Dildora tadbirda hammani og‘ziga qaratib, yig‘ilganlarga ma’ruza o‘qigan ayol bilan yo‘li bir ekanini bilib biroz dili xira tortdi. Tabiatan odamovi, odamlar bilan tez chiqishib ketolmaydigan Dildora notanish ayol bilan bo‘ladigan savol-javobni xayolan tasavvur qilib, yuragi orqaga tortib ketdi. Ammo ilojsiz edi. Ayol orqasidan tez-tez yurib kelib, jilmaygancha uning qo‘ltig‘idan tutdi:
- Taksida keta qolamizmi, go‘zal qiz?
- Men metroda ketmoqchi bo‘lib turgandim. Ishxonam shundoq metro bekatiga yaqin...
- Unda, yuring, men ham siz bilan metrogacha boraman.
Dildora ichida “Yoshi katta ayol, hartugul, shaxsiy savollari bilan boshimni qotirmasa kerak...” deya o‘yladi. Bu o‘y xayolidan kechib ulgurmay ayol uni savolga tutdi:
- O‘qituvchimisiz?
- Ha...
- Filologiyani bitirganmisiz?
- Ha...
- Nechanchi yili?
- 2001 yil...
- Farzandlaringiz nechta?
Dildoraning yuragi qattiq sanchib, boshiga og‘riq kirdi. Yana o‘sha savol. Yana o‘sha og‘riq. Oxiri yo‘q iztirob. Og‘zi quruqshab, tili so‘zga kelishmay turib qoldi bir muddat. So‘ng arang tilini harakatga keltirib:
- Farzandim yo‘q, - dedi... - Juvonning ko‘zlarida yosh aylanardi bu paytda. Qiziquvchan ayol esa jag‘i-jag‘iga tegmay unga dalda, tasikn so‘zlar gapirar, uning ovozi Dildoraga uzoqdan eshitilayotgandek, gaplarini zo‘rg‘a uzuq-yuluq fahmlardi...
Qiziquvchanlik borasida o‘zbek xalqiga teng keladigan xalq bo‘lmasa kerak dunyoda. Elimizning boshi sog‘ bo‘lsin – o‘ziga ahamiyati bo‘lmagan voqea-hodisani ham ipidan ignasigacha so‘rab surishtirmasa ko‘ngli joyiga tushmaydi. Afsuski, ba’zan o‘zbekchilikka xos bu odatimiz bilan insonlarning dilini og‘ritib qo‘yamiz.
Tap tortmay qavm-qarindosh, tanish-notanishning hayotiga aralashamiz. Ba’zan savollarimiz ohangida so‘rov-istakdan ko‘ra ta’na-malomat ohangi yaqqolroq seziladi.
“... Farzandlaringiz nechta?” Notanish kishiga shu savol bilan murojaat qilishdan oldin ko‘nglingizdan “Balki farzandi bo‘lmasa-chi? Yoki oila qurmagan bo‘lsa-chi? Balki farzandiga biror kor hol bo‘lgandir? Savolim bilan yarasini tirnab qo‘ysam-chi?” degan o‘ylarni kechirganmisiz? Albatta, yo‘q. Lekin savolingiz yarim ko‘ngilni sindirishi, battar cho‘ktirishi, hatto bu qiziquvchanligingiz bilan gunohga botishingiz ham mumkin.
Ayrimlarimiz gapirayotganimizda og‘zimizdan chiqayotgan so‘zlarning tosh-tarozusini chamalamaymiz. Ba’zan o‘ylamay aytilgan so‘z ta’na o‘rniga o‘tib ketishi hech gap emas. Yaqinda shunday holatga guvoh bo‘ldik. Uch-to‘rt kishilik davrada ajrashgan ayollar haqida gap chiqqandi, tanish erkak “Bola bilan erdan chiqqan ayol tuzuk bo‘lardimi? Demak, yaxshi ayol emas ekan-da” deb yubordi. Davradagi ayollardan biriga bu gap malomatday ta’sir qildi.
Hayotda har qanday voqea bo‘ladi. Bola bilan eridan ajrashgan ayollarning hammasi ham yomon emas. Siz mohiyatini o‘ylamay gapirib yubordingiz. Ayol kishi har qanday vaziyatda oilasini asrab qolishga harakat qiladi. Hech qaysi ayol uchun ajrashish eng yaxshi chora emas!..
Garchand ayol ichidagi gaplarini to‘kib-sochgan bo‘lsa-da, o‘ylamay aytilgan gapning xanjari qattiq sanchilgani ayon edi. Men erkakni zimdan kuzatdim. Aftidan u bemavrid aytgan gapidan xijolatda edi. Biroq bu xijolatlik yaralangan qalbning og‘rig‘iga malham bo‘lolmasdi...
Ko‘pchilik bir og‘iz savol yo bir jumla bilan kemtik ko‘ngilni sindirib qo‘yganini sezmay ham qoladi.
Ba’zan sersavol insonlarning qiziquvchanligidan shunchalik bezib ketamanki, jahlim chiqqanida “Senga nima?” deb yuborgim keladi,- deydi tanish qiz.- Sal chehramni ochib gapirsam “Turmushga chiqqanmisiz?” deb so‘rashadi. “Yo‘q” desam, tap tortmay “Voy, nega turmushga chiqmagansiz?” deb, kamiga hamdard qiyofada qarab turishadi. Birovning shaxsiy hayoti bilan boshqalarning nima ishi bor? Ayrimlar o‘z tashvishi qolib, boshqalarning dardu hasratini muhokama qilish bilan umrini sovurib yuboradi...
Ha, juda ajoyib xalqmiz. Tanishmi-notanishmi, qarindoshmi-begonami kim bo‘lishidan qat’iy nazar, hayoti bilan bog‘liq hamma narsani bilgimiz keladi. Turmushga chiqqanmi, farzandlari bormi, eri yoki xotini nima ish qiladi, qaynona-qaynotasi qanday odamlar, maoshi qancha, egnidagi libosi necha pul turadi, taqinchog‘ini qachon qaysi do‘kondan olgan va hokazolar... buni qarangki, shu qiziqishlarimizni ma’naviy dunyoimizni boyitadigan narsalarga, deylik kitob, gazeta yo jurnallarga sarf qilsak, bir -ikki kunga yetgulik emas, ikki dunyoimizga yetgulik ma’lumotlarni olishimiz mumkin. Ammo bizga yuqoridagi odat, ya’ni odamlarning shaxsiy hayotiga qiziqish va aralashish qulayroq. Ajabo, shunchalik pastlab ketganmizmi?..
Mulohazalarimizni aniq bir xulosa bilan yakunlamadik. Chunki bu borada hali aytarimiz ko‘p. Ammo istagimiz, so‘z bilan, so‘rov bilan bir-birimizning ko‘nglimizni zaharlashdan asrasin O‘zi...
Kavsar NUR
Manba: Azon.uz “Zamin” yangiliklarini “Vkontakti”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
Medvedev Rossiya NATO harbiy bazalariga zarba yo‘llashi mumkinligini istisno qilmadi
Endi «Doimiy yashash joyiga ro‘yxatga qo‘yish» qulaylashdi (video)
Germaniya razvedkasi rahbari: “Rossiya yaqin yillarda NATOga hujum qilishi mumkin”
Bosh kiyimsiz yurishning organizmga qanday ta’siri bor?
Erdo‘g‘on: “Turkiya G‘azo mojarosi tugamaguncha Falastinni qo‘llab-quvvatlaydi”
100 mln so‘mgacha bo‘lgan kreditlar soddalashtirilgan tartibda ajratiladi
Slovakiya bosh vaziri Putinning taklifini qabul qildi
Organizmda qaysi turdagi vitamin yetishmayotganini qanday aniqlash mumkin?