Ertalabdan Sevaraning kayfiyati boʻlmadi. Deraza osha chappar urib ochilib yotgan atirgullarga boqqancha xoʻrsinib qoʻydi. Maktabga ham borgisi yoʻq.
– Nega oyijonim tuzalmayapti-ya? Qancha boʻldi, kasal yotganlariga? Ikki, yoʻgʻ-ye, uch oy, – deya oʻyladi Sevara.
Bahor oʻtib, yoz kelyapti. Lekin oyisi oʻnglangani yoʻq.
Eshik sekin ochilib, singlisi Dilnoza moʻraladi.
– Opajon, sochimni oʻrib qoʻying.
Sevara singlisining jingalak, quyuq zulflarini chiroyli qilib turmakladi. Keyin ukasi Kamronni kiyintirdi. Dadasi choy tayyorlayotgan ekan, yordamlashdi. Dasturxon ustida bir ogʻiz ham gapirmagan Sevaraga qarab, dadasining koʻngli ezildi.
Havoda gullarning yoqimli ifori kezadi. Shabada mayin esib taningga rohat beradi. Singlisini yetaklab ketayotgan Sevaraning kayfiyati bir oz koʻtarildi. Koʻcha boshidagi ulkan simyoqoch ustiga savatdek uya qurgan laylaklarni koʻrib, koʻngli ancha yozildi. Chunki oyisi doim “Laylaklar yaxshilik keltiradi. Jannat qushlari – ular”, derdi. Sevara oyisini judayam sogʻinganini his qildi. Ikki kundan beri uyda ukalariga qarab qolayotgani uchun kasalxonaga borolmadi. U oyisini juda yaxshi koʻradi. Chunki onasi mehribon, muloyim ayol. Sevaraga, ukalariga sira qattiq gapirmaydi. Madinaning oyisiga oʻxshab ularni qargʻamaydi. Qizcha xayollar ogʻushida maktabga qanday yetib kelganini bilmay qoldi. Sinfga kirganida hamma sinfdoshlari kelib boʻlishgan ekan. Qizlar esa Madinaning atrofini oʻrab turishardi. “Voy-boʻ. Madina rosa poʻrim boʻlib ketibdi-ku”. Ustida yangi, oqqush patidek yengil va harir oq koʻylak. Oyogʻida oppoq tufli. U burnini tanqaytirgancha gerdayib oʻtirar, qizlar koʻylagini ushlab koʻrmoqchi boʻlsa, “tort qoʻlingni kir qilasan”, deya siltab tashlardi. Sevara sumkasini qoʻydi-da, Madinaga yaqinlashdi.
“Qulluq boʻlsin oʻrtoqjon, – dedi kulib. Lekin bekor maktabga kiyib kelibsan-da, kir boʻladi. Sevara sinf sardori. Hozir esa Madinaga «maktabga formada kelish kerak”, – deyolmadi. – Hech narsa qilmaydi. Maktabga kiymasam, qayerga kiyaman. Oʻzingda yoʻqligi alam qilyaptimi? – dedi Madina labini choʻchchaytirgancha.
– Nega unaqa deysan? – Sevara titrab ketdi. – Menga hech narsa alam qilgani yoʻq. Alam qilmaydiyam. Shu payt qoʻngʻiroq chalinib qoldi. Gulnora opa Sevaraning yoshli koʻzlariga qarab hayron boʻldi. Bolalar bilan salomlashgach, Madinaga koʻzi tushdi.
– Asqarova tur-chi, – dedi u Madinaga. Bu yer qanday joy?
– Maktab.
– Bu yer maktab boʻlsa, nega formada emassan?
Madina indamay yer chizdi. Koʻz ostidan Sevaraga qarab qoʻydi. Gulnora opa shu kuni odobnoma darsida kiyinish odobi, libos eski boʻlsa ham toza, ozoda, dazmollangan boʻlishi kerakligi haqida gapirdi.
Darslar tugagach, Sevara uyga shoshdi. Axir bugun dadasi, kasalxonaga olib boradi. Tezroq borib uylarni yigʻishtirishi, ukalari bilan tayyor boʻlib turishi kerak. Oyijonisini biram sogʻindi-yey! Ikki kun, ikki oydek uzoq tuyuldi. Yuragi hapqirib, gʻalati boʻlib ketdi. Baribir, ota-onang sogʻ-salomat boʻlgani yaxshi-da.
U kasalxona darvozasidan kirar ekan, derazadan kulimsirab turgan oyisiga koʻzi tushdi. Nahotki, javob berishgan boʻlsa! Ana, oyisi yangi kiyimlarini kiyib olibdi. Qanday yaxshi, mehriboni endi uyda boʻladi. Mazali ovqatlar pishiradi. Sevara esa unga jon deb yordamlashadi. Maktabdagi dilxiraklarni unutgan qizcha oyisining quchogʻiga otildi...
Uyga qaytishganida esa, Madina kechirim soʻrash uchun darvoza tagida uni kutib turardi...
Saida Rustam qizi
Manba: Azon.uz “Zamin” yangiliklarini “Odnoklassniki”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
100 mln so‘mgacha bo‘lgan kreditlar soddalashtirilgan tartibda ajratiladi
Medvedev Rossiya NATO harbiy bazalariga zarba yo‘llashi mumkinligini istisno qilmadi
Germaniya razvedkasi rahbari: “Rossiya yaqin yillarda NATOga hujum qilishi mumkin”
Organizmda qaysi turdagi vitamin yetishmayotganini qanday aniqlash mumkin?
Eron Isroil bilan keng ko‘lamli urushga tayyorligini ma’lum qildi
Gretsiyada minglab odamlar NATOga qarshi namoyish o‘tkazdi
Endi «Doimiy yashash joyiga ro‘yxatga qo‘yish» qulaylashdi (video)
Erdo‘g‘on: “Turkiya G‘azo mojarosi tugamaguncha Falastinni qo‘llab-quvvatlaydi”