
Baqara surasi 286 oyatdan iborat. Madinada nozil bo‘lgan. Ba’zi ulamolarning aytishlaricha ushbu surada mingta xabar, mingta amr va mingta nahiy bor.
Ibn Jarir Tabariy rohimahulloh Muxohid rohimahullohdan rivoyat qiladilar. U kishi aytdilarki: “Baqara surasining avvalgi to‘rt oyati mo‘minlar haqida, keyingi ikki oyati kofirlar xususida ulardan keyingi o‘n uch oyat esa munofiqlar to‘g‘risida nozil bo‘lgan”.
Imom Suyutiy o‘zlarining “Asbobun nuzul” kitoblarida ushbu rivoyatni sharhlab, Baqara surasining 1-4 oyatlari mo‘minlar haqida, 6-7 oyatlar kofirlar haqida, 8-20 oyatlar munofiqlar haqida nozil bo‘lgan deydilar. Shunda orada qolgan beshinchi oyat mo‘minlarni maqtash ma’nosida nozil bo‘lgan deyishimiz mumkin.
Baqara surasining ilk oyati “Alif, Lom, Mim”, deb boshlanadi.
Imom Tabariy ushbu oyatning tafsiri borasida bir qancha fikrlarni zikr qiladilar. Jumladan:
Ba’zi ulamolar “Alif, laam, mim Qur’oni karimning ismlaridan biridir”, deyishgan.
Boshqa ulamolar esa: “Alif, laam, mim Alloh Qur’onni ochib bergan ochuvchilardan biridir”, deyishadi.
Yana boshqa ulamolar esa: “Alif, laam, mim Baqara surasining nomlaridan biridir”, deganlar.
Ulamolarning boshqa bir guruhi esa: “Alif, laam, mim qasam ma’nosida kelgan”, deydilar.
Yana boshqa bir guruh olimlar esa: “Bu harflar birini ikkinchisi takrorlamaydigan o‘ziga xos ma’noga ega harflardir”, deganlar.
Ulamolarning yana bir turi esa: “Har bir kitobning siri bor. Bu harflar Qur’onning siridir”, deyishgan.
Boshqa ulamolar esa: “Bu harflar mushriklardan iborat tinglovchilarning diqqatini jalb qilish uchun”, deyishgan.
Imom Tabariy yuqoridagi fikrlarni keltira turib, “Bularning bari ma’ruf xabarlar. Ammo mening fikrimcha Alloh taolo bu harflarni boshqa harflar kabi muttasil (bir-biriga ulangan) holda emas, muqottoat (uzilgan, alohida) holda keltirdi. Buning sababi O‘z kalomi bilan har bir harfdan bir ma’noga emas, ko‘plab ma’nolarga dalolat qilishini iroda etdi.
Ba’zi odamlar e’tiroz bildiradi, qanday qilib bir harf bir necha ma’nolarni ifodalashi mumkin? Biz aytamizki, bir so‘z gohida bir necha ma’noni ifodalaganidek, bir harf ham bir qancha ma’nolarni bildirishi mumkin. Masalan, “ko‘z” deganda inson a’zolaridan birini, uzukning ko‘zini, ishning ko‘zini va hokazo ma’nolarni tushunish mumkin. Bunday misollar juda ko‘p.
Xuddi shu kabi “Alif, lam, mim”, “Alif, lam, ro”, “Alif, lam, mim, sod” kabi suralarning boshida keladigan harflarning ham bir qancha ma’nolari bor.
Ibn Kasir rohimahulloh esa Imom Qurtubiydan, u kishi Abu Bakr, Umar, Usmon, Ali va Ibn Mas’ud roziyallohu anhumlardan hikoya qilib aytadilarki: “Bu oyat (ya’ni, Alif, laam, mim) Alloh ilmi ila O‘zida olib qolgan narsadir”. Ular bu oyatning ilmini Allohning O‘ziga topshirdilar va tafsir qilmadilar.
Imom ibn Kasir rohimahulloh yana qo‘shimcha qilib aytadilar: “Bu muqottaot harflar bandalarni ojiz qoldirish uchun nozil qilingan. Ya’ni, maxluqotlar Qur’on kabi kalomni keltirishga ojizlar. Vaholanki, oyatlar mana shu sizlar ishlatadigan harflardan tashkil topib turibdi”.
Faqatgina e’tibor berishimiz lozim bo‘lgan bir jihat bor. Ko‘plab mufassirlar bu kabi muqottaot harflari ishtirok etgan oyatlarni tafsiriga kirishmaslik yaxshiroq deyishadi. Ammo bu degani Alloh behuda, bekorchi, ma’nosiz narsani nozil qilgan, degan mutlaq noto‘g‘ri fikr paydo bo‘lib qolmasligi kerak, kishida. Bu oyatning nozil bo‘lishida biz bilmagan ma’no va hikmatlar bisyor, faqat biz uni bilmaymiz, xolos. Ya’ni, qosir aqlimiz bunga yetmaydi.
Muhammad Sodiq Muhammad Ismoil tayyorladi
Manba: Azon.uz
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing! Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing