22:18 / 13.07.2023
480

Kuchaygan reydlar, qadrsizlanayotgan rubl va migrantlarsiz Rossiya

Kuchaygan reydlar, qadrsizlanayotgan rubl va migrantlarsiz Rossiya

Oxirgi bir necha hafta o‘zbekistonlik mehnat muhojirlari va ularning yaqinlari uchun Rossiyada migrantlarga qarshi o‘tkazilayotgan qator politsiya reydlari bilan xavotirli bo‘lib turibdi.

Jumladan, bundan bir necha kun avval ham tarmoqlarda Moskva yaqinidagi migrantlar ko‘p yashaydigan Kotelniki shahridagi masjidda politsiya tomonidan ana shunday reyd o‘tkazilgani haqida videolar paydo bo‘ldi. 

Kun.uz muxbiri mehnat migrantlariga qarshi o‘tkazilayotgan ana shu reydlar va umuman, Rossiyadagi vatandoshlarni qiziqtirgan boshqa qator savollar yuzasidan migratsiya masalalari bo‘yicha ekspert Botirjon Shermuhammad bilan intervyu o‘tkazdi.

— Xo‘sh, muhojirlarga qarshi bu reydlardan maqsad nima, mutaxassis sifatida siz bu voqealarni qanday tushunyapsiz? 

To‘g‘ri, biz bunga qadar ham shunday reydlarni eshitib turardik, lekin rus politsiyasini nima bunchalik jazavaga tushirdiki, reydlar bunchalik  namoyishkorona, keng miqyosda tus oldi?

— Rossiyada har 3 oyda bunday reydlar o‘tkaziladi. Bu safargi reydda 7 mingdan ortiq chet el fuqarosi deportatsiya qilingani, 45 mingdan ortiq migrant topilgani aytilyapti. May oyida Kotelniki shahri fuqarolari migrantlar ko‘payib ketgani, noqulaylik tug‘dirayotgani haqida Youtube platformasi orqali murojaat yo‘llagan edi Putinga. Shundan keyin 2 hafta davomida namoyishkorona va qo‘pol tarzda reyd o‘tkazildi. Hujjati bo‘lganlarni ham ushlab ketishdi.

Oxirgi chiqqan videolar jamoatchilikni junbishga keltirdi. Juma kuni masjiddagi odamlarni tekshirib, yosh oqizuvchi gazlar sepilganini ko‘rish mumkin. E’tibor berish kerakki, mahalliy aholi buni qo‘llab-quvvatlayapti, ko‘proq tekshirish kerakligini ta’kidlayapti. Hatto mahalliy politsiya organlariga jinoiy ish qo‘zg‘atilgan, ya’ni fuqarolar murojaat qilganda migrantlarni tekshirmagani uchun.

— Ba’zilar bundan reydlarni Markaziy Osiyo davlatlarining “Putinning yo‘rig‘iga yurmayotgani uchun” javob sifatida ham talqin qilmoqda. Bu fikrlarga qanday qaraysiz?

— May oyining oxiri, iyun oyining boshlarida Rossiya bo‘ylab Tojikiston fuqarolariga nisbatan reydlar bo‘ldi. Buning ortida Tojikiston Tashqi ishlar vazirligi, bosh prokurori munosabat bildirdi. Lekin hozirgi kunda tojikistonliklarga nisbatan bunday reydlar haqida gap yo‘q. 18-25 iyun kunlari butun Rossiyada o‘tkazilgan reydlar va oxirgi Kotelniki shahridagi namoyishkorona tekshiruvlar haqida gap ketyapti. Birinchi bosqich tugadi degan xabar chiqqan bo‘lsa ham, hozir boshqa shaharlarda tekshiruv davom etyapti.

Tushunishim bo‘yicha Rossiya urush boshlangach, ko‘plab muammolarga duch keldi iqtisodiyotda. Va mahalliy siyosatchilar, millatchilar tomonidan muammolar sababchisi qilib muhojirlarni ko‘rsatishga harakat qilinadi. Asosiy masalalardan chalg‘itib, xalq uchun ishlayotganday ko‘rsatishadi o‘zlarini.

Mehnat qonunchiligiga zid holatlarni aniqlashdan tashqari urushga odam jalb qilish bo‘lishi mumkin, degan fikrlar bo‘lyapti bu borada.

— O‘zi umuman, Rossiyada migrantlar bilan bog‘liq siyosatga tushunish qiyin. Bu boradagi ob-havo, kurs juda tez o‘zgarib turadi. Bir qarasang, migrantlarga yengillik beriluvchi farmonlar chiqadi, bir qarasang, bunday reydlar.

Rossiyada migrantlarga yengillik beradigan shunday tartiblardan biri may oyida o‘rganilgandi. Unga ko‘ra, mayda bezorilik bilan deportatsiya qilingan o‘zbek vatandoshlariga Rossiyaga qaytish imkoni berildi. Mana shu «amnistiya» va uning natijalarini tahlil qilib ko‘rdingizmi? Bu «mehribonchilik»dan maqsad nima edi va qanday natija berdi?

— Bu narsa faqat O‘zbekiston fuqarolari uchun bo‘ldi. Aprel oyida boshlangandi o‘zi. Rossiya Ichki ishlar vazirining o‘rinbosari maxsus buyruq chiqardi va buni bittagina Rossiya kanalida e’lon qilindi. Unga ko‘ra, joriy yilning 15 iyunigacha noqonuniy yurgan O‘zbekiston fuqarolariga o‘z hujjatlarini to‘g‘rilashga imkon berildi. Ya’ni 15 iyungacha qo‘lga tushgan O‘zbekiston fuqarolariga deportatsiya qo‘llanmaydi. Bu narsani O‘zbekistondagi referendum bilan bog‘lashdi. Keyinchalik may oyida O‘zbekiston fuqarolari uchun Rossiyaga kirishdagi ayrim taqiqlar olingani esa prezident saylovi bilan bog‘landi. Lekin bu bo‘yicha rasmiy xabar chiqqani yo‘q ikki tomondan ham.

Rostdan ham Rossiyaning migrantlar bo‘yicha siyosatiga tushunib bo‘lmaydi. Hukumatning kayfiyatiga, og‘zaki kelishuvlar, ichki siyosiy vaziyatlarga bog‘liq. Oxirgi 3-4 yilda Rossiya fuqaroligini olish, vaqtincha yashash ruxsatnomasini olish tobora yengillashib boryapti. Urush boshlangach, urushda qatnashganlarga ham, ularning oila a’zolariga ham Rossiya fuqaroligini berish belgilandi. Bir tomondan yengillik bo‘lsa, bir tomondan mana bunday reydlar, har xil tadbirlar, qiyinchiliklar bo‘lyapti.

Ilyos Safarov suhbatlashdi


arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Kuchaygan reydlar, qadrsizlanayotgan rubl va migrantlarsiz Rossiya
ePN