12:17 / 16.03.2019
5 686

Tilanchi qizaloqning orzusi

Tilanchi qizaloqning orzusi
Ayni tush vaqti, avtogaz quyish shoxobchasi. Mashinadan tushib, kutish joyiga ketayotsam, yonimda oʻralashib yurgan tilanchi qizaloq ichkaridan chiqayotgan haydovchidan pul soʻrash uchun otilib chiqdi. Mashina urib yuborishiga sal qolganidan, bechora haydovchining rangida-rang qolmadi, qizcha esa beparvogina pul soʻrayapti. Hayratda qoldim. Kutish joyiga borib, taksimiz chiqishini kuta boshladik. Atrof toʻla odam, ikkita bola yoʻlovchilardan pul soʻrab, tilanchilik qilishmoqda.

Meni yonimga kelib:
“Opajon, ozgina, nonga pul bering, iltimos”, deb yalina boshladi. Qizchaga boshdan-oyoq razm soldim. Bechoraning sochlari, ust-boshi, qoʻllari kir ayanchli ahvolda, koʻzlari juda horgʻin. Rahmim keldi. Pul berdim, lekin yana boshqalardan pul soʻray boshladi. Sekingina yonimga imladim. Ismini soʻradim, – Odina – deb javob qaytardi u. “Isming chiroyli ekan, kim qoʻygan”, deya savol berdim. Dadasi juma kuni tugʻilgani uchun qoʻyganini aytdi. Bu qizaloq meni juda ham qiziqtirib qoʻydi. Yana savol berdim. Seni qoʻlingdagi pul nonga yetadimi?

–Bilmadim. Pulni onamga olib borib beraman. Agar kam boʻlsa uyga kirgʻizmaydilar, ovqat bermaydi. Bu yerda kimdir pul bersa, yana kimdir yegulik. Yegulikni yeyman, pulni esa uyga olib boraman.
– Uying yaqinmi?
– Onam, hech kimga aytma, deganlar. Aytsam, onam urushadi, kech tushgach, ukam bilan birgalikda qaytamiz.
– Ota-onang nima ish qiladi?
– Dadamni oʻtgan yili mashina bosib ketib, olamdan oʻtgan. Onamning oyoqlari ogʻriydi, shuning uchun biz uyga pul olib borishimiz kerak. Opam uyda, onamga yordamlashadi. Men sentabrda maptakka boraman, yozishni, oʻqishni oʻrganaman. Chiroyli formalar kiyaman, koʻp dugonalarim boʻladi, ular bilan oʻynayman.
– Necha yoshdasan?
– Oltiga kirganman. Yozda yettiga toʻlaman.
– Onang kiyimlaringni tozalab, tikib bersin, sochlaringni yuvib-tarasin, aytgin!
– Bu savollaringizga javob berishni bilmayman, ertaga soʻrab kelaman.
– Kelajakda kim boʻlmoqchisan, orzularing bormi?
– Ona. Farzandlarini urmaydigan, pul topib kel demaydigan, faqatgina rost gapiradigan ona boʻlaman.
– Qaysi kasbni egallamoqchisan, shifokormi, oʻqtuvchimi yoki tikuvchi? Qayerlarga borishni xohlaysan?
– Men chiroyli koʻylaklarni rasmini chizadigan, tikadigan qiz boʻlaman. Oʻzimga har xil koʻylaklar tikib olaman. Mazali toʻrtlar pishirishni oʻrganaman, ularni mazza qilib yeyman. Ukamga, opamga ham beraman. Daraxtda muzqaymoqlar, kanfetlar, ovqatlar pishadigan joyga borishni xohlayman. Qani edi pul ham daraxtda pishsa, zoʻr boʻlar edi-da!

Qizaloqning bu gaplarini eshitib juda hayratda qoldim. Mashinamiz chiqib kelishi bilan, bizdan oldin avtomobil yoniga yugurib bordi. Qizaloq oynadan qarab, haydovchidan “ozgina, nonga” pul soʻradi. Amaki unga pul uzatdi, yana yugurib ketib, boshqalarga tilanchilik qila boshladi. Yoʻl boʻyi shu voqea xayolimdan ketmadi. Nahotki, bolalardan pul topish maqsadida foydalinishayotgan boʻlsa. Qaysi ona oʻz farzandini bunchalik xor qilib qoʻyishi mumkin. Onam kasal deb tilanchilik qilish, unga kimdir oʻrgatmasa, yosh bolaning xayoliga ham kelmaydi.

Xoʻp oyoqlari ogʻriyotgan boʻlsa, qoʻllari sogʻ-ku, yuvintirib, kiyimlarini toza qilib, tikib qoʻysa boʻladi-ku. Ikki bolani koʻchaga pul topib kel, deb haydash, insonning ishi emas. Axir davlat tomonidan ularga oʻn olti yoshga toʻlgunlariga qadar nafaqa puli toʻlanadi, bundan tashqari, mahallada boquvchisi yoʻq oilalarga ham alohida ahamiyat beriladi. Bechorani mashina urib yuborishiga ham bir bahya qoldi. Koʻcha-kuyda, hatto avtomobillar serqatnov boʻlgan joylarda ham bemalol yurib tilanchilik qilishadi. Hayoti hamisha xavf ostida.

Oʻzbekiston Respublikasining Konsitutsiyasi, 64 modda: “Ota-onalar oʻz farzandlarini voyaga yetgunlariga qadar boqish va tarbiyalashga majburdirlar. Davlat jamiyat yetim bolalarni va ota-onalarning vasiyligidan mahrum boʻlgan bolalarni boqish tarbiyalash va oʻqitishni taʼminlaydi, bolalarga bagʻishlangan xayriya faoliyatlari ragʻbatlantiriladi”.
Dilfuza ASHURBOY qizi

Manba: Qalamtarosh telegram kanali

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Hayot uchun » Tilanchi qizaloqning orzusi