ko‘chirib olib, fleshkaga jo‘natdi. Ishi bitgach, kompyuterni o‘chirdi.

— Mana shu fleshkani ish joyiga borgach, ko‘radi-yu, paytavasiga qurt tushadi. Qo‘rqmay ham bo‘pti! Amalidan ayrilish, buyam kamdek qamalish kimgayam yoqardi. Manaman degan zo‘riyam tipirchilab qoladi…

Nafisa qo‘liga oppoq qog‘oz oldi va shunday jumlalarni bitdi:

«Bu fleshkani ochib ichidagini o‘qib ko‘rishingizni so‘rayman. Faqat behuda chiranmang! Asl nusxasi mening o‘zimda. Yaxshi qoling, amaki!..»

* * *
Nafisa prokurorni kuzatib qo‘ygandan keyin ham ketishga shoshilmadi. Negaki, bilardi, u albatta qaytadi. Ammo bir o‘zi emas, yonida hamtovoqlari bilan qaytadi. Xo‘sh, nima bo‘pti qaytsa? Qo‘rqadi. Baribir qo‘rqib qoladi. Hoynahoy, qonunni pesh qilishga o‘tib olsa kerak. Lekin Nafisa qonunni suv qilib ichib yuborganidan bexabar. Yuziga moddalarni aytib-aytib tashlagach, tinchlanadi…

Shu ko‘yi kafeda juda uzoq vaqt qolib ketdi…

Prokuror negadir qayta qolmadi…

Qosh ham qoraya boshladi. Bu orada do‘konlaridan ish yurituvchilar bir necha martalab qo‘ng‘iroq qilishdi ham. Oxiri toqati toq bo‘ldi.

«Kelishga qo‘rqqan bo‘lsa kerak, qo‘ng‘iroq qiladi baribir», degan xayolda qo‘liga sumkachasini oldi-yu, zalga chiqdi.

Kafe ichkarisida mizozlar deyarli qolmabdi.

Faqat hov o‘sha ustun ortidagi stol qarshisida Bilol o‘tirar, qo‘lida Nafisa ovqatga qo‘shib berib yuborgan qog‘ozni aylantirgancha u tomondan ko‘z uzmas, ko‘zlaridan duv-duv yosh quyilardi.

«Voy xudoyim-ey, — otasiga uzoqdan ma’yus tikilgancha ich-etini yerdi Nafisa. — Munchayam shafqatsiz bo‘lmasa bu dunyo, xudoyim? Nega shu bandangga azob beraverasan? Gunohlari badalini to‘lab bo‘ldi-ku! Rahmini yesang bo‘lmaydimi? Yo o‘lsa, tuproq qa’riga kirsa bas qilasanmi qiynoqlaringni? Shu odam o‘lganiminan qaro yer to‘yib qolmaydi-ku!.. Nima qipti asl holiga qaytsa? Boshqalarga o‘xshab xorlanmasdan, xotirjam, qorni ovqatga to‘yib, yorug‘ dunyodan lazzat topib yashasa bo‘lmaydimi? Shunchalar beshafqatmisan, xudoyim?..»

Shularni ko‘nglidan kechirarkan, beixtiyor Nafisaning o‘pkasi to‘lib keldi. Lekin yig‘lashga ulgurmay qoldi.

Daf’atan kafening kirish eshigi sharaqlab ochildi-yu, ichkariga o‘n chog‘li, bo‘yi naq ikki metrli, ashang kiyingan erkaklar kirib keldi…

Nafisa hech narsaga fahmi yetmay, bir ularga, bir ustun ortidagi stol qarshisida hanuz o‘ziga tikilib qolgan Bilolga qaradi.

Bu orada erkaklar yaqin kelib uni o‘rab oldi.
(davomi bor)

Manba: Hordiq.uz

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Hayot uchun » Bir kechalik kelinchak… (26-qism. Uchinchi fasl)