09:36 / 13.02.2019
4 516

Fitratga uyg‘un tarbiya

Fitratga uyg‘un tarbiya
“Ertak-da!” deb beparvolik qilish yaxshi emas. Inson xotirasining eslab qolish va ibrat olishining eng qulay vositalari — hikoyalar va masallar. Qolaversa, bolalar bunday hikoya va masallarni juda yaxshi ko‘radilar. Qayta-qayta eshitsalar ham hayrat bilan tinglayveradilar. Bugun televizor qarshisidan nari ketmayotgan bolalar va ota-onalar, afsuski, madaniyatimiz va tariximizning ertaklar kabi ustozini unutdilar.

Hatto Yaratgan Egam ham hikoyatlar bilan bandalarini to‘g‘ri yo‘lga boshlagan. Muqaddas kitobimiz Qur’oni Karimning sharhini o‘qisangiz, anglaysizki Alloh azza va jaalla ham hikoyat (qissa)lar orqali nasihat qiladi, bandalarini g‘aflat uyqusidan uyg‘otadi. Qur’onda aytib o‘tilgan Payg‘ambarlar qissalari bunga yaqqol misoldir. Muso alayhissalom, Iso alayhissalom, Ibrohim alayhissalom, Ismoil alayhissalom, Nuh alayhissalom va Yusuf alayhissalom qissalarining har birining so‘ngida nasihat, amr va taqiqlar keladi. Hikoyat, masal va ertaklar bilan ta’lim berish, tarbiyalash o‘qitishning ilohiy uslubi hisoblanadi.

Kaltak va tarbiya
Aksariyatimiz bola tarbiyasida ota-onamizdan o‘rganganlarimizga tayanamiz. Ammo taassufki, yuz yildan ko‘proq vaqtdan beri bu jamiyatda noto‘g‘ri “tarbiya” hukmron. Ommaviy madaniyatning eng og‘riqli nuqtasi ham shunda deb o‘ylayman. Bobosi jang maydonlarida toliqqan, otasi qishloqda tug‘ilib-o‘sib o‘qishga imkoni bo‘lmagan bugunning kattalari hayot tashvishlariga bu qadar berilganlarki, hovuchlari orasida bolalarini yo‘qotayotganlarini anglamaydilar ham hatto.

Kaltak jannatdan quvilgan
“Kaltak jannatdan chiqqan” iborasi sharq dunyosi kishilarining ongiga shu qadar singib ketganki, ota-onalar bu jumlani ilohiy so‘zlarni talaffuz etgandek ishlatadilar. “Kaltak jannatdan chiqqan” degan yolg‘onni kim kashf qilib, hayotga tadbiq qilgan bilmayman-ku, ammo yolg‘oniga go‘zal to‘n kiydiribdi. Diniy atama bilan birga qo‘llab, kaltak so‘ziga odamlarning tilini shunchalik o‘rgatib yuborishibdiki, ba’zi oilalarda tarbiya deganda bola sho‘rlik kaltakni tushunadigan bo‘lib qolgan. Lekin hech o‘ylab ko‘rishdimikan, Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam “jannatdan chiqqan” usulni hech qo‘llamaganlar? Rasululloh sollallohu alayhi vasallam hech qachon bolani urmaganlar, hatto baland ovozda, tahdidli tanbeh bermaganlar.

Bolaligimizdan beri yaxshi ko‘rib eshitadiganimiz rivoyatlar bor. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam namoz o‘qiyotganlarida nabiralari Hasan va Husayn (Alloh ulardan rozi bo‘lsin!) u zotning ustilariga chiqib o‘ynaganlar. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam namozlarini ado etayotib, ohista harakatlanar, salom berib namozdan chiqqanlaridan keyin nabiralari bilan biroz o‘ynar edilar. Kaltak jannatdan chiqqan emas, chiqqan bo‘lsa ham kaltak jannatdan quvilgan!

Bolani kaltaklab tarbiyalashga urinayotganlar na tarbiyadan va na islomdan xabardordirlar. Bugunning bobolari namoz o‘qiyotganida orqasiga chiqib olgan nabirasiga qahr qiladi. Namoz o‘qiyotganda oldidan o‘tib ketgan bolaga kesak otish ham to‘g‘ri emas. Masjidda to‘polon qilib o‘ynagan bolalar kattalar tarafidan ozorlanib, masjiddan quvilgani uchun ham bugun jamoatdan uzoqlashgandirlar?

Turkiyalik o‘qituvchi Said Chamlija shunday xotirlaydi:
— O‘rta maktab ta’limiga qadar Germaniyada yashaganman. Boshlang‘ich maktabga borishimdan oldin uyimiz yaqinida cherkov bor edi. Cherkov oldidagi xiyobonda uka-singillarim bilan o‘ynardik. Har yakshanba kuni cherkovda to‘y marosimlari o‘tkazilardi. Kelin-kuyovni nikohlagan cherkov ruhoniysi yonimizga kelib biz bolalarga shokolad berardi. Juda quvonardik bundan. O‘sha paytlarda masjidga borganimizda kichik o‘yinqaroqligimiz tufayli ham masjid ma’murlari urib-so‘kardi. Yillar o‘tib tarbiyachi sifatida cherkov ruhoniysi nega bolalarga shokolad tarqatganini yaxshiroq angladim. Masjidda o‘ynagan bolalarga g‘azab qilgan masjid xodimlarining qilmishi naqadar xato ekaniga talaba do‘stim Botuxonning hikoyalarini eshitib yanada amin bo‘ldim. Boshlang‘ich ta’limni Avstraliyada olgan Botuxonni dadasi Islom dini urf-odatlarini unutmasin deya masjidga yuborib turadi. Yagona farzand bo‘lgani uchun biroz erkatoy bo‘lgan Botuxon masjidda sho‘xlik qiladi va o‘yinqaroqligi uchun masjid imomi uni uradi. Ertasi kuni o‘g‘lining qo‘lidan yetaklab kelgan ota imomdan g‘azablanib: “Domla, mening bolamni urishga qanday ko‘zingiz qiydi? Men unga hatto ovozimni ham balandlatmayman-ku! Bu ishingiz yaxshi emas!”- deydi va Botuxonni boshqa hech qachon masjidga jo‘natmaydi...

Muhtaram ota-ona! Zinhor bolangizni urmang, kaltaklamang! Bolasini kaltaklab “tarbiya”lagan bir qancha ota-onalar bugun mehrga zor, iztirob va nadomatda yashayaptilar. Bolasini urib–so‘kib, go‘dakning mung‘aygan yuziga qarashga yuragi betlamay boshqa xonaga kirib yig‘lagan ota-onalarni bilaman.

Bolani kaltaklash — chorasizlik! Chorasizlik ilmsizlikdandir. Bolangizning o‘yinqaroqligi, sho‘xligi bilan qanday kurashish kerakligini bilmasangiz, ilmsizligingiz alamini bolangizdan olishga haqingiz yo‘q! Kaltak bolani yo surbet qiladi, yoki yolg‘onchi qiladi. Ursang eti, so‘ksang beti qotar, degan gap bejiz emas.
Umida ADIZOVA tayyorladi

Manba: Azon.uz

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Hayot uchun » Fitratga uyg‘un tarbiya