09:09 / 01.01.2019
4 984

Rasulullohning Abu Dardoga 9 nasihati

Rasulullohning Abu Dardoga 9 nasihati
Asli madinalik, Abu Dardo kunyasi bilan tanilgan sahoba Uvaymir ibn Molik roziyallohu anhu johiliyatdagi do‘sti Abdulloh ibn Ravvohaning da’vati bilan Badr jangidan keyinroq musulmon bo‘lgan. Ilgari tojirlik bilan shug‘ullangan Abu Dardo Islomga kirgach hayotini tubdan o‘zgartirib yubordi. Ilm tahsiliga sho‘ng‘ib ketdi. Hazrati Umar roziyallohu anhu davrida Damashqda muallimlik qildi. Shu zot Rasululloh sollallohu alayhi va sallamdan olgan juda foydali sabog‘ini keyingi ummatga quyidagicha yetkazadi:

Menga Rasululloh sollallohu alayhi va sallam to‘qqiz narsani nasihat qildilar:
1. Allohga hech bir narsani aslo sherik qilma! Agarki qiyma-qiyma qilinsang ham, yoki olovda kuydirilsang ham.
2. Hargiz farz namozni qasddan tark qilma! Chunki farz namozni kim qasddan tark etsa, Allohning zimmasidan mahrum bo‘ladi.
3. Aslo xamr ichma! Chunki u barcha yomonliklarning kalitidir.
4. Ota-onangga itoat qil! Agarki ular dunyoingdan chiqib ketishga buyursalar, ular uchun chiqib ket.
5. Ishboshilar bilan mansab talashma! Agarki o‘zingni o‘sha lavozimga loyiq bilsang ham.
6. Jangdan orqa qilib qochma! Agarki halok bo‘lsang yo do‘stlaring tashlab qochgan bo‘lsa ham.
7. Topganingdan ahlingga nafaqa ber!
8. Asoingni ahlingga ko‘tarma!
9. Ahlingni Allohdan qo‘rqit! (Buxoriy va Ibn Moja rivoyati. Sahih).

Izoh: Bu nasihatlar garchi Abu Dardo roziyallohu anhuning o‘ziga aytilgan bo‘lsada, aslida Rasulullohning Abu Dardoga omonati ham edi. U bu saboqlarni keyingi avlodga yetkazish majburiyatini ham olgan edi. Ha, Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning bu nasihatlari nafaqat Abu Dardoga balki, butun ummatga tegishli edi. Bu saboqlar aslida hayot dasturimizning muhim bandlaridan desak, yana ham to‘g‘ri bo‘ladi. Bu nasihatlar ayniqsa, taqvo va diyonatdan yiroqlashgan bugungi kunimiz uchun o‘ta zarurdir. Holimizni isloh qilish uchun uni tezlik bilan amalda qo‘llashimiz lozim bo‘ladi. Payg‘ambarimiz birinchi bo‘lib eng zarur masaladan so‘z boshladilar:

1. Allohga hech bir narsani aslo sherik qilma! Agarki qiyma-qiyma qilinsang ham, yoki olovda kuydirilsang ham.
Gunohlar ichida eng ulkan va dahshatlisi bu – shirkdir. O‘shaning uchun ham hadisda mubolag‘a uslubi bilan hatto go‘shtingni qiyma qilib chopishsa ham, yoki olovda kuydirib jizg‘anak qilmoqchi bo‘lsalar ham qalbingdagi tavhiddan voz kechmagin, deb uqtirilmoqda. Iymonning joyi qalb bo‘lgani kabi, shirkning o‘rni ham qalbda bo‘ladi. Mo‘min o‘z jonini saqlab qolish uchun zarur holatlarda faqat tilida kufr so‘zlarini aytishi mumkin. Ammo o‘sha so‘zga qalbida ishonishi, e’tiqod qilishi hargiz mumkin emas.

2. Hargiz farz namozni qasddan tark qilma! Chunki farz namozni kim qasddan tark etsa, Allohning zimmasidan mahrum bo‘ladi.
Namoz Islomning besh ruknidan ikkinchisidir. Birinchi rukn iymon, undan keyingi eng muhim ibodat namozdir. Namozni qasddan tark etuvchilar ikki xil bo‘ladi: farzligini inkor etib tark etuvchilar; farzligini tan olgan holda dangasalik bilan tark etuvchilar. Birinchi toifa, ya’ni namozning farzligini tan olmaganlar musulmon hisob etilmaydi. Ammo, namozni farzligiga ishonib, yalqovlik bilan o‘qimasdan yurganlar kofir deyilmaydi. Lekin katta gunoh sohibi bo‘lishadi. Har bir banda bilan Alloh orasida ahd bo‘ladi. Allohga itoat etuvchi bandalarni Alloh turli balolardan saqlab turadi. Namozni qasddan tark etganlar bilan o‘sha ahdnoma buziladi. Biror baloga giriftor bo‘lsa, bandaning o‘zi aybdor bo‘ladi.

3. Aslo xamr ichma! Chunki u barcha yomonliklarning kalitidir.
Hadisda keltirilgan bu band isbot talab etmaydigan haqiqatdir. Xamrxo‘rdan har baloni kutish mumkin. Mast kishi jinoyatni tanlab o‘tirmaydi, ko‘ngli tusagan turiga qo‘l uraveradi. O‘shaning uchun ham Rasululloh xamr jamiki yomonliklar eshigini ochib beruvchi kalit misoli deganlar.

4. Ota-onagga itoat qil! Agar ular dunyoingdan chiqib ketishga buyursalar, ular uchun chiqib ket.
Islom ota-ona bilan farzand orasidagi munosabatlarga jiddiy e’tibor beradi. Ota-onaga itoat farzandning ham farzandlik ham mo‘minlik burchidir. Bu dinimiz talabi. Farzand ota-onasining roziligini topib jannatiy bo‘ladi. Ota-onaga oq bo‘lish esa oxiratni barbod qiladi. Bir hadisda gunohlar ichida ikki gunoh bor. Jazosi bu dunyoda ham beriladi, oxiratda ham beriladi, deyilgan. U ikki gunoh: bog‘iylik va qarindoshlik rishtasini uzmoq. Ota-ona bilan aloqani uzib qo‘ymoq, qarindoshlik rishtasini uzganlar ro‘yxatining birinchisida turadi.

5. Ishboshilar bilan mansab talashma! Agarki o‘zingni o‘sha lavozimga loyiq bilsang ham.
Xalqimizda ajoyib bir naql bor: “Xizr nazar qilmasa eshshak bozoriga dallol bo‘lolmaysan!”. Bu nima degani? Bu – har bir lavozim Allohning xohishi va tanlovi bilan bo‘ladi, degani. Mo‘min-musulmon kishi Allohning taqsimiga rozi bo‘lishi kerak. Rahbariga itoatli bo‘lishi shart. Rahbar kim va qanday odam bo‘lishidan qat’i nazar, ochiqcha ma’siyatga buyurmasa unga bo‘ysuniladi. Xodim o‘zini o‘sha lavozimga loyiq ko‘rsa ham, baribir mansab talashishi shar’an joiz bo‘lmaydi. Imom Navaviy aytgan ekan: boshliq bilan talashmanglar, e’tiroz ham bildirmanglar. Lekin Islom qoidalarini ochiqchasiga buzib munkar ishlarni qilsa, obro‘sini to‘kmasdan, yolg‘iz o‘ziga haqni ayting!

6. Jangdan orqa qilib qochma! Agarki halok bo‘lsang yo do‘stlaring tashlab qochgan bo‘lsa ham.
Vatan, millat, xalq va din himoyasi uchun bo‘lgan janglarda dushmanga qarshi turish har bir mo‘min musulmon erkakning ham mo‘minlik va rijollik vazifasidir! Vatanni o‘z holiga tashlab qochib qolmoq haromdir!

7. Topganingdan ahlingga nafaqa ber!
Mo‘min musulmon kishi imkoniyatidan kelib chiqib qaramog‘idagilarning nafaqa ta’minotini vaqtida qilishi kerak.

8. Asoingni ahlingga ko‘tarma!
Er xotinini, muallim o‘quvchini, ustoz shogirdini yo‘rig‘iga yurgizish maqsadida kaltaklashi aslo kutilgan natijani bermaydi. Aksincha, teskari natija berishi mumkin. Kaltak yegan odam ko‘pincha alamzada bo‘ladi va jo‘rttaga aksini qiladi. Shuning uchun ham tarbiya shirin gap va hikmat bilan bo‘lishi kerak.

9. Ahlingni Allohdan qo‘rqit!
Ta’lim tarbiya ishlarida va’z-nasihat, Allohning amriga xilof qilishning ayanchli oqibatlari haqida eslatmalar berish kerak.
Avazbek MO‘MINOV,
Andijon shahar “Chinor” jome’ masjid imom xatibi

Manba: Azon.uz

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Hayot uchun » Rasulullohning Abu Dardoga 9 nasihati