
Foto: Kun.uz
So‘nggi 50 yilda butun dunyoda tug‘ilishlar soni keskin kamaydi. 1952 yilda dunyo bo‘yicha oilalarda o‘rtacha 5 nafar bola bo‘lgan bo‘lsa, hozir 3 nafardan ko‘p emas. Bu esa rivojlangan davlatlar aholisi soni o‘sishiga ham ta’sir qilmoqda.
Aholi o‘sishini o‘rganishda 2 ta asosiy tushuncha alohida tahlil qilinadi:
- Tug‘ilishlar soni — har ming kishiga nisbatan bir yilda qancha odam tug‘ilishi;
- Tug‘ishlar soni — har ming nafar tug‘ish yoshdagi ayollar soniga nisbatan yiliga qancha farzand tug‘ilishi.
Aynan mana shu ikkinchi ko‘rsatkich 2,1 nisbatda bo‘lsa, ya’ni har ming ayolga yiliga 2,1 nafar bola tug‘ilishi to‘g‘ri kelsa aholining o‘sishi muvozanatda bo‘ladi. Biroq bu ko‘rsatkich global miqyosda yildan yilga pasayib bormoqda.
1952 yilda bir oila o‘rtacha 5 farzandli bo‘lgan, 2020 yilga kelib esa bir oilaga 2,4 nafar farzand to‘g‘ri kelyapti.
Nega ayollar kamroq farzandli bo‘lyapti?
Weforum nashri tahliliga ko‘ra, buning 3 ta asosiy sababi bor:
- Ayollarning ta’lim va mehnat bozorida kuchayishi, o‘rin topishi;
- Bolalar o‘limining kamayishi;
- Farzand o‘stirish xarajatlarining ortishi.
Ko‘proq ta’lim — kamroq farzand
Olib borilgan tadqiqotlarga ko‘ra, ayollarning ko‘proq ta’lim olishi ularning kamroq farzandli bo‘lishlariga sabab bo‘ladi. Masalan, Eronda 1950-yillarda ayollar o‘rtacha 3 yillik ta’lim ko‘rishgan va 7 nafar farzand o‘stirishgan. Biroq 2010 yilga kelib Eronda ayollar o‘rtacha 9 yillik ta’lim bilan qamrab olingan va ularga yiliga o‘rtacha 1,8 nafardan farzand to‘g‘ri kelgan.
Bu farazni yanayam yaxshiroq dalillash uchun xotin-qizlar ta’limi orqaroqda bo‘lgan davlatlarni o‘rganib ko‘rish mumkin. 2010 yilda Nigeriyada ayollarning o‘rtacha ta’lim bilan qamrovi 1,3 yil bo‘lib, o‘rtacha 7 nafardan farzandli bo‘lishgan. Bu o‘sha paytdagi o‘rtacha xalqaro ko‘rsatkichdan 2 baravar yuqori edi.
Bundan tashqari, ayollarning mehnat bozorida yaxshi o‘rinlarni egallay boshlagani ham ularning ko‘p bolali bo‘lishga rag‘batini susaytirgan bo‘lishi mumkin. Boisi, texnologiyalar taraqqiy etishidan oldin asosiy ishlar agrar sohada bo‘lgan va unga kuch talab qilingani uchun asosiy ishchilar ham erkaklar bo‘lgan. Sanoat davri boshlangach esa ayollar ham asta-sekin mehnat bozorida yaxshigina ulushni tashkil qila boshlashadi.
Yana bir sababi bola o‘stirish xarajatlari yuqoriligi bilan bog‘liq. Rivojlangan davlatlarda ta’lim narxlari baland va ota-onalar o‘zlari xohlaganicha emas, bolalariga sarflay olishi mumkin bo‘lgan investitsiya hisobiga qarab farzand rejalashtira boshlashdi.
Paydo bo‘ladigan muammolar
Tug‘ilish kamayishi va o‘rtacha umr ko‘rish davomiyligi oshishi dunyo aholisining qarib borish tendensiyasini yaratdi. 1950 yildan beri xalqaro miqyosda o‘rtacha yosh ko‘rsatkichi 22 dan 33 ga chiqdi. Dunyoning qarib borishi esa iqtisodiy muammolarni ham keltirib chiqaradi. Tibbiy xizmat narxlarining oshishi va xalqaro mehnat bozorining qisqarib borishi — shular jumlasidan.
Dunyo aholisining mehnatga layoqatli ulushi 2012 yilda eng yuqori ko‘rsatkichga yetgan. Shundan beri dunyoning mehnat yoshida bo‘lgan kishilari soni faqat qisqaryapti. Bu esa davlatlar qarshisiga pensiya tizimini o‘zgarishlarga doimiy moslashtirib borish vazifasini qo‘yadi.
O‘zbekistonda vaziyat qanaqa?
2020 yilning yanvar-dekabr holatiga ko‘ra, 74,3 foiz xonadonning 16 yoshgacha farzandi bor. Shundan 23,4 foizi bir bolali, 26,8 foizi ikki bolali, 16,9 foizi uch bolali hamda 7,2 foizi to‘rt va undan ko‘p bolalilarni tashkil etgan. 25,7 foiz uy xo‘jaliklarda esa 16 yoshgacha bolalar mavjud emas.
Ushbu ma’lumot asosida mantiqan olib qaralsa, asosan, 2 bolali oilalar ulushi ko‘proq bo‘lib chiqyapti.
Statistika qo‘mitasi saytida bir ayolga to‘g‘ri keladigan bolalar soni keltirilgan. Unga ko‘ra, 2021 yilda bir ayolga o‘rtacha 3,1 nafar bola to‘g‘ri kelgan.
Qiziq ma’lumot: tug‘ilishlar shahar hududlarida bir ayolga 2,9 dan, qishloq hududlarida esa 3,4 tadan to‘g‘ri kelyapti. Bundan O‘zbekistonning qishloq hududlarida tug‘ilish shaharga nisbatan yuqoriroq degan xulosa qilish mumkin.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar