07:31 / 08.12.2018
5 033

Olimlar bolalarning dunyoga kelish ketma-ketligi ularning fe’l-atvoriga ta’sir qilishini aniqlashdi

Olimlar bolalarning dunyoga kelish ketma-ketligi ularning fe’l-atvoriga ta’sir qilishini aniqlashdi
Quyidagi maqolada muallif oilada tug‘iladigan farzandlarning fe’l-atvori, shaxsiyatining shakllanishiga sabab bo‘luvchi omillardan birini o‘rgangan tadqiqot natijalari bilan o‘rtoqlashadi. Shu bilan birga mazkur tadqiqot ota-onalarga farzandini tushunishlarida katta yordam bo‘lishini ta’kidlaydi.

Oiladagi yolg‘iz yoki eng katta farzandlar odatda ijodkorlikka moyil bo‘ladi.

Bir oilada, bir ota-ona qaramog‘ida va hatto bir xil sharoitda yashagan bolalar ulg‘ayganida bir-birlaridan butunlay farq qiladigan inson bo‘lib voyaga yetadilar.

Oilada to‘ng‘ich farzand ota-onalarning "o‘ng qo‘li" hisoblanadi. Kattalar u bilan maslahatlashishadi, uning fikrini inobatga olishadi. Shuning uchun u aql-idrokli va mas’uliyatli bo‘lib voyaga yetadi. Shuningdek, konservativ qarashlarga amal qiladi.

O‘rtancha farzand esa o‘zini ota-ona mehridan ajratilgandek sezadi va har doim e’tiborga muhtoj bo‘ladi. Shuningdek, katta farzandlardan o‘tib ketishga harakat qiladi va isyonkor bo‘ladi. Eng kichik farzand esa ko‘proq e’tibor va mehr oluvchi hammaning erkatoyi bo‘ladi va shu sababli xotirjam, quvnoq va kreativlikka moyil bo‘lib o‘sadi.

Frankfurt amaliy fanlar universiteti qoshidagi demografik o‘zgarishlarni o‘rganish Ilmiy-tadqiqot instituti (FZDW) sotsiolog-olimlari bolalar dunyoga kelishining ketma-ketligi ularning shaxsiyati shakllanishiga qanday ta’sir qilishini aniqlashdi. Bu haqda "Deutsche Welle" xabar beradi.

Frankfut olimlari tomonidan o‘tkazilgan uzoq muddatli tadqiqot 2013 yilda boshlangan. Bir guruh o‘smirlar guruhi – Germaniyadagi 150 ta maktabdan bo‘lgan 10 ming atrofidagi taxminan bir xil yoshdagi o‘quvchilar kuzatuv ostiga olingan. Loyihaning asosiy maqsadi maktabda (maktab hovlisida, jismoniy tarbiya darslarida, maktabdan uyga qaytayotganda) o‘quvchilarning shikastlanish bilan tugovchi baxtsiz hodisalarga qanchalik ko‘p uchrashini, nima sababli ayrim bolalar boshqalariga nisbatan ko‘proq shikastlanishini aniqlash bo‘lgan. Loyiha doirasida o‘quvchilarda doimiy so‘rovnoma o‘tkazib kelingan. Unda bola oxirgi 12 oy davomida qanday jarohatlanishlarni boshdan kechirgani, sport ularning hayotida qanday o‘rin tutishi, ularning ovqatlanish tartibi, ota-onalari bilan munosabati, yashash sharoiti so‘ralgan.

“Dastlab biz nechanchi farzand bo‘lib tug‘ilish odamning fe’l-atvoriga ta’sir ko‘rsatishi ustida ishlamadik. Biroq tadqiqot davomida bu jihatga ham e’tibor berishni boshladik. Qolaversa, bu masala olimlar tomonidan anchadan beri muhokama qilinmoqda”, – deydi tadqiqot mualliflaridan biri Sven Shtadtmyuller. – Ko‘plab tadqiqotlar o‘tkazilgan, biroq ular butunlay boshqacha natija bergan".

So‘nggi o‘quv yilida o‘tkazilgan so‘rovnoma davomida frankfurtlik olimlar yettinchi sinfda o‘qiyotgan tadqiqot ishtirokchilari orasidan aka-uka va opa-singillari borlarning shaxsiy xususiyatlariga alohida e’tibor berishni boshladilar.

So‘rovnomada boshqa savollar bilan bir qatorda ularning nechta singil va ukalari borligi, muhim masalalarni ota-onalari bilan muhokama qilishi qanchalik osonligi so‘ralgan. Olingan ma’lumotlar o‘rganib chiqilgach, inson fe’l-atvori va shaxsiy fazilatlariga uning oilada nechanchi farzand ekanligi ma’lum darajada ta’sir ko‘rsatadi, degan xulosaga kelindi.

Ma’lum bo‘lishicha, oiladagi yolg‘iz yoki to‘ng‘ich farzand xarakteri katta va kichik farzandlar o‘rtasida arosatda qolgan o‘rtancha farzandga nisbatan ko‘p xollarda bosiqroq, boshqalar bilan tez chiqishib ketadigan, g‘amxo‘r, ota-onasiga yaqinroq, shuningdek, ijodkorlikka moyil bo‘ladi. “To‘ng‘ich farzandlar ko‘pincha ota-onalarning "o‘ng qo‘li" vazifasini bajarsa, o‘rtancha farzandlarga bu ishlarni yoshi kichikligi sababli ishonib topshirilmasligi ko‘p hollarda ulardagi o‘ziga bo‘lgan ishonchning kamayishiga, qaysar va omadsiz bo‘lishiga sabab bo‘ladi”, deydi Sven Shtadtmyuller.

Uning aytishicha, oiladagi kenja farzandning ahvoli yanada qiyinroq. Odatda uni oilada eng kichigi bo‘lish qoniqtirmaydi. U boshqalarning o‘ziga enagalik qilmasdan, kattalar qatorida qabul qilishlarini xohlaydi. Bunday bolalarning fe’l-atvori turg‘un bo‘lmaydi, ular qiziqqon, doim o‘zini namoyon qilishga, boshqalarga qarshi ish tutishga harakat qiladigan bo‘ladilar. Bunda uning qiz yoki o‘g‘il bola ekanligi farqsiz.

FZDW tadqiqoti ona-onalarga asqotishi mumkin. O‘z farzandlarini yaxshiroq tushunishlari va ular bilan iliq munosabatda bo‘lishlari uchun psixologiyadan xabardor bo‘lish ancha yordam beradi. Frankfurt universiteti olimlari ushbu loyiha ustida ishlashni 2020 yilning oxirigacha davom ettiradi, bu esa oldinga yana kutilmagan yangiliklar ochilishidan dalolat beradi.
Yelizaveta Alekseyeva

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Hayot uchun » Olimlar bolalarning dunyoga kelish ketma-ketligi ularning fe’l-atvoriga ta’sir qilishini aniqlashdi