15:51 / 13.11.2022
1 132

Navoiyning umidli duosi yoxud Samarqand sammiti atrofidagi o‘ylar

Navoiyning umidli duosi yoxud Samarqand sammiti atrofidagi o‘ylar
Bugun Samarqand shahri dunyo siyosatchilarining e’tibori markazida turibdi, desak, mubolag‘a bo‘lmaydi. Ko‘hna va navqiron shaharda Turkiy Davlatlar Tashkilotining sammiti bo‘lib o‘tmoqda. Ayni shu kunlarda o‘zim guvoh bo‘lgan ayrim holatlar bilan o‘rtoqlashgim keldi.

Avvalo turk so‘zining o‘ziga to‘xtalaylik...

Bugun turk deyilsa, hammaning ko‘z o‘ngiga Turkiya jumhuriyati aholisi keladi. Aslida Turkiya yangi davlat, yangi atama, atigi yuz yil oldin paydo bo‘lganini hamma biladi. Dunyoning uchta qit’asida hukmronlik qilgan Usmoniylar xalifaligi parchalangan. uning o‘rnida yangi jumhuriyat paydo bo‘ldi – Turkiya.

Ayni shu yillarda, ya’ni XX asrning 20-yillarida Turkiston tuprog‘ida ham asosan turkiy xalqlar yashaydigan beshta respublika tuzildi. Qo‘qon va Xiva xonligi hamda Buxoro amirligi davlati hududidagi mazkur davlatlar SSSR deb nomlangan manfur ittifoqning izmida, bosqini ostida yashashga mahkum edi. Asosan turklar yashaydigan uchta xonlik “bo‘l va boshqar” siyosati ostida beshta alohida millatlar nomidagi respublikaga aylantirildi. Shu-shu turk so‘zi hozirgi Turkiya davlatiga xoslanib qoldi.

Bundan tashqari sovetning yovuz mafkurachilari “panturkizm” degan soxta ayblovni, aniqrog‘i, tamg‘ani o‘ylab topdi. Millat ozodligi uchun kurashganlarni “Xalq dushmani” deb atagan ifloslardan hamma narsa kutish mumkin. Aslida buning o‘ziga xos sabablari bor. Chunki Usmoniylar xalifaligi qiyin paytlarda ham G‘arbiy va Sharqiy Turkiston (Markaziy Osiyo va Uyg‘uriston) hududidagi chin va rus bosqinchilari zulmi ostida ezilib turgan qardoshlariga imkon qadar yordam qo‘lini cho‘zadi. Masalan, Usmoniylarning so‘nggi xalifalaridan biri Sulton II Abdulhamidxonga qo‘yilgan ayblorvlardan biri uyg‘uristonlik musulmonlarga qurol-yarog‘ jo‘natgani ham edi.

Qolaversa, turkiyalik mashhur siyosatchi va arbob Anvar Posho o‘tgan asrning boshlarida Buxoroga kelib, o‘rus bosqinchilariga qarshi kurashayotgan mujohidlarning boshini qovushtiradi va ozodlik kurashiga o‘zi bosh bo‘ladi. Hatto ana shunday kurashlarning birida Sharqiy Buxoroda – hozirgi Tojikistonning Boljuvon degan joyida shahid bo‘ladi. Shuningdek, rus bosqinidan qochgan aksar ziyolilarimiz Usmoniylar xalifaligi, bugungi Turkiya jumhuriyati hududidan joy oladi va o‘sha yerda ham tinch turmay, vatan ozodligi yo‘lida tinib-tinchimaydi. Shu sabablar tufayli sovet siyosatchilari “panturkizm” degan atamani o‘ylab topib, turklar bilan aloqa qilganlarni qattiq qatag‘onga uchratadi.

O‘z navbatida Haj va Umra ziyoratiga ketayotgan turkistonlik hojilar Istanbul orqali borib kelishni odatga aylantirgan, xalifalik poytaxtida bir qator o‘zbek markazlari (turklar takya deydi) paydo bo‘ladi. Mazkur takyalar haliyam saqlanib qolgan. Haj yo‘lida ketayotgan hojilar Usmoniylar xalifaligiga g‘ayridinlar tomonidan boshlangan bosqinchilik urushlarida turk qardoshlar bilan yelkama-yelka jang qiladi. Hajdan ko‘ra jihod afzal deya aksari shahid bo‘ladi. Chanoqqal’a shahrida ham ana shunday ota-bobolarimizning qabrlari bor...

Sovet maxfiy xizmatlari (va ularning gumashtalari) turkiy xalqlarni o‘zaro dushman qilish uchun barcha razilliklardan toymadi. O‘tgan asrning 90-yillarini yaxshi eslaymiz, mesxeti turklari, o‘zbek va qirg‘iz xalqlari orasiga sochilgan fitna urug‘i o‘z hosilini ko‘rsatgan edi. Bu haqda o‘zbek ziyolilarining “Fitna san’ati” nomli ikki to‘plamda jamlangan maqolalarini o‘qib, fojianing ildiziga teran nazar tashlash mumkin («Fan» nashriyoti, Toshkent — 1993).Turkiya O‘zbekiston mustaqilligini birinchi bo‘lib tan olgan davlat sanaladi.

Garchi istiqlolning ilk yillaridan “turk modeli” asosida davlatchilik qurilishi haqida ko‘p gapirilgan bo‘lsa-da, keyinchalik “o‘zimizga xos va o‘zimizga mos” yo‘l tanlangani uqtirildi va Turkiya jumhuriyati bilan aloqalarimiz birdan sovuqlashdi. Talabalar almanishuvi asosida o‘qiyotgan yoshlar tezda ortga qaytarildi. Turk litseylari va shirkatlari ham yopildi, biznesmenlar quvib solindi. Hatto turk tilidan tarjima qilingan diniy adabiyotlarga ham ko‘rinmas qo‘llar vositasida taqiq qo‘yildi. Bu haqda bugun gapirish mavridi bo‘lmasa ham, unutish ham mumkin emas... Mazkur holatlar siyosatga tegishli va kattalar hal qilgan ishlar. Ammo xalqimiz orasida ham turkiyaliklarga nisbatan munosabat inqadar.

Bundan yigirma yillar avval futbol bo‘yicha jahon chempionati doirasida Turkiya-Rossiya terma jamoalari maydonga tushdi. Atrofimdagi “tuppa-tuzuk” odamlar rus futbolchilariga muxlislik qila boshladi. Men hayron bo‘lib, ulardan buning sababini so‘radim. Turklar yolg‘onchi va bizni bosib olmoqchi emish. Yo tavba! “O‘rislar bizni bosib olgan va ota-bobolarimizni qirgan-ku!” dedim jahlim chiqib. “Zato, yetmish yil birga yashadik” emish...

Qozoq, qirg‘iz va turkmanlar bilan munosabatlarimiz borasida to‘xtalib o‘tishga zarurat yo‘q deb bilaman, chunki hammasi shundoq ham ayon. Lekin turkiy davlatlardan biri Ozarbayjon haqida ayrim mulohazalarimni aytib o‘tmasam bo‘lmaydi.

Xabaringiz bor, ikki yil oldin ozarbayjonlar Qorabog‘ni arman bosqinchilaridan ozod qilish uchun 44 kunlik urush olib bordi. Qorabog‘ tarixan va qonunan Ozarbayjonga tegishli hudud. O‘tgan asrning 90-yillarida Armaniston mazkur hududni bosib olib, ozarbayjonlarni quvib chiqargan, Tog‘li Qorabog‘ni mustaqil davlat sifatida e’lon qilgan. Mazkur kvazi davlatni hatto Armanistonning “olampanoh”i bo‘lgan ruslar ham tan olmagan. Butun dunyo nazdida Qorabog‘ Ozarbayjon respublikasining Armaniston tomonidan bosib olingan hududi sifatida bilinadi.

44 kunlik urush haqida xabar tarqatgan aksar o‘zbek saytlari shunday pozitsiya tanlaganki, o‘sha xabarlarni o‘qigan o‘quvchida go‘yo Ozarbayjon Armanistonning hududini bosib olayotgan bosqinchi davlat sifatida taassurot paydo bo‘ladi. Bu ruscha nashrlardan to‘g‘ridan to‘g‘ri tarjima qilingan xabar ekani aniq, lekin milliy ong va shuur yo‘qmi? Jurnalistda ozgina siyosiy va huquqiy bilim bo‘lishi kerak emasmi? Agar qardosh xalqning tarafini olmagan taqdirda ham huquqiy jihatdan adolatli yondashish kerak bo‘ladi-ku...

Tarixni “Kiyev rusi”dan boshlab o‘rgangan millatimizdan qadim va teran ildizlarimiz bir qardosh xalqqa muhabbatni kutish balki noto‘g‘ridir. Biz tarixni yaxshi o‘rganmayapmiz. Balki aynan shuning uchun ham xalqimizda milliy g‘urur va o‘zlikni anglash masalasida oqsoqlik bordir. (Ayni shu fikrlarni yozayotib “tarix” telekanali ochilgani esimga tushib qoldi. Televizor pultini olib, muravvatini “O‘zbekiston tarixi” kanaliga burasam, “Tarixiy savol” nomli ko‘rsatuvda bugungi kundagi ekologik vaziyat muhokama qilinayotgan ekan. Indamadim).

Yuqoridagilar faqat davlat rahbarlari va yo hukumat darajasida hal bo‘ladigan masala-muammolar emas. Asosiy yuk millat oydinlari – ziyolilar zimmasiga tushadi, desak, adashmaymiz.

Biror yildan beri Turkiyada yashayapman. Oddiy xalq vakillarining markiziy osiyoliklarga munosabatini ko‘rib hayron qolasiz. Tarixni yaxshi biladi. Sababi aksar turk tarixchi olimlari ayni paytda yozuvchi hamdir. Tarixiy voqealarni xalqona uslubda yozishga usta. Kitoblarini o‘qib, boshingiz g‘ovlab ketmaydi. Gazetalarda maqolalari chop etiladi. Radio va televideniyeda ko‘plab eshittirish va ko‘rsatuvlarga chaqiriladi. Bir-biriga qarama-qarshi fikrdagi tarixchilar bitta shouga jamlanib, o‘z dalillari bilan o‘rtoqlashadi. Qizg‘in-bahsu munozara tufayli millat ko‘plab ma’lumotlarga ega bo‘ladi. Hatto aksar tarixchi olimlarning internet tarmoqlarida shaxsiy blok va vloklari bor. Turkum ko‘rsatuvlar orqali o‘z bilimlari bilan o‘rtoqlashadilar, muxlislarni qiziqtirgan savollarga javob beradi. Shu bilan birga turistik firmalar bilan shartnoma tuzib, sayyohlarga Turkiyaning tarixi va obidalari haqida hikoya qilib beradi.

Turklarning tarixiy seriallari borasida ham alohida to‘xtalib o‘tish kerak. “Tirilish. Ertug‘rul”, “Qurilish. Usmon”, Poytaxt. Abdulhamid”, “Muhtasham yuz yil”, “Uyg‘onish. Buyuk Saljuqiylar” kabi seriallar nafaqat turk kinoixlosmandlari tomonidan sevib tomosha qilindi, balki dunyoning turli tillariga o‘girilib, turk davlatchiligi, madaniyati va tarixi haqida juda qimmatli ma’lumotlarni bera oldi. Kino sotish bo‘yicha ham turklar dunyoda yetakchi o‘rinlarga ko‘taririb olgani bejiz emas. Sulton Jaloliddin hayotidan hikoya qiluvchi serialni ham aynan turklarga ishonib topshirilgani ham ko‘pchilikni hayron qoldirgani yo‘q.

Afsuski bu bo‘yicha ham yetarli muammolarimiz bor. Uzoq Afrika savannalaridan tortib, okean ortidagi junglilarda ham namoyish etilayotgan turk tarixiy seriallari negadir O‘zbekiston telekanallariga “sig‘mayapti”. Masalan, “Poytaxt. Abdulhamid” seriali namoyishi xususiy telekanallardan birida berila boshladiyu... Kimlarningdir “hushyor tortishi” natijasida efirdan olib tashlandi. Turk seriallari desa, hamma behayolikka undovchi “asar”larni tushunib qolgan. Shulardan birida “Nihon” degan personaj eri qolib o‘ynashidan bola orttirar ekan. Yoki har kuni o‘nlab qotilliklarga qo‘l uradigan turli mafiozlar haqidagi kinolar... Aynan shunday seriallar orqali orqali xalqimizda bugungi Turkiya haqidagi fikrlar shakllanyapti. Vaholanki, aslida vaziyat butunlay boshqacha...

Istanbul obidalarining ichida taniqli tarixchi-yozuvchi, professor Ahmad Anapalini uchratib, ozgina suhbatlashib qoldim. Uning aytishicha, Turkiyada turk davlatchiligi tarixi miloddan avvalgi Atilla davridan boshlab o‘rgatilar ekan. Ular Atillani ham, Saljuqiylarni ham o‘z ota-bobosi kabi bilan ekan. Shuning uchun ular mojarlarni (vengerlarni) qardosh sifatida ko‘radi. Bizda esa ko‘plar Turkiy Davlatlar Tashkilotiga nega Vengriya ham qatnashyapti, degan savolga javob topolmay turibdi.

Xulosa qilib aytadigan bo‘lsak, qondosh va qardosh xalqlar bilan ahil bo‘lishimiz shart. Hatto turkiy xalqlarning birlashgan armiyasini ham tuzish vaqti kelar, balki kelgandir... Balki imlomiz va ehtimol pulimiz bir bo‘lar... Axir ming yillardan beri qirpichiq bo‘lib kelgan yevropa xalqlari birlashdi – Yevropa Ittifoqini tuzdi. Vaholanki, Angliya va Fransiya tarixida “Yuz yillik urush” bor. Ular 1337-1453 yillar orasida, ya’ni naqd 116 yil bir-biri bilan jang qilgan.

Gapni Samarqanddagi Turkiy Davlat Tashkiloti sammitidan boshlagan edik. Umid qilamizki, qadim ildizlarimizga yetib borib, qardoshlarimiz bilan birgalikdda, ahillikda, hamkorlikda yana ham kuchli davlatchilikka ega bo‘lamiz. Ota-bobolarimiz bejiz birlashgan o‘zar deb ta’kidlamagan. Ahillikda hikmat ko‘p.

So‘zimni hazrat Navoiyning duolari bilan yakunlamoqchiman: “Umid ulki, umidimdin noumid etma!

Abdulaziz Muborak

Manba: Azon.uz

arenda kvartira tashkent
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat