“Huquqiy davlat qonunlar orqali boshqariladi” – “Ko‘cha”ga qarshi reydlar ekspertlar nigohida
Butun mamlakat bo‘ylab kriminogen vaziyatni yaxshilash bo‘yicha reydlar o‘tkazilmoqda, ularda jinoyat sodir etganlikda gumonlangan o‘nlab odamlar qo‘lga olindi. Ushlanganlarning aksariyati aholi orasida "ko‘cha" odami sifatida tanilgan shaxslar. Xo‘sh, kriminal “ko‘cha” o‘zi qanday paydo bo‘lgan, u hokimiyat va jamiyatga qanday ta’sir o‘tkazyapti? Kun.uz bu reydlar va ularning ahamiyati haqida siyosatshunoslar Hamid Sodiq, Kamoliddin Rabbimov va huquq faoli Abdurahmon Tashanov bilan suhbatlashdi.
— Keling hozirgi vaqtda jinoyatchilik olamining kurashi haqida gapirishdan oldin O‘zbekiston mustaqilligining dastlabki yillarida 80-90-yillarda paydo bo‘lgan mafiyaga to‘xtalsak, u qanday va nima sababdan shakllangan edi?
Abdurahmon Tashanov:
— Har bir hokimiyat tadrijiy missiyasini o‘tab bo‘lgach, almashish davrida muayyan darajada zaiflashadi, shu ma’noda Sovet ittifoqi ham 80 yillarda kuchsizlanayotgandi. Hokimiyat kuchsizlandi, so‘z erkinligi kirib keldi, boshqa erkinliklar ham paydo bo‘ldi. Yerni sug‘orsa, birinchi begona o‘tlar o‘sgandek, erkinlik berilganda ham birinchi bo‘lib salbiy tomonlar yuzaga chiqadi. 80-90 yillar boshida ham shunday vaziyat yuzaga kelgan edi.
O‘zbekistonda o‘sha paytda juda katta kriminogen omil yuzaga keldi. O‘zbekiston birinchi prezidenti Islom Karimov juda qat’iy pozitsiya ko‘rsatgan bu borada, qattiq kurashlar olib borgan. O‘sha paytda chiqqanlarning ba’zilari yo‘q bo‘lib, ba’zilari yurgan edi bemalol. Ikkinchi ma’muriyat davridagi ba’zi erkinliklar fonida bunday guruhlar, shaxslar ham rivojlandi. Va hal qilish kerak bo‘lgan vaziyat yuzaga kelgan edi. O‘zbekiston hukumati bu ishlarni allaqachon boshlashi kerak edi, ammo hechdan ko‘ra kech yaxshi, albatta.
Kamoliddin Rabbimov:
— Sovet ittifoqi qulashi davlat zaiflashishi va jamiyatda vakuum paydo bo‘lishi oqibatida bo‘ldi. Jamiyatda bo‘shliq qolib ketmasligi kerak. O‘zbek jamiyatida huquqiy davlatchilik tajribasi kuchli emas, buni bilamiz. Sovet ittifoqi davrida ham, birinchi ma’muriyat paytida ham huquqiy davlatchilik yaxshi shakllanmagan. Shu fonda jamiyatning moyilliklari bo‘ladi. O‘zbekiston jamiyatida davlatga bo‘lgan munosabat ijobiy fenomenga aylangani yo‘q hali, chunki sovet davridagi totalitarizm, keyingi avtoritarizm oqibatida insonlar o‘z manfaatini davlat bilan kurashib olishi kerak, degan tafakkur shakllanib qolgan. Shu fonda davlat kuchiga muqobil tarzda mafiya, ko‘cha odamlari ko‘riladi.
Bu qo‘shtirnoq ichidagi avtoritetlar o‘z nishoniga bosim o‘tkazish va jamiyatda adolatli obraz shakllantirish orqali o‘z avtoritetini yaratadi. Bu esa davlatchilik va davlat obrazining ma’lum bir inqirozini anglatadi. Bunday kurash boshlanishi davlat o‘z vazifalarini bajarishga kirishganini anglatadi.
Hamid Sodiq:
— Sovet ittifoqi despatik davlat edi, bunday davlatni esa qo‘rquv ushlab turadi. Qo‘rquv hukmron bo‘ladigan davlatlarda siyosiy elita ham jinoiy unsurlar orqali davlat funksiyasini bajarishga harakat qiladi. SSSRni despatik davlat deb oladigan bo‘lsak, shu narsa bizga meros bo‘lib qoldi. Jamiyatda qo‘rquv bo‘lsa, tabiiyki, jinoiy unsurlar davlat funksiyasini bajarishga harakat qiladi.
Ma’lum bir ijtimoiy hodisa jamiyatda saqlanyaptimi, demak, u ma’lum bir funksiyani bajaryapti. “Ko‘cha bollari” kabilar bormi, ular biror funksiyani bajaryapti. Ular qo‘shtirnoq ichidagi adolatli sudni amalga oshiryapti. Jamiyatga yoqadigani shuki, ularda byurokratiya yo‘q, tezroq hal qilishadi. Ikkinchi ma’muriyat davridagi ba’zi erkinlik orqali, Abdurahmon aka aytgandek, birinchi salbiy tomonlar ko‘rindi yovvoyi o‘tdek. Mana shu salbiy o‘sishlar kuch ishlatar tizimlarga balans berishni boshladi — mana shu narsa qo‘rqityapti hozir. Bir narsani unutmaslik kerakki, davlatning markazida uning asosiy qadriyati kuch ishlatishi turadi. Davlat kuch ishlatish orqali manipulyatsiya ham qiladi, ishontiradi ham, majburlaydi ham. Shuning uchun kuch ishlatishda jiddiy institutsionallashgan balans vujudga kelganini ko‘rgan hukumat endi ularga qarshi kurashishni boshladi.
— O‘z vaqtida kuchli hokimiyatga ega bo‘lmagan jamiyat uchun “ko‘chalar” ham kerak edi, degan gaplar ham yangrab turadi. Rostdan ham shunday bo‘lganmi?
Abdurahmon Tashanov:
— Davlatchilikning ma’lum qoidalari bor. Masalan, 90 yillarda kriminal olamni tartibga keltirish uchun huquqni muhofaza qilish idoralari ularning ba’zilaridan foydalangan. Arman mafiyasini yo‘qotish uchun o‘zimizning mafiyadan foydalanishgan, bir to‘dani yo‘qotish uchun ikkinchi to‘daga imkon berilgan. Boshqalarni yo‘q qilish uchun ma’lum bir qatlamlar hokimiyatga yaqinlashtirilgan, katta to‘dalardan kichik to‘dalarni tozalash uchun ishlatishgan. Oxirida o‘sha foydalanilganlarning ham “boshi kesilgan”. Bu ham boshqaruv usullaridan biri bo‘lishi mumkin. Lekin bu tarixda hech qachon o‘zini oqlamagan, oqlamaydi ham. Huquqiy demokratik davlat qurayotganlar bu vositadan foydalanmagani yaxshi.
Kamoliddin Rabbimov:
— Keyingi davrda “ko‘cha” bilan davlat mulozimlari, davlat institutlari bosqichma-bosqich qorishayotganini, ko‘cha qonunlari standartlashayotganini jamoatchilik kuzatdi. Ochiq axborot davriga kelib o‘sha ko‘cha odamlari axborot makonining, ijtimoiy tarmoqlarning asosiy yulduzlariga aylanishdi. Qonunchilik palatasidagi 150 ta deputatning uzog‘i 5-6 tasini tanishadi, lekin o‘sha ko‘cha odamlarining aksariyatini 90 foiz aholi yaxshi tanishadi. Jamiyatning tafakkuri uchun ko‘cha haddan tashqari standartlashayotgan holatga yetib kelgan edik. Bu narsa siyosiy tizimning o‘zgarib borayotgan holatiga ham taqaladi, deb o‘ylayman. Qachonki fuqarolik jamiyati, siyosiy partiyalar, parlament zaif bo‘lar ekan, davlat oldida murakkab tanlov turadi.
Ko‘chani inkor qilib bo‘lmaydi, u bilan kurashish markazlashgan davlatlarda samarali bo‘lmagan. Avtoritar davlatlarda “ko‘cha” oshkora yoki yashirincha bo‘ladi, lekin butunlay yo‘q bo‘lmaydi. Chunki markazlashgan hokimiyatda “ko‘cha”ga ehtiyot yashirin yoki oshkora saqlanib qolaveradi. Parlament kuchli bo‘lsa, jamoatchilik huquqiy tafakkuri kuchli bo‘lsa, davlat strukturasi fuqarolik jamiyati va huquqiy davlatchilik bilan to‘yintirilganda “ko‘cha”ga bo‘lgan zarurat yo‘qoladi jamiyatda.
Hamid Sodiq:
— Bu jarayonni 3 davrga bo‘ldim. Nisbiy erkinliklar berilgan davr bu insonlarning shaxsi namoyon bo‘lish davri bo‘ldi — birinchi davr. Keyin esa huquqni muhofaza qilish rolini o‘ynay boshladi, bu ikkinchi bosqich bo‘ldi. Davlatni bezovta qilgani shu bo‘ldiki, ular turli diniy va boshqa elementlar bilan o‘z mafkuralarini shakllantira boshladi. Yana bir nechta element qo‘shilsa, qonundan tashqaridagi institutsionallashgan bir tizim hosil bo‘lardi, xuddi Rossiyadagi Prigojin fenomeni kabi. Bunday noqonuniy vertikal davlat vertikali bilan to‘qnashadi, Prigojin misolida ham ko‘rdik buni. Davlat o‘zining kuch ishlatish huquqini kimlargadir berib qo‘yishi xavfli narsa.
— O‘zbekistonda so‘nggi haftalarda bo‘layotgan reydlarni rasmiylar – “poytaxtda kriminogen vaziyatni yaxshilash bo‘yicha tadbirlar”, deya izohladi. Sizningcha shu kunlarda, uyushgan jinoyatchilik oshdimi yoki jamiyat hayotida rostdan ham ko‘chalarning ta’siri kuchayayotganmidi?
Abdurahmon Tashanov:
— Bizning “Ezgulik” jamiyatiga bir odam keldi. O‘g‘limni o‘ldirib yoqib yuborishgan, hamma joyga bordim, hal bo‘lmadi, dedi. O‘g‘lingiz nima ish qilardi, desam, bitta tumanga “smotryashiy” (jargon) edi, deydi. Mana, bitta keys. Yana bir holatda o‘qituvchi ayol hamma joyga bordim, ishim hal bo‘lmadi, endi Fayzobodga boraman, dedi. Aytishicha, Salim degan kishi odamlarga uy berayotganmish, dugonalari olganmish ham. Bular o‘zim bilgan holatlar, odamlarning gapirayotgan gapi.
Deylik, ijtimoiy tarmoqlarda bir ulamo chiqib o‘sha kriminagen avtoritetni maqtaydi. Bu kishi o‘z so‘ziga javob beroladigan ukam yoki og‘aynim, deydi. Bir taniqli ulamo qonunan o‘g‘ri degan maqomi bor bilan suratga tushib, buni maqtanadi ham. Sabablarga kelsak. Birinchidan, davlat idoralaridagi byurokratiya, korrupsiya, muammolar hal bo‘lmasligi. Bilamizki, “Shaytanat” filmi mashhur bo‘lgach, hamma Asadbek bo‘lib ketdi o‘zicha, ya’ni bu ham o‘sha kriminal olamning legitimligini ko‘rsatgan.
Hamid Sodiq:
— Aytganimdek, post-totalitar davlatlar asosi — qo‘rquv. Va qo‘rquv tarqatadigan har qanday manba hurmat qilinadi, davlatni ham, rahbarlarni ham shuning uchun hurmat qilishadi. Bunday davlatlarda oliy o‘quv yurtlarida o‘qish, kuch ishlatar tizimi xodimi bo‘lishga intilishadi. Shunday ekan, yosh avlodda “ko‘cha bollari”ga nisbatan muhabbat paydo bo‘lishi tabiiy hol bo‘ladi, chunki ular qo‘rquv bilan o‘sgan avlod ular.
Bizning jamiyatda aholining juda katta qismi siyosiy qarorlar qabul qilishda ishtirok etmaydi. Siyosiy jarayonda ishtirok etmaydigan, lekin shunga ehtiyoj sezadigan qatlam, albatta, mana shunday imkoniyat beruvchilarga intiladi. O‘sha kriminagen olamga kirayotganlar qaror qabul qilyapti, real olamda his qilib ko‘ryapti o‘zini. Davlatning, jamiyatning hayoti uchun muhim bo‘lgan qarorlar qabul qilishda o‘sib kelayotgan yoshlar ishtirok etmas ekan, ular o‘sha energiyasini jinoyatga sarflaydi, katta qismi esa iste’molchiga aylanadi. Shuning uchun bu kompleks muammo, buni yuqoridagilar yaxshilab o‘ylab ko‘rishi kerak. Hozirgi qamashlar hech narsani hal qilmaydi, agar uning asoslarini yo‘qotmasa.
Farrux Absattarov suhbatlashdi.
“Zamin” yangiliklarini “Telegram”da kuzatib boring