1 238
Nuriymon Abulhasan: «Davlat musulmonlarning xohish-istaklariga peshvoz chiqishi kerak»
Bugungi kunda davlat va din munosabatlari borasida to‘liq va muayyan bir fikr shakllanmagan. Eng achinarlisi, davlat tashkilotlarida faoliyat yuritayotgan fuqarolarimizda ham ayni shu masalaga turlicha yondoshilayotganligi sabab, aksari hollarda kelishmovchiliklarga guvoh bo‘lamiz.
Mamlakatimizda din davlatdan ajratilgan, degan qoida mavjud. Qoida nima uchun qabul qilingani va uni maqsadi to‘g‘risida ko‘pchilikda ma’lumot yo‘q. Avvalambor, din davlatdan ajratilgan degan gapni qanday tushunish mumkin?
Birinchidan, bundan maqsad davlatning diniy tashkilotlarni moliyalashtirmasligi. Ya’ni masjid bo‘ladimi, cherkov yoki ibodatxona bo‘ladimi, har qanday diniy tashkilotlar davlat tomonidan moliyalashtirilmaydi.
Ikkinchidan, bu qoidadan maqsad, davlat idoralari, tashkilotlari diniy tashkilotlarning ichki ishlariga va o‘z navbatida diniy tashkilotlar ham davlat siyosatiga aralashmaydi.
Mana shu mezonni to‘la tushunmaslik natijasida, turli ixtiloflar kelib chiqmoqda. Diniy tashkilotlarning va davlat tashkilotlarining ba’zi bir xodimlari hamda aholining aksari qatlamida “Demak, davlat dindan ajratilgan bo‘lsa, dinga qandaydir qarshilik bor”, degan noto‘g‘ri tushuncha paydo bo‘ldi. Bunga aniqlik kiritilishi shart.
Masalan, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mita qanday tashkilot-u, O‘zbekiston musulmonlar idorasi qanday tashkilot ekanligini bilmaydigan insonlar ko‘p. Ko‘plab hamyurtlarimizda bu borada yetarli bilim va ma’lumot yo‘q. Hatto, men O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mitada ishlaganimda, katta-katta tashkilotlarning rahbar xodimlari “Sizga biz xat bilan murojaat qilmoqchi edik. Muftiy hazratlarining nomlariga xat yozaylikmi?” degan savol bilan chiqishar edi.
O‘zbekiston musulmonlar idorasi bilan Din ishlari bo‘yicha qo‘mita o‘rtasida juda katta farq borligini tushuntirishga qiynalar edim. Davlat tashkilotlarida vaziyat shunday bo‘lsa, oddiy aholining noto‘g‘ri qarashlaridan xafa bo‘lmasak ham bo‘ladi. Vazirlar Mahkamasi huzuridagi din ishlari bo‘yicha qo‘mita bu davlat idorasi hisoblanadi va davlat tomonidan moliyalashtiriladi. Musulmonlar idorasi davlat va budjetdan tashqari bo‘lgan tashkilotdir.
Statistik ma’lumotlarga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasida 90 foizdan ziyod musulmonlar yashaydi. Shunday ekan, dinni biz jamiyatdan ajratolmaymiz. Afsuski, ayrim shaxslar jamiyatimizda dinga e’tiqod qiluvchilarning ortib borishini jamiyat radikallashib bormoqda, degan masala bilan chalkashtirishyapti. Bu noto‘g‘ri.
Tarixga nazar tashlaydigan bo‘lsak, ajdodlarimizning barchasi musulmon bo‘lgan, ko‘pchiligi yoshligidanoq hofizi Qur’on bo‘lishgan. Shundan so‘ng barcha ilmlarni o‘zlashtirishga harakat qilgan va o‘zlashtirgandan keyin dunyoga mashhur kashfiyotlar qilingan. Ularning birortasi musulmon bo‘lgani uchun terrorist bo‘lib qolmagan. Aksincha, musulmon bo‘lgani uchun rivojlangan, dunyo taraqqiyotiga hissa qo‘shgan.
Bugungi kundagi ba’zi holatlarga to‘xtalsak. Bir vaqtlar soqol qo‘ygan yigitlarga qarab “tolibonga o‘xshama”, der edik. Bugun esa “tolibon”larga xush keldingiz deyapmiz. Aslida, haqiqiy terrorist soqol qo‘ymaydi. Yomon niyatli inson o‘zini oshkor qilmaslikka harakat qiladi. Davlat musulmonlarning kamtarona bo‘lgan xohish-istaklariga peshvoz chiqishi kerak. Bugun davlat musulmonlarga o‘z dinlarining mazmun-mohiyatini tushunishiga imkon berishi lozim. Dindan yiroqlashtirsak ehtiyojni ijtimoiy tarmoqdan izlaydi va bu davlatga xavf tug‘dirishi mumkin. Din va uning mazmun-mohiyatini musulmonlarga o‘rgatishda davlat idoralari, ayniqsa bu masalada Din ishlari bo‘yicha qo‘mita peshqadam bo‘lishi kerak. Ijtimoiy tarmoq orqali turli xil da’vatlar ketayotgan bir sharoitda, asl islomni ko‘rsatib bermasak, kech bo‘lishi mumkin.
O‘zbekiston Respublikasi Din ishlari bo‘yicha qo‘mitani ko‘pchilik faqatgina musulmonlar bilan ishlaydigan va ularni davlat bilan bog‘laydigan tashkilot deb tushunishadi. Aslida unday emas. O‘zbekiston Respublikasida 136 tadan ziyod millat va ellatlar yashaydi. Va shu bilan birgalikda 16 ta diniy konfessiyalar rasmiy ro‘yxatdan o‘tgan. Din ishlari bo‘yicha qo‘mita davlat bilan diniy tashkilotlar o‘rtasida ko‘prik vazifasini bajaradi. Davlat va ibodat qiluvchi har qanday fuqaro, musulmonlar o‘rtasida murosani ta’minlaydi.
Bugungi vaziyatga baho beradigan bo‘lsak, bu borada tushunmovchiliklar, ziddiyatlarni ko‘rishimiz mumkin. Masalan, bir necha yil avval savdo majmuasida yigitlarning soqolini olinishi bilan bog‘liq muammo yuzaga kelgan edi. Ana shu muammolarni Din ishlari bo‘yicha qo‘mita tushuntirishi kerak. Soqolini olish bilan biz yigitlarni fikridagi, ongidagi masalalarga ta’sir qilolmasligimizni anglab yetishimiz kerak. Avvalambor, soqolga nisbatan munosabatlarni o‘zgartirish joiz.
Chunki soqol bir haftada o‘ziga qaytadi, lekin davlat tomonidan qilingan jarohat bir umrga qoladi. Agarda yigitda radikallik bo‘lsa, soqolini olib tashlash bilan undagi radikalizm kuchayadi va davlatga nafrati ortadi. Shuning uchun bugungi kunda Din ishlari bo‘yicha qo‘mita va Musulmonlar idorasi hamkorlikda dinni o‘rgatuvchi kurslarni ochib, diniy ta’lim berilishi kerak. Bizning ulamolarimiz dinning haqiqiy mazmunini yetkazishi zarur.
Har kuni deyarli ommaviy axborot vositalarida korrupsion holatlar haqida xabarlar berilmoqda. Korrupsiyani qanday oldini olishimiz mumkin? Bugun xudodan qo‘rqadigan, dinni yaxshi biladigan va yurt koriga yarashga bel bog‘lagan, shu bilan birgalikda Vatan taraqqiyoti uchun jonini fido qiladigan kadrlarga ehtiyoj bor. U kadrlar o‘zining kim ekanligini yaxshi biluvchi, ajdodlariga munosib bo‘lishga harakat qiluvchi, dinini asl mazmun-mohiyatini chuqur o‘rgangan shaxslar bo‘lishi kerak. Ular korrupsion holatlarni oldini oladi va unga barham beradi.
Shu bilan birgalikda jinoyatlarga qo‘l urmaydi. Davlat budjetiga xiyonat qilmaydi. Axir, milliardlab mablag‘lar talon-taroj qilindi, degan xabarlar ko‘paymoqda. Lekin kim uni talon-taroj qildi? Aybdor kim ekanligini haligacha tushunmayapmiz, bilmayapmiz. Shunday ekan, mana shunday masalalarni muolaja qilishda davlat dindan foydalanishi kerak, dinga bag‘rini ochishi kerak. Din bilan shunday munosabatda bo‘lishi kerakki, aslida yig‘ilib qolgan muammolarni yechimi dinda ekanligini tushunib yetishi va bunga e’tibor qaratishi kerak deb o‘ylayman.
Nuriymon Abulhasan
(2018-2019- yillarda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisining o‘rinbosari lavozimida faoliyat yuritgan) “Zamin” yangiliklarini “Facebook”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
KXDR Rossiyaga 100 minggacha harbiy yuborishi mumkin
Endi operatsiyadan so‘ng kesmalar o‘rni ikki barobar tezroq bitishi mumkin
O‘zi choy damlaydi va suhbatlashadi: dunyodagi birinchi “aqlli” choynak taqdim etildi (video)
Bayden va Jinping Peruda uchrashdi: «Agar bir-birimizni raqib deb bilsak, munosabatlarni buzamiz»
Global ochlik va qashshoqlikka qarshi kurash alyansiga 82 mamlakat a’zo bo‘ldi
Tyumen oblastiga O‘zbekistondan mehnat migrantlari ishga jalb qilinadi
Turkiya Isroil prezidenti samolyotini havo hududiga kiritmadi
Ijtimoiy tarmoqlar davrida ruhiy salomatlikni qanday saqlash mumkin?