1. Dangasalik. Agar O‘zingiz va boshqalarning hayotini kuzatsangiz, bir narsaga amin bo‘lasizki, ilm olishda bo‘lsin, tijorat qilishda bo‘lsin - dunyo va oxiratning har qanday ishlarida kishi aksar hollarda ikki sababdan muvaffaqiyatsizlikka - baxtsizlikka uchraydi:
Dangasalik: Prioritetlarni to‘g‘ri belgilay olmaslik.
Agar mana shu ikki muammoni hal qila olsangiz, yo‘lingizda bundan boshqa muammolar ham uchrashi tabiiy. Biroq insoniyatning aksarini mag‘lub qilgan eng asosiy to‘siqlardan o‘tib olgan va g‘alabaga ancha yaqin kelgan bo‘lasiz.
Keling, shu ikki muammoni o‘rganib, unga muolaja qidirib ko‘ramiz.
Dangasalik shunday baloki, u sizga nafaqat bu dunyoda, balki oxiratda ham ko‘plab yomonliklar olib kelishi mumkin.
Hayotingiz davomida uchratgan kishilaringizning deyarli aksari arab, ingliz, yapon, nemis kabi xorijiy tillarni o‘rganishga urin(ayot)gan yoki masalan, Qur’on yodlamoqchi harakat qilib yurgan bo‘ladi-da, biroq ko‘pincha maqsadlariga erisha olmaydi. Muvaffaqiyatsizliklari sababi o‘rganish-yodlashga qodir emasliklaridami? Aslo! Zero, kimdir 10 marta, kimdir 100 marta, kimdir 300 marta, kimdir 1000 marta takrorlab, oxiri baribir yodlaydi. Demak, agar takrorlayversa va to‘xtab qolmasa, har qanday odam ham til o‘rganishi yoki Qur’on va boshqa ilmlarni yodlab yuborishi mumkin. Ammo dangasalik kishini to‘xtashga majbur qiladi. Shunga ko‘ra, men ingliz yoki arab tilini o‘rganmoqchi edim, o‘rganolmadim, deyishingiz "men dangasalikka taslim bo‘ldim" deyishingizdir.
Namoz o‘qimaydigan odamlar bilan gaplashsangiz, bilasizki, ularning aksari namoz o‘qish benamozlikdan yaxshiroq ekanini e’tirof etadilar. O‘zlarini namoz o‘qib yurgan kunlari o‘qimay yurgan kunlaridan ko‘ra yaxshiroq, ko‘tarinkiroq, ma’nan yuqoriroq his etganlarini tan oladilar. Namoz o‘qish vojib ekanini biladilar.
Demak, aksar hollarda ularning benamozliklari sababi namozni ijobiy narsa deb qaramasliklari, inkor qilishlari yoki Allohga imon keltirmasliklari emas, balki dangasa ekanliklaridir. Ular tahorat qilish, masjidga borish yoki panaroq joy topib, namozlarini o‘qib olishga eringanlaridangina o‘zlari ezgulik ekanini anglagan ishlaridan mahrum bo‘lib yuradilar. Ba’zida boshqa ishlarni namozdan muhimroq ko‘rishlari ham ular uchun to‘siq bo‘layotgan bo‘lishi mumkin va bu holda muammoning sababi ikkinchi nuqta – prioritetlarni xato belgilashlari bo‘ladi. U haqda boshqa payt yozarman.
Har qanday kasallikni yengishning uch bosqichi bor:
1. Uni tanib, yaxshi bilib olish.
2. Sizda o‘sha kasallik borligini tan olish va undan qutulishni xohlash.
3. Unga qarshi kurash – muolaja.
Xo‘sh, dangasalik nima?
Ko‘pchilik dangasalikni “hech narsa qilmaslik“ deb ta’riflaydi. Bu - xato.
Dangasalik hech narsa qilmaslik emas. Dangasalik - keraksiz yoki foydali bo‘lsa-da, ikkinchi darajali bo‘lgan ishlar bilan mashg‘ul bo‘lishdir.
Masalan, filolog uchun she’r yoki badiiy kitob o‘qish, tarixchi uchun tarixiy asarlarni o‘qish dangasalik bo‘lmasa, doktor (tabib) uchun o‘z sohasiga oid kitoblardan o‘qishga ehtiyoji bo‘lgan bir vaqtda badiiy-tarixiy asarlarni o‘qish dangasalik bo‘lishi mumkin.
Shunga ko‘ra, dangasalik - muhimroq ishlar turganda ikkilamchi yoki umuman keraksiz narsalarga vaqt sarflashdir.
Yuqoridagi qoidadan xulosa qilsak bo‘ladiki, har bir shaxs uchun dangasalik har xil ko‘rinish va shakllarda bo‘ladi. Demak, avvalo o‘zimizning dangasaligimiz qanday ko‘rinishlarda ekanini aniqlab olishimiz kerak.
Masalan:
1. Uxlash (6-7 soatdan ko‘p bo‘lsa).
2. Uzoq ovqatlanish.
3. Befoyda suhbatlashish.
4. Turli o‘yinlar(ayniqsa, kompyuter va PlayStation o‘yinlari).
5. Ijtimoiy tarmoqlarda behuda vaqt sarflash.
6. Xayol surish.
7. Badiiy filmlar va kitoblar, xususan seirallarga ortiqcha vaqt sarflash.
8. Foydali biroq ikkilamchi ishlarga chalg‘ish.
Agar o‘zingizdagi dangasalik ko‘rinishlarini aniqlab ololsangiz, ikki yutuqqa erishibsiz:
1. Sizda ushbu kasallik borligini tan oldingiz.
2. Uning sizdagi ko‘rinishlarini aniqlab oldingiz.
Shundan so‘ng muolajaga o‘tsangiz bo‘ladi. Dangasalikning o‘zimdagi ko‘rinishlari ustidan qozongan ba’zi g‘alabalarimga sabab bo‘lgan bir uslubni sizlar bilan baham ko‘rsam.
1. Duo. Tonggi va tungi zikrlarda:
“Alloh, dangasalikdan panoh so‘rayman“ deb duo qiling.
2. Dangasalikning o‘zingizdagi ko‘rinishlarini ro‘yxat qilib oling. Keyin o‘shalarni qilmaydigan bo‘ling. Har safar o‘zingizni dangasalik bo‘lgan ishlardan birortasini qilayotganingiz holda topganingizda, o‘sha ishdan to‘xtab, xonaning o‘rtasiga borib tik turib oling. 30-40 soniya o‘tmay “bunday turavermayman-ku“ deysiz-da biror foydali ish topib qiladigan bo‘lasiz.
Xulosa: dangasalik harakatsizlik emas, befoyda harakatdir. Agar o‘sha harakatdan to‘xtasangiz, foydalisi uchun bo‘shliq paydo bo‘ladi. Keyin bo‘shliqni prioritetlarni to‘g‘ri belgilash orqali to‘ldirasiz.
Bilingki, birlamchi ishlar turib, ikkilamchilariga chalg‘ish hech narsa qilmaslikdan ham yomonroq bo‘lishi mumkin. Zero, hech narsa qilmayotgan odam foydali ish qilish uchun bo‘shliqqa ega bo‘ladi. Ikkilamchi va foydasi juda oz bo‘lgan ishlarga chalg‘igan odam esa o‘sha ish bilan aldanib, men har qalay shu ishni qilyapman, deb o‘zini adashtirib yuradi.
Shunga bo‘lsa kerak, rivoyat qilishlaricha, Abu Bakr roziyallohu anhu o‘limlaridan oldin qilgan nasihatlarida “Farzlarni qo‘yib, nafllarga aldanmang“ degan ekanlar. Sababi, farz namozlarini o‘qimay, kechasi nafl o‘qiydigan yoki ota-onasiga yaxshilik qilmay, do‘stlariga ziyofat berib yurgan kishilarni iblis shu yaxshi ishlari bilan aldayotgan bo‘ladi. Oqibatda ezgu ishlar ular uchun yomonlikka, farzlardan to‘suvchi halokatga aylanib qoladi.
Xuddi shunday, o‘zining sohasidagi ilmiy kitoblarni o‘qimay, badiiy asarga sho‘ng‘ib yurgan talaba “men foydasiz ish qilmayapman“ deb o‘z-o‘zini aldaydi.
Hasan Basriy aytadilar: “Ey Odam bolasi! Sen sanoqli kunlardan boshqa narsa emassan. Har bir kuning ketgani bir bo‘lagingdan ayrilganingdir. Bir bo‘laging ketgani tamom bo‘lishingga oz qolganidir".
Alloh bizlarga ikki dunyoda yaxshilik bilan esga olinadigan buyuk ishlarga, sarguzashtlarga boy go‘zal hayot kechirishimizni nasib qilsin! Oqibatimizni xayrli qilsin! Tirik murda bo‘lib befarqlikda yashab yurishdan panoh bersin!
Mahmud UCMON
Madina Islom universiteti talabasi
Madina Islom universiteti talabasi
Manba: Azon.uz “Zamin” yangiliklarini “Youtube”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
Gretsiyada minglab odamlar NATOga qarshi namoyish o‘tkazdi
Endi «Doimiy yashash joyiga ro‘yxatga qo‘yish» qulaylashdi (video)
Organizmda qaysi turdagi vitamin yetishmayotganini qanday aniqlash mumkin?
Eron Isroil bilan keng ko‘lamli urushga tayyorligini ma’lum qildi
Bosh kiyimsiz yurishning organizmga qanday ta’siri bor?
100 mln so‘mgacha bo‘lgan kreditlar soddalashtirilgan tartibda ajratiladi
Slovakiya bosh vaziri Putinning taklifini qabul qildi
Germaniya razvedkasi rahbari: “Rossiya yaqin yillarda NATOga hujum qilishi mumkin”