AQSH Markaziy qo‘mondonligi qo‘mondoni general Maykl Kurilla so‘nggi yillarda ikkinchi marta O‘zbekistonga keldi. Toshkentda Markaziy Osiyo mudofaa vazirliklari vakillari bilan ko‘rishgan general mintaqaviy xavfsizlik, terrorizmga qarshi kurash masalalarini muhokama qilgan. Rossiyalik «ekspertlar» mintaqa davlatlarini AQSH bilan mudofaa sohasidagi hamkorlikdan «ogohlantirib», buni «olov bilan oxiri noma’lum o‘yin», deb atadi.
26-27 sentyabr kunlari AQSH Markaziy qo‘mondonligi qo‘mondoni Maykl Kurillaning O‘zbekistonga tashrifi bo‘lib o‘tdi. 2022 yildagi tashrifidan farqli ravishda amerikalik generalning bu yilgi tashrifi oliy darajadagi uchrashuvlarsiz va O‘zbekistonning o‘zi bilan cheklandi. 2022 yil yozida Markaziy Osiyoga kelgan Maykl Kurilla mintaqaning 4 ta davlatiga ham borgan, shuningdek prezidentlar bilan uchrashuvlar o‘tkazgan edi.
Xo‘sh, o‘tgan yili qayta kelishga va’da berib ketgan amerikalik general 2023 yildagi tashrif davomida kimlar bilan uchrashdi va nima maqsadda keldi?
Dastlab, AQSH Markaziy qo‘mondonligi qo‘mondoni general Maykl Kurilla O‘zbekiston mudofaa vaziri general-leytenant Bahodir Qurbonov bilan uchrashdi. Qisqagina rasmiy relizga ko‘ra, uchrashuvda tomonlar harbiy sohada erishilgan yutuqlar va rejadagi masalalar borasida hamkorlikni davom ettirish imkoniyatlarini ko‘rib chiqqan.
Keyingi kuni Toshkentda Markaziy va Janubiy Osiyo davlatlari bosh shtab boshliqlari konferensiyasi bo‘lib o‘tdi. Unda AQSH, Markaziy Osiyoning 5 ta davlati hamda Pokiston mudofaa vazirligi delegatsiyalari qatnashdi. Relizga ko‘ra, uchrashuvda mintaqaviy xavfsizlik, terrorizmga qarshi kurash, humanitar yordam va mintaqaviy barqarorlik kabi masalalar ko‘rib chiqilgan.
«Markaziy va Janubiy Osiyodagi hamkorlarimiz bilan chuqurlashib borayotgan aloqalar mintaqada tinchlik va barqarorlikni ta’minlashda muhim ahamiyatga ega. Biz o‘zaro ishonch, hurmat va umumiy maqsadlarga asoslangan ushbu muhim muloqotni qadrlaymiz», — deya general Kurillaning so‘zlarini keltirgan AQSH tarafi.
Mintaqada AQSHning faollashuvi va tashriflar soni ortishi borasida ekspertlar turli fikrlar bildirmoqda. Xususan, general Kurillaning tashrifidan keyin rossiyalik ekspertlar o‘z fikrlarini bildirishga kirishdi.
Xususan, Rossiya fanlar akademiyasiga qarashli Xalqaro munosabatlarni tahlil bilan shug‘ullanuvchi milliy tadqiqot markazi katta ilmiy xodimi Stanislav Pritchin Toshkentdagi uchrashuvda «AQSH «Tolibon»ga qarshi hamkorlarni shakllantirishga harakat qilayotgani» haqida aytgan. Uning fikricha, «AQSH bu bilan o‘zining mudofaa sohasida hamkorlik bo‘yicha o‘z g‘oyalarini olg‘a suradi».
«Lekin bunday hamkorlik Markaziy Osiyo davlatlari manfaatlariga ham javob berishi qiyin. Chunki mintaqada hozir «Tolibon»ga qarshi pozitsiya faqat Tojikiston tomonidan ilgari surilyapti. Qolganlar, xususan O‘zbekiston ham toliblar bilan u yoki bu darajada hamkorlik qilyapti», degan u. Rossiyalik ekspertga ko‘ra, «AQSH taklif qilgan xavfsizlik kamari»ni «Tolibon» ham ijobiy qabul qilmasligi aniq.
«Ikkinchi muhim masala, AQSHning mintaqa davlatlari bilan harbiy hamkorligi Rossiya va Xitoyning manfaatlariga qanchalik javob berishi haqida. Bu faollik Markaziy Osiyo xavfsizligi uchun qo‘shimcha salbiy xarajatlarga sabab bo‘ladi. Bular qatoriga mintaqada rangli inqiloblar uyushtirishga harakat va AQSHning Afg‘onistondan chiqib ketishi kiradi», — degan Pritchin. Shuningdek, ekspert AQSH bilan mudofaa sohasidagi hamkorlik oqibatlaridan «ogohlantirib», buni «ishtirokchilarning o‘ziga qarshi chiqishi mumkin bo‘lgan olov bilan oxiri noma’lum o‘yin», deb atagan.
Yana bir rossiyalik harbiy ekspert Viktor Litovkin esa AQSH mintaqada yo‘qotgan harbiy ta’sirini tiklash hamda Rossiya va Xitoyga qarshi turish uchun g‘arbparast harbiy blok tuzishi mumkinligini istisno etmagan.
Ekspert avvalroq O‘zbekiston va Qirg‘iziston hududida AQSH bazalari bo‘lgani, lekin hozirda bu davlatlar o‘z hududiga AQSH harbiy kontingentini kiritmasligini qayd etgan. Litovkinning fikricha, AQSH bilan chuqur harbiy hamkorlik mintaqa davlatlarini Rossiyadan uzoqlashtirishga qaratilgan.
Siyosatshunos Kamoliddin Rabbimov mintaqa davlatlari, AQSH va Pokiston harbiy-mudofaa tizim vakillarining Toshkentdagi uchrashuvini uchta mezonga ko‘ra baholamoqda.
«Birinchidan, Rossiya-Ukraina urushi cho‘zilib ketdi va bu urush fonida Markaziy Osiyo geosiyosati, xavfsizlik va hamkorlik tizimi jiddiy transformatsiya bo‘lmoqda.
Ikkinchidan, AQSH-XXR o‘rtasidagi strategik tirashuv borgan sari kristallashmoqda. AQSH harbiy va siyosiy mutasaddilari Markaziy Osiyo mintaqasining bu tirashuvda muhim rol o‘ynash salohiyatini yaxshi biladi. Bu davlatlarning Xitoy bilan iqtisodiy va xavfsizlik hamkorligi, juda yuqori, AQSH ushbu vaziyatni muvozanatga solishdan manfaatdor.
Uchinchi omil – Afg‘onistonda xavfsizlik va barqarorlik masalasi. Aytish kerakki, mintaqadan tashqaridagi ikki yuqori lavozimli harbiylar, ya’ni AQSH va Pokiston tarafi, bitta geosiyosiy jamoa vakillari emas. Bugun ular o‘rtasidagi munosabat sovuq urush davridagi kabi iliq va ishonchli emas. Pokiston – Xitoyning ittifoqchisi. AQSH esa Hindiston bilan nisbatan yuqoriroq ijobiy aloqalarga ega. Demak, AQSH va Pokiston tarafi, mintaqa davlatlari bilan yagona strategik loyihalar ustida emas, o‘zaro fikr almashish va kelajakni modellashtirish bo‘yicha kayfiyatlarni o‘rganish maqsadida Toshkentda yig‘ilgan bo‘lishi ehtimoli yuqori», — deydi siyosatshunos.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!