
Menga dollarni kassadan olishdan ko‘ra bankomatdan olish qulayroq. Sababi, ko‘pincha kassadagi turnaqator navbatda turib vaqtimni zoye ketkazishni istamayman. Biroq so‘nggi bir oy ichida 3-4 ta bankomatga ishim tushdi: ammo dollar ololmayapman. Yo texnik nosozlik yoki faqat 100 dollarlik olish mumkin bo‘lyapti. Bu muammodan jig‘ibiyron bo‘lib yursam, odamlar bundan ham katta muammolarga duch kelayotgani haqida eshitdim.
Xususan, ijtimoiy tarmoqlarda O‘zbekiston banklari chet el valyutasini sotib olishga cheklov joriy qilgani, jumladan, yirik banklar va filiallarda bu cheklov 1,5 ming dollarni, kichiklarida esa 500 dollarni tashkil qilayotgani haqida xabarlar tarqaldi.
Markaziy bank matbuot kotibi Akmal Nazarovning ma’lum qilishicha, banklar xususiy tijorat tashkilotlari va qanday ishlashini o‘zlari belgilaydi.
«Naqd xorijiy valyutaning vaqtincha taqchilligi tijorat banklarining uzoqdagi filiallariga naqd pulning logistikasi bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin», — deb tushuntirdi u.
Umuman olganda, cheklov bilan bog‘liq vaziyat fuqarolarni hayajonga solmasligi kerak, deb tushuntiradi «Mikrokreditbank» matbuot kotibi.
«Bu normal holat. Bank zaxirasida kam miqdordagi valyuta qolganda cheklov yuzaga keladi. Bu ko‘proq mijozlarga xizmat ko‘rsatish maqsadida joriy qilinadi», – dedi Sarvar Ochilov.
Bankning o‘zida ham hech qanday cheklovlar yo‘q, dedi Ochilov. Shuningdek, «Turonbank» va «Kapitalbank»da ham naqd valyuta bilan bog‘liq muammo yo‘q.
Biroq Azon muxbiri 12 oktabr kuni «Kapitalbank»ka murojaat qilganda valyuta almashtirish (sotib olish) uchun 500 dollar cheklov bo‘lgani, o‘z hisobidagi dollarni yechib olishga 5 000 dollar cheklov qo‘yilganini aytgan.
Kalavaning uchi yo‘qoldi. Markaziy bank banklar xususiy tijorat tashkilotlari va qanday ishlashini o‘zlari belgilashi, «Mikrokreditbank» mas’uli bu normal holat ekani, «Turonbank» va «Kapitalbank» bu borada muammo yo‘qligini aytmoqda. Ammo shamol kelmasa daraxtning uchi qimirlamaydi. Demak, ijtimoiy tarmoqlarda tarqalayotgan xabarlarda jon bor. Valyuta ayirboshlash bilan bog‘liq muammoga hamkasbim duch kelganini aytdi. Bundan anglash mumkinki, boshqalar ham u tushgan vaziyatni boshidan o‘tkazgan.
So‘nggi yillarda xalq bilan muloqot, aholining muammolarini o‘rganish ancha jadallashdi. Yuqori davlat idoralari vakillari ham xalq bilan yaqinlashdi. Aholi muammolari joyida hal etilmoqda. Biroq yutuqlarga mahliyo bo‘layotgan bir paytda kutilmagan joydan muammolar ham chiqib qolyapti. Masala yuzasidan mas’ullar birgina rasmiy munosabat berib, masala o‘rganilayotganini aytib, ko‘pincha undan osongina qutulyapti-qo‘yyapti.
Lekin xalqchi? Qachongacha mayda (kezi kelganda katta) muammolar atrofida sarson bo‘lib yuraveramiz? Demakki, tizimda u qildik, bu qildik deya og‘zimizni to‘ldirib maqtanishimizga hali erta. Zero, xalq muammolarga duch kelaverar ekan, ularning ertangi kungi ishonchi so‘nib boraveradi.
Manba: Azon.uz

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar