
O‘zbek tili va adabiyotiga tamal toshini qo‘ygan allomalarimizdan biri hazrat Mir Alisher Navoiy haqida xo‘p va ko‘p yoziladi. Uning asarlari muntazam o‘rganilib, yangidan yangi qirralari kashf etiladi. Navoiyning asarlarida anglatilgan ma’nolar va umuman, uning shaxsiy hayot yo‘li borasida ham munozaralar hech qachon tinmaydi.
AzonTV da “Fikrat” loyihasi doirasida o‘tkazilgan ana shunday munozaralardan biriga filologiya fanlari doktori, professor Nusratilla Jumaxo‘jayev taklif etildi.
Nusratulloh Jumaxo‘jayev yurtimizning taniqli navoiyshunoslaridan bo‘lib, buyuk shoirimiz ijodiga bag‘ishlangan bir qancha kitoblari bilan o‘quvchilar qalbiga yo‘l topgan.
Ko‘rsatuv davomida, shuningdek, bunday munozaralarning doimiy mavzusi - Alisher Navoiyning oilasi masalasi ham ko‘tarildi. Mutafakkirning nega oila qurmagani borasida taxmin va mulohazalar o‘rtaga tashlandi. Chunki Navoiyning nazmiy asarlarida “Guli” degan so‘z o‘quvchini ayrim taxminlar sari yetaklab ketadi. Jumladan, Navoiyning Guli degan muhabbati bo‘lganmi, agar bo‘lsa nega uylanmagan, degan gumonlar tug‘iladi.
Darhaqiqat, bosh vazir, badavlat va hurmatli insonning o‘z maqsadiga yetisha olmaganiga ishoniy qiyin. Ehtimol Guli degan joriyasi bo‘lgandir? Agar bo‘lsa, joriyasiga atab g‘azal yozgan qancha shoirni bilamiz? Navoiydek zot Guli degan qiz bilan nikohsiz sevishib, pinhona uchrashib yuradi deyish ham kurakda turmaydi, chunki.
Professor Nusratulloh Jumaxo‘jayev bu boradagi o‘z fikrlari bilan o‘rtoqlashar ekan, Guli - xalq og‘zaki ijodi mahsuli, uning ilmiy asosi yo‘q, degan mulohazani bildirdi:
- Hammaga ma’lum, Navoiy butun ijodiyot faoliyati davomida muhabbatni, ishqni kuylagan. Unda nega oila qurmagan? Navoiyning sevglisi qanday bo‘lgan? Sevgilisi bo‘lganmi, degan savollar har bir muxlisni qiziqtiradi. Masalan, Guli mavzusiga to‘xtalsak, bu ism Navoiyning sevgilisining ismi sifatida mashhur bo‘lib ketgan. Badiiy filmlar va kitoblar orqali ommaga shu fikr singdirib yuborilgan. Hatto Oybekning “Navoiy va Guli” degan qissasi bor. “Navoiy” romanida ham Guli obrazi bor. Bu ism qayerdan kelib chiqdi o‘zi? Bu qanchalik tarixiy asosga ega? Bu masalalar o‘quvchilarni chalkashtirayotgani bois oydinlashtirish kerak bo‘ladi.
Bir kuni Youtube ijtimoiy tarmog‘i orqali bir imom-xatib janoblarining suhbatlarini ko‘rib qoldim. Shu yosh yigit “Navoiy faqat payg‘ambar va Allohni sevgan” deb aytdi. Ya’ni Navoiy inson zotini sevmagan ekan. Guli obrazini navoiyshunos adabiyotshunoslar to‘qib chiqargan, deb, buni millatga va adabiyotga xiyonat, deb baholadilar.
Ertasi kuni u kishining telefon raqamlarini topib, tushuntirib aytdim, bu adabiyotshunos va navoiyshunoslarning aybi emas. Bu badiiy obraz. Badiiy asarga kiritilgan obraz.
Navoiyshunoslar ilmiy asarlarida bunday deb yozmaganlar, deb tushuntirdim.
Mening fikrim shuki, Guli obrazi xalq og‘zaki ijodidan kelib chiqqan. Guli so‘zi Navoiy asarlarida ko‘p uchragani bois oddiy odamlar shundan taxmin qilib, Navoiy va Guli degan qiz o‘rtasidagi sevgi afsonasini to‘qib chiqarishgan. Lekin Guli ismli tarixiy shaxs bo‘lmagan. U haqda tarixiy ma’lumot yo‘q. Lekin Navoiy bir qizni sevganligi aniq fakt.
Ha, Navoiy hayotida ayol kishi bo‘lgan. 3-4 yil oldin “O‘zbekkino” Alisher Navoiyning hayoti va ijodi haqida hujjatli film yaratdi. Bu film keng targ‘ib etildi. Teleefir orqali ham namoyish etildi. Unda uch professor ikki xil fikrni bildirdi. Birinchi fikr – Navoiy faqat Alloh va uning payg‘ambarini sevgan. Ikkinchi fikr – Navoiy Allohga ishqini tarannum qilgan, lekin bir ayolni ham sevgan. Shuningdek, tarixiy asarlarda ham Navoiy bir qizni sevgani, lekin negadir unga uylanmagani keltiriladi.
Menimcha shu ikkinchi fikrda jon bor. Garchi tarixchi Xondamir Navoiyning dunyoviy muhabbati haqida gapirmagan bo‘lsada, Navoiy ijodida bunga dalilarni ko‘rish mumkin. Masalan Navoiy bir g‘azalida aytadi:
Aylamang bekasligimni tan, bir kun bor edi,
Menda ham bir nozanin chobuksuvor, ey do‘stlar.
Bunday misollarni ko‘plab keltirish mumkin. Ularga asoslanib aytish mumkinki, Navoiy ba’zi g‘azallarida Allohga muhabbatni nazarda tutsada, insoniy sevgini ham kuylagan, deydi filologiya fanlari doktori, professor Nusratilla Jumaxo‘jayev.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar