23:02 / 19.01.2019
5 572

Tanazzul

Tanazzul
Musulmonlar Islom ilm va ma’rifati gullagan davrda butun jahonga ustoz bo‘ldilar. Zero Parvadigori olamning ilk nozil qilgan oyati “O‘qi” oyati edi. Bu oyat Rasulullohga nozil bo‘lgan bo‘lsada qiyomat kunigacha keladigan musulmonlarga ilm izlashga bo‘lgan ilohiy hukmdir. Alloh taoloning roziligini topish uchun omma musulmonlar o‘zlarini ilmga urdilar. Tog‘u toshda o‘sgan o‘qish va yozish nimaligini bilmaydigan Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Islom ummatini ilm o‘qishga buyurdilar. Ilmni beshikdan lahadga kirguncha, o‘lim kelguncha o‘rganishga buyurdilar. Alloh taoloning hukmiga itoatli, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamni sevgan musulmonlar ilmda dunyoga ustoz bo‘ldilar.

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Mo‘min ilm istashdan to‘ymaydi, toki jannatga kirmaguncha”, dedilar.

Salafi solihlardan: “Qachongacha ilm izlaysizlar?”, deb so‘raganlarida, “O‘lguncha” javobini berganlar. Muhammad ibn Ismoil as-Sovrag‘: “Men otam bilan zargarlik qilar edim. Bir kuni Imom Ahmad ibn Hanbal ikki kalishini ikki qo‘liga olib, yugurgancha bizning oldimizdan o‘tdilar. Otam uning etagidan tutib: “Ey, Ahmad! Hayo qilmaysanmi, qachongacha tolibi ilmlar bilan ilm talabida yugurasan?”, dedi. Imom Ahmad: “O‘lgunimcha!”, deb javob berdi.

Shunday ulug‘ mazhab sohibi umrim o‘tib ketmasin, o‘lim kelib qolmasidan ilm o‘rgatib, ilm o‘rganay deb tolibi ilmlar bilan ilm dargohiga yugurgan bo‘lsalar. Biz nima qilyapmiz? Bir kunlik umrimizning necha daqiqasini ilmga ajratdik. Bizga oliy maqom jannat kerak emasmi?

Oxirgi vaqtlarda odamlar ilmni qo‘yib dunyo quvdilar. Boy va amaldorlar ilm dargohlariga sarmoya ajratishmasdan ayshu ishratga berildilar. Dunyo tamaddunidan ortda qolib, manmanlik otiga mindilar va saxovatni unutdilar. Ahli ilm riyoga botdi. Natijada ilm ko‘tarildi. G‘ayridinlar ilmda o‘zib ketdilar. Musulmon boy, amaldor va ahli ilmni qirib tashladilar. Islom va musulmonlarni ilmsizlik, johillikda aybladilar. Islomni yomon otliq qildilar. Vaholanki, birinchi tushgan vahiy “O‘qi” oyati emasmidi. “’allama bil qolam” U qalam bilan ilm o‘rgatgandir, deb o‘qish va yozishga buyurgan birinchi oyatlar nozil bo‘lmadimi? Yuksalish ilm, o‘qish va yozish bilan ekaniga Alloh taolo buyurmadimi? Dunyo ilmsizlik botqog‘iga botib, chirib yotganda butun jahonga musulmonlar madaniyat, ilm, o‘qish va yozishni o‘rgatmadimi? Nega unda ortda qolib ketdik?

Johil rahbarlar ajdodlarimiz ilmlariga soya solib, to‘siq bo‘lishdi. Ilm ahliga sharoit yaratish o‘rniga ularni qiytardilar va musulmonlar ortda qolib ketishdi. Bugungi kunga kelib kitob o‘qimaslik ortidan kelib chiqayotgan muammolar, ilmsizlik va iymonsizlik bois odamlar nafsiga qul bo‘lishiga guvoh bo‘lmoqdamiz. Agar ajdodlarimiz kabi Alloh uchun ilm o‘rganib, ilm o‘rgatmasak, nafsimizni jilovlamasak, qo‘limizda bo‘lgan musulmonlik va Islom aqidasini yo‘qotib qo‘yishimiz hech gap emas. Chunki bugun asl iymon va sof ilmni bilmasligimiz boisi zino, hayosizlik, o‘g‘rilik, pora va shu kabi o‘nlab gunohlar botqog‘iga botdik. Bugun o‘zimizni o‘nglamasak, kitob o‘qish, yozish, ma’rifat sari intilmasak juda ko‘p narsani qo‘ldan boy berishimiz aniq. Olomon madaniyati jahonni egallayotgan davrda, unga aralashib aslimiz, musulmonligimizni yo‘qotishimiz hech gap emas. Shu bois Alloh taoloning roziligi va jannatini istab jon omonatini topshirguncha ilm izlaylik. O‘tgan salafi solihlar yo‘lini tutaylik shunda najot topamiz, sof din va millatimizni saqlab qolamiz.
Shermurod TOG‘AY

Manba: Azon.uz

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Hayot uchun » Tanazzul