Yosh o‘tgani sari inson o‘ychan, ma’yus bo‘lib boraverar ekan. Ortda qolgan hayotingni, qilgan ishlaringni sarhisob qilasan, xatolaringni tafakkur tarozisiga tortasan, ular orasida isloh etilmaydiganlari bo‘lsa nadomat qilasan, afsuslanasan. Ko‘zingni quvnatib, umring o‘tayotganini bildirib bolalaring ulg‘ayib kelmoqda. Ularga qarab bir quvonsang, bir hayot yo‘lida qilgan xatolaring, gunohlaring aksini farzandlaringda ko‘rishdan cho‘chib, xavotirlanar ekansan odam. Yoshligingda oqibatini o‘ylamay, katta-kichikning gapiga quloq osmay, o‘zingni hammadan dono, hammadan aqlli bilar ekansanu, yoshing o‘tavergani sayin qanchalar nodon, g‘ofil bo‘lganingni, topiladigan narsalarni deb g‘animat narsalarni boy berganingni o‘ylab ezilar ekansan. Ammo kechikkan pushaymonlik dardinga malham bo‘lmaydi, aksincha, nadomatlaring tuz bo‘lib yarangni achishtiradi, qonatadi...
Kenja farzandman. Opalarim uzatilib, akalarim uylanib, hammasi o‘zidan tinib-tinchib ketishdi. Ota hovlimizga men qoldim. Uylandim. Farzandlarim tug‘ildi. Omadim kelib, ishlarim yurishib ketdi. O‘zim nufuzli davlat tashkilotida ishlaganim uchun akalarimning nomiga tadbirkorlik ishlari tashkil qilib, biznesimni yo‘l qo‘ydim. Ota-onam ham o‘zimga ham akalarimning ro‘zg‘origa foydam tegayotgani uchun tinmay meni alqab, duolar qilar, ularning roziligini olayotganim uchun ham ishlarim gullab-yashnab, daromadim kundan kunga oshib borayotgandi. Ota-onam biz farzandlarini har doim ahillikka, bir-birimizni qo‘llab-quvvatlashga o‘rgatganlar. Balki ishlarimning fayz-barakasi shunda bo‘lganmi, deb ham o‘ylayman.
Otam rahmatli faqat halol mehnat qilishimizni, tijoratda ham, xizmatda ham halollik eng birinchi bo‘ysunishimiz kerak bo‘lgan majburiyat ekanligini uqtirardilar. Ularning aytganlariga amal qilib kam bo‘lmadik. Ammo ota-onamga yaxshilik qilaman, farzandlik burchimni bajaraman deb ularning ko‘ngliga ozor berib qo‘ydim. Garchi rahmatli otam keyinchalik mendan rozi ekanliklarini aytgan bo‘lsalar-da, men aslida dillarini og‘ritganimni, ularning rozi-rizoliklari ko‘nglim uchunligini yaxshi bilaman.
Biz o‘zbeklarning odatimiz shu — qo‘limizga uch-to‘rt so‘m pul tushsa, uy qurishu to‘y qilish harakatiga tushamiz. O‘g‘limga sunnat to‘yi qiladigan bo‘ldim. Avvalo ishni uyimizni buzib, boshqadan o‘zimcha savlatimga, topish-tutishimga mos, hashamdor, qo‘shqavatli uy qurishni mo‘ljalladim. Otam eshitgan zahoti gapimni ma’qullamadilar:
Qo‘yaver, o‘g‘lim, bu uyda bobongning, momongning izi bor. Bolaligim o‘tgan, shu uyda onanga uylanganman, sizlar tug‘ilgansizlar, to‘ylar qildim, yaxshi-yomon kunlarimga guvoh uyni buzma. Bir ta’mirlasangiz yetadi. Insonning qandayligi uy-joyi, yashash sharoiti bilan emas, fe’l-atvori, oqibati, odamiyligi bilan belgilanadi...
Otajon, sizlar bizning kamolimiz uchun mehnat qildingizlar, zahmat chekdingizlar. Sizlar ham bizning davrimizda chiroyli uylarda yashab, yayrashingizni xohlayman...
Otam rozi bo‘lmadilar. Onam otam ikkimizning oramizda sarson edilar go‘yo. Men o‘z bilganimni qildim. Ota-onamni Haj ziyoratiga jo‘natib yubordimu, zudlik bilan uyni buzib qayta qurishni boshlab yubordim.
Ular ziyoratdan qaytganlarida hamma yoq to‘zib yotar, ustalar qo‘li-qo‘liga tegmay ishlayotgan edi. Otam chor-atrofga bir qur ko‘z tashladilar-da, bir so‘z demay boshlarini quyi soldilar. Undan ko‘ra tanbeh berganlari, urshaganlari yaxshi edi...
Uy bitdi. Ota-onamning xonalarini qadimiy va zamonaviy uslublar uyqashligida jihozlattirdim. Usta hunarmandlarning mehnati bilan chiroyli, ko‘zni quvnatadigan tokchalar, kitob javonlari yasattirdim. Qishki-yozgi xonalar alohida, har birida tahoratxona va ibodat uchun qulay yumshoq o‘rindiqlar qildim. Afsuski, otam chin dildan quvonmadilar. Mahzun bo‘lib:
Bolam, dunyo uyimni emas, oxirat uyimni bezatgin... - dedilar xolos. O‘shanda otamdan ko‘nglim ranjidi. “Shundoq uylar qurib bersam, mazza qilib yashashlari uchun to‘kis sharoitlar qilib bersam, minnatdor bo‘lib duo qilish o‘rniga istehzo qilishlari nimasi endi?” degan xayol yuragimni tilib o‘tdi.
To‘y qildim. Ham uy to‘yi, ham sunnat to‘yi va ham ota-onam uchun “Hoji oshi” berdim. Otam negadir uyga begonadek kirib-chiqardilar. Avvalgi shijoatlari, bog‘-gulzorga mehrlarini ko‘rmasdim. Uyda xuddi begonaning uyida majburan tutqunlikda yashayotganday his qilardilar o‘zlarini. Bu holga e’tibor bermaslik, shundoqqina o‘tkazib yuborishning iloji yo‘q edi. Otamga qarab ezilib ketardim. Onam esa bizning ahvolimizdan ezilardilar.
Shunday uy qurging kelgan ekan, boshqa joydan yer olib ham qursang bo‘lardi, ukajon,- dedilar bir kuni katta akam.- Odam keksaygani sari ota-onasi o‘tgan, bolaligi, yaxshi-yomon kunlari o‘tgan uyiga bog‘lanib qoladi. Unga hamma narsa qadrdonlarini eslatadi. Shuning uchun ham ko‘pchilik keksalar, odatda, bolasi uyini buzib, yangi, yaxshi uy qurmoqchi bo‘lsa rozi bo‘lmaydi.
Ammo mening niyatim yaxshi edi. Ota-onamni shinam uylarda yashashlarini, biz uchun chekkan mashaqqatlarining rohatini ko‘rishlarini istagandim...
Niyating yaxshiligini hammamiz bilamiz. Lekin otamni ham tushunishing kerak edi. Endi ko‘p kuyinma-da, otamning roziliklarini ol...
Akamning undovlari bilan otamdan uzr so‘radim. Rozilik istadim. Ma’yus kulimsirab “Unday narsalarni ko‘nglinga olma, sendan nega xafa bo‘lay? Roziman, o‘g‘lim, xotirjam bo‘l” dedilar. Biroq...
Bugun otam hayot emaslar. Yuragimni esa pushaymonlik iztirobi kemiradi. Orzu-havas bilan qurgan uyimning har burchagi otamning norozilik aks etgan yuzlarini, afsus bilan menga tikilgan nigohlarini eslatadi. Besabrlik qildim. Hashamatga o‘chlik, otamga bo‘lgan mehrimdan ustun keldi. Farzandlik burchimni o‘tash uchun kibrdan foydalandim.
Oqibat otamni norozi qildim. Otamni bolaligi o‘tgan, yigitligi, quvonchu qayg‘uli kunlariga shohid bo‘lgan, otamga otasini eslatib turgan uyni buzib, xotiralarini to‘zg‘itib yubordim. Ikki dunyoga yetgulik armonim bor. Arshni titratgulik ohim, nadomatim bor. “... To otang rozi emas, tavbang qabul bo‘lmas seni...” degan satrni ko‘p eslayman, eslaganda ko‘z yoshimni to‘xtatolmay qolaman. Bugun hashamdor uyimda begonaga o‘xshayman o‘zim...
Maktubni FARZONA nashrga tayyorladi
Manba: Azon.uz “Zamin” yangiliklarini “Instagram”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
Medvedev Rossiya NATO harbiy bazalariga zarba yo‘llashi mumkinligini istisno qilmadi
Endi «Doimiy yashash joyiga ro‘yxatga qo‘yish» qulaylashdi (video)
Germaniya razvedkasi rahbari: “Rossiya yaqin yillarda NATOga hujum qilishi mumkin”
Bosh kiyimsiz yurishning organizmga qanday ta’siri bor?
Erdo‘g‘on: “Turkiya G‘azo mojarosi tugamaguncha Falastinni qo‘llab-quvvatlaydi”
100 mln so‘mgacha bo‘lgan kreditlar soddalashtirilgan tartibda ajratiladi
Slovakiya bosh vaziri Putinning taklifini qabul qildi
Organizmda qaysi turdagi vitamin yetishmayotganini qanday aniqlash mumkin?