
Tailandda o‘tkazilayotgan “Miss Universe 2025” tanlovi janjal bilan boshlandi, deb xabar berdi International Business Times.
5 noyabr kuni Bangkokda bo‘lib o‘tgan kutib olish marosimida tashkilot vitse-prezidenti Navat Itsaragrisil Meksika vakili Melisse Flores Boshni omma oldida haqorat qilib, “ahmoq” deb atagan. Bu voqea jonli efir paytida sodir bo‘lgan.
Ma’lumotlarga ko‘ra, nizo Melisse homiylik fotosessiyasida ishtirok etmagani uchun kelib chiqqan. Navat uni kameralar oldida javob berishga majbur qilmoqchi bo‘lgan, ammo qiz buni rad etgach, u gapini bo‘lib haqoratli so‘z ishlatgan va muhofazachilarga uni chiqarib yuborishni buyurgan.
Melisse zalni tark etganidan keyin bir necha ishtirokchi, jumladan, o‘tgan yilgi g‘oliba Viktoriya Ker Teylvig ham tadbirni tark etgan.
Meksika vakili keyinroq chiqishida shunday degan:
“Men XXI asrda yashayapman va so‘z erkinligidan qo‘rqmayman. Bu tanlov ayollar ovozini eshitish uchun joy bo‘lishi kerak, qo‘g‘irchoqlar sahnasi emas”.
Janjaldan so‘ng ijtimoiy tarmoqlarda “Miss Universe” tashkilotini tanqid qiluvchi postlar ko‘paydi. Ko‘plab foydalanuvchilar ayollar qadrini toptagan bunday vaziyat tanlovning obro‘siga jiddiy zarba berganini ta’kidlamoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!