23:53 / 20.07.2023
694

Siyosatshunos “Qo‘shtepa” kanali bo‘yicha O‘zbekiston hukumati harakatlari haqida gapirdi

Siyosatshunos “Qo‘shtepa” kanali bo‘yicha O‘zbekiston hukumati harakatlari haqida gapirdi

Foto: thekabultimes.com

Siyosatshunos Suhrob Bo‘ronov 17 iyul kuni Toshkentda bo‘lib o‘tgan kitob taqdimotlaridan birida chiqish qilib, “Tolibon” tomonidan qurilayotgan Qo‘shtepa kanali va bu borada O‘zbekiston hukumati olib borayotgan muzokaralar haqida gapirdi.

Qo‘shtepa kanali qurilishi O‘zbekiston uchun haqiqatan ham jiddiy muammo. Afg‘on xalqining Amudaryo suvidan foydalana boshlashi ehtimoli anchadan buyon bor edi. Bu shunchaki hozirgi davrga to‘g‘ri kelib qoldi. Ha, Amudaryo suvida afg‘on xalqining ham haqi bor. Chunki transchegaraviy daryolar bir mamlakatga tegishli bo‘lmaydi. Undan hamma foydalanishi mumkin. Bir vaqtlar biz ham Tojikistondan shuni so‘raganmiz.

Bu yerda “Tolibon” bilan bog‘liq bir muammo borki, Transchegaraviy daryolardan foydalanish bo‘yicha xalqaro konvensiyani Tojikiston, Qirg‘iziston va Afg‘oniston imzolamagan. Boz ustiga “Tolibon” hukumatini hali hech bir mamlakat tan olmagan. Lekin yana qaytaraman, Amudaryodan suv olishga afg‘on xalqining ham haqi bor.

Bu vaziyatda biz uchun yana bir xavfli jarayon paydo bo‘ladi. Bu Amudaryo suvining katta qismi Afg‘oniston tomonga o‘tib ketishi, shuningdek, qurilayotgan kanalning cho‘l hududidan o‘tgani, ya’ni kanal betondan qurilmayapti, u shunchaki och hududdan ochiq kanal qilib olib o‘tilmoqda.

Ba’zida O‘zbekistonning “Tolibon” bilan hozirgi aloqalari passiv siyosat sifatida baholanmoqda. Ammo men O‘zbekiston olib borayotgan muloqotlarni bunday atamagan bo‘lardim. Chunki muzokaralar davom etmoqda. Jumladan, O‘zbekiston prezidentining tashqi siyosat masalalari bo‘yicha maxsus vakili Abdulaziz Komilovning Afg‘onistonga tashrifi davomida qurilayotgan kanalning texnik masalalari, jumladan, suvni isrof qilmaslik masalasi muhokama qilingan. Bu passivlik emas”, – dedi siyosatshunos.

Toshkent davlat Sharqshunoslik universiteti dots.ntiga ko‘ra, shu yil may oyida “Tolibon” va Eron o‘rtasida Hilmand daryosi suvi uchun bo‘lgan qurolli to‘qnashuvlar muammolarni diplomatik yo‘l bilan hal qilish qanchalik muhim ekanini yana bir bor isbotlagan.

“Tolibon”ning Eron bilan Hilmand daryosi suvi uchun bo‘lgan kelishmovchiligini kuzatgan bo‘lsangiz, bu orqali to‘g‘ridan to‘g‘ri urush ochilib ketdi. Ya’ni “Tolibon”ning ma’lum bir qatlami Erondek davlatga urush ochdi. O‘zbekistonning tashqi siyosatda to‘g‘ri yo‘l tanlaganini shundan ham bilish mumkin. Agar biz kanal qurilishiga qarshi bo‘lsag-u, buni aytishning keskin usulini tanlasak, o‘rtada qurolli to‘qnashuvlar kelib chiqishi mumkin. O‘zbekistonning diplomatik yo‘li to‘g‘ri yo‘l deb hisoblayman.

Yana bir narsani unutmaslik kerak, “Tolibon”ning ortida katta kuchlar turibdi. “Tolibon” bunday qudratga o‘z-o‘zidan kelib qolmadi. Ular bu hududda shunday kuchni bekorga tashlab ketmadi. Nima uchun uni Xitoy, Pokiston yoki Rossiya yoki Eron singari davlatlar haligacha tan omayapti? Bu ko‘pchilik uchun boshog‘rigi bo‘ladigan masala”, – dedi Bo‘ronov.

Siyosatshunos tadbir davomida shuningdek, O‘zbekistonning “Tolibon”ga qanday ta’sir choralari borligi haqida berilgan qo‘shimcha savolga ham javob berdi. Unga ko‘ra, Toshkentda bunday choralar bir nechta.

“Xo‘sh, bizda “Tolibon”ga ta’sir ko‘rsatishning qanday yo‘llari bor? Bu borada yaxshi yo‘l tanlandi. Bizda 2011 yilda foydalanishga topshirilgan Hayraton – Mozori Sharifdan o‘tadigan temiryo‘l bor. Hozir Afg‘oniston gumanitar inqiroz yoqasida. 50 foiz inson ochlikda yashamoqda. Dunyoning Afg‘onistonga yuboriladigan asosiy yordami esa ayni shu bizning hududdan, temiryo‘l orqali o‘tmoqda. Esingizda bo‘lsa, kanal muammosi ko‘tarilarkan, o‘sha temiryo‘ldagi qatnov birdaniga to‘xtab qoldi. Biroz o‘tib endi “Tolibon” muzokaralar uchun O‘zbekistonga keldi.

Elektr energiya ta’minoti masalasi ham bor. Ko‘pchilik Afg‘onistonga elektr energiyasi berilishi noto‘g‘ri ekanini aytadi. Bu yerda masalaning siyosiy jihatlari bor. Bu ma’noda Afg‘onistonning bizga bog‘liqligi katta. Agar biz ta’minotni to‘xtatadigan bo‘lsak, butun Kobul elektrsiz qoladi. Bu uzoqni o‘ylangan siyosat. Shuningdek, biz elektrni Afg‘onistonga tekinga berayotganimiz yo‘q. Savdo 50/50 hisobida bo‘lgan. Masalaning bu tomonlari ham bor.

Ha, Qo‘shtepa biz uchun katta muammo, lekin endi bor e’tiborni suvni to‘g‘ri taqsimlash masalalariga qaratishimiz kerak. Boshqa ilojimiz yo‘q. Ular 2026 yilga borib “Qo‘shtepa” kanali qurilishini to‘la tugallamoqchi. Hozirga kelib kanalning 105 kilometri qurib bitkazildi”, – dedi siyosatshunos Suhrob Bo‘ronov.


arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Siyosatshunos “Qo‘shtepa” kanali bo‘yicha O‘zbekiston hukumati harakatlari haqida gapirdi
ePN