William Saliba jarrohlik amaliyotiga muhtoj: Arsenal himoyachisi safdan chiqishi mumkin

Arsenal jamoasining markaziy himoyachisi William Saliba belidagi doimiy ogʻriqlar kuchayib borayotgani sababli yaqin orada jarrohlik stoliga yotishi mumkin. Garchi futbolchi London klubi safida muvaffaqiyatli oʻyin koʻrsatib kelayotgan boʻlsa-da, soʻnggi tibbiy koʻriklar uzoq muddatli davolanish va jarrohlik aralashuvi zarurligini koʻrsatmoqda. Bu haqda Goal.com xabar beradi.
L’Equipe nashri xabariga koʻra, 25 yoshli himoyachi bir necha haftadan beri belidagi jarohat bilan oʻynamoqda. Pari Sen-Jermen jamoasiga qarshi Chempionlar ligasi finalida u maydonda 120 daqiqa harakat qilgan boʻlsa-da, oʻyindan soʻng ogʻriqlar yanada kuchaygan. Dastlabki xabarlar uning Fransiya terma jamoasi safidagi ishtirokini soʻroq ostida qoldirgan edi.
Fransiya terma jamoasi tibbiy shtabi dushanba kungi tekshiruvlardan soʻng ijobiy xulosa berdi va Salibaga boʻlajak turnirda qatnashishga ruxsat etildi. Biroq Arsenal rahbariyati turnirdan soʻng himoyachi xizmatidan foydalana olmasliklarini tushunib turishibdi. Angliya Premer-ligasi chempionlari jarrohlik amaliyotini yoz oxiriga rejalashtirgan.
William Saliba oʻtgan mavsumda Arsenal safida 50 ta uchrashuvda maydonga tushib, jamoaning muvaffaqiyatlariga katta hissa qoʻshdi. Endilikda u bor eʼtiborini Fransiya terma jamoasiga qaratadi. Didier Deschamps himoya chizigʻi uchun Saliba bilan birga Dayot Upamecano, Ibrahima Konate va Maxence Lacroix kabi futbolchilarni tanlab olgan.
Fransiya terma jamoasi oʻz guruhidagi ishtirokini 16-iyun kuni Senegalga qarshi oʻyin bilan boshlaydi. Arsenal muxlislari esa asosiy himoyachining keyingi mavsum startini oʻtkazib yuborishi mumkinligidan xavotirda, chunki operatsiyadan keyingi tiklanish jarayoni uzoq davom etishi kutilmoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!