09:56 / 17.05.2024
173

Aholida narxlar oshishi bo‘yicha kutilmalar qanday?

Aholida narxlar oshishi bo‘yicha kutilmalar qanday?
Joriy yilning aprelida O‘zbekiston aholisi va tadbirkorlarining yillik inflyatsion kutilmalari martdagiga qaraganda oshdi. Bu haqda Markaziy bank o‘tkazilgan so‘rovnoma natijalariga tayanib maʼlumot berdi.

Aprel oyida aholining kelgusi 12 oylik inflyatsion kutilmalari o‘tgan oyga nisbatan tezlashib, 14 foizni tashkil etgan. Kelgusida narxlarni oshiruvchi asosiy omil sifatida kommunal xizmatlar qimmatlashishini qayd etgan respondentlar soni ortgan. Valyuta kursi o‘zgarishi, narxlarning sunʼiy oshirilishi hamda ish haqi oshishini omil sifatida belgilaganlar ulushi kamaygan.

Tadbirkorlik subyektlarining kelgusi bir yillik inflyatsion kutilmalari ham o‘tgan oyga nisbatan oshib, 13,3 foizga teng bo‘lgan. Kelgusida narxlar o‘sishiga taʼsir qiluvchi omillar sifatida kommunal xizmatlar qimmatlashishi hamda soliq yukining yuqoriligini qayd etgan tadbirkorlar ulushi ko‘paygan. Ish haqi va nafaqalar oshishini belgilagan tadbirkorlar ulushi kamaygan.

Aholining eng yuqori inflyatsion kutilmalari qurilish va tibbiyot sohalari vakillari tomonidan bildirilgan bo‘lsa, kelgusida narxlar shakllanishi bo‘yicha eng past kutilmalar talabalar tomonidan qayd etilgan.

Tadbirkorlarning eng yuqori inflyatsion kutilmalari axborot texnologiyalari sohasida faoliyat olib boradigan korxonalar tomonidan qayd etilgan bo‘lsa, kelgusida narxlar shakllanishi bo‘yicha eng past kutilmalar turizm sohasiga qaratilgan.

Aholi inflyatsion kutilmalarining eng yuqori ko‘rsatkichi Toshkent shahrida kuzatildi — 17,2 foiz. Eng past inflyatsion kutilmalar Qoraqalpog‘istonda qayd etildi — 10,2 foiz.

Tadbirkorlik subyektlarining ham eng yuqori inflyatsion kutilmalari Toshkent shahrida — 14,8 foiz, eng past kutilmalar Surxondaryo viloyatida kuzatilgan — 11,3 foiz.

Markaziy bank o‘rganishlariga ko‘ra, o‘tgan oyda daromadlari 4 million so‘mdan yuqori bo‘lgan aholining inflyatsion kutilmalari nisbatan yuqori darajada shakllangan (14,5 foiz).

Markaziy bank tahlilida o‘tgan oyda aholi tomonidan narxlarida yuqori o‘sish kuzatilgan asosiy turdagi tovar va xizmatlar ro‘yxati ham keltirilgan. Bunda dorilar narxi 12 foiz bandiga o‘sgani maʼlum qilingan. Iqtisodchi Otabek Bakirov dorilar narxi o‘sishiga munosabat bildirdi.

Dorilar narxi cho‘ntaklarni qaqshatmoqda. QQS bekor qilinganida arzonlashmagan, QQS qo‘shilgach, keskin qimmatlashgan dori–darmonlar narxi o‘zbekistonliklarning og‘riqlaridan biriga aylangan”,—deb yozdi iqtisodchi.

Aprel oyida aholi tomonidan sezilgan inflyatsiya darajasi o‘tgan oyga nisbatan bir oz tezlashib, 13,7 foizni tashkil etgan. Sezilgan inflyatsiya darajasining eng yuqori ko‘rsatkichi Toshkent shahrida qayd etilgan bo‘lsa, eng past sezilgan inflyatsiya darajasi Qoraqalpog‘istonda kuzatilgan.

Daromadlari 5 million so‘mdan yuqori bo‘lgan aholining sezilgan inflyatsiya darajasi nisbatan yuqori darajada shakllangan.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Aholida narxlar oshishi bo‘yicha kutilmalar qanday?