19:27 / 11.01.2024
153

Senat organ xodimlarining tasvirlarini internetda tarqatish masalasini ko‘rib chiqa boshladi

Senat organ xodimlarining tasvirlarini internetda tarqatish masalasini ko‘rib chiqa boshladi

Foto: Ichki ishlar vazirligi

Senatning Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasi bir nechta kodekslarga o‘zgartirishlar kiritish haqidagi qonunni ko‘rib chiqdi. Hujjatdagi aksariyat moddalar yo‘l harakati xavfsizligi bo‘yicha qonunchilikka o‘zgartirishlar kiritishni nazarda tutadi.

Undagi normalardan biriga ko‘ra, huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlarining o‘z xizmat vazifalarini bajarishlari bilan bog‘liq ma’lumotlarni ularni obro‘sizlantirish yoki haqorat qilish maqsadida internetga joylashtirganlik uchun 50 BHM (hozirda 17 mln so‘m) jarima yoki 15 sutka ma’muriy qamoq jazosi belgilanyapti.

Senat qo‘mitasining “kuni kecha” bo‘lib o‘tgan majlisida (rasmiy xabarda sana keltirilmagan) bu norma keng muhokamalarga sabab bo‘layotgani sababli IIV Akademiyasi, Jamoat xavfsizligi universiteti, Toshkent davlat yuridik universitetining kafedra mudirlari va professor-o‘qituvchilari hamda qonun tashabbuskorlari – IIV JXD YHXX rahbarlarining fikrlari tinglangan.

Foto: Senat matbuot xizmati

Ma’lum qilinishicha, 2022 va 2023 yillarda o‘z xizmat vazifasini bajarayotgan yo‘l patrul xizmati xodimlari 253 marta fuqarolar tomonidan foto va videotasvirlarga olinib, internet tarmoqlariga tarqatilgan. Bu videotasvirlarning barchasi Ichki ishlar vazirligining mas’ul boshqarmalari tomonidan o‘rganib chiqilgan.

“O‘rganilgan videotasvirlarning 102 tasida haydovchilar yo‘l harakati qoidalarini o‘zlari buzgan bo‘lsa-da, xodimlarning xatti-harakatlariga noto‘g‘ri izoh bergan holda ijtimoiy tarmoqlarga video joylashtirgan.

Videotasvirlarni olayotgan haydovchilarning aksariyati yo‘l harakati qoidalarini buzgani uchun yo‘l patrul xizmati xodimlari tomonidan to‘xtatilgani, qoidabuzarlik uchun ma’muriy bayonnomalarni rasmiylashtirish jarayonini qarshilik ko‘rsatib tasvirga olgani, shundan so‘ng noto‘g‘ri izohlar berilib, ijtimoiy tarmoqlarga tarqatilayotgani ma’lum bo‘lmoqda”, – deyiladi Senat axborotida.

Senatning Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasi raisi Qutbiddin Burhonov / Foto: Senat matbuot xizmati

Izohlanishicha, “qator rivojlangan davlatlar” qonunchiligida huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimlarini suratga olish taqiqlangan.

“Masalan, Buyuk Britaniyada ko‘chalarda yoki binolarida xizmat vazifalarini bajarayotgan huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimlarini ularning roziligisiz suratga olishni taqiqlovchi norma mamlakat parlamenti tomonidan 2000 yilda tasdiqlangan. Mazkur normaga ko‘ra xizmat vazifalarini bajarayotgan huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimini uning roziligisiz kamera, videokamera yoki mobil telefon orqali tasvirga olgan yoki tasvirga olishga uringan shaxs hibsga olinishi va keyinchalik 10 yilgacha ozodlikdan mahrum etilishi mumkin.

Germaniyada politsiya xodimlarini suratga olish taqiqlangan emas, biroq ushbu fotosuratlar yoki videolarni ijtimoiy tarmoqlar va Internetga joylashtirish taqiqlangan.

Fransiyada bir va boshqa operatsiyalar davomida politsiya xodimlari yoki jandarmlarning shaxsini identifikatsiya qilishga yordam beradigan tasvirlarni tarqatish bir yillik qamoq va 45 ming yevro jarima bilan jazolanadi”, – deyiladi parlament yuqori palatasi xabarida.

“Milliy qonunchiligimizda esa ichki ishlar xodimlarini tasvirga olish taqiqlanmayapti, faqat olingan foto va videotasvirlarni ularni obro‘sizlantirish yoki haqorat qilish maqsadida tarqatish taqiqlanmoqda va javobgarlik belgilanmoqda”, – deya ma’lum qilgan Senat.

Qayd etilishicha, Senatning Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasi bu qonun bo‘yicha mutaxassis va ekspertlar, jamoatchilik vakillarini jalb qilgan holda yana muhokamalar o‘tkazishni rejalashtirgan.

Foto: Senat matbuot xizmati

Avvalroq Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari Doniyor G‘aniyev va Bobur Bekmurodov hamda Bekmurodov yetakchiligidagi “Yuksalish” umummilliy harakati bu normani ochiqlik siyosatiga zid deb baholagan edi.

Doniyor G‘aniyevning fikricha, agar shunday me’yor qabul qilinsa, bu – fuqarolarning ichki ishlar organlari xodimlariga nisbatan bo‘lgan “hurmati o‘rnini qo‘rquv, ishonchini shubha, sevgisi o‘rnini nafrat egallashiga xizmat qiladi”,

“Ertaga ular mana shu normani suiiste’mol qilib, fuqarolarning huquqlarini buzish uchun boshqa maqsadlarda foydalanishlari va ularga qo‘pol munosabatda bo‘lishlari mumkin”, – degandi G‘aniyev parlamentdagi muhokamada.

Bobur Bekmurodovning fikricha, rivojlangan davlatlarning tajribalari yetarli asos bo‘la olmaydi.

“Chunki bu davlatlarda bunday cheklovlar bo‘lishi bilan birga, har bir fuqaro xohlagan paytda o‘sha politsiya xodimining bodikamerasidagi tasvirini olish huquqi ham kafolatlangan. Bizda esa bu qonunda bu kafolat kiritilmagan.

Bundan tashqari, amaldagi qonunchilikka ko‘ra, MJtKning 202-2-moddasida shaxsni obro‘sizlantirish maqsadida unga tegishli axborotlarni tarqatishni cheklaydigan normalar bor. Bu – huquqni muhofaza qilish idoralariga ham tegishli. Ya’ni huquqni muhofaza qiluvchi idoralar uchun alohida norma belgilashda mantiq yo‘q”, – deya ta’kidlagandi deputat o‘z videomurojaatida.

“Yuksalish” umummilliy harakati o‘z bayonotida Oliy Majlis Senatini jamoatchilikda yuzaga kelgan savollar va e’tirozlarga jiddiy e’tibor qaratishga chaqirgan edi.

“Huquq-tartibot organlari xodimlariga qaratilgan alohida norma nima uchun kerak? Bugun davlat boshqaruvida inson huquq va manfaatlari markaziy o‘ringa qo‘yilmoqda. Mazkur g‘oya yangilangan Konstitutsiyaning bosh mezoni sifatida “inson–jamiyat–davlat” tamoyili ko‘rinishida aks etgan. Buning teskari bo‘lishi mumkin emas”, – deya bayonot bergandi “Yuksalish” harakati.

Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi direktori Akmal Burhonov ham bu normaga qarshi ekanini aytgan.

“Tasavvur qiling, ichki ishlar xodimi choy ichib o‘tiribdi. Shuni ko‘rsatib chiqarib yuborsa, xodim “bizni obro‘sizlantirgan”, degan vajni aytishi mumkin va shuni aybdor qilib yuborishlari mumkin. Tushunyapsizmi?

[...] Hozirgi kunda ham agar IIO xodimlarini video tasvirga olib, uni obro‘sizlantirib chiqarib yuboradigan bo‘lsa, qonunchilikda javobgarlik bor. Sudga murojaat qilib, uni javobgarlikka tortishi mumkin”, – degandi Burhonov Kun.uz'ga bergan intervyusida.


arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat