12:38 / 19.09.2022
1 665

Siyosatshunoslar Putin va Sining Samarqanddagi uchrashuvi haqida: “Rossiya o‘zi kutgan qo‘llovni ololmadi”

Siyosatshunoslar Putin va Sining Samarqanddagi uchrashuvi haqida: “Rossiya o‘zi kutgan qo‘llovni ololmadi”
Siyosatshunos Kamoliddin Rabbimov va iqtisodchi Abdulla Abduqodirov Rossiya hamda Xitoy prezidentlarining Samarqandda o‘tgan ikki tomonlama uchrashuvi haqida o‘z fikrlarini bildirdi-.

Tahlilchilarga ko‘ra, Putin Xitoy rahbaridan Ukrainadagi urush bo‘yicha kutilgan qo‘llovni ololmagan.

Kamoliddin Rabbimov: O‘ylashimcha, haqiqiy fikr almashishlar yopiq eshiklar ortida bo‘ldi. Bunda Rossiya prezidenti tashabbusni qo‘lga olib, vaziyatni o‘z manfaatiga rasmiylashtirishga harakat qildi. Ya’ni Xitoy rahbariga Ukraina masalasidagi qo‘llab-quvvatlov uchun minnatdorchilik bildirdi. Aslida, Ukraina masalasida Xitoy juda ham ehtiyotkor.

Uning Ukraina masalasida pozitsiyasi ikki tarkibiy qismdan iborat: global geosiyosat. Bu masalada Xitoy Rossiya tomonida. Chunki u NATOning kengayishini va g‘arb agressiv geosiyosatini hamisha tanqid qiladi. Lekin SHHTning eng markaziy qadriyati bu – davlatlar hududiy yaxlitligi. Bu masalada Xitoy hech qachon kompromissga bormaydi. Chunki Xitoy ko‘p tarkibli millatlar davlati hisoblanadi. Uning ichida Tibet bor, uyg‘urlar bor. Ya’ni juda ko‘p millatlar, xalqlar va ularning hududlari bor.

Xitoy uchun SHHTni tuzishdan strategik maqsad tashqi dunyodan, jumladan, postsovet hududi va Markaziy Osiyodagi siyosiy qarashlarni nazorat qilish va Xitoy ichkarisidagi separatizm qo‘llab-quvvatloviga yo‘l qo‘ymaslikdir. Ukraina masalasidagi Xitoyning ikkinchi pozitsiyasi bu – Ukraina yaxlitligi. Xitoyda shunday ziddiyat bor. Bir tomondan, geosiyosiy masalada kollektiv g‘arbga qarshi turish, ikkinchi tomondan, Ukraina yaxlitligini qo‘llab-quvvatlash.

Rossiya va Xitoy orasida OAV nazdida bamisoli do‘stlik bordek edi. Lekin Xitoy g‘arb tomondan qo‘llangan sanksiyalarni qo‘llab-quvvatlayapti va tan olyapti, shuningdek, Rossiya so‘ragan to‘laqonli yordamlarni shu paytgacha bergani yo‘q. Lekin sanksiyalarning hammasini to‘laqonli ishga ham solayotgani yo‘q. Bu yerda Xitoy pozitsiyasi ziddiyatli va o‘ta ehtiyotkor. Chunki Xitoyning Rossiya bilan savdo-iqtisodiy aloqalari g‘arb davlatlari bilan bir necha 10 barobar katta. Ular ichida eng katta savdo aylanmasi AQSH bilan amalga oshirilib kelinadi.

Xitoy Rossiya misolida ko‘rdiki, masalalarni urush bilan hal qilish teskari effekt beradi. Qo‘shimcha sanksiyalarga olib keladi. Davlatning geosiyosiy majruhlanishiga sababchi bo‘lishi mumkin. Shuning uchun o‘ylaymanki, rasmiy Pekinning Tayvan borasidagi qarashlari bugun o‘zgaryapti. U transformatsiyaga uchrayapti. U keyinchalik yana kuch bilan qaytarib olishga harakat qilishi mumkin. Lekin Rossiya Ukraina o‘rtasidagi urush oqibatlarini o‘zida his qilib ko‘ryapti deb o‘ylayman.

Putin vaziyatni tashqi dunyo uchun o‘ziga og‘dirishga harakat qildi. Ya’ni minnatdorchilik bildirishi ortidan bamisoli Xitoy Rossiyani qo‘llab-quvvatlayotgandek fon uyg‘otishga urindi. Lekin aslida vaziyat unday emas.

Abdulla Abduqodirov: Birinchidan, SHHT yig‘iniga Xitoy rahbari Qozog‘iston orqali uchib keldi. U yerda Xitoy Xalq Respublikasi Qozog‘istonning ichki suverenitetini qo‘llab-quvvatlaydi va unga bo‘lgan tajovuzlardan himoya qilishga tayyor deb aytildi. Ikkinchidan, o‘z navbatida prezidentimiz ham Xitoyga rasmiy tashrif bilan borishga taklif etildi. Bu orqali “ba’zi narsalarni bugun kelisha olmadik, lekin siz bilan gaplashadigan gaplar bor, Pekinga keling, o‘sha yerda gaplashamiz”, deyildi, nazarimda.

Uchinchi tomondan, Putin aytdiki, Ukraina masalasida Xitoy o‘zining aniq pozitsiyasini aytgan. Ya’ni Xitoy rahbari “urush bizda xavotirni uyg‘otyapti” degan fikr bildirdi. Demak, Xitoy o‘zining aniq pozitsiyasini ko‘rsatdi. Birinchidan, urush cho‘zilib ketdi, ikkinchidan bu iqtisodiyotga ham o‘z soyasini soladi. Shuning uchun bu Si Jinpingga yoqmaydi. Unga bu ko‘rsatib qo‘yildiki, mabodo Tayvanga urush ochilsa, Ukrainadagi hol bu hali holva. Bundan yuz barobari Xitoyning boshiga kelishi mumkin degan aniq xabar berib o‘tildi. Qisqa uchrashuvda ana shu kuzatuvlar ko‘rindi.

Lekin meni xursand qilgan tomoni shu bo‘ldiki, sammit davomida tashkilotga a’zo davlat rahbarlarning kechki aylanishga chiqishlari va tashkilotchilikka hamma tan berdi. O‘zbekistondagi o‘zgarishlarni Samarqand misolida ko‘rishdi va unga tan berishdi. O‘ylaymanki, “Samarqand ruhi” degan tushuncha hammaning qalbida ketdi. Ya’ni prezident maqolasida aytgani kabi Samarqanddan xalqaro tinchlik masalalari boshqacharoq ko‘rinadi, ya’ni savdo va tijoriy aloqalar bilan rivojlanish hammamizga urushdan ko‘ra ko‘proq naf beradi degan fikrni aytdi.

Savolingizga javob bersam, birinchidan, bu uchrashuvda Putin o‘zi kutgan qo‘llab-quvvatlovni ololmadi, ikkinchidan, SHHT kun tartibini g‘arbga qarshi qaratilgan deb ham ko‘rsatolmadi.

arenda kvartira tashkent
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat