
Yer yuzida odam ko‘payib borgani sari, oziq-ovqat va xom-ashyo va energiyaga talabi ham ortib boraveradi. Yer osti qazilma boyliklari esa borgan sari kamayib bormoqda. Qolaversa gaz, neft va ko‘mir kabi qayta tiklanmaydigan resurslarni yoqish Yer atmosferasi, flora va fauna, qolaversa insonning o‘zi uchun ham katta zarar keltirmoqda. Shunday bir sharoitda muqobil va ekologiya uchun zararsiz, eng muhimi - qayta tiklanadigan energiya manbalarini topish dolzarb bo‘lib qolmoqda.
Shunday muqobil energiya manbalaridan biri – shamol energiyasi hisoblanadi. Aslini olganda shamol kuchidan foydalanish kecha paydo bo‘lib qolgan yangilik emas. Insoniyat miing yillardan buyon tegirmonlarni yurgizish va dengizda yelkanli kemalarda harakatlanish uchun shamol quvvatidan foydalangan. O‘rta va yangi asrlarda Yevropa mamlakatlarida shamol energiyasidan juda katta miqyosda sanoat va qishloq xo‘jaligida qo‘llab kelingan.
Ma’lumot uchun aytadigan bo‘lsak, shamollarning yillik nazariy zaxirasi Yer yuzidagi barcha energiya zaxiralaridan 100 marta ortiq bo‘lib, 3300x1012 kVt/soatga teng. Ammo bu energiyaning faqat 10-12 foizidan foydalanish mumkin. Masalan, 1987 yilda Yer yuzidagi barcha shamol generatorlari tomonidan 10x1012kVt/soat energiya ishlab chiqarilgan bo‘lib, bu yillik zaxiraning atigi 0,3 foizini tashkil etadi.
Iqtisodiy jihatdan olsak, shamol tezligi 5 m/s dan yuqori bo‘lsagina shamol generatorlaridan foydalanish maqsadga muvofiq bo‘ladi. O‘zbekistonda esa o‘rtacha shamol tezligi 3 m/s ga teng.
Ko‘pgina shamol generatorlari sekundiga 3-4 m/s dan yuqori tezlikda esayotgan shamol yordamida ishlasada, 8-25 m/s tezlikda maksimal quvvatga ega bo‘ladi. Odatda shamol generatorlarining maksimal ishlash tezligi 25-30 m/s ni tashkil qiladi.
Garchi shamol elektrogeneratorlari an’anaviy generatorlardan 2-4 baravar qimmat turishiga qaramasdan, shamol energiyasidan foydalanish miqyosi bo‘yicha Germaniya birinchi o‘rinda turadi.
Bu mamlakatda shamol energiyasini ishlab chiqarish yiliga 500 – 1500 MVt ga ko‘paymoqda. Ayni paytda ishlab chiqariladigan energiya miqdori 2 mln.kVt/soatdan oshib ketdi.
Xo‘sh, butun dunyoda shamol generatorlaridan faol foydalanishayotgan bir paytda nega O‘zbekistonda unga e’tiborsiz qolyapmiz?
AzonTV da berilgan "Fikrat" tahliliy dasturida bir guruh fizik olimlar bilan o‘tkazilgan suhbatda qatnashgan fizika-matematika fanlari bo‘yicha falsafa doktori, Materialshunoslik instituti direktori Parpiyev Odilxo‘ja Raimxo‘jayevichning aytishicha “tanganing boshqa tarafi” ham bor.
- To‘g‘ri, shamol energetikasi ekologik toza energiya manbai hisoblanadi, - deydi Odlixo‘ja Parpiyev. - Avvalo shamol elektrostansiyalari uchun juda katta hududlar zarur. Chunki shamol energetik qurilmalari bir – biridan uzoqda joylashishi va ular orasidagi masofa - ish g‘ildiragi diametrining 6-18 barobariga teng bo‘lishi kerak. Masalan, ish g‘ildiragi D = 100 m bo‘lgan shamol energetik qurilmasi uchun 5-7 km2 hudud kerak. Butun shamol elektr stansiyasi to‘plami uchun esa o‘nlab gektar yer ajratish lozim.
Boshqa bir noqulay tarafi – generator varraklari shovqin chiqarib va havoni tebratib ishlashi natijasida tele- va radio eshittirishlarga xalaqit beradi. Hatto elektromagnit to‘lqinlar ham hosil bo‘lishi aniqlangan. Bu to‘lqinlar va shamol parraklarining aylanishi natijasida shu atrofda qushlar uchmay qo‘yadi. Bu qushlar migratsiyasiga katta xalaqit beradi.
Qolaversa, hozir Orol bo‘yi hududida shamol generatorlari o‘rnatish haqida gap ketyapti. Asosan temir detallardan iborat generatorlarni tuz necha kunda yemirib tashlashi hali noma’lum. Demak ularga xizmat ko‘rsatish xarajatlari ham yuqori bo‘ladi.
Shu jihatdan olib qaraganda, yurtimizda quyosh energiyasidan foydalanishni yo‘lga qo‘yishni muqobil variant, degan bo‘lardim. Bu borada bir necha yillik tajribaga egamiz. To‘g‘ri, shamol generatorlaridan farqli o‘laroq, quyosh chiqmagan paytda va energini saqlash uchun akkumulatorlar ham ortiqcha xarajat. Ammo bir yilda deyarli 300 kun quyoshli bo‘lgan yurtimizda quyosh panellari yaxshi samara beradi.
Bundan tashqari. quyosh energiyasidan nafaqat energiya olish, balki turli noyob materiallar sintezida ham foydalanish mumkin. Aytaylik, ayrim moddalar sintezi uchun 5000 daraja harorat talab etiladi. Bu haroratga gaz va boshqa vositalar yordamida erishish qimmatga tushadi. Quyosh yordamida bu muammo tez hal qilinadi. Akkumulatorlar ham kerak bo‘lmaydi hatto, deydi Odilxo‘ja Parpiyev.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar