16:16 / 20.08.2022
2 054

Shavkat Mirziyoyev Ka’bani tozaladi

Shavkat Mirziyoyev Ka’bani tozaladi
Kecha Toshkent shahridagi “Hazrati Imom” jome masjidida juma namoziga muftiy xazratlari Nuriddin Xoliqnazarov tashrif buyurdi.

Kuni kecha davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev umra ziyoratini amalga oshirib, vatanimizga qaytdilar. Ziyorat davomida hamroxlik qilgan muftiy hazratlari bugungi juma namozida Umra ziyorati taassurotlari haqida maviza qildilar. Xalqimiz bu tarixiy voqeada Prezident ilk bora ziyorat amallarini qanday bajarganini ijtimoiy tarmoqlarda kuzatib turdi. Ularning hissiyotlarini, duolarini muftiy xazratlari go‘zal tarzda masjidga yig‘ilganlarga yetkazdilar.

– Bu minbar Payg‘ambarimiz sallollohu alayhi va sallamdan meros hisoblanadi. Bu yerda dunyo gapi gapirilmaydi, bu yerda oyat, hadis, taqvoga oid gaplar gapiriladi. Biror joyga borib, safarimizni aytib berishlik juma xutbasiga to‘g‘ri kelmaydi. Lekin men xutbaning odob-axloqiga to‘g‘ri kelsa, taassurotlarimni maviza tartibida aytsamda.

Musulmon odamning safari bir necha xil bo‘ladi. Tijorat safarlari, amaliy safarlar, xizmat safarlari. Shuningdek, gunoh qilingan safarlar bor va bu safarlardan qaytarilgan. Ibodat safari Ka’batullohga Haj va Umraga borish hisoblanadi. Payg‘ambarimiz sallolohu allayhi va sallam mana shu safar bobida aytar ekanlar faqat 3 ta masjid uchun niyat qilinadi: “Masjidun Nabaviy”, “Masjid-ul Aqso” va “Masjid-ul harom”. Har bir mo‘min shu safar orzusida bo‘ladi, bir marta bo‘lsada safar qilishlikni Allohdan so‘raydi. Qilingan ziyoratlar, safarlar ichida mana shu o‘zgacha bo‘ldi, desam yanglishmayman.

Aslida bu Saudiya Arabistonining podshohi taklifi bilan bo‘lgan davlat tashrifi hisoblanadi. Va, albatta, Prezidentimiz shu tashrif asnosida ziyoratni ham niyat qildilar. Rejaga ko‘ra, dastlab Jidda shahriga borish kerak edi. Biroq yurtboshimiz “Birinchi Madinaga tushamiz, Payg‘ambarimiz Muhammad sallollohu alayhi va sallamni ziyorat qilib, keyin boshqa ishni qilamiz”, dedilar.

Payg‘ambarimiz Muhammad sallollohu alayhi va sallam aytadilarki, “Biron bir masjidda namoz o‘qishni fazli bo‘lmaydi, Masjidun Nabaviyda namoz o‘qilganda bitta namozga mingta namozning fazli yoziladi”. Mana shu huddudni belgilab buyog‘i qancha kengaysa ham haram bo‘ladi, deyiladi. Ko‘pchilik ravza bilan qabrni aralashtirib yuboradi. Murod ravzada birinchi kirib namoz o‘qish, ravza bu bog‘ degani. Payg‘ambarimiz alayhisalom “Mening uyim bilan minbarim orasa ravza, ya’ni, jannat bog‘idan bir bog‘”, deganlar. Shuning uchun bu joy yerdagi jannat bog‘i, deyiladi.

Ziyoratga borganlar bilishadi, avval ravzada namoz o‘qib keyin payg‘ambarimiz sallollohu alayhi va sallam qabrlarini ziyorat qilinadi. Payg‘ambarimiz sallollohu alayhi va sallam yotgan joylari Oyisha onamiz bilan yashagan hujra hisoblanadi. Ma’lumotlarga ko‘ra, o‘sha davrda Payg‘ambarimiz sallollohu alayhi va sallamga qabr kavlashda sahobalarda ixtilof bo‘lib qolgan. Qabr lahad yoki yorma shaklida bo‘lishi munozarali masala bo‘lib qolgan. Shunday vaziyatda sahobalar “Eshikdan birinchi bo‘lib qaysi go‘rkov kelsa shuning gapini olamiz”, dedilar. Va o‘sha joyga lahatlik kirib keldi va Oyisha onamizning uylariga qabr kavlanib, shu joyga dafn qilindilar.

Payg‘ambarlarning jasadlarini hech qachon yer yemaydi – hech qachon chirimaydi. Hamma Payg‘ambarlar qiyomatgacha shunday turadi. Payg‘ambarimiz sallollohu alayhi va sallam aytadilar “Kim meni ziyorat qilib, menga salom aytsa, mening ruhim qaytadi va uning salomiga alik olaman”, deganlar. Shuning uchun ravzada namoz o‘qigandan keyin Payg‘ambarimiz sallollohu alayhi va sallamga salom beradilar. Payg‘ambarimiz yonlarida buyuk sahoba Abu Bakr Siddiq raziyallohu anhu dafn qilingan.

Oyisha onamiz “Payg‘ambarimiz sallolohu allayhi va sallam yonlariga otam Abu Bakr Siddiq dafn qilingan men ularning oldilariga kirib, qabrlarini tez-tez ziyorat qilib turar edim. Hazrati Umar dafn qilinganida, u yerga kirganimda o‘zimning hayo, ibo bilan ro‘molimni o‘rab kiradigan bo‘ldim” dedilar. Aslida Oyisha onamiz o‘zlari uchun u yerni saqlab turardilar. Xazrati Umar raziallohu anhu shahid bo‘lganlarida, o‘limi oldidan Oyisha onamizning oldiga farzandlarini yuborib, Payg‘ambarimiz yonlaridan joy qilsalar bo‘larmikan, deb so‘ratganlar.

Farzandalar Oyisha onamizning oldiga kelib, Umar ibn Hattob oldingizga yubordilar, dedi. Oyisha onamiz yig‘lab, “Nega amir al-mo‘minin demayapsiz?” dedilar. Farzandlari “Hazrati Umar raziyallohu anhu jon berish holatda bo‘lganlari uchun bizga amir-al mo‘minin deb murojaat qilishni taqiqladilar”, deb javob berishdi. Oyisha onamiz “O‘zi o‘sha yerda bir kishilik joy bor edi. O‘zim uchun ushlab turgandim, lekin u yerda yotishlikka Xazrati Umar haqliroq, deb bilaman”, dedilar.

Prezidentimiz bilan masjidga kelganimizda mashina masjidning tashqarisida kelib to‘xtadi. Ichkariga juda uzoq yurilishi va juda issiq bo‘lgani uchun o‘sha yerdagi masjid xizmatchilari, mutassadilar maxsus elektromobil olib kelib qo‘yishdi. Shunda Prezidentimiz “Rasululloh oldilariga ulovda boramanmi? Piyoda boraman, axir bu beodoblik bo‘lmaydimi”, dedilar. Piyoda bordik. Jibroil degan darvozadan kiriladi, keyin suffaa bor. Payg‘ambarimiz davrlarida kambag‘al, muhtoj bo‘lgan, lekin dinini mahkam tutgan, so‘fiy bo‘lib ketgan Abu Hurayra raziyallohu anhuga o‘xshaganlar o‘sha suffada yashardi. Ularni Ahli suffa deb atashardi.

Hozir ham o‘sha suffa turibdi. Beixtiyor o‘tayotganimda o‘sha joyda Abu Xurayra raziyallohu anhu o‘tirganliklari, ahli suffa ovqatsiz, o‘sha yerda o‘tirib, sabr qilib turganliklari, uylari bor sahobalar bularga qarab, ibrat olganliklarini esladim. Shunday bo‘lsada Abu Hurayra raziyallohu anhu hadis rivoyat qilish bo‘yicha birinchi o‘rinda turadilar. Bu ilmni, ma’rifatni faqatgina boylik bilan olmaslikning nishonasidir. Ravzada namoz o‘qidik. Bu yerda boshqacha bo‘lib ketasiz, jannatning bir bog‘ida turganday. Bunaqa joyda har qanday odam o‘zi bilan o‘zi bo‘lishni boshlaydi.

Prezidentimizdan iltimos qildimki, bu yer duo qabul bo‘ladigan joy, shu yerda duo qilish kerak, duo qiling dediim. Qo‘llarini duoga ochdilarda birinchi duolari “Yo Rabbiy, duo qabul bo‘ladigan joyda sendan yolvorib so‘rayman, mening xalqimni tinch qilgin”, dedilar. Faqat xalqni so‘rab duo qildilar. Ikkinchi marta yana aytdim, o‘zingiz uchun ham duo qiling. Yana qo‘lini duoga ochdilar-da “Yurtimni yoshlarini ilmli qilgin, saodatli qilgin baxtli qilgin. Yurtimda hech notinchlik bo‘lmasin”, dedi. Uchinchi martda yana aytdim, “O‘zingiz uchun duo qiling”. Yana xalqni duo qildilar-da. Men yig‘ladim. Bu yerda hech kimda xo‘jako‘rsinlik bo‘lmaydi.

Haqiqatdan yurakdan to‘kiladigan joylar. Men keyin Prezidentimiz haqlariga duo qildim. Ularga Payg‘ambarimiz sallollohu alayhi va sallam yashagan, dafn qilingan joyni ochib berdilar. Avval Fotima onamizni uylariga kirib, keyin darchadan payg‘ambarimiz uylariga o‘tilar ekan. Shu yerga dafn qilingan, o‘sha yer mato bilan o‘rab qo‘yilibdi. Rasullulloh oldida turishlikni tasavvur qiling? U yerdagi muhit yozib yoki aytib tushintiriladigan narsa emas.

Davlatimiz rahbari “Assalomu allaykum yo rasululloh. Men sizga sizning ummatingiz bo‘lgan O‘zbekiston xalqi mo‘min, musulmonlarini salomini olib keldim qabul qiling”, dedilar. Keyin hammamiz jo‘r bo‘lib salovat aytdik. Keyin qibla tomonga qarab, qayta va qayta xalqimizni duo qildilar. Ajib bir rohat bilan chiqdik. U yerdan qaytib Jidda shahriga borildi va ertasiga Umra amalini bajarishga kirishdik.

Bizning yurtimizga e’tiborni ko‘rib, beixtiyor ko‘zingizga yosh keladi. Birinchi Prezidentimiz bundan 30 yil avval borgan edi. Demakki, 30 yil deganda Prezidentimiz tashrifi. Jida, Makka, Madinada bayroqlarimizni ko‘rib to‘lqinlanar ekansiz. Saudiya Arabistonining shahzodasi Muhammad bin Salmon shaxsan o‘zlari kutib oldi. Vazirlar, tadbirkorlar, Islom taraqqiyot banki bilan uchrashuvlarni go‘zal tartibda o‘tkazdilar. Go‘yoki Payg‘ambarimizni ziyorat qilib, ulardan ijozat so‘rab keyin bu yoqqa kelyaptilar. Odob bilan avval u zotga salom aytib, hurmat ko‘rsatib, ummatlarining salomini yetkazyapti. Ya’ni ziyorat bilan boshlangan tashrif boshqa siyosiy jarayonlarni o‘tkazib, ibodat bilan tugadi.

Shundan so‘ng Ka’batullohga bordik. Ka’batulloh kalitini Payg‘ambarimiz sallollohu alayhi va sallam Abu Tolhaning o‘g‘illariga berib Abu Tolhaning avlodi bu kalitga haqli, to qiyomatgacha bu kalit sizlarda turadi faqat zolim bo‘lsagina sizlardan tortib oladi, boshqa hech kim olmaydi, deb topshirgan ekanlar. Hozirgacha mana shu oilaning avlodida kalit saqlanib kelinar ekan. O‘sha yurtining podshosi bo‘lsa ham shu oilaga iltimos qilib, eshikni keyin ochar ekan. Bizga ham oila vakili kelib eshikni ochdi. Payg‘ambarimiz sallollohu alayhi va sallam namoz o‘qigan joylari ajratib qo‘yilagan, shu joyda Prezidentimiz namoz o‘qidilar.

Payg‘ambarimiz boshi tekkan joyga boshini qo‘yib, sajda qilib “Xalqimni o‘zing asra, kambag‘allar kamaysin, iqtisodimizni ko‘tar robbim”, deb duo qildilar. 11500 ta xatmi qur’on qildik, imomlarimizga, mudarrislarga rahmat, yordam berishdi. O‘sha yerda o‘qib, men baxshida qildim. O‘zbekistondan o‘tib ketgan kim bo‘lsa, o‘zing raxmatingga ol deb duo qildik. Bu joyda vaqt chegaralangan. Biroq yana ozgina o‘tirishni istaydi kishi. Mas’ul keldida yelkamga urib “Devorning bu tarafiga qarab o‘qinglar”, dedi. To‘rt tomonga qarab namoz o‘qidik.

So‘ngra kutilmagan voqea bo‘ldi. Birdan qo‘limizga muattar latta berishdi. Ka’ba devorini artishga muyassar bo‘ldik. Prezidentimiz butun Ka’ba devorini artar ekanlar, yig‘lab duo qildi. O‘zi aslida bu yumushni shu yurt podshohi qilishga haqli. Bundan qanday manfaat bor, deb o‘ylashingiz mumkin. Birinchidan, bu shukrona hissi bo‘ladi. Keyin yurtimiz rahbari yurt nomidan duo qilib, Ka’baga qarab namoz o‘qishi mo‘min odamni quvontiradi. Buning uchun biz Allohga shukur qilishimiz kerak, – dedilar Nuriddin domla Holiqnazarov.

Muftiy hazratlari mavizalari so‘ngida davlatimiz rahbari va musulmonlarning haqqiga duo qildilar. Ziyorat qalblarni titratadigan taassurotlarga boy bo‘lganligi aytilib, har bir musulmonga mana shunday ziyorat nasib etilishi so‘raldi.

Kamola Adashboyeva tayyorladi

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Shavkat Mirziyoyev Ka’bani tozaladi