14:15 / 10.03.2019
5 546

Artist… (1-qism)

Artist… (1-qism)
— Hoy, arava! Arava! — qichqirdi Nozima.

Sohib yurishdan toʻxtab ortiga oʻgirilib qaradi. Oʻn qadamcha narida oʻziga nihoyatda oro bergan, jinsi shim kiygan, koftasining torligidan koʻksi chiqib ketgudek boʻlgan malla sochli qiz bir qoʻlidagi telefonni qulogʻiga bosgancha turardi.

“Shu qiz chaqirdimi? Yo boshqami?” oʻyladi yigit va olifta qizga termilgancha turib qoldi.
— Nega anqayasan? — baqirdi qiz yana. — Bu yoqqa kel!

Sohib aravasini ortga burdi-da, sekin qizga yaqinlasha boshladi.

— Voy, yoʻ-oʻ-q, qiziqmisiz, Ahmad aka, sizgamas, anavi aravakashga baqirdim, — deb qiqirlab kulgan Nozima telefonni u qulogʻidan olib, bunisiga “yopishtirdi”. — Ahmad aka, u viloyatga sira borgim kelmayapti. Pulini qaytarib bering, iltimos. Buning oʻrniga shu yerning oʻzida beshta toʻyga birrovga borsam, yana qistir-qistirlar bilan ancha-muncha pul ishlab olamiz… Voy, nega anqayib turibsiz roʻparamda?! Yoʻq, sizgamas, manavi aravakash oldimga kelib… Boʻpti, bozor qilvolay, keyin gaplashamiz. Yana ikkinchi liniyam ham kelyapti, — deb Nozima gaplashayotgan odami bilan aloqani uzib, boshqasi bilan ulandi. — Allo, Laylo, bormisan? Qayoqlarga yoʻqolib ketding?.. Yurmaysizmi? Yoʻq, sengamas. Ha-ha-ha. Oʻlib qolaman hozir. Nima deysan? Yoʻgʻ-ey, bozor qilayotgandim…

U soʻzlashish asnosida rastalar oralab ketdi. Sohib aravasini sudragancha qizga ergashdi. Nozima uzumning eng sarasini xarid qildi. Narxiga talashib oʻtirmadi. Bittasini olib yeb koʻrdi-da: “Ikki kilo torting”, dedi va Layloga gapirishda davom etdi. Orada sotuvchidan “Necha pul?” deb soʻradi. “Oʻttiz ming”, dedi sotuvchi unga oʻqrayib. Qiz telefonini qulogʻiga qistirgancha pulni sanab berdi-da, Sohibga yuzlandi, boshini qimirlatib “uzumni ol” ishorasini qildi. Va yana dugonasi bilan gaplashgancha yurishda davom etdi. Sara olma sotib oldi. Ikki kilo. Narxi soʻralmadi. Sotuvchining aytganini berib, yana ichkariladi. Pomidor, bodring, koʻkatlar, kartoshka, piyoz va boshqa poliz mahsulotlariyu meva-cheva xarid qildi. Bu orada bor-yoʻgʻi bir martagina telefondan uzildi. Shunda ham telefon bechora qizib, soʻzlashuv uzviyligi yigirma daqiqadan oshganda. Sohib uning baʼzi gaplarini eshitib qoldi. Ataylab emas. Shunchaki juda yaqin masofada turganligi bois. Ensasini qotirib, peshonasini tirishtirdi. Ammo miq etmadi. Vaqtinchalik xoʻjayinchasining buyrugʻini bajarib ketaverdi. Oxiri qizgina savdoni oxirlatib, toʻgʻri mashinalar toʻxtaydigan maydoncha tarafga yurdi. Shundayam qulogʻida telefon.

Nozima nihoyatda yaxshi koʻradigan qip-qizil “Lasetti”sini “piq-piq” etkazib ochdi. Keyin yukxonani. Soʻng telefonni oʻchirdi.
— Yaxshilab joylashtiring. Bir-birining ustiga chiqib qolmasin. Ayniqsa, uzumga ehtiyot boʻling. Ezilib ketmasin. Pomidorni beriroqqa qoʻying…

Sohibning ensasi qotdi. Terlagan peshonasini dastroʻmoli bilan shoshilmay artdi-da:
— Unda men uzatib turaman, oʻzingiz joylashtirib qoʻyavering, — dedi.
— Voy, savil, nimalar deyapsiz? Aravakash boʻlganingizdan keyin ishingizni oxirigacha qilmaysizmi?! — deya uni jerkib tashladi Nozima.
— Aravakash tortadi. Ortmaydi, — dedi unga javoban Sohib.
— Men sizga pul beryapmanmi, ishimni oxirigacha qiling! — dagʻdagʻaga oʻtdi Nozima.
— Unda bilgan ishimni oʻrgatmang. Siz bir marta bozor qilsangiz, men yuz marta qilaman. Nimani qayerga qoʻyishni sizdan yaxshi bilaman.
— Unda bezraymasdan tezroq-tezroq qoʻying.
— Ezilib ketadimi, deyman-da.
— Voy, qanaqangi odamsiz?! Kim sizga arava berib qoʻydi?! Tavba qildim, ort tez-tez gapni koʻpaytirmasdan, boʻlmasa…
— Nima boʻlmasa?
— Mening kimligimni bilasanmi oʻzi?!
— Birinchidan, mendan kamida besh yoshga kichkinasiz, sensiramang. Ikkinchidan, anavi erkagingiz bilan gaplashayotganingizdayoq bilib boʻlganman. Artistsiz.

Nozimaning birdan tepa sochi tikka boʻldi.
— Tupoy! Derevnya! Qanaqangi erkagim, qanaqangi artist?! Kalla bormi oʻzi?! Men sanʼatkorman!..
— Shoshmang, shoshmang, — deya birdan Sohib uni soʻzlashdan toʻxtatdi, soʻngra yuziga jiddiy tus berdi, — agar sanʼatkor boʻlganingizda, bunaqangi befarosatlik qilmasdingiz.
— Men befarosatlik qilibmanmi? Men-a?!

— Ha, boʻlmasa menmi? Bozor qilishni boshlaganingizdan qulogʻingizga telefon yopishib qolgan. Kimdan nima olayotganingizniyam bilmaysiz. “Oʻl-a, shunaqangi qiz boʻlguncha. Molning oldiga kelganing yoʻq. Odamdan narsa olyapsan. Basharangga ikki kilo shpaklyovka chaplaguningcha, odamga oʻxshab muomala qilishni oʻrgansang oʻlasanmi, betamiz?! Qaysi tayini yoʻq odamning qizisan oʻzi?!” dedi bir-ikkita xotin. Eshitdingizmi? Eshitib boʻlibsiz. Anavi bolalarning gaplarini-chi? “Voy-boʻ, kiyimlari tirsillatib koʻrsatarkanmi?! Oʻziyam anavinaqangilarga oʻxsharkan”, deyishdi…
— Bas! — dedi qizarib-boʻzarib ketgan Nozima va shartta aravachadagi bozorligini mashinasining yukxonasiga itqita boshladi.
***
Sohib qizning narsa joylashtirishini tomosha qilib turdi. Nozima xaridlarining barini yukxonaga ortib boʻlganidan soʻng qaddini rostladi.
— Agar yana bir marta roʻparamdan chiqib qolsang, oʻzingdan koʻr! — dedi poʻpisa bilan va ortiga burildi.
— Oʻlib qolayotganim yoʻq. Lekin marhamat qilib xizmat haqimni berib ketsangiz.
— Pastkash! — deya qoʻltigʻiga qistirilgan sumkachasini ochgan Nozima qotib qoldi. Chunki pullari tugagan ekan, — qiz boladan pul soʻraydigan…

Uning gapi yana ogʻzida qoldi.
— Tilanmayapman, shekilli. Haqimni soʻrayapman, — dedi qovogʻini osiltirib olgan Sohib.
— Mayda pulim tugabdi, — dedi biroz hovuridan tushgan Nozima, — faqat dollar bor.
— Nima qilibdi, u pul emasmi? Toʻyda fonogrammada qoʻshiq aytayotganingizda, dollar berishsa, olmaysizmi? Olasiz, olgandayam irjayib-tirjayib…
— Oʻchir! — baqirib yubordi Nozima va bitta elliktalik kuyurani Sohibning basharasiga itqitdi.

Yigitning tepa sochi tikka boʻldi. Va qush patiday bir u tomonga, bir bu tomonga parvoz qilmoqchi boʻla-boʻla yerga tushgan pulni oldi-da, yirtib tashladi va tez-tez yurib, mashinaning old tomoniga oʻtdi-yu, boʻlaklangan pul parchalarini kapotning ustidan sochib yubordi.

Bunisi endi oʻlganning ustiga tepgan boʻldi. Nozima sal qolsa mashinasini uning ustiga haydab yuborayozdi.
— Jinni! Qadrini bilmagan ahmoq! Oʻlib ket! — deya jahl ustida mashinasini orqaga haydadi qiz.

Qars-qurs etgan ovoz chiqdi. Chunki mashinaning orqasida turgan aravani Sohib hali olmagan edi. Qiz uni urib yuborgandi. Qip-qizil loladay “Lasetti” bamperining boʻyogʻi koʻchgan, ozgina qismi teshilgan edi, aravaning simlari esa qiyshayib ketgandi. Qiz ichidan zil ketdi. Bozorga kelganidan beri koʻzini yashirib turgan koʻzoynagini oldi. Labi titradi. Koʻziga yosh toʻldi. Rulni mushtladi. Keyin jahl bilan oldinga haydadi. Sal boʻlmasa Sohibni urib ketayozdi. Shunday gap aytdi, shunday gap aytdi… Toʻgʻrisi, eshitganida ilon teri tashlab yuborardi. Sohib muzladi. Boʻlari boʻldi. Uncha-muncha bozorchilar va yana tayini yoʻq xotinlarning ogʻzidan shunga yaqin gaplarni eshitgandi. Ammo mana bunaqangi ikki kunning birida televizordan tushmaydigan xonimdan… Toʻrtta odamning qarshisiga oʻtirvolib, madaniyatning hali u qirrasidan, hali bu qirrasidan soʻzlaydigan, vaqti kelsa, bemalol oʻzidan oʻn-oʻn besh yosh kattaga ham aql oʻrgatadigan artist — yulduzdan eshitaman, deb sira oʻylamagandi.

Bechora aql-hushini yigʻishtirib olgunicha qizgina mashinalar turadigan maydonchadan chiqib ketdi.

“Battar boʻl, Sohib, battar boʻl. Holingni bilmaganingdan keyin, oʻzingdan balanddagi bilan boʻylashaman, deb chiranganingdan keyin bundan ham battar boʻl!” deya xayolidan oʻtkazdi aravakash va aravasini tuzatishga tushib ketdi.
* * *
Nozima sira oʻziga kelolmasdi. Koʻzidan duv-duv yosh toʻkar, kipriklariga yopishgan boʻyoqlar koʻz yosh bilan birga oqib, rosa silliq, qizargan yuzini bejab tashlayotgandi. Ana shunday bir holdaligida Ahmad qoʻngʻiroq qildi.
— Hammasiga sen aybdorsan! — deb qizgina telefonning qizil tugmachasini bosib qoʻydi.

Qoʻngʻiroq takrorlandi. Bu safar Nozima telefonini yoqdi.
— Odammassiz! — deya baqirdi hali Ahmadning ogʻzidan bitta soʻz chiqmasidan. — Sizga ming marta aytdim supermarketdan bozor qilay, deb! Lekin tejamkor boʻlaylik, dedingiz! Pul zarur boʻlib turibdi, dedingiz! Oʻrgildim sizning tejamkorligingizdan!
— Nozimaxon, oʻzingizni bosing, nima boʻldi oʻzi? — degan ovoz keldi goʻshakdan.
— Balo boʻldi, Ahmad aka, battar boʻldi, Ahmad aka! Yer bilan bitta boʻldim, Ahmad aka! — deya qiz telefonini butunlay oʻchirib tashladi hamda ikkita barmogʻi bilan burnidan oqayotgan suvni artdi.

Shunaqangi paytda hamma svetoforlarning yashil chiroqlari yonib tursa nima qilarkin-a? Xuddi ataylab bari bir-biri bilan kelishib olganday qizilginasini yoqib turibdi.
— Senlar kamlik qilib turgandinglar, padaringga laʼnat! — dedi sira oʻziga kelolmayotgan Nozima.

Bitta svetofor. Ikkita, uchta. Toʻrtinchisi butunlay ishlamayotgan ekan. Nozima mashinasini toʻxtatishi bilan yon-atrofiga, orqa tomoniga bir nechta ulovlar kelib joylashdi. Oldinda qariyb ellikka yaqin mashina qatorlashib turibdi. Qarama-qarshi tomonda yana shuncha. Oʻngu soʻlda bundan-da koʻp mashina “bib-bib” qilib turibdi. Kesishgan yoʻlning oʻrtasida ikkita avtobus turib qolgan, atrofi katta-kichik mashinalar bilan toʻla.

— Endi bu yogʻi necha puldan tushdi? Qanaqangi kun boʻldi bugun oʻzi?! — dedi alam bilan Nozima va labini tishladi. Bir, ikki, uch daqiqa kutdi. Ortiga kelib toʻxtagan mashinalar koʻpaygandan koʻpaydi. Endi na u yoqqa yurib boʻladi, na bu yoqqa. Qizning yuragi siqildi. Mashinadan tushdi. Oldinga qaradi. Orqaga qaradi. Uf tortdi. Mashinasiga oʻtirmoqchi boʻlganida yonginasidagi “Neksiya”dagilarning kulgisi eshitildi.

— Men senga aytgandim-ku, bularning basharalari oʻzi gʻisht boʻladi. Televizorga turqiga sakkiz kilo shpaklyovkani suvab chiqqanidan keyin chiroyli boʻlib ketaveradi-da! Shuni sen xotin qilarmiding?! Ikki dunyoda ham xotin qilmaysan. Bunaqalar hatto yurishga ham yaramaydi, — dedi ulardan biri ikkinchisiga.

Nozimaning ichidan bir nima chirt etib uzilganday boʻldi. U shosha-pisha joyiga oʻtirdi-da, koʻzguga qaradi. Darhaqiqat, koʻzi, koʻzi ostidagi boʻyoqlar yuzini bejab, uni xunukdan-xunuk qilib qoʻyibdi. Bechora qiz tamom boʻldi. Shunchalik tamomki, oʻzini bechoralarday his etdi.

Shu payt uning qulogʻiga “Neksiya”dagilarning keyingi gaplari eshitildi.
— Qoʻyaver, bir-ikki oy amallasang boʻladi. Hech chidolmasang, bitta plastik operatsiya qildirasan, olam guliston. Keyin toʻylarga oborib, maza qilib soqqa ishlab yurasan. Ha-ha-ha!

— Padarlaʼnatlar! — deb Nozima derazani yopdi. Konditsionerni qoʻshdi. Va dastroʻmolchasini hoʻllab, bolalarga teskari oʻgirilgancha yuzini artdi. Qora boʻyoqlar ketdi. Mashina koʻzgusiga qarashga botinolmay sumkachasidan oynachasini olib qaradi. Yana chiroyi oʻziga qaytibdi. Biroz ruhlanib “Neksiya” tomonga qaradi. Yigitlar bir-birlariga qaragancha gaplashishar, deraza yopiq boʻlganligi bois ularning gaplari Nozimaga eshitilmasdi. U derazani ozgina ochdi. “Qoʻshni”larining suhbatiga quloq tutdi. Ular butunlay boshqa mavzuga oʻtib ketishibdi. “Oʻlgurlar, endi qaranglar. Endi koʻringlar. Aytgan gaplaringga pushaymon yeysanlar”, deya xayolidan oʻtkazdi Nozima.

U shu yerda qariyb ikki soatcha qolib ketdi. Avvaliga mashinalar yanada koʻpaydi. Keyin qayerdandir militsionerlar yetib kelishdi. “Tiqilib” qolganlarning u yogʻini bu yoqqa, bu yogʻini u yoqqa oʻtkazishib, kesishgan yoʻlni ochishdi. Bungacha shundoq ham asab tolalari taranglashgan Nozimaning sal boʻlmasa qon bosimi oshib ketayozdi.

U uyining yonida Ahmadni koʻrdi. Aftini bujmaytirib, qovogʻini osiltirdi. Hamda mashinadan tushdi-da, yukxonasidagi narsani ham olmay, oldini toʻsib chiqqan Ahmadni siltab tashlab oʻtib ketdi. Yoʻlak yonida toʻxtadi.

— Bitta erkaklik qilib bozorligimni uyimga chiqarib berarsiz, — deb hangu mang boʻlib turgan Ahmadga mashina kalitini uloqtirdi va yana jahl bilan burilib, yoʻlakka kirib ketdi. Ikkinchi qavatga koʻtarildi. Oʻsha-oʻsha jahl hamrohligida sharaq-shuruq qilib temir eshik qulfini ochdi. Ichkariga kirdi. Oyogʻidagi tuflisining birini ikkinchisi bilan yechib, duch kelgan tomonga uloqtirdi. Toʻgʻri yotogʻiga kirdi. Yechindi. Kiyimlari ham oldingi safargilarday yaxshilab taxlanib shkafga joylanmadi. Uloqtirildi. Halizamon Ahmad keladi. Eshikni yopib qoʻymasam, mening kiyimsiz tanamni koʻrib qoladi, deb oʻylamadi. Shoshilmasdan sportcha uy kiyimini kiydi. Keyin oʻzini karavotga tashladi.

— Agar Ahmad akaning gapiga quloq solmay, supermarketdan bozor qilganimda, bunchalik xoʻrlanmagan boʻlardim. Qayoqdagi aravakash, keyin “Nek-siya”da oʻtirganlar ustimdan kulishdi-ya. Yoʻq, chidolmayman. Axir yulduzman! Axir qanchadan-qancha odamlar mening bir boqishimga zor. Yoʻq! — dedi-da, oʻrnidan sapchib turdi.

Xuddi shu payt eshik ochilib yopilgani eshitildi. Demak, Ahmad bozorliklarni koʻtarib chiqqan.

Nozima katta koʻzgu yoniga bordi. Sochlarini toʻgʻrilagan boʻldi. Yuzidagi qora dogʻga koʻzi tushdi. Yarasi yana yangilandi. Oʻksinib ketdi va barmoqchasini tupuklab qora dogʻni artdi. Soʻng burnini tortib qoʻydi-da, xonasidan chiqdi. Oshxonaga kirdi. Ahmad qoʻlini musht qilib iyagiga tiragancha oʻtirardi. Nozimani koʻrib irjaydi.
— Jiyda-piydaning tagidan oʻtib kelmadingizmi, xonim? — dedi u goʻyo xushomad qilgan boʻlib.
— Menga qarang, sizning gapingizga kirib, rosa sharmanda boʻldim. Endi sharmanda boʻlganimdan maza qilib tirjayyapsizmi? — dedi Nozima jahl bilan.

Ahmadning yuzi birdan jiddiy tus oldi.
— Nima boʻldi? Bunday ochiqroq gapiring, — dedi u.
— Bozorda aravakash meni yer bilan bitta qilib tashladi. Ustimdan kuldi. Mashinamning dabdalasini chiqardi, — deya koʻziga yosh oldi Nozima.
— Kim? Aravakash?! Padaringga laʼnat, iflos! Chorsudami?! Hozir borib pachagʻini chiqarib tashlayman. Oti nima ekan u hayvonning? Men uning koʻziga koʻrsatib qoʻyaman butun respublika tan olgan xonandaning ustidan kulish qanaqa boʻlishini! Yoʻq qilib yuboraman. Onasidan tugʻilganiga pushaymon yediraman. Kim oti?!
— Men qayerdan bilay? Oting kim? Qayerdan kelgansan, deb soʻrabmanmi? Oʻzi, aslida, siz aybdorsiz. Meni bozorga joʻnatdingiz. Nima emish, yangi klipga pul yetmayotganmish, ozgina iqtisod qilishimiz kerakmish! Shumi iqtisod qilish?! — deya baqirib yubordi Nozima.
— Boʻldi, boʻldi, xonim, arzimagan narsa uchun bunchalik qizishmang. Endi men…
— Nima?! Hali mening sharmanda boʻlganim arzimagan narsa boʻldimi? U nimalar deganini bilasizmi?! Boring-e! — deya Nozima endigina ortiga burilgan edi, Ahmad chaqqonlik qilib oʻrnidan turdi-da, uning qoʻlidan ushlab qoldi.
— Xonim, hammasini toʻgʻrilayman. Ha, endi men ham kelajakni oʻylagandim-da.
— Kelajakni oʻylagansiz?! Voy, biram kulgili, biram kulgili. Kelajakni, iqtisodimizni oʻylab, xotinchangizga mashina olib beribsiz-da. Keyin menga bor, bozorga borib, sharmanda boʻlib kel, debsiz!
— Nozimaxon, qoʻying bunaqangi gaplarni. Men nima qilsam, sizning mashhur boʻlishingizni, odamlar qoʻshiqlaringizni xirgoyi qilib yurishini istab qilganman. Yana, albatta, boy boʻlishingizni xohlayman. Shoshmang, hali shunday zamonlar keladiki, hovlida yashaysiz. Xizmatkorlaringiz boʻladi. Endi bitta bozorni deb hammayoqni fojiaga aylantirib yubormaylik. Oʻtiring undan koʻra. Bitta-bitta qahva ichamiz. Ana undan keyin bugungi toʻyga qanaqangi koʻylakda borishingizni gaplashib olamiz.
— Qanaqangi toʻy?! Men sizga aytdim-ku bormayman, deb. Charchadim, tushunasizmi shuni, charchadim. Hech qanaqangi toʻy-poʻy haqida oʻylash niyatim yoʻq.
— Viloyatga emas, shahardan toʻy chiqib qoldi. Keyin birrovga. Borasiz, diskni qoʻyasiz…
— Yoʻq! — baqirib yubordi Nozima Ahmadning gapini boʻlib. — Siz ham oʻsha aravakashning gapini aytyapsiz!

Ahmad shu zahoti tilini tishlab Nozimaga tikildi.
Qizning koʻzida yana yosh paydo boʻldi.

“Agar chiroying, qad-qomating zoʻr boʻlmaganida, ikki pulga qimmat eding. Bechora, ovozdan Xudo qisgan artist. Yaxshiyam, kompyuter bor. Yoʻqsa, kurkaga oʻxshab sayrashingning itga ham keragi boʻlmasdi” xayolidan oʻtkazdi Ahmad.
— Ahmad aka, — dedi Nozima yutinib olib, — mening, haqiqatan ham, ovozim yoʻqmi?
— Nimalar deyapsiz, Nozimaxon, siz bulbulsiz!
— Jonli ijro…
— Bemalol aytolasiz. Lekin toʻy — toʻy-da. U yerda birovga jonli ijroning keragi yoʻq. U yerda chiroyli, nozli tabassum qilsangiz, keyin xuddi ohularday yursangiz, sizning eng katta qurollaringizdan biri boʻlgan sehrli nigohlaringizni ishga solsangiz, hamma oʻlib qoladi. Keyin mening rashkim qoʻziydi. Qani, oʻtiring, xonim. Oʻzim sizga ajoyib qahva damlab beraman, — deb Ahmad Nozimaning qoʻlidan tortdi.

Nozima oʻtirdi. Sochini barmoqlari bilan taradi. Xoʻrsinib qoʻydi. Yana aravakash uning koʻz oʻngida namoyon boʻldi. “Sabil, tili juda zahar ekan. Befarosat, dedimi?.. Men u bilan orani ochiq qilib olishim kerak. Tamom-vassalom. Boʻlmasa, u yoqqa oʻtsam ham, bu yoqqa oʻtsam ham oʻsha voqea xayolimga kelaverib, tinkamni quritib yuboradi… Ikki kilo shpaklyovkani basharamga surtib… Yoʻq, suvab olganmishman… Bekorlarning beshtasini aytibsanlar! Bu tabiiy goʻzalligim… Uff, yana esimga tushyapti. Agar yana bir marta bozorga borsam, otimni boshqa qoʻyaman”, deya xayolidan oʻtkazdi u va oʻrnidan turib keta boshladi.

— Qayerga ketyapsiz? — soʻradi Ahmad.
— Xonamga. Biroz yotmasam, boshim yorilib ketay deyapti.
— Koʻylakni gaplashmaymizmi?
— Hali shuyam bormi? Oʻzim birortasini toparman.
— Iloji boricha ochiqroq boʻlsin.
— Yana nima?
— Karyerangiz boshqacha boʻladi-da. Anavi kuni toʻyga borgan xonandalarni koʻrdingiz-ku. Ashulasi bir tiyinga qimmat, lekin kiyinib olganini koʻrsangiz, dahshat! Lekin, baribir, sizday malikaga tenglasholmaydi. Ammo siz shunday qoʻshigʻingizning zoʻrligiga, oʻzingizning chiroyingizga munosib ochiqroq kiyinsangiz, erkak zoti borki, choʻntagidagining hammasini beradi. Bugungi toʻyning egasi amaldor. Bundan chiqdi, uning tanish-bilishlari ham shishkalar boʻlishadi. Birrovga uch yuz dollar olgan boʻlsam ham, qistir-qistirdan kamida ikki ming koʻkida ishlab olamiz.

Ahmadning gaplari Nozimaga moyday yoqdi. Ayniqsa, uning chiroyini aytayotganida erib oqib ketay dedi.
— Boʻpti, siz aytganday boʻla qolsin. Keyin men salonga ham borishim kerak. Sochimni boshqacha turmaklatmoqchiman.

Ahmad bilagidagi soatiga qaradi. Boshini chayqadi.
— Qahva ichadigan boʻlsak ulgurmaymiz, — dedi.
— Undan keyin pachagʻi chiqqan mashinada yurishniyam istamayman.
— Siz mening kalitimni oling. Hoziroq kiyining-da, salonga joʻnang. Ungacha men mashinangizni ustaga koʻrsatib kelaman. Endi ular bir kunda tuzatib berisholmaydi-yu, lekin, baribir, oborib koʻrsatsam yaxshi boʻladi, — deb Ahmad gazni oʻchirdi. Mashinasining kalitini Nozimaga berdi-da, qiznikini olib, pastga tushib ketdi.

Nozimaning kayfiyati koʻtarilgandi. Oxirgi qoʻshigʻini xirgoyi qilgancha oynaga qarab boʻyandi. Soʻng apil-tapil kiyinib, uydan chiqdi.

Ahmadning “Prado”siga oʻtirib, motorni oʻt oldirdi-da, salonga qoʻngʻiroq qildi. “Latofatxon, hamma kliyentlaringizni toʻxtatib turing, yigirma daqiqada yetib boraman”, dedi. Keyin mashinani haydab ketdi.

Sartarosh qiz uning sochini endigina yuvgandi, eshikdan koʻzlari olaygan, rangi dokaday oqargan, hansirab nafas olayotganidan burun kataklari kengayib ketgan bir juvon kirib keldi.
— Qora “Prado”ni kim haydab keldi?! — dedi baland ovozda.

Nozima unga qaradi.
— Men, — dedi hayron boʻlib.
— Hali sen mening erimning mashinasiga ega chiqib yuribsanmi?! — deya baqirgan juvon yugurib keldi-yu, Nozimaning yuvilgan sochiga chang soldi.

Birpasda hammayoq qiy-chuv, dod-voy boʻlib ketdi. Kimdir bir chelak suvni janjalkash juvonning ustidan sepib yubordi. Shundan soʻnggina u Nozimaning sochini changalidan ozod etdi. Nozima oʻrnidan sapchib turdi. Tanidi. Ahmadning xotini. Shahnoza. Qiltiriqqina, koʻzlari katta-katta. Kipriklari uzun. Xunukkina ayol. Nozima uning faqatgina rasmini koʻrgan. Ahmad telefoniga qoʻyib olgan. Telefonni yoqishingiz bilan uning surati paydo boʻladi. Nozima bir necha marta Ahmadga “Shu xotinchangizning rasmini yoʻqoting. Koshki edi chiroyligina boʻlsa”, dedi. Ochiq-oydin. Ahmad kuldi. “Uning xunukligini oʻzim ham yaxshi bilaman. Lekin otasi boyvachcha-da. Bu rasmni uning oʻzi telefonim ekraniga qoʻyib qoʻygan. Boshqalardan rashk qilgani uchun. Ammo sizning rashk qilganingizni koʻrib xursand boʻldim”, dedi. Nozima qiqirlab kuldi-da: “Voy, hozir oʻlib qolaman. Birinchidan, xotinchangiz ja-a rashk qilgulik ekan-da oʻziyam. Ikkinchidan, men sizga koʻngil qoʻygan boʻlsamki, rashk qilsam. Shunchaki telefoningizga qaraganda… Ey-y, mayli, xafa boʻlmang. Men shunchaki sal notoʻgʻri gapirib qoʻyibman”, dedi.

“Lekin haqiqatni gapirdingiz. Ammo nima qilay, mana, siz bilan mening beznesim rivojlanishiga ham qaynotamning pullari sabab. Hozircha ishlab turaylik. Avval yaxshigina pul yigʻay, keyin oʻzim bilaman ular bilan qanday gaplashishni”, degan edi Ahmad xomush tortib.
— Hov, befarosat, nima qilganing bu?! — dedi yigʻlamoqdan beri boʻlgan Nozima.
— Seni majaqlayman! Yoʻq qilib yuboraman! Ikkita bolam bor, shularning uvoli tutadi seni! Hali mening erimni oʻzimniki qilib oldim, deb yuribsanmi?! Chuchvarani xom sanabsan! Kuningni koʻrsataman men senga! — dedi unga javoban janjalkash xotin.
— Oʻpkangni bos! — dedi gʻazabi qoʻzigan Nozima. — Erchang mening mashinamni dabdala qildi. Tushundingmi?

Juvon Nozimaga sinchiklab tikildi. Yuzida qizarish paydo boʻldi.
— Siz xonanda Noziymisiz (Nozima oʻziga shunday taxallus qoʻyib olgan edi)? Oʻlay agar, tanimabman. Ahmad akam sizning prodyuseringiz-ku. Voy, oʻlmasam, tanimaganimni qarang. Klipda sochingiz qora edi-da. Shunga tanimabman.

— Tanimasangiz, he yoʻq, be yoʻq, sochimga yopishasizmi? Agar eringizni rashk qilayotgan boʻlsangiz, ana, oling. Menga na issigʻi, na sovugʻi bor! Tavba qildim, odam ham shunaqa boʻladimi? Oʻzingizni hurmat qilmas ekansiz, hech boʻlmasa, bu yerdagilarni hurmat qiling. Ochigʻini aytsam, Ahmad akaning shunaqangi xotini bor, deb sira oʻylamagandim. Har qalay, eringiz madaniyatli… Xullas, — deya Nozima sumkachasini oldi-da, undan mashinaning kalitini chiqardi, — mana kalit, koʻchada erchangizning mashinasi. Minib ketasizmi yo bir joyga oborib urasizmi, sizning ishingiz!

— Avvalo, men qilgan ishimdan afsuslanib turibman. Shuning uchun taniganimdanoq yumshoq tortdim. Lekin asta-sekin siz ham haddingizdan oshyapsiz. Oʻzingizcha xonandaman, televizorga chiqqanman, deb ogʻzingizga kelgan gapni gapiraverasizmi?! — dedi yana ovozini balandlatgan Shahnoza.
— Agar sizning ham bittasi kelib sochingizni oʻzidan-oʻzi yumdalaganda, nima qilardingiz? Rahmat, bopladingiz, yanayam qattiqroq torting. Bitta qoldirmay yulib oling. Oʻzi kim sochimni shunaqa qilarkin, deb turgandim, deysizmi? “Pichoqni oʻzingga ur, ogʻrimasa birovga”, degan gaplar ham bor!

Shahnoza dastroʻmoli bilan hoʻl boʻlgan sochini, yuzini artgan boʻldi. Shu bilan qizarib ketganini yashirmoqchi edi. Eplayolmadi. Jahl ustida eriga qoʻngʻiroq qilib:
— Itgayam, bitgayam mashinani berib yuboraverasizmi?! Pachoq boʻlgan boʻlsa, oʻzi toʻgʻrilasin! Kissasi toʻla pul-ku! — deya shangʻillab baqirdi va goʻzallik salonidan chiqib ketdi.
(davomi bor)

Manba: Hordiq.uz

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Hayot uchun » Artist… (1-qism)